Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Avgust, 2026   |   29 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:59
Quyosh
05:29
Peshin
12:28
Asr
17:23
Shom
19:31
Xufton
20:58
Bismillah
12 Avgust, 2026, 29 Safar, 1448

Rasulullohga muhabbatli bo'lgan Rufay ibn Mihron

22.01.2021   2828   4 min.
Rasulullohga muhabbatli bo'lgan Rufay ibn Mihron

Rufay ibn Mihron rahmatullohi alayhi aytadi: “Ne'matlar uchun Allohga hamd aytgan va qilgan gunohi uchun istig'for so'ragan banda halok bo'lmaydi”.

Mashhur tobein mufassir va muhaddis hamda go'zal qiroat sohiblaridan biri Abul Oliya Rufay ibn Mihron Riyohiy Basriy Basra (hozirgi Iroqdagi yirik shaharlardan biri)da dunyoga keldi. Shu erda o'sib-ulg'aydi va voyaga etdi. Yoshligidan ilmu irfonga cheksiz muhabbat qo'ydi.

Rufay ibn Mihron rahmatullohi alayhi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlik vaqtlarida yosh bo'lgan. Hazrat Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu davrlarida Islomga kirgan. Biroq tobein Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan ko'risha olmagani uchun bir umr afsusda o'tdi. Shu bois, u Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalari bilan ko'proq birga bo'lishga intilardi. Ularni juda hurmat qilar, sahobalar ham uni yaxshi ko'rar edilar. Bir kuni Anas roziyallohu anhu qo'lidagi olmani Rufay ibn Mihron rahmatullohi alayhiga berganida: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qo'llarini ushlagan qo'l tekkan olma”, deb olmani o'pa ketdi.

Rufay ibn Mihron rahmatullohi alayhi Hazrat Ali, Ibn Mas'ud, Abdulloh ibn Abbos, Ibn Umar, Ubay ibn Ka'b, Abu Ayyub Ansoriy, Abu Hurayra, Zayd ibn Sobit roziyallohu anhum kabi sahobalardan dars oldi, ulardan hadis tingladi. Chunonchi, u quyidagi hadisni rivoyat qilgan: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga hech kimdan hech narsa so'ramaslikka kafolat bersa, men unga jannatning kafolatini beraman”, dedilar.

Rufay ibn Mihron rahmatullohi alayhi Qur'oni karim va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadislarining bilimdoni edi. Abu Bakr ibn Dovud: “Qur'onni eng yaxshi biladiganlar orasida sahobalardan keyin Abul Oliyadan o'tadigani yo'q”, deb ta'riflaydi.

Rufay ibn Mihron rahmatullohi alayhi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini biror biladigan kishi borligini bilsa, masofa qancha uzoq yoki borish qiyin bo'lmasin, albatta tuyasini minib yo'lga tushardi. Hadis o'rganishdan avval roviyning namoz o'qishini kuzatardi. Agar namozini to'la-to'kis ado etsa, u kishini ustoz tutib, rivoyatlarini yozib olardi, ammo namoz arkonlarini joyiga keltirib ado etmasa: “Namozga beparvo bo'lgan odam boshqa ibodatlarga bundanda beparvo bo'ladi”, deb qaytib ketardi.

Rufay ibn Mihron rahmatullohi alayhi talabalarga dars berardi. Ularga: “Bilmagan narsangizni so'rab o'rganing. Chunki uyatchang va mutakabbir ilm egalla olmaydi. Uyatchang so'rashdan uyalib so'ray olmasa, mutakabbir kibru havosi sabab so'ramaydi”, der edi.

Shuningdek, tobein shogirdlariga Qur'on yodlashning qulay yo'lini tushuntirib: “Qur'onni besh oyatdan yodlanglar. Shunda osonroq yodlab, yaxshiroq tushunasizlar”, degan.

Rivoyatlarga ko'ra, Rufay ibn Mihron rahmatullohi alayh Movarounnahr o'lkasida birinchilardan bo'lib azon aytgan shaxs hisoblanadi. Rufay ibn Mihron rahmatullohi alayhi huzuriga kelgan mehmonlarini samimiy kutib olar va: «Huzuringizga oyatlarimizga imon keltirayotganlar kelganlarida, ayting: Sizlarga salom (salomatlik)!» (An'om surasi, 54-oyat) oyatini tilovat qilardi.

Buyuk tobein milodiy sananing 712 yili vafot etdi. Alloh taolo u zotdan rozi bo'lsin.

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda

11.08.2026   9918   1 min.
Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.

Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.

Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.

Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.

Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.

Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda
O'zbekiston yangiliklari