Inson xotira bilan tirik, qadri bilan ulug'. O'tganlarni, ularning xayrli ishlarini, jasoratini yodga olmoq, e'zozlamoq xalqimizga xos ezgu fazilatlardan biri sanaladi.
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasida taniqli sharqshunos olim, tarix fanlari doktori, professor,O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysiUbaydulla Uvatov tavallud topgan sana munosabati bilan yosh tadqiqotchilar respublika ilmiy-amaliy anjumani tashkil etildi, deya xabar bermoqda Akademiya matbuot xizmati.
“Ubaydulla Uvatov – manbashunoslik va hadisshunoslik darg'asi” mavzusidagi tadbirda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Abdug'ofur Axmedov, Qo'mita raisining birinchi o'rinbosari Muzaffar Komilov, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Halqaro islom akademiyasi rahbariyati, olimning uzoq yillik safdoshi, Akademiya professori Ahadjon Hasanov, ilmiy-tadqiqot markazlari rahbar va xodimlari, davlat va jamoat arboblari, ilm-fan hamda madaniyat va san'at namoyandalari, professor-o'qituvchilar, olimlar, marhum ustozning yaqinlari, shogirdlari va talabalar ishtirok etdi.
Konferentsiyada so'zga chiqqanlar ustozning ilm yo'lida ko'rsatgan benazir mehnati, boy ilmiy-ma'naviy faoliyati, o'zidan qoldirgan bebaho ma'naviy merosi, uning bugungi kundagi ahamiyatiga to'xtalib o'tishdi. Ubaydulla Uvatov xotirasiga bag'ishlab “Ziyo” media markazi tomonidan tayyorlangan videorolik namoyish etildi.
Olim yoshlarga xos shijoat, g'ayrat bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan diniy-ma'rifiy sohadagi islohotlarning faol ishtirokchisi edi, – deydi Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Abdug'ofur Axmedov. – Ayniqsa buyuk alloma va mutafakkirlarimizning bebaho ilmiy merosini tadqiq etish va xalqaro miqyosda keng targ'ib qilish ishiga bor kuch-g'ayratini safarbar qilib, yosh avlodni tinchlik, insonparvarlik, bag'rikenglik va hamjihatlik ruhida tarbiyalashda barchaga o'rnak edi.
Ubaydulla Uvatov mustaqillik yillarida islom olamida juda mashhur bo'lgan, ammo o'z vatanida ismi ham notanish bo'lgan ko'plab allomalarimizning hayot yo'li, ilmiy-ma'naviy merosini xalqimizga tanishtirishdek sharafli ishni amalga oshirdi. Jumladan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Imom Moturidiy, Mahmud Zamaxshariy, Abul Muin Nasafiy, Abu Zayd Lomishiy kabi yurtimizda kamolga etgan ko'plab allomalar haqida birinchilardan bo'lib o'zbek tilida ilmiy-ma'rifiy risolalar nashr ettirdi.
Shuningdek, olim o'z ilmiy faoliyati davomida 300 dan ortiq maqola, 50 ga yaqin kitob va risolalar tayyorladi. Mazkur ilmiy ishlar orasida rus, arab, turk tillarida chop etilgan tadqiqotlar ham talaygina bo'lib, ular Misr Arab Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Turkiya, Qozog'iston va Qirg'izistonda nashr etilgan. “O'rta Osiyo olimlari qomusi” (Toshkent, 2007), “O'zbekiston buyuk allomalar yurti” (Toshkent, 2010), “Buyuk yurt allomalari” (Toshkent, 2017) kabi salmoqli to'plamlar ham olimning ko'p yillik mashaqqatli mehnati natijasidir.
Ustozning yorqin xotirasiga bag'ishlab o'tkazilgan anjuman barchada katta taassurot qoldirdi. Anjuman yakunida yig'ilganlar Ubaydulla Uvatov hamkasblari, do'stlari, shogirdlari xotirasida mehribon va xushfe'l, jonkuyar ustoz bo'lib qolishi shubhasiz ekanini ta'kidlashdi.
Din ishlari bo'yicha qo'mita Axborot xizmati
Bilasizmi? Silikat moddasiga boy bo‘lgan tuproqqa dafn qilingan insonning skeleti vaqt o‘tishi bilan tosh va xarsangga aylanadi.
Agar u pirit (temir sulfidi) moddasiga boy mintaqaga dafn qilinsa, unday jasad temir haykalga aylanib qolishi mumkin!
Bu ilmiy haqiqat yaqinda aniqlangan bo‘lsa-da, Qur’onda bu haqida 1445 yil oldin hayratlanarli tarzda juda aniqlik bilan bayon etilgan. Qur’onda bunday deyilgan:
وَقَالُوا أَإِذَا كُنَّا عِظَامًا وَرُفَاتًا أَإِنَّا لَمَبْعُوثُونَ خَلْقًا جَدِيدًا
"Ular: “Biz suyaklarga va chang- tuproqlarga aylanib ketganimizdan keyin ham, yangitdan tiriltirilamizmi?” dedilar. “Sen ularga, toshga yoki temirga aylaninglar”, deb ayt"
(Isro surasi, 50-oyat).
Bu oyat yaqin yillarda kashf etilgan — suyaklari toshga aylangan yoki temir haykalga aylangan qazilmalarga ochiq va ravshan ishora qilmoqda. Go‘yoki Qur’onda xabar berilgan ushbu dalillar olimlar kashf qilishlarini uzoq asrlardan beri kutib yotgandek.
Shunday ekan, aqlli inson bunday ochiq-oydin va ravshan mo‘jizani qanday inkor qila oladi? Qur’onning bu mo‘jizasi kunduzdagi quyoshdek ravshan emasmi?
Homidjon domla ISHMATBЕKOV