Kimdir: «Uylangan kunim», deydi.
Kimdir: «Institutni bitirgan kunim», deydi.
Kimdir: «Falon shayxni ko'rgan kunim», deydi va hokazo...
Ammo gohida boshqacha bo'lishi ham mumkin. Ko'chadan o'tib ketayotib yo'lda yotgan tikanni yo'ldan olib tashlagan va shu ishi uchun Alloh uni mag'firat qilgan kishi o'sha kunni eng baxtli kuni ekanini xayoliga ham keltirmagan edi.
Zinokor ayol chanqab tillari osilib yotgan itga suv berganida, buning natijasi o'laroq Alloh uni mag'firat qilganida o'sha kunni hayotidagi eng saodatli kun ekanligini xayoliga ham keltirmagan edi.
Ular kuni kelib qissalari olamlar sayyidi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tillaridan yangrashini, so'ngra musulmonlar u qissani kelajak avlodlariga ibrat o'laroq naql qilishlarini xayollariga keltirishmagan edi.
Ular tikanni yo'ldan olib tashlash yoki itni sug'orish qissasini Allohning kitobidan so'ng eng ishonchli kitobda zikr qilinishini bilisharmidi?!
Badrda ishtirok qilgan sahobalar «Istagan ishingizni qiling, sizni mag'firat qildim» xitobini eshitgan kunlari eng baxtli kunlari emasmidi?!
Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu Uhudda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga o'z tanasi bilan zinapoya vazifasini o'taganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Talha jannatni vojib qildi!», degan kun Talha roziyallohu anhu uchun eng saodatli kun emasmidi?!
Gohida bandaga birgina o'rinda Alloh taolo abadiy saodatni yozishi mumkin. O'sha kuningiz qani? Uni topdingizmi yoki u oldindami?
U gohida Allohdan qo'rqib xilvatda to'kkan bir tomchi yoshingiz bo'lishi ham mumkin.
Gohida esa havoyi nafsingizga xilof chiqqan kuningiz bo'lishi ham mumkin.
Yoki bir musulmonning qalbiga kiritgan shodligingiz ham bo'lishi mumkin.
U gohida bir etimning boshini silashingiz ham bo'lishi mumkin.
U gohida onangizning qo'lidan o'pishingiz ham bo'lishi mumkin.
U gohida musulmon birodaringizning yuziga tabassumla boqishingiz ham bo'lishi mumkin.
U gohida haq gapni gapirishingiz ham bo'lishi mumkin.
U gohida mazlumga yordam berishingiz ham bo'lishi mumkin.
U ba'zan g'azabingizni yutishingiz ham bo'lishi mumkin.
U gohida birovning xatosini kechirishingiz ham bo'lishi mumkin.
U ba'zan birovning aybini berkitishingiz ham bo'lishi mumkin.
Biz baxt soati qayerdan kelishini bilmaymiz. Har kuni solih amalimiz bo'lsin. Maxfiy bo'lsa yanada yaxshi bo'ladi. Balki najotimizga sabab bo'lib qolar. Balki baxtli kunimiz o'sha kun bo'lar!
Abdulqodir Polvonov
Shu yil 14-15 aprel kunlari Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov va Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘ofurov, Oliy ma’had Qur’on va tajvid ustozlari ishtirokida ma’rifiy uchrashuvlar o‘tkazildi.
Tashrif doirasida dastlab Farg‘ona shahri va Buvayda tumanidagi “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kurslarini tamomlagan 150 nafar bitiruvchiga sertifikatlar topshirilib, soha rivojiga hissa qo‘shayotgan mas’ullar taqdirlandi.
Shu bilan birga, viloyatdagi 160 nafar otinoyi va xotin-qizlar faollari uchun “Xotin-qizlarni radikal g‘oyalar ta’siridan himoya qilish tizimini mustahkamlash asoslari” mavzusida sayyor malaka oshirish o‘quvlari boshlandi.
Uchrashuv va seminarlarda asosiy e’tibor jamiyatda sog‘lom diniy muhitni barqarorlashtirish, yoshlar tarbiyasi, bid’at va xurofotlarga qarshi ilm-ma’rifat bilan kurashish hamda tinchlik ne’matining qadriga yetish kabi dolzarb masalalarga qaratildi.
Bu singari tadbirlar hududlarda ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish va mutaxassislarning kasbiy mahoratini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati