Saudiya Arabistonining etakchi nashrlaridan biri «Al-Franchayz» gazetasi veb-sahifasida (franchising.sa) «Toshkent Islom taraqqiyot banki yig'ilishini qabul qiladi» sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda, «Dunyo» AA.
Maqolada O'zbekiston Bosh vazirining o'rinbosari-investitsiya va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqovning Islom taraqqiyot banki (ITB) prezidenti Bandar Hajjar bilan virtual muzokaralarining natijalari o'z ifodasini topgan.
Nashrda qayd etilganidek, Toshkent Islom taraqqiyot banki boshqaruvchilar Kengashining qirq oltinchi sessiyasini joriy yil iyul' oyida o'tkazishga tayyorgarlik ko'rmoqda.
ITBga a'zo 57 davlat va xalqaro moliya tashkilotlari va muassasalaridan tahminan 3 ming delegat ITB boshqaruvchilar Kengashining navbatdagi sessiyasida ishtirok etishi kutilmoqda.
«Mazkur sessiya ishiga tayyorgarlik doirasida O'zbekiston Bosh vazirining o'rinbosari-investitsiya va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Islom taraqqiyot banki prezidenti Bandar Hajjar bilan virtual muzokaralar o'tkazdi. Unda tadbirga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi va tegishli «yo'l xaritasi»ni ishlab chiqish uchun ishchi guruhni shakllantirish masalasini tezlashtirishga e'tibor qaratildi», deb yoziladi maqolada.
Ta'kidlanishicha, onlayn-suhbat davomida S.Umurzoqov va B.Hajjar O'zbekiston va ITB o'rtasidagi qo'shma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirishning hozirgi holati va yaqin kelajakda hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi. Tomonlar ta'lim va sog'liqni saqlash sohalarida yangi ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni tayyorlash orqali O'zbekistonda Islom taraqqiyot bankining investitsiya paketini kengaytirish imkoniyatlarini batafsil ko'rib chiqdi.
«Muloqot yakunida Hususiy sektorni rivojlantirish islomiy korporatsiyasi, Savdoni moliyalashtirish xalqaro islomiy korporatsiyasi, Investitsiyalarni kafolatlash va eksportni sug'urtalash islomiy korporatsiyasi kabi Islom taraqqiyot banki organlarining imkoniyatlari orqali ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi», deb yozadi «Al-Franchayz».
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bugun, 15 noyabr kuni "Bag‘rikenglik haftaligi" doirasida "O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Ruslanbek Davletov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiqjon Toshboyev, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori akademik Akmal Saidov qatnashdi. Shuningdek, xorijiy mutaxassislar, diplomatik korpus vakillari, dinshunos-ekspertlar, islomshunoslar, shuningdek, jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, diniy konfessiya yetakchilari va milliy madaniy markazlar vakillari, professor-o‘qituvchilar va talaba yoshlar ishtirok etdi.
So‘zga chiqqan notiqlar tomonidan turli madaniyat va din vakillariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ular o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashda O‘zbekiston tajribasi yuksak e’tirof etildi. Ko‘p millatli xalqimiz qadimdan bag‘rikenglik va mehmondo‘stlik fazilatlari bilan tanilgani, qaysi jamiyatda ahil-inoqlik mustahkam qaror topgan bo‘lsa, o‘sha jamiyatda o‘zaro hurmat va do‘stona munosabatlar rivojlanishi, insonlar tinch va osoyishta hayot kechirishini alohida ta’kidladilar.
Ochilish marosimidan so‘ng konferensiya o‘z ishini uchta sho‘bada davom ettirdi. Har bir sho‘bada diniy bag‘rikenglik, ijtimoiy barqarorlik, ta’lim va ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarga oid dolzarb mavzular atroflicha muhokama qilinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati