بسم الله الرحمن الرحيم
Alloh taolo sevikli Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam orqali Islom dinini yubordi. Islom diniga ergashuvchilarga “mo'min-musulmon” deyiladi. Musulmon bo'lish uchun Alloh taologa, farishtalariga, kitoblariga, payg'ambarlariga, oxirat kuniga, taqdiriga, o'lgandan so'ng tirilishiga iymon keltirishi kerak.
Iymon – e'tiqod
Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam Alloh taolo tomonidan keltirgan narsalarga til bilan iqror etib, qalb bilan ishonishga iymon deyiladi.
لٰآ اِلٰهَ اِلَّا اللّٰهُ مُحَمَّدٌ رَسُولُ اللّٰهِ
"Alloh taolodan o'zga iloh yo'qdir. Muhammad sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning elchisidir".
الشَّهٰادَةُ: اَشْحَدُ اَنْلٰآ اِلٰهَ اِلَّا اللّٰهُ وَ اَشْحَدُ اَنَّ مُحَمَّدًا عَبْدُهُ وَ رَسُولُهُ
"Alloh taolodan boshqa iloh yo'qdir hamda Muhammad sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning quli (bandasi) va elchisidir deb guvohlik beraman".
اٰمَنْتُ باللّٰهِ وَ مَلٰآئِكَتِهٖ وَ كُتُبِهٖ وَ رُسُلِهٖ وَ الْيَوْمِ الْاٰخِرِ وَالْقَدَرِ خَيْرِهٖ وَ شَرِّهٖ مِنْ اللّٰهِ تَعٰالٰى وَ الْبَعْثِ بَعْدَ الْمَوْتِ
"Alloh taologa, farishtalariga, kitoblariga, payg'ambarlariga, qiyomat kuniga, yaxshilik va yomonlik Alloh taolodan ekaniga hamda o'lgandan so'ng qabrdan qayta tirilishga imon keltirdim".
Alloh taolo yolg'izdir. Uning tengi, o'xshashi yo'qdir. Barcha komil sifatlarga egadir. Alloh taolo butun olamni yo'qdan paydo qilgan Zotdir.
Farishtalar Alloh taoloning qullaridir. Har vaqt Alloh taologa ibodatdadirlar. Ular gunoh qilmaslar. O'zlariga buyurilgan xizmatlari ila shug'ullanurlar.
Alloh taoloning payg'ambarlar orqali yuborgan kitoblari haqdir:
Tavrot Muso alayhissalomga, Zabur Dovud alayhissalomga, Injil Iso alayhissalomga, Qur'oni karim Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomga yuborilgandir. Qur'oni sharif nozil bo'lgandan so'ng, avvalgi kitoblarga amal qilish bekor qilindi. Faqat Qur'oni karimga to qiyomatgacha amal qilinadi.
Payg'ambarlarga iymon keltirmoq
Payg'ambarlar Alloh taolo tomonidan yuborilgan elchilardir. Bular boshqa odamlarga o'xshasalar ham, gunoh qilmaslar. Eng avvalgi payg'ambar Odam alayhissalom va eng so'nggisi Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdirlar. U zot alayhissalomdan so'ng boshqa payg'ambar kelmas.
Oxirat kuniga iymon keltirmoq
Bu dunyo yo'q bo'lib ketadi, qiyomat kuni keladi. Qiyomat kunida bu dunyoda qilgan barcha ishlar to'g'risida so'roq bo'ladi. Yaxshi va yomon amallariga qarab jazo va mukofot beriladi. Yaxshi bandalar jannatga kirib, rohat va farog'atda bo'ladilar. Yomon bandalar esa jahannamda qiynoq va azobda bo'ladilar.
Ummu Muslima
“14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik va yoshlar bilan ishlash departamenti boshlig‘i, polkovnik Baxrom Zulfiqorov, Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi Urol Mamataliyev va IIV Profilaktika katta inspektori, katta leytenant Sherzod Qudratov ishtirokida Toshkent islom instituti talabalariga “Milliy armiyamiz – mustaqillik posboni” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mustaqillik va tinchlikni asrash, Vatan tuyg‘usi, uni himoyalash, mardlik, jasorat va sadoqat kabi insoniy tuyg‘ular borasidagi mas’uliyatni oshirishdir.
Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 34 yilligi arafasida o‘tkazilgan mazkur tadbirda mehmonlar o‘z hayot yo‘llari, erishgan yutuqlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini tashkil etilishi, bugungi kunda harbiy xizmatni o‘tash uchun yaratilgan shart-sharoitlar, vatan himoyasi uchun bel bog‘lagan harbiylarning mashaqqatli hamda sharafli faoliyatlari, ularning qat’iyatliligi, mehnatsevarligi, yurtga, millat va qadriyatlarga sodiqliklari haqida juda jo‘shqin, ko‘tarinki ruhda talaba yoshlarga so‘zlab berdilar.
Islomda Vatan tuyg‘usi oliy qadriyatlardan biri hisoblanib, yurt sarhadlarini qo‘riqlash, dushmanlardan mudofaa qilish, askarlik va osoyishtalikni ta’minlash yo‘lida xizmat qiladiganlarga ulkan ajr va savoblar va’da qilingan.
Tadbirda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Yo.Buxarbayev, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi xodimlari va talabalar ishtirok etdi.