Avval xabar berganimizdek, Vaqf xayriya jamoat fondi rahbari Yahyo qori Abdurahmonov xayriya tadbirlari o'tkazish maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasiga tashrif uyushtirgan edi.

Tashrifning ilk manzili Nukus shahridagi Muhammad al Beruniy o'rta maxsus islom bilim yurti bo'ldi.

Madrasada o'tkazilgan uchrashuv chog'ida Ya.Abdurahmonov, bilim yurtining iqtidorli 6 nafar talabalariga to'lov shartnomalari uchun homiylarni hisobidan moddiy yordamlar taqdim etdi.

Shuningdek, tashrif davomida, madrasa ustoz-murabbiylari va talabalarining 1 oylik tushlik hamda kechki ovqatlar uchun zarur bo'lgan oziq-ovqat mahsulotlari saxovatpesha vatandoshlarimiz ko'magida xayriya qilindi.

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam: “Gunohlarning kechirilishiga sabab bo'ladigan ish – musulmonning qalbiga xursandchilik kiritish, qornini to'ydirish va mashaqqatini engillatishdir”, – dedilar” (Horis ibn Abu Umoma rivoyati).

Mazkur xayrli ishga xizmat va ehsoni bilan hissa qo'shgan barcha vatandoshlarimizni Alloh taolo mukofotlasin!
Vaqf xayriya jamoat fondi matbuot xizmati
Kecha, 14 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Finlandiya musulmonlari jamiyati imomi Ramil hazrat Belyayev boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildilar.
Fin yurtining din peshvolari ayni kunlarda mamlakatimizda keng nishonlanayotgan 16 noyabr – "Xalqaro bag‘rikenglik kuni" munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlarda faol ishtirok etmoqdalar.
Muloqotda O‘zbekiston va Finlandiya o‘rtasidagi hamkorlik yildan-yilga rivojlanib borayotgani, o‘tgan oyda Finlyandiya Prezidentining mamlakatimizga rasmiy tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yangi bosqichga ko‘targani, ayniqsa, ijtimoiy-iqtisodiy, ta’lim, ilm-fan, madaniyat, turizm sohalarida hamkorlik rivojlanib borayotgani, xususan, o‘tgan yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi delegatsiyacining Finlandiyaga safari juda ham samarali kechganiga urg‘u berildi.
Finlandiya delegatsiyasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlar, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik borasidagi ishlarni yuqori baholab, ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Uchrashuv samimiy ruhda o‘tib, tomonlar esdalik sovg‘alari almashdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati