So'nggi 4 yil — 2016-2020 yillarni o'z ichiga olgan davr ilmiy va ekspert doiralar tomonidan O'zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichi deb atalmoqda. Ushbu qisqa vaqt ichida O'zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilgan islohotlar davlat va jamiyatning jadal rivojlanishiga erishish, xalq farovonligi va osoyishtaligini ta'minlashga xizmat qilmoqda. Islohotlarning huquqiy asosini yaratish, ularning izchilligiga erishish maqsadida 2017-2021 yillarga mo'ljallangan O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilindi.
Harakatlar strategiyasining beshinchi yo'nalishida diniy bag'rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash masalalariga alohida e'tibor qaratilgan. Bu borada respublikada amalga oshirilayotgan ishlar jamiyatimizdagi hamjihatlik, mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlamoqda.
Bugun 34,5 millionlik O'zbekistan aholisini 130 dan oshiq turli millat, 16 ta diniy konfessiya vakillari tashkil qiladi. Ularning milliy o'zligini saqlash va rivojlantirish, e'tiqod erkinligini ta'minlashga oid huquqlari Konstitutsiya va qonunlar asosida qat'iy kafolatlangan.
O'tgan qisqa vaqt davomida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirishga qaratilgan muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Birinchidan, 2016 yilning 18 oktyabrida Toshkentda Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi 43-sessiyasi yig'ilishida O'zbekiston Prezidenti tomonidan Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qisqa vaqt ichida Misr, Turkiya, Malayziya, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Germaniyadagi xalqaro islom markazlari bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatib, birgalikda yirik ilmiy loyihalarni amalga oshirmoqda.
Uch yillik faoliyati davomida Markaz tomonidan buyuk allomalarimizning 30 ga yaqin asari tarjima qilindi. Horijning etakchi ekspertlari, islomshunos olimlari Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining o'rta asrlarga oid ilmiy merosni o'rganishdagi faoliyatini jahonning nufuzli markazlari darajasida ekanini e'tirof etdilar.
Yaqinda Markaz olimlari tomonidan Imom Moturidiyning dunyoga mashhur “Ta'vilot al-Qur'on” kitobi ilk marta o'zbek tiliga tarjima qilindi. Hech mubolag'asiz, ushbu noyob asar Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 1 100 yildan so'ng xalqimizga o'z ona tilida qaytarib berildi.
O'zining bebaho asarlari bilan islom dini rivojiga buyuk hissa qo'shgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy, Burhoniddin Marg'inoniy kabi allomalarimiz asarlarini o'rganish, tadqiq etish, o'zbek tilida ularning tarjima va sharhlarini, tanqi-diy matnlarini tayyorlash — bu oson emas va hammaning ham qo'lidan kelavermaydi. Buning uchun chuqur bilim va katta tajriba, sabr va toqat kerak. Eng muhimi, Alloh bergan iste'dod, nozik did va farosat bo'lishi zarur.
Igna bilan quduq qazishdek bunday og'ir mehnatning barcha zahmat va mashaqqatini boshidan o'tkazgan odamgina biladi, tushunadi. Bundan necha asrlar ilgari yozilgan, dunyoning turli mamlakatlarida saqlab kelinayotgan qadimiy kitoblarni bugungi kun talabi darajasida tayyorlash — juda murakkab jarayon. O'zbekiston Prezidenti ana shunday savobli amalga ko'z nuri, aql-zakovati, butun umrini sarf etayotgan olim va tadqiqotchilarimiz, diniy soha xodimlarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularga munosib mehnat sharoiti yaratib berishga katta e'tibor qaratmoqdalar.
Ikkinchidan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti 2017 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ishtirok etib, xalqaro maydonda islom diniga nisbatan kuzatilayotgan bir yoqlama salbiy munosabatga nisbatan o'zining qat'iy pozitsiyasini muxtasar ifoda qilib, jumladan shunday dedi: “Biz muqaddas dinimizni zo'ravonlik va qon to'kish bilan bir qatorga qo'yadiganlarni qat'iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da'vat etadi”.
Birlashgan Millatlar Tashkilotida O'zbekiston rahbari jahon hamjamiyatiga O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazini tashkil etish loyihasi haqida so'zladi.
Islom tsivilizatsiyasi markazi o'z g'oyasi va ahamiyatiga ko'ra betakror loyiha bo'lib, islom dinining ilmiy-ma'naviy boyligi, bunyodkorlik salohiyatini namoyish etishga qaratilgan.
O'tgan yillar davomida O'zbekiston Prezidenti Islom tsivilizatsiyasi markazi binosining qurilish maydoniga bir necha bor tashrif buyurib, uning ahamiyati, xalqimiz, xususan, yoshlarimizni insoniyatning ezgu g'oyalari ruhida tarbiyalashdagi o'rni haqida muhim taklif va tashabbuslarni bildirdilar.
Shuningdek, O'zbekiston rahbari tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi yalpi majlisida “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik to'g'risida”gi maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Rezolyutsiya Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a'zo 100 dan oshiq davlatlar tomonidan qo'llab-quvvatlandi.
Ushbu rezolyutsiya bag'rikenglik va o'zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta'minlash, e'tiqod qiluvchilarning huquqlarini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo'l qo'ymaslik bo'yicha sa'y-harakatlarni qo'llab-quvvatlaydi.
Uchinchidan, bugungi murakkab va tahlikali davrda zamonaviy tahdidlarga qarshi tura oladigan, chuqur bilim va keng dunyoqarashga ega, diniy fanlarni puxta o'zlashtirgan mutaxassislarni tayyorlash vazifasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ana shu maqsadda 2018 yilda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi ta'sis etildi.
Buyuk alloma ajdodlarimizning islom ilm-fani va madaniyati rivojiga qo'shgan hissasini tadqiq etish, yoshlarni yuksak odob, ma'rifat va bunyodkorlik g'oyalari asosida tarbiyalash ushbu ta'lim maskanining asosiy maqsadlaridan hisoblanadi.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiydek buyuk ajdodlarimiz asos solgan hadis maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish, ular qoldirgan boy ilmiy merosni o'rganish maqsadida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi.
Eng zamonaviy jihozlar, pedagogik texnologiyalar bilan ta'minlangan ushbu ta'lim muassasasiga dunyoning mashhur Al-Azhar universitetidan professor-o'qituvchilar jalb etildi. Arab-musulmon mamlakatlaridan 1 000 nomda 8 tonna hajmdagi eng so'nggi o'quv adabiyotlari, ilmiy manbalar olib kelindi.
Buxoro viloyatidagi mashhur diniy ta'lim muassasasining musulmon dunyosidagi o'rni va nufuzi, diniy xodimlar tayyorlashdagi ahamiyatini e'tiborga olib, Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi. Qayd etish kerak-ki, Mir Arab madrasasi o'z faoliyati davomida nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham diniy va dunyoviy bilimlarni puxta o'zlashtirgan kadrlarni etishtirib chiqargan. Bugun Rossiya, Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston kabi davlatlardagi nufuzli ulamolar aynan Mir Arab madrasasining bitiruvchilari hisoblanadi.
Shuningdek, tabarruk Termiz zaminida buyuk muhaddis Imom Termiziy nomi bilan ataladigan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, diniy ta'lim muassasasi faoliyat boshladi. Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Termiziy, Hakim Termiziy va boshqa termiziy allomalarning 14 ta asari o'zbek tiliga tarjima qilinib, chop etildi.
Musulmonlar e'tiqodini to'g'rilovchi, ularni hidoyat yo'liga boshlovchi alloma Imom Moturidiy ilmiy merosining bugungi kundagi dolzarb ahamiyatini e'tiborga olib, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil qilindi.
Ushbu markazlar xalqimizga islom dinining asl ta'limotlarini etkazishga xizmat qilmoqda. Yoshlarimizning yot oqimlar ta'siriga tushishining oldini olish, ularni ilm-fanga rag'batlantirish, yuksak axloqiy qadriyatlar asosida tarbiyalashda “Jaholatga qarshi ma'rifat” ezgu g'oyasi asosida faoliyat yurituvchi ushbu muassasalar o'ta muhim ahamiyatga ega.
To'rtinchidan, O'zbekistonda diniy soha xodimlari, jumladan, imom-xatiblarning jamiyatda ahillik va barqarorlikni mustahkamlashdagi o'rniga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ziyoratgohlar, masjidlar, diniy ta'lim muassasalarini qo'llab-quvvatlash maqsadida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan dinu diyonatimiz, ulug' allomalarimizga hurmat ramzi sifatida Toshkent shahrida “Imom Termiziy”, “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf”, “Suzuk ota” masjid-majmualari, Namanganda Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Buxoroda Bahouddin Naqshband va etti pir ziyoratgohlari, Sherobodda Imom Termiziy ziyoratgohi, Urganchda “Oxun bobo” masjidi, Hivada Pahlavon Mahmud ziyoratgohi, Nukusda “Imom eshon Muhammad” masjidi va yana ko'plab tabarruk manzillarda keng ko'lamli qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirildi. Qisqa muddatda bu maskanlar g'oyat go'zal va ulug'vor qiyofa kasb etdi.
Ayniqsa, bundan ming yil oldin diniy e'tiqod masalasida yozgan asarlari bilan adashganlarga to'g'ri yo'l ko'rsatgan Abu Muin Nasafiy bobomizning ziyoratgohi tubdan ta'mirlanib, har tomonlama obod qilindi. Buyuk allomaning “Tabsiratul adilla” nomli kitobi o'zbek tilida nashr etildi. Bu asar bilan tanishgan odam turli soxta va zararli oqimlarning mohiyatini anglab etadi.
So'nggi yillarda O'zbekistonda imom-xatiblarning bilim va kasbiy malakasini oshirishga alohida e'tibor berilmoqda. Shu maqsadda, Halqaro islom akademiyasining Malaka oshirish markazi va uning 4 ta hududiy filiali faoliyati yo'lga qo'yildi. Unda har yili yuzlab imom-xatiblar bugungi voqelik talablaridan kelib chiqib, bilim va ko'nikmalarini oshirmoqdalar.
Beshinchidan, Movarounnahr — hozirgi O'zbekiston ilm-fan va madaniyatining tarixiy markazi hisoblanadi. Muhammad Horazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg'oniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Mahmud Zamaxshariy, Mirzo Ulug'bek, Alisher Navoiy kabi allomalar, buyuk mutafakkirlar o'z davrida Movarounnahrda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrini boshlab bergan bo'lsa, Yangi O'zbekistonda ushbu buyuk siymolar nomi bilan tashkil etilgan markazlar, ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari Uchinchi Renessansga ilmiy poydevor bo'lishi niyat qilindi.
Ushbu sohadagi islohotlarning yana bir muhim maqsadi — O'zbekistonning insoniyat tsivilizatsiyasiga qo'shgan buyuk hissasini targ'ib qilish orqali yoshlarni ma'rifatga rag'batlantirish, innovatsion rivojlanishning boy milliy merosga asoslangan yangi taraqqiyotiga yo'l ochish hisoblanadi.
Oltinchidan, turli yot oqimlar ta'siriga berilib, qilgan ishidan pushaymon bo'lgan 20 mingdan ziyod fuqarolar reabilitatsiya qilindi, ularni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, hayotda o'z o'rnini topishiga yordam berilmoqda.
Qilgan xatosini anglab etgan va tuzalish yo'liga kirgan shaxslarning oilasi bag'riga, tinch hayotga qaytishiga imkoniyat yaratildi.
O'zbekiston rahbariyatining kechirimlilik va yuksak insonparvarlik siyosatining amaldagi in'ikosini Suriya va Iroqdan yurtimizga qaytarilgan fuqarolarimiz misolida ham anglab etish mumkin. “Mehr”, “Mehr-2”, “Mehr-3” operatsiyalari natijasida 317 nafar ayollar hamda bolalar urush o'choqlaridan tinchlik va farovonlik o'lkasi bo'lmish O'zbekistonga qaytarildi.
Ta'kidlash kerakki, bugungi kunda musulmon dunyosining o'zaro hamkorligini kuchaytirish, oldimizda turgan muammolarga echim topish va islom ummatining birdamligini mustahkamlashda musulmon mamlakatlarining imkoniyat va salohiyatini safarbar etish g'oyat muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu ma'noda, biz O'zbekistondagi islom ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan dunyoning etakchi islomshunoslik markazlari bilan hamkorlikda buyuk allomalarimizning ilmiy merosiga bag'ishlangan xalqaro konferentsiyalar o'tkazilmoqda.
Hususan, 2020 yilning 3-4 mart kunlari Samarqand shahrida “Imom Moturidiy va moturidiya ta'limoti: o'tmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferentsiya yuqori saviyada tashkil etildi.
Konferentsiyada dunyoning 15 mamlakatidan 55 nafar taniqli ulamolar, muftiylar, moturidiyshunos ekspertlar, 100 nafar mahalliy olim va tadqiqotchilar qatnashdi.
Jumladan, Misr Bosh imomi, Al-Azhar majmuasi shayxi Ahmad Tayyib boshchiligidagi 19 nafar misrlik nufuzli diniy arboblarning ishtiroki konferentsiyaning xalqaro maqomini yanada oshirdi.
Ahmad Tayyib konferentsiyaning yuqori saviyada tashkil qilingani, yuksak darajada e'tibor ko'rsatilgani hamda “Samarqand shahrining faxriy fuqarosi” maqomiga munosib ko'rilgani uchun O'zbekiston Prezidentiga chuqur minnatdorligini bildirdi.
Hulosa o'rnida aytish mumkinki, so'nggi 4 yilda mamlakatimizda keng ko'lam va yuksak ahamiyat kasb etgan diniy-ma'rifiy yo'nalishdagi islohotlar O'zbekistonning musulmon dunyosida islom tsivilizatsiyasi markazi sifatida e'tirof etilishining muhim omili bo'lmoqda.
Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:
Birinchisi – o‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.
Ikkinchisi – haqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.