Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Fevral, 2026   |   19 Sha`bon, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:08
Quyosh
07:28
Peshin
12:42
Asr
16:05
Shom
17:51
Xufton
19:04
Bismillah
07 Fevral, 2026, 19 Sha`bon, 1447

Alloh taolo Qur'onni yodlab, unga amal qilgan insonni azoblamaydi

23.02.2021   2198   7 min.
Alloh taolo Qur'onni yodlab, unga amal qilgan insonni azoblamaydi

Qur'oni karim ilohiy kitob. Qiroatlarning manbai vahiydir. Bu haqda bir qancha oyatlar va hadislar kelgan.

Alloh taolo “Yunus” surasida shunday marhamat qiladi:

«Qachonki ularga ochiq-oydin oyatlarimiz tilovat qilinganida, Bizga ro'baro' bo'lishdan umid qilmaydiganlar: «Bundan boshqa Qur'on keltir yoki uni almashtir», dedilar. Sen: «Men uni o'zimcha almashtira olmasman. Men faqat o'zimga vahiy qilingan narsagagina ergashaman. Albatta, men Robbimga osiy bo'lsam, buyuk Kun azobidan qo'rqaman», deb ayt» (15-oyat).

Alloh taolo «Najm» surasida shunday deydi:

«U havodan nutq qilmas. U (Qur'on) yuboriladigan vahiydan o'zga narsa emas. Unga shiddatli quvvat egasi ta'lim berdi» (3-5-oyatlar).

Alloh taolo «Haqqo» surasida marhamat qiladi:

«Va agar u Bizga ba'zi yolg'on so'zlarni to'qisa... albatta, Biz uni qudrat bilan tutamiz. So'ngra, albatta, uning shoh tomirini kesamiz» (44-46-oyatlar).

Ushbu oyatlardan ko'rinadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'zlaricha Qur'oni karimdan biror narsani o'zgartirishga qodir emaslar. Shunday ekan, uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan boshqa biror odam mutlaqo o'zgartira olmasligi turgan gap.

Bu boradagi sunnatda kelgan dalillar Qur'oni karimning etti harfda nozil bo'lishi haqidagi mavzuda keltirilgan. Bu erda mazkur sarlavha ostidagi ma'lumotlar doirasida kelmagan bir hadisni eslab o'tish bilan kifoyalanamiz.

Ubay ibn Ka'b roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:

«Jabroil va Mikoil alayhimassalom oldimga kelishdi. Jabroil o'ng tarafimga, Mikoil chap tarafimga o'tirdi. Shunda Jabroil alayhissalom:

«Qur'onni bir harfda qiroat qil», dedi. Mikoil esa:

«Undan ziyoda qilishini so'ra, undan ziyoda qilishini so'ra», dedi. Nihoyat etti harfga etdi. Hamma harf shofiy va kofiydir» Imom Nasaiy rivoyat qilgan.

Ushbu hadisdan ham ko'rinib turibdiki, Qur'oni karimni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o'zlari ham istaganlaricha o'qiy olmaydilar. Balki farishtalar olib kelgan vahiy asosida qiroat qiladilar. Bu boradagi hadislar mutavotir darajasiga etgandir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur'oni karimni Alloh taoloning huzurida qanday bo'lsa, o'shanday holida Jabroil alayhissalomdan qabul qilib olganlar. U zotga Qur'oni karimni Jabroil alayhissalomdan qabul qilib olishni Alloh taoloning O'zi o'rgatganini avval aytib o'tdik.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomdan Qur'oni karimni eshitib, o'rganish bilan birga u kishiga o'qib ham berar edilar. U zot Qur'oni karimni har yili Ramazon oyida bir marta Jabroil alayhissalomga boshidan oxirigacha o'qib berar edilar. Vafot etadigan yillari Qur'oni karimni boshidan oxirigacha ikki marta o'qib berganlar.

O'z navbatida sahobai kiromlar ham Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan Qur'oni karimni Alloh taoloning huzurida qanday bo'lsa, o'shanday holida qabul qilib olar edilar. Asta-sekin sahobai kiromlarning ichida qiroat bo'yicha ko'zga ko'ringanlari zohir bo'la boshladi. Ular boshqa sahobai kiromlarga Qur'oni karim qiroatidan dars ham beradigan bo'ldilar.

Qiroatda ustoz bo'lgan sahobai kiromlardan hazrati Usmon, hazrati Aliy, Ubay ibn Ka'b, Zayd ibn Sobit, Abu Dardo, Ibn Mas'ud va Abu Muso Ash'ariy roziyallohu anhumni misol tariqasida zikr qilishimiz mumkin. Katta sahobiylar kichiklariga va keyinroq Islomga kirganlarga qiroatni o'rgatar edilar. Ubay ibn Ka'b roziyallohu anhu Abu Hurayra, Ibn Abbos, Abdulloh ibn Soib va boshqa sahobai kiromlarga qiroatdan ustoz bo'lganlar.

O'z navbatida sahobai kiromlardan keyingi avlod tobe'inlar ham Qur'oni karimni Alloh taoloning huzurida qanday bo'lsa, o'shanday holida qabul qilib oldilar. Asta-sekin tobe'inlarning ichida qiroat bo'yicha ko'zga ko'ringanlari zohir bo'la boshladi. Ular ham boshqalarga Qur'oni karim qiroatidan dars beradigan bo'ldilar.

Tobe'inlarning vaqtiga kelib, Islom ko'p joylarga tarqalgan, musulmonlarning soni ko'paygan va har bir o'lka o'z qorilariga ehtiyoj sezib qolgan edi. Shuning uchun ham tobe'inlardan qiroatga mohir va ustoz bo'lganlari haqida ma'lumot olmoqchi bo'lsak, ularning turli o'lkalarga bo'lib zikr qilinganini ko'ramiz.

Tobe'inlardan o'zining qiroati va Qur'on ustozi degan nomi bilan Madinada mashhur bo'lganlar: Ibn Musayyab, Urva, Solim, Umar ibn Abdulaziz, Sulayman ibn Yasor, Ato ibn Yasor, Mu'oz ibn Horis, Abdurrahmon ibn Hurmuz, Ibn Shihob Zuhriy, Muslim ibn Jundub, Zayd ibn Aslam va boshqalar.

Tobe'inlardan Qur'oni karim qiroati va ustozligi bilan Makkada mashhur bo'lganlar: Ubayd ibn Umayr, Ato ibn Abu Raboh, Tovus, Mujohid, Ikrima, Ibn Abu Mulayka va boshqalar.

Tobe'inlardan Qur'oni karim qiroati va ustozligi bilan Kufada mashhur bo'lganlar: Alqama, Asvad, Masruq, Ubayda, Amr ibn Shurahbil, Horis ibn Qays, Amr ibn Maymun, Abu Abdurrahmon Sulamiy, Sa'id ibn Jubayr, Ibrohim Naxa'iy, Sha'biy va boshqalar.

Tobe'inlardan Qur'oni karim qiroati va ustozligi bilan Basrada mashhur bo'lganlar: Abu Oliya, Abu Rajo, Nasr ibn Osim, Yahyo ibn Ya'mur, Hasan, Ibn Sirin, Qatoda va boshqalar.

Yuzinchi hijriy sanaga kelib, aqoid, fiqh va boshqa sohalarda, jumladan, qiroat bobida ham musulmonlarning sonlari, millatlari, irqlari, tillari va ehtiyojlarining haddan tashqari ko'paygani e'tiboridan, alohida ilmiy asosga suyangan yo'nalishlar paydo bo'ldi. Bu davr va sharoit talabi edi.

Ayni vaqtda esa yurtimizda ana shu buyuk silsilani davom ettirishga qaratilgan. Ustoz Zayniddin qori Muhammad Yusuf xotiralariga bag'ishlangan «Qur'oni karim musobaqasi – 1442» onlayn tanlovi ko'tarinki ruh va yuksak saviyada davom etmoqda. Hifz va tilovat yo'nalishi bo'yicha birinchi o'rinni olgan qorilar ramazon oyida bo'lib o'tadigan super finalga yo'llanmani qo'lga kiritadilar. Super final g'olibiga “Spark” avtomobili nasib etadi. Hali oldinda yana vaqt bor. Imkoniyat ham etarli. Musobaqa shartlariga muvofiq, murattab qorilarimiz hifz yo'nalishida hafta davomida istalgan vaqtda @azonquronbot telegram manzilida ro'yxatdan o'tishlari mumkin. Hifz yo'nalishi qorilari bilan chorshanba kuni suhbat jarayonlari bo'lib o'tadi va ishtirokchilar aniqlanadi. Tilovat yo'nalishi ishtirokchilari esa har dushanba kuni soat 8:00 dan 13:00 gacha ro'yxatdan o'tishlari mumkin.

Kalomullohga muhabbatlilarni “AzonTV” va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini kuzatib borishga chorlab qolamiz.

Azon.uz

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Islomiy bank faoliyatining joriy etilishiga oid qonun Senatda ma’qullandi

06.02.2026   4604   2 min.
Islomiy bank faoliyatining joriy etilishiga oid qonun Senatda ma’qullandi

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
 

So‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda zamonaviy bank xizmatlarini joriy qilishga va xalqaro tajribani inobatga olgan holda bank tizimini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.


Bugungi kunda moliyaviy xizmatlar qamrovini kengaytirish va xalqaro islomiy moliya standartlariga muvofiq yangi turdagi muqobil bank xizmatlarini joriy etish zarurati yuzaga kelayotgani ta’kidlab o‘tildi. Shundan kelib chiqib, mazkur Qonun bilan 2 ta kodeks hamda 7 ta qonunga islomiy bank faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini belgilovchi yangi normalar kiritilmoqda.


Xususan, Qonun bilan islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya turi joriy qilinib, unga oid talablar belgilanmoqda. Jumladan, mazkur litsenziya bilan banklar tomonidan to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshirish yoki bir vaqtning o‘zida ham an’anaviy, ham islomiy bank faoliyatini amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi.


Shuningdek, islomiy moliya faoliyati bilan bog‘liq masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida Markaziy bank va islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarda islomiy moliya kengashini tashkil etish hamda uning faoliyatiga doir talablar belgilanmoqda.


Bundan tashqari, islomiy moliya operatsiyalarining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olib, Soliq kodeksiga islomiy moliya operatsiyalarini soliqqa tortish tartibini belgilovchi alohida bob kiritilmoqda. Unga asosan islomiy moliya faoliyatidan olingan daromadlar soliq solish maqsadlarida foizli daromadlarga tenglashtirilib, banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan mijozga realizatsiya qilinadigan tovarlarga qo‘yiladigan ustama QQSdan ozod qilinmoqda.


Senatorlarning fikricha, ushbu Qonunning aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarining kengayishiga, mamlakatimizda raqobat muhitining yaxshilanishiga hamda bank-moliya sohasiga yangi strategik investorlarning kirib kelishiga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni ma’qulladi.

Senat.uz

O'zbekiston yangiliklari