Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Mart, 2026   |   17 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:32
Quyosh
06:50
Peshin
12:39
Asr
16:34
Shom
18:23
Xufton
19:35
Bismillah
06 Mart, 2026, 17 Ramazon, 1447

“Biz yoningizdamiz” – o'zbek migrantlariga yordam beruvchi telegram bot

03.03.2021   3059   6 min.
“Biz yoningizdamiz” – o'zbek migrantlariga yordam beruvchi telegram bot

O'tgan yilning sentyabr oyida Jizzax viloyatidagi “Qalb nuri” markazi “COVID-19” pandemiyasi davrida migrantlar hamda ularning oilalariga huquqiy, psixologik, migratsiya va bandlik masalalarida axborot, maslahat berishga qaratilgan “Biz yoningizdamiz” ijtimoiy loyihasi bilan Yevropa ittifoqining 20 ming evro miqdoridagi grantiga sazovor bo'lgandi. Loyiha doirasida o'zbek migrantlari, ularning oilalariga huquqiy, psixologik hamda migratsiya va bandlik masalalari bo'yicha axborot, maslahat beruvchi telegram bot hamda kanal (https://t.me/mehnatmigrantlari) ishga tushirildi.

“Loyihaning o'ziga xosligi shundaki, o'zbek tilida yuritiladigan telegram bot yordamida nafaqat Jizzax viloyati, balki mamlakatimizning barcha hududlari qamrab olinadi. Chunki ayni paytda O'zbekistonning 20 million aholisi internetdan foydalanmoqda. Ularning 19 millioni telegram messenjerdan foydalanadi. Bu deyarli barcha maqsadli auditoriyani qamrab olish imkonini beradi. Foydalanuvchi bot orqali o'ziga noma'lum aloqa ma'lumotlarini yuborishi va tez yordam olish uchun joylashuvini bosishi mumkin. Bundan tashqari, mavzu bo'yicha yangiliklar va foydali ma'lumotlarni nashr etish va foydalanuvchilar o'rtasida muhokama qilish uchun telegram-kanali ishga tushirilishi rejalashtirilgan”, – deydi loyiha rahbari, “Qalb nuri” markazi direktori Nodira Alimova.

Loyiha doirasida 2020 yilning 1 oktyabridan “Mehnat migrantlari/Biz yoningizdamiz” telegram-kanali ham ishga tushirilgan.

Telegram bot esa 2020 yilning dekabr oyida ishga tushirildi. Mazkur bot orqali migrantlar va ularning oilalari hamda aholininig turli qatlamlari pandemiya davrida koronavirus haqida, unga qarshi kurashdagi ijtimoiy axborotlar to'g'risida, shuningdek, foydalanuvchilarning psixolog, yurist maslahatlari va bandlikka oid zarur ma'lumotlar bilan ta'minlanishlariga erishilmoqda.

Bundan tashqari, respublika miqyosida jabrlangan fuqarolarni reabilitatsiya va adaptatsiya qilish markazlarining “Ishonch telefonlari”, O'zbekiston Respublikasining xorijdagi elchixonalari telefonlari, sog'liqni saqlash, bandlik va mehnat munosabatlari tashkilotlarining telefon manzillari ham kiritilgan.

“Telegram-kanal orqali migrantlarga yordam berilishiga to'g'risi, ishonmagandim, – deydi Rossiya Federatsiyasida oilasi bilan og'ir ahvolga tushib qolganda beg'araz yordam bilan uyiga olib kelingan hamyurtimiz D.R. – Oilada kenja farzandman. Shu bois, ota-onam ra'yimga hech qachon qarshi chiqishmagan. 2015 yili uydagilarimning qarshiligiga qaramasdan, Rossiyaga ishga ketishga qaror qildim.

Sankt-Peterburgda, maktabda yaxshi o'qiganim, rus tilini o'zlashtirganim menga qo'l keldi. Tezda daromadli ish ham topdim. Dastlab avtomashina ehtiyot qismlarini yig'ish zavodida, keyinchalik televizor yig'ish korxonasida ishladim. Ota-onamning roziligi bilan 2019 yilda oila qurdim. Turmush o'rtog'im homilador bo'lib, baxtli kunlarimiz boshlangan bir vaqtda butun dunyoni tashvishga solgan koronavirus kasalligi tarqaldi va joylarda karantin e'lon qilindi. Shu tufayli biz ishlab turgan korxonada ham ish shtatlari qisqardi. Bunday paytda, eng avvalo, chetdan kelib ishlayotgan biz, muhojirlar ishdan bo'shatildik.

Bu orada turmush o'rtog'im homilador emasmi, sog'lig'i zaiflashdi. Uyga qaytaylik desak, yo'llar yopiq. Men esa tayinli ish topolmaganimdan har kuni yollanib, bir martalik ish qilishga majbur bo'lib qoldim. Avgust oyiga kelib farzandimiz tug'ildi. Endi bir tashvishim ikki barobarga ortdi. Farzandimga tug'ilganlik to'g'risida Rossiya Federatsiyasidan ma'lumotnoma oldik, ammo tug'ilganlik to'g'risidagi guvohnomasi yo'q edi. Ana-mana deguncha, kuz kelib, kunlar sovib ketdi. Bu orada xotinim va farzandim betoblanib, shifoxonaga tushib qolishdi. Men nima qilishni, kimdan yordam so'rashni bilmay qoldim.

O'zbekistonda karantin choralari yumshatilib, yo'llar ochildi, biroq biz farzandimning hujjati yo'qligi sababli uyga qaytolmasdik, o'zim ketay desam, oilamni tashlab ketolmadim. Hullas, boshi berk ko'chaga kirib qoldim. Yashash, eb-ichishimiz ham tobora og'irlasha boshladi. Bir kuni telegram-kanallar orqali ish izlayotib, “Biz yoningizdamiz” loyihasi amalga oshirilayotgani, telegram-kanali va bot yaratilgani, unda o'zbek mehnat migrantlariga yordam berilishi haqidagi e'longa ko'zim tushdi. Avvaliga ishonmadim, keyin yordam so'rab ko'ray, mendan nima ketdi, dedim-da telegram-kanalning izohlar qoldirish joyiga hamda kanalni yuritayotgan loyiha ijrochilaridan biri, jurnalist Nargis Qosimovaning shaxsiy sahifasiga ahvolimni yozib yubordim.

Oradan ikki kun o'tar-o'tmay, menga O'zbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiyadagi vakolatxonasidan qo'ng'iroq qilishdi. To'g'risi, men bunga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmay qoldim. Bizdan talab qilingan barcha hujjatlarimizni yubordik. Men bilan bog'langan xodimlar shirinso'z bo'lib, uzog'i bilan ikki hafta kutishimizni, hammasi yaxshi bo'lishini aytishdi. Keyin bildimki, Nargis opa ahvolim haqida O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining axborot xizmati rahbari Ortiqxo'ja Norovga xabar beribdi. O'z navbatida O.Norov zaruriy choralar ko'rilishi uchun murojaatni yo'naltirgan ekan.

Oradan aytilgan ikki hafta o'tib, bizga samolyot chiptalari, o'g'limga hujjat va boshqa safar xarajatlarining barchasi Halqaro migratsiya tashkiloti bilan birgalikda hal qilinganini aytishdi. Men o'zimda yo'q xursand edim. Uyda keksayib, sog'ligi yomonlashib qolgan ota-onamning xursandchiligini aytmaysizmi?!

Bizni sog'-salomat Vatanga olib kelishdi va uyimizgacha kuzatib qo'yishdi. Bizga ko'rsatilgan bunday beg'araz yordam uchun bu xayrli ishni boshida turgan barcha tashkilotlarga, mehrli insonlarga, xususan, “Biz yoningizdamiz” loyihasi ijrochilariga shaxsan o'zim va oila a'zolarim nomidan minnatdorlik bildiraman. Migrantlarga yordam beradigan telegram bot va kanali haqiqatan bor ekan va yordam berarkan. Bunday ijtimoiy loyihalar, tashabbuskor insonlar ko'payaversin”.

Aytish mumkinki, milliy va xalqaro qonunchilikka oid axborot, ma'lumot va yangiliklar, o'zbek migrantlariga yordam beruvchi tashkilotlar to'g'risida aynan ona tilida yuritiladigan “Biz yoningizdamiz” telegram bot va kanali nafaqat dunyoning turli joylarida bo'lgan o'zbek migrantlari va ularning oilalari uchun, balki tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bilan qiziquvchi barcha fuqarolar uchun hamisha yonlarida bo'lgan eng qulay dastyor, ishonchli hamroh va foydali maslahatchi bo'lib xizmat qilmoqda.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

An’om surasi fazilatlari

06.03.2026   1773   6 min.
An’om surasi fazilatlari

An’om surasi Qur’oni Karimning oltinchi surasi bo‘lib, u Makkada nozil bo‘lgan, bir yuz oltmish besh oyatdan iborat. An’om – "Chorva mollari" deganidir. Surada bir necha oyatlar chorva mollari haqida kelganligi sababli u An’om deb nomlangan. Qur’oni Karimda Allohga hamd aytish bilan boshlanuvchi besh sura bo‘lib, ulardan birinchisi Fotiha bo‘lsa, ikkinchisi An’om surasidir.

Surada Islom aqidasi asoslari, Alloh taoloning yagona ilohligi, shariat ahkomlari, jumladan, oilaviy masalalar, hayvonlar va uning go‘shti haqidagi masalalar, jihod ahkomlari, g‘ayridinlarga doir ko‘rsatmalar, qiyomat, oxirat, payg‘ambarlar, dunyo va hayot mohiyatiga taalluqli ma’lumotlar bayon qilingan.

Ushbu suraning fazilatlari haqida hadislarda ham keng bayon qilingan.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "An’om surasi nozil qilinayotganda Jabroil alayhissalom bilan birga tushgan farishtalar ko‘pligidan yer bilan osmon orasini to‘sib qo‘ygan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam farishtalarning baland ovozda tasbeh aytayotganini eshitib, u zot alayhissalom ham tasbeh aytgan va Allohga sajda qilgan" (Imom Muslim rivoyati).  

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "An’om surasi nozil bo‘layotganda farishtalar saf tortib, tasbeh aytib turishdi, ularning juda ko‘pligi tufayli yer ham silkindi", dedilar. Shu vaqtda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Alloh taolo barcha aybu-nuqsonlardan pokdir, Unga hamdu sanolar bo‘lsin", deb tasbeh aytdi.

 Vosila ibn Asto’ al-Laysiydan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Tavrotni o‘rniga menga yettita uzun sura berildi", dedilar. Ushbu suralardan biri An’om surasidir.

Ushbu sura haqida mufassir olimlar fikrlari:

Ibn Abbos roziyallohu anhu: “An’om surasi Makkada to‘laligacha nozil qilingan. Uning atrofida yetmish ming farishta tasbeh aytib turgan”, deganlar.

Hazrati Umar roziyallohu anhu: “An’om surasi Qur’oni Karimdagi eng sara fazilatli suralardan biridir” deganlar.

Surada boshqa samoviy dinlarda ham buyurilgan ayrim shar’iy hukmlar kelgan bo‘lib ular quyidagilar:

  • Allohga shirk keltirmang;
  • Ota-onaga yaxshilik qiling;
  • Farzandlaringizni ochlikdan qo‘rqib o‘ldirmang, chunki ularni ham sizlarni ham biz rizqlantiramiz;
  • Fahshning oshkorasiga ham mahfiysiga ham yaqinlashmang;
  • Alloh harom qilgan jonni nohaq o‘ldirmang;
  • Voyaga yetmagunicha yetimning moliga yaqinlashmang,nohaq yo‘l bilan uni yemang;
  • Mezon, ya’ni tarozu va o‘lchovni adolat bilan ado eting;
  • Biz insonlarga toqatidan tashqari narsani buyurmaymiz;
  • Gapirsangiz faqat haq va to‘g‘ri gapni gapiring;
  • Allohga bergan ahdingizga vafo qiling;
  • Men buyurgan to‘g‘ri yo‘lga ergashing, firqalarga bo‘linib boshqa yo‘lga ergashmang, aks holda to‘g‘ri yo‘ldan adashib ketasiz.

Shuningdek, surada Alloh ta’alo insonlarni eng katta zulm - shirkdan saqlanishga buyuradi. Shirk sababli inson barcha qilgan xayrli amallari savobidan ayriladi, dunyo va oxiratda ziyon ko‘ruvchilardan bo‘ladi.

Suradan kelgan ayrim oyatlar bilan tanishamiz:

"Hamd osmonlar va yerni yaratgan, zulmatlar va nurni paydo etgan Allohga (xos)dir" (1-oyat). Ya’ni yeru-osmondagi barcha narsa va maxluqotlar doimo Allohga hamd aytib turadi. Buni insonlar ko‘rmaydi, eshitmaydi va his qilmaydi. Hamd faqat olamlar robbi Allohgadir.

"Ulardan oldin necha asr (kishilari)ni halok etganimizni ko‘rmadilarmi?! Ularga Yerda sizlarga bermagan imkoniyatlarni berdik, ustilariga osmon (yomg‘ir)ni yog‘dirdik va ostilaridan anhorlarni oqizib qo‘ydik. So‘ngra gunohlari tufayli ularni halok qildik va ulardan keyin boshqa asr (kishilari)ni keltirdik" (6-oyat).

Ushbu oyatda tarixda yashab o‘tgan avvalgi qavmlar hayotini o‘rganish orqali ulardan ibrat olishga, yagona Alloh taologa ibodat qilishga, yaxshi amallarni qilish va yomonliklardan qaytishga chaqiriladi.

"G‘ayb (yashirin ish va narsalar) kalitlari Uning huzuridadir. Ularni Undan o‘zga bilmas. Yana, quruqlik va dengizdagi narsalarni (ham) bilur. Biror yaproq (uzilib) tushsa (ham) uni bilur. Yer zulmatlari (qa’ri)dagi urug‘ bo‘lmasin, ho‘lu quruq bo‘lmasin, (hammasi) aniq Kitob (Lavhul-mahfuz)da (yozilgan)dir" (59-oyat).

Bu oyatda g‘ayb ilmlarini Alloh taoloning o‘zigina bilur deyilmoqda. Payg‘ambarlarning ham faqat ayrimlariga bu ilmdan ato etilgan. Oyatda Alloh taoloning azaliy  “ilm” sifati bilan oshkorayu-pinhona narsalardan doimiy ravishda ogoh ekani bildirilmoqda. Shu ilmiga binoan qiyomatgacha bo‘ladigan ishlarni “Lavhul-mahfuz”ga oldindan bitib qo‘ygan. Insonlar taqdirini Alloh taolo buyruq tariqasida emas, balki vasf va ta’rif sifatida yozgan. Masalan, falon kimsa o‘z ixtiyori bilan shayton vasvasasiga beriladi, deb yozilgan. “Berilsin!” deb yozilmagan. Aks holda banda javobgar bo‘lmas edi.

"Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur). Kimki (bir) yomon (gunoh ish) qilsa, faqat o‘sha (gunoh) miqdorida (bir gunohga yarasha) jazolanur. Ularga nohaqlik qilinmagay" (160-oyat).

Ushbu oyat sharhida Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis keltiriladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim bir yaxshilik qilishni niyat qilsa-yu, uni qilmasa, unga bitta yaxshilik yoziladi, agar uni qilsa, unga o‘nta yaxshilik yoziladi. Kim bir yomon ishni niyat qilsa-yu, uni qilmasa, unga yomonlik yozilmaydi. Agar o‘sha ishni qilsa, unga bitta yomon amal qilgani yoziladi", dedilar (Imom Muslim rivoyati).

 

“Tafsiri hilol”, “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”
va boshqa manabalar asosida Dilshodjon Mamadaliyev tayyorladi

Maqolalar