Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Fevral, 2026   |   11 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:41
Quyosh
07:00
Peshin
12:41
Asr
16:28
Shom
18:16
Xufton
19:28
Bismillah
28 Fevral, 2026, 11 Ramazon, 1447

Jannatga kiruvchilarning ikki axloqi

27.01.2021   2096   3 min.
Jannatga kiruvchilarning ikki axloqi

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bir hadisi shariflarida marhamat qilinadiki:

اکثر ما يدخل الناس الجنة تقوی الله و حسن الخلق (راموز الاحاديث: 3/80)

Jannatga doxil qiluvchi sabablarning eng asosiysi – Allohdan qo'rqishdir, taqvodir, muttaqiy, xush axloqli qul bo'lmoqdir.

Inson go'zal axloqli bo'lsa, ishlari yurishadi, insonlar bilan muomala, munosabatlari yaxshi yo'lga qo'yiladi, boshqalarga ham foydasi etadi. Boshqalarning baxtli bo'lishiga sababchi bo'ladi... Yomon axloqli inson esa, boshqalarning xafagarchiliklariga, jamoat tartibining buzilishiga sababchi bo'ladi. Bir qancha kelishmovchiliklar, notinchliklarni yuzaga keltiradi. Alloh Taolo insonni go'zal axloqi tufayli jannatga kirgizadi.

Inson bu go'zal axloqlarni o'rganishi, bilishi shart. Go'zal axloqlarning nomini bilish yaxshi ammo buning o'zi kifoya qilmaydi. Balki, ularni o'rganishi, kasb etishi, amalda tatbiq etishi, o'zlashtirishi lozim!..

Masalan, adolat–  odil bo'lish, zolim bo'lmaslik, nohaqlik qilmaslik juda ahamiyatli go'zal axloq turlaridan hisoblanadi. Inson bunga hayotining har lahzasida, har erda amal qilishi lozim. Ayoliga, farzandiga, qo'shnisiga, o'ziga nisbatan, ishda va boshqa har qanday munosabatlarda adolatli bo'lishi kerak. Aksincha, adolatsizlik eng yomon xulqlardandir.

Sabr va sabot ham yaxshi axloq turidandir. Insonga g'am-tashvish keltiruvchi, kayfiyatini, ko'nglini buzuvchi narsalar ham bor, albatta. Lekin gohida ularni ham qilishga majbur bo'ladi. Misol uchun o'quvchi futbol o'ynash bilan dars qilish orasida taraddudlanib qolsa, ya'ni dars qilayotganda do'stlarini ko'rib qolsa, siqiladi, ular bilan o'ynagisi keladi. Ammo dars qilish zarurroq. Buning uchun o'zini qo'lga olishi, sabr qilishi kerak bo'ladi. Dars qilish qiyin, mashaqqatli lekin muvaffaqiyatlarni qo'lga kiritish uchun fazilatli, etuk inson bo'lish uchun shartdir.

Jangda ham g'alaba qilish uchun sabr shart. Qur'oni Karimda zafar qozonish uchun ikkita shart qo'yilgan:

  1. Taqvo... Insonni jannatga eltuvchi taqvo, zafar qozonishning ham shartidir. Inson Allohdan qo'rquvchi, ehtiyotkor, parhezkor, hisob-kitobli, gunoh va haromdan saqlanguvchi. qochuvchi inson bo'lishi lozim.
  2. Sabr... Inson sabrli bo'lishi kerak. Sabr qildimi, qasd qilingan narsani qo'lga kiritadi. Bir narsaga erishguncha qancha g'am-tashvishlar chekadi ammo alaloqibat muvaffaqiyatga erishadi. Sabr – achchiq, ammo ta'mi shirin, lazzatli. Achchiq qalampir kabi og'izni kuydirsa ham, yoqimli ta'mi bor... Sabr insonni oqibat haddu hisobsiz zafarlarga, muvaffaqiyatlarga etishtiradi.

 

"Islom va axloq" kitobidan olindi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Kasallikni so‘kmang

27.02.2026   1158   3 min.
Kasallikni so‘kmang

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Islom ta’limotida kasallik faqat jismoniy holat emas, balki tarbiya, poklanish va ilohiy rahmatning bir ko‘rinishi sifatida talqin qilinadi. Muhammad sollallohu alayhi va sallam kasallikka duchor bo‘lgan kishilarga tasalli berar, uni yomonlashdan qaytarar va bu holatning ma’naviy hikmatlarini bayon qilib berar edilar. Quyidagi rivoyat ham aynan shu haqiqatni ochib beradi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ummu Saib roziyallohu anhoni kasallik paytida ziyorat qildilar. Uni qaltirab turgan holda ko‘rib:

– "Ey Ummu Saib, sizga nima bo‘ldi, nega titrayapsiz?" – dedilar.

– U: Isitma! Alloh uni barakali qilmasin! (kasallikka la’nat bo‘lsin), – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

"Ey Ummu Saib, isitmani so‘kmang. Chunki u Bani Odamning gunohlarini, xuddi bosqon temirning zangini ketkazgandek, ketkazadi", dedilar.

So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kasallikning ilohiy hikmatlarini bayon qilib, shunday dedilar...-

– "Albatta, Alloh taolo bandasini kasallik bilan uch holatdan biri uchun sinovdan o‘tkazadi:

Agar bandaning gunohlari bo‘lsa, Alloh ularni kechirishni iroda qilsa;

Agar bandasini O‘zidan uzoqlashganini ko‘rib, uni O‘ziga yaqinlashtirishni xohlasa;

Yoki bandaning jannatda u uchun tayyorlangan joyi bo‘lib, qilmagan amallari o‘sha tayyorlangan joyga yetmay turganda, Alloh uni o‘sha maqomga yetkazishni iroda qilsa".

Demak, kasallikda sabr qilgandan keyin bandaning oldida faqat yaxshilik bor: u tavbaga keladi, ibodatda sobit bo‘ladi va Allohga nisbatan go‘zal gumon bilan yashaydi.

Alloh taolo nihoyatda rahmlidir, bandalaridan azobni daf etuvchidir va U bizga onalarimizdan ham ko‘ra rahmliroqdir. Shuning uchun dardni Yaratganga arz qiling, Unga hamd bilan yuzlaning va qalblaringizni istig‘for bilan poklang.

Ushbu rivoyatdan anglashiladiki, Islomda kasallik jazolash vositasi emas, balki bandani tarbiyalovchi, uni gunohlardan poklovchi va Allohga yaqinlashtiruvchi rahmat eshigidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kasallikni yomonlashdan qaytarib, undagi ilohiy hikmatlarni ochib berdilar. Chunki mo‘min kishi uchun kasallik sabr, tavba va ibodat bilan qarshi olinsa, yuksalish va daraja oshishiga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, bu hadis bandaga har qanday holatda ham Alloh haqida go‘zal gumonda bo‘lish, dardini Unga arz qilish va qalbini istig‘for bilan poklash lozimligini o‘rgatadi. Zero, Alloh taolo bandalariga nihoyatda rahmli bo‘lib, U kasallik orqali ham O‘z qulining oxiratini obod qilishni iroda qiladi.

Demak, mo‘min inson uchun muhim bo‘lgan narsa kasallikning o‘zi emas, balki unga qanday munosabatda bo‘lishidir. Sabr, shukr va ixlos bilan qarshi olingan har bir sinov oxir-oqibat bandani Alloh roziligiga yetaklaydi.

Adham Sharqoviyning kitobi asosida
TII magistratura talabasi
Saidburxon FAZLIDDINOV tayyorlandi.

Maqolalar