Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Fevral, 2026   |   9 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:44
Quyosh
07:03
Peshin
12:41
Asr
16:26
Shom
18:14
Xufton
19:26
Bismillah
26 Fevral, 2026, 9 Ramazon, 1447

19.02.2021 y. Halol tadbirkor – elga madadkor

16.02.2021   6941   16 min.
19.02.2021 y. Halol tadbirkor – elga madadkor

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ للهِ رب العالمين وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمَ عَلَى سَيِّدِنَا ونبينا مُحَمَّدٍ الأمين ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ:

HALOL TADBIRKOR – ELGA MADADKOR 

Muhtaram jamoat! Dinimizda halol kasb qilishga targ'ib qilingan bo'lib, tanballik va ishyoqmaslik kabi kishining o'ziga hamda jamiyatiga zarar keltiruvchi illatlardan qaytarilgan.  Kishi birovga muhtoj bo'lmaslik uchun mehnat qilar ekan, ham o'zining insonlik sharafini himoya qiladi, ham Yaratganning amriga itoat etadi. Zero, Alloh taolo Qur'oni karimda kasbu kor qilishga amr qilib shunday degan:

هُوَ الَّذِي جَعَلَ لَكُمُ الْأَرْضَ ذَلُولًا فَامْشُوا فِي مَنَاكِبِهَا وَكُلُوا مِنْ رِزْقِهِ وَإِلَيْهِ النُّشُورُ

ya'ni: “U (Alloh) sizlarga Yerni xoksor (bo'ysunuvchi) qilib qo'ygan zotdir. Bas, u (Yer)ning har tomonida (sayohat, tijorat yoki dehqonchilik qilib) yuraveringiz va (Allohning bergan) rizqidan tanovul qilingiz! (Qiyomat kuni) tirilib chiqish Uning huzurigadir(Mulk surasi 15-oyat).

Halol rizq yo'lida qilinadigan sa'y-harakatlar uchun ulkan savoblar va'da qilingan bo'lib, hatto bu narsa farz darajasiga ko'tarilgandir. Bu haqda

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"طَلَبُ كَسْبِ الْحَلاَلِ فَرِيْضَةٌ بَعْدَ الْفَرِيْضَةِ"

(رواه الإمام البيهقي عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ مَسْعُودٍ رضي الله عنه)

ya'ni: “Halol kasb qilish farzdan keyingi farzdir” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).

Imom Muhammad ash-Shayboniy ilm talab qilish qanday farz bo'lsa, halol kasb qilish ham xuddi shunday farzdir, deganlar.

Mo'min kishi halol rizq topish harakatida bo'lganda, Allohning amriga muvofiq amal qilishi bilan birga Rasululloh alayhissalomning ko'rsatmalariga ham amal qilayotgan shaxs hisoblanadi. Zero, Rasuli akram sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

"مَا أَكَلَ أَحَدٌ طَعَامًا قَطُّ خَيْرًا مِنْ أَنْ يَأْكُلَ مِنْ عَمَلِ يَدِهِ"

 (رواه الإمام ابن ماجه عَنِ الْمِقْدَامِ رَضِي اللَّه عَنْه)

ya'ni: “Kishi o'z qo'l mehnati bilan topganidan ko'ra yaxshiroq va pokizaroq taom emaydi” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Allohga shukrlar bo'lsinki, hozirgi paytda hukumatimiz tomonidan  tadbirkorlarimizga juda ko'p imkoniyatlar yaratilmoqda. Mana shunday imkoniyatlardan unumli foydalanib, halol rizq talabida bo'lsak,  o'zimiz va o'zgalarni farovon hayot kechirishlari hamda musulmon kishini ish bilan ta'minlash va uni hojatini chiqarishga sababchi bo'lamiz, inshaalloh.  Chunki, musulmon birodarining qalbiga xursanchilik kirgizish Allohning nazdidagi eng afzal va suyukli amaldir. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

أَحَبُّ الناسِ إلى اللهِ أنفعُهم للناسِ، وأَحَبُّ الأعمالِ إلى اللهِ عزَّ وجلَّ سرورٌ تُدخِلُه على مسلمٍ، تَكشِفُ عنه كُربةً، أو تقضِي عنه دَيْنًا، أو تَطرُدُ عنه جوعًا ، ولأَنْ أمشيَ مع أخٍ في حاجةٍ ؛ أَحَبُّ إليَّ من أن اعتكِفَ في هذا المسجدِ يعني مسجدَ المدينةِ شهرًا، ومن كظم غيظَه ولو شاء أن يُمضِيَه أمضاه؛ ملأ اللهُ قلبَه يومَ القيامةِ رِضًا، ومن مشى مع أخيه في حاجةٍ حتى يَقضِيَها له؛ ثبَّتَ اللهُ قدمَيه يومَ تَزِلُّ الأقدامُ

(رواه الإمام الطبراني عن ابن عمر رضي الله عنهما)

ya'ni: “Allohga eng sevimli banda odamlarga ko'proq manfaati tegadiganidir. Alloh taologa eng mahbub amal musulmonning qalbiga xursandchilik kirgizishingiz, undan g'am tashvishlarini aritishingiz, zimmasidagi qarzini uzib berishingiz, ochligini ketkazishingizdir. Musulmon birodarimning hojatini chiqarish yo'lida yurishim Masjidun Nabaviyda bir oy e'tikof o'tirishimdan yaxshiroqdir. Kim o'ch olishga qodir bo'la turib g'azabini yutsa, Alloh uning qalbini qiyomat kunida o'zining roziligi bilan to'ldiradi. Kim birodarining hojati bilan yurib, uni ravo qilsa, Alloh qadamlar toyadigan kunda uning qadamlarini sobit qilib qo'yadi”  (Imom Tabaroniy rivoyatlari).

Mazkur hadisdan, modomiki banda birodarining yordamida bo'lar ekan, Alloh taolo uning yordamida ekanligi ma'lum bo'ladi.

Azizlar! Shuni unutmasligimiz kerakki, molu davlat berilgan kimsalarning mollarida kambag'allarning haqqi bor. O'sha haqlarni ado qilsalar ularga jannat va'da qilingan. Shunday ekan, muhtoj kimsalar ularning oldiga takror-takror borishlaridan malollanmasinlar. Zero, Alloh azza va jalla boshqa musulmonlarning hojatlari bilan mashg'ul bo'lishlari uchun ularga ne'matlar ato qilgandir. Agar ular bu ne'matning haqqini ado qilib, o'z egalariga topshirsalar, Alloh ularni ne'mat ichra bardavom qiladi va barokatli qiladi. Agar malollansalar, Alloh taolo ulardan bu ne'matini olib qo'yadi, boshqa bandalariga beradi. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

إِنَّ للهِ عِنْدَ أَقْوَامٍ نِعَمًا أَقَرَّهَا عِنْدَهُم مَا كَانُوا فِي حَوَائِجِ الْمُسْلِمِينَ مَا لَمْ يَمَلُّوهُمْ، فَإِذَا مَلُّوهُمْ

نَقَلَهَا اللهُ إِلَى غَيْرِهِمْ

(رواه الإمام الطبراني عن عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو رضي الله عنهما)

ya'ni: “Ba'zi kishilarga Alloh taolo ne'mat ato qilganki, modomiki ular musulmonlarning hojatini chiqarishda malollanmasalar, Alloh taolo ulardagi bu ne'matni bardavom qilib beradi. Bordiyu, malollanadigan bo'lsalar, ulardagi ne'matlarni o'zgalarga o'tkazib yuboradi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).

Demak, Alloh taolo kimni musulmonlarning hojatlarini chiqarishga muyassar qilgan bo'lsa, bu u kishi uchun katta baxt va ulkan sharafdir.

Shunday ekan, birovga yordamimiz tegishidan xursand bo'lishimiz va mana shunday martabani bergan Allohga doimo hamd aytib, bu ezgu ishda peshqadam va bardavom bo'lishimiz kerak. Bu haqda  Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar:

" وَاللَّهُ فِي عَوْنِ الْعَبْدِ، مَا كَانَ الْعَبْدُ فِي عَوْنِ أَخِيهِ"

(رَوَاهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “Modomiki kishi birodarini yordamida ekan, Alloh uni yordamidadir” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Demak, har bir tadbirkor qo'ni-qo'shni, qavmu qarindoshlari ichida ish topa olmayotgan kimsalarga yordam berib, qo'llab-quvvatlab, ish bilan ta'minlab, bola-chaqasini halol kasb bilan ta'minlashiga sababchi bo'lsa, yuqoridagi ajru savob va va'dalarga erishadi, inshaalloh.

Afsuski, bugungi kunimizda ba'zilar tomonidan sodir bo'layotgan tosh-tarozudan urib qolish, shartnoma va va'daga vafo qilmaslik, shubhali yoki sifatsiz (xalqqa zararli) mahsulotlarni sotish, xizmatni sifatli bajarishga ahdlashib, ahdini bajarmaslik, xalqqa zarur bo'lgan oziq-ovqat va dori-darmonlarning narxini asossiz, sun'iy ravishda qimmat qilish kabi ishlar shariat chegarasidan chiqish va Allohni g'azabiga duchor bo'lishdir. Vaholanki, Alloh taolo saxovatli, mard va o'zgalarga foydasi tegadigan kishilarni sevadi. Kishi xalqqa foyda keltira olmayotgan bo'lsa, hech bo'lmasa, zarari tegmay turishining o'zi ham katta yordam! Mana shuning o'zi taqvo bo'ladi. Shuning uchun ham Imom Muhammad rahmatullohi alayhga taqvo haqida birorta kitob yozib bering deyilganda: “Ana savdo-sotiq haqida kitob yozib qo'yibman-ku!”, – degan ekanlar. Demak, kishining taqvosi o'zaro oldi-berdi muomalalarida va bandalar oldidagi o'zining burchlarini o'tayotganda ham bilinadi.

Muhtaram azizlar! Ulamolarimiz tirikchilik uchun kasb-kor qilish orqali mol topishni bir necha daraja va martabalarga bo'lganlar.

Birinchisi – farz daraja bo'lib, bu kishining o'zi va oilasining zaruriy ehtiyojlarini qondirish hamda qarzlarini uzishga etadigan miqdordagi mablag'ni topishdir.

Ikkinchisi – mustahab daraja bo'lib, bu o'zining ehtiyojidan tashqari faqir-kambag'allarga ham yordam berish, do'st-yor va yaqinlariga muruvvat ko'rsatish maqsadida mol-dunyo orttirishga harakat qilishdir. O'zgalarga yordami tegadigan kishini Payg'ambarimiz  sallallohu alayhi vasallam maqtab bunday deganlar:

"أَحَبُّ النَّاسِ إِلَى اللَّهِ أَنْفَعُهُمْ  لِلنَّاس"

(رواه الإمام الطبراني عَن ابْنِ عُمَر رضي الله عنهما)

ya'ni: “Odamlarning ichida Allohga eng mahbubi odamlarga ko'proq manfaati etadiganidir(Imom Tobaroniy rivoyatlari).

Uchinchisi – muboh darajadagi kasbu kor. Bu farovon hayot kechirish uchun ziyoda mol orttirmoq. Bu ham agar haloldan bo'lsa joizdir. Payg'ambarimiz  sallallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:

"مَنْ طَلَبَ الدُّنْيَا حَلالا اسْتِعْفَافًا عَنِ الْمَسْأَلَةِ  وَسَعْيًا عَلَى الْعِيَالِ وَتَعَطُّفًا عَلَى الْجَارِ  لَقِيَ اللَّهَ تَعَالَى وَوَجْهُهُ كَالْقَمَرِ لَيْلَةَ الْبَدْرِ"

(رواه الإمام البيهقي عَنْ أبِي هُرَيْرَةَ  رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ)

ya'ni: “Kim odamlarning qo'liga qaram bo'lmaslik, oilasini boqish va qo'ni-qo'shnilariga muruvvat qilish  uchun halol mol-dunyo talab qilsa, yuzi to'lin oy kabi porlagan holda Allohga yo'liqadi” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).

To'rtinchisi – makruh daraja bo'lib, bu manmanlik, kekkayish, kibru havo va maqtanish uchun garchi haloldan bo'lsa ham mol-mulk topish. Nabiy sallallohu alayhi vasallam dedilar:

"وَمَنْ طَلَبَ الدُّنْيَا حَلالا مُفَاخِرًا مُرَائِيًا مُكَاثِرًا لَقِيَ اللَّهَ تَعَالَى وَهُوَ عَلَيْهِ غَضْبَانُ"

(رواه الإمام البيهقي عَنْ أبِي هُرَيْرَةَ  رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ)

ya'ni: “Kim mol-dunyoni maqtanish, ko'z-ko'z qilish va boshqalardan ko'pligi bilan faxrlanish uchun talab qilsa, Alloh taologa unga g'azab qilgan holida yo'liqadi” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).

Erta bilan halol rizq topaman, shu orqali bolalarimni boqaman, degan ezgu va pokiza niyatlarda ishiga yo'l olgan insonga Alloh huzurida ulug' ajrlar yoziladi. Shuning uchun Nabiy sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

"مَنْ بَاتَ كَالًّا مِنْ طَلَبِ الْحَلالِ بَاتَ مَغْفُورًا لَهُ"

(رواه الإمام ابن عساكر عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُا)

ya'ni: “Kim halol mehnat qilib, horib charchagan holda o'rniga yotsa, tuni gunohlari kechirilgan holda o'tadi” (Imom Ibn Asokir rivoyatlari).

 Darhaqiqat, rizqni beruvchi Alloh ekanligiga hech qanday shubha yo'q. Rizqni qancha miqdorda berish Alloh taologa havola, bandaning vazifasi esa harakat qilish bo'ladi. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

قُلْ إِنَّ رَبِّي يَبْسُطُ الرِّزْقَ لِمَنْ يَشَاءُ مِنْ عِبَادِهِ وَيَقْدِرُ لَهُ وَمَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ شَيْءٍ فَهُوَ يُخْلِفُهُ

وَهُوَ خَيْرُ الرَّازِقِينَ  

(سورة سباء/39)

 ya'ni: “Ayting: “Albatta, Rabbim bandalaridan O'zi xohlaganiga rizqni keng qilur va (O'zi xohlaganiga rizqni) tang qilur. Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o'rnini to'ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir” (Saba' surasi, 39- oyat).

Biz niyatimizni to'g'ri qilib, Alloh taolodan so'rab halol kasbu-hunar qilsak, bergan rizqiga shukrona qilsak, inshoalloh, turmushimiz yanada farovon, yurtimiz tinch, Osmonimiz musaffo bo'ladi.

Alloh taolo barcha tadbirkorlarimizning kasbu korlariga baraka berib, haloldan rizq-ro'z topishni nasib aylab, xalqimiz turmushida farovonlikni yanada ziyoda aylasin! Omin! 

 

Kelasi juma ma'ruzasi “Dinimizda sog'lom turmush tarziga e'tibor” haqida bo'ladi, inshaalloh.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Salavot aytishning 40 ta foydasi

25.02.2026   3108   3 min.
Salavot aytishning 40 ta foydasi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

ULUG‘ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar: 

KALOMULLOHNING OYATI KARIMALARIDA XUDOIM TAOLO MARHAMAT QILADI: «Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg‘ambarga salavot ayturlar. Ey, mo‘minlar! Sizlar ham unga salavot va salom aytingiz!» (Ahzob surasi 33/56 oyat). 

JANOBI  PAYG‘AMBARIMIZ

ASULULLOH  SALLALLOHU  ALAYHI  VASALLAM

MЕHR-MURUVVAT  TARIQASIDA  MARHAMAT  QILADILAR:

 

*«Uch toifa kishining qo‘lga kiritgan narsasida baraka bo‘lmaydi va qayerda bo‘lsa ham xorlanadi:

– mening nomimni eshitganda salavoti sharif aytmagan;

– Ramazon oyiga hurmat ko‘rsatmagan;

– ota-onasi tirik bo‘la turib, ularni xursand qilmagan.

 

 

SALAVOT aytishning 40 ta  FOYDASI:

  1. Salavot aytishda Alloh taoloning amriga itoat, bo‘ysunish bor.
  2. Payg‘ambarimiz alayhissalomga Alloh taoloning salavot aytishi bilan o‘zaro muvofiqlik bor. Ikki salavotning farqi bo‘lsa ham.
  3. Maloikalar bilan muvofiqlikda salavot aytish bor.
  4. Bir marta salavoti evaziga salavot aytuvchiga Alloh taolodan o‘nta salavot hosil bo‘ladi.
  5. Banda salavot sabab o‘n darajaga ko‘tariladi.
  6. Salavot aytuvchiga o‘nta savob-hasanot yoziladi.
  7. Salavot aytuvchidan o‘nta gunohi o‘chiriladi.
  8. Salavot – duoning ijobat bo‘lishi sabablaridan biridir.
  9. Salavot aytuvchi Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sallallohu alayhi vasallamning shafoatlariga musharraf bo‘ladi.
  10. Salavot aytish – gunohlar mag‘firat qilinishi sabablaridan biridir.
  11. Ahamiyatli ishlarida salavot aytuvchi bandaga Alloh taolo kifoya qiladi.
  12. Salavot aytuvchi Qiyomat kuni Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga yaqin bo‘ladi.
  13. Mashaqqat vaqtida aytilgan salavot sadaqaning o‘rniga o‘tadi.
  14. Hojatlari salavot sababidan ravo bo‘ladi.
  15. Alloh va farishtalari salavot aytuvchi bandaga salavot yo‘llaydilar.
  16. Salavot aytuvchi salavot sababli poklanadi.
  17. O‘limidan avval u bandaga jannat xushxabari yetadi.
  18. Qiyomat kunidagi qo‘rqinch, xavotirlardan najot topadi, qutuladi.
  19. Bandaga unutib qo‘ygan narsasini yodiga tushiradi.
  20. Aytgan salavotiga Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam alik olib, javob qaytaradilar.
  21. Salavot aytishda banda hojatlarini so‘rashi bor.
  22. Salavot aytuvchi faqirlik-qashshoqlikdan saqlanadi.
  23. Salavot aytuvchi banda baxillikdan qutuladi.
  24. Salavot aytuvchi xor-zor bo‘lib, xo‘r bo‘lib qolishdan, duoibad kasofatidan omonda bo‘ladi.
  25. Salavot – aytuvchini jannat yo‘liga yo‘llanishi sababidir.
  26. Salavot aytishda Alloh taolodan Uning Habibiga maqtov so‘rash bor.
  27. Gapiradigan gaplari va boshqa so‘zlari komil bo‘ladi.
  28. Sirot ko‘prigida yorqin, ko‘pgina nurga musharraf bo‘ladi.
  29. Salavot aytuvchi jafodan, begonalikdan uzoq bo‘ladi .
  30. Salavot aytuvchi osmonlar-u yer ahli o‘rtasida Alloh taoloning maqtoviga sazovor bo‘ladi.
  31. Salavot aytish bilan banda barakot sohibi bo‘ladi.
  32. Salavot aytishda Alloh taoloning rahmatiga noil bo‘ladi.
  33. Salavot aytuvchida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga davomiy muhabbat bo‘ladi.
  34. Salavot aytuvchi Payg‘ambarimiz alayhissalomga suyukli bo‘ladi.
  35. Salavot – hidoyatga yo‘llab, qalbning hayoti sababidir.
  36. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga salavot aytuvchining ismi ko‘rsatiladi.
  37. Sirot ko‘prigida sobitqadam bo‘ladi.
  38. Salavot aytuvchi Payg‘ambarimiz alayhissalomning ba’zi haqlarini ado qilgan bo‘ladi.
  39. Salavotda Alloh taoloni zikr qilish va Unga shukr qilish jamlangandir.
  40. Salavot – duodir!

    Ibrohimjon domla Inomov

Maqolalar