Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyul, 2025   |   19 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:21
Quyosh
05:02
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:33
Bismillah
14 Iyul, 2025, 19 Muharram, 1447

Ummatning chirog'i Abu Hanifa – Imomi A'zam

18.01.2021   2008   8 min.
Ummatning chirog'i Abu Hanifa – Imomi A'zam

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

(birinchi maqola)

Ma'lumki, yurtimizda o'n ikki asrdan buyon ibodatlar hanafiy mazhabi asosida ado etib kelinadi. Hanafiy mazhabining yurtimizga kirib kelish tarixi hijriy 150 – 217 sanalarda yashab o'tgan Abu Hafs Kabir rahmatullohi alayh bilan bog'liq. U kishi imom Muhammad rahmatullohi alayhdan hanafiy fiqhini o'rganib, Buxoroga kelganlarida mana shu mazhab bo'yicha ta'lim berdilar. Natijada ushbu fiqhiy yo'nalish yurtimizda ibodat qilinadigan rasmiy mazhabga aylandi. Movarounnahrda hukmronlik qilgan necha-necha xonlar, podshohlar va ularning fuqarolari aynan hanafiy mazhabi asosida ibodat qilib kelishgan. Hanafiy mazhabining asoschisi esa Abu Hanifa – Imom A'zam edilar.

Abu Hanifa kunyasi bilan mashhur bo'lgan Nu'mon ibn Sobit ibn Marzubon hur fors avlodlaridan bo'lib, oilalari qavmining eng sharaflisi edi. U zotning asl kelib chiqishlari Kobul – hozirgi Afg'onistonning poytaxtidan bo'lgan. Bobolari Marzubon Umar roziyallohu anhuning xalifalik davrlarida musulmon bo'lib, Kufaga ko'chib kelganlar va o'sha erni o'zlariga vatan qilib olganlar. Imomul aimma va sirojul umma (imomlar imomi va Islom ummatining chirog'i), hanafiy mazhabining asoschisi Abu Hanifa No''mon ibn Sobit (Imomi A'zam) hijriy 80 (milodiy 699) yili Kufa shahrida ipak-shoyi savdogari oilasida tug'ilgan. Yoshligidan puxta ta'lim olgan bu bola sahobalarning so'nggi vakillarini ham ko'rdi. Yigirma ikki yoshida iroqlik atoqli olim Hammod ibn Abu Sulaymonga shogird tushib, o'n sakkiz yil unidan ilm tahsil oldi. Ustozi vafotidan so'ng uning shogirdlariga o'n yilgacha ta'lim-tarbiya berdi. Kufa, Basra fiqh olimlarining nufuzli ustozi sifatida tanildi.

Hatib Ismoil ibn Hammoddan Abu Hanifagacha bo'lgan sanad bilan rivoyat qiladilar: «U zot bunday dedilar: «Bizga hur fors avlodlaridan bo'lgan Ismoil ibn Hammod ibn Nu'mon ibn Sobit ibn Marzubon xabar berdi. U: «Allohga qasamki, bizlar hech qachon qul bo'lmaganmiz. Bobom saksoninchi yili tavallud topdilar. Sobit Aliy ibn Abu Tolibning oldiga bordilar. O'shanda Abu Hanifa yosh bola edi. Shunda Aliy roziyallohu anhu u zotning haqlariga va zurriyotlari haqqiga baraka tilab duo qildilar. Biz Allohdan Aliy ibn Abu Tolibning qilgan duolarini ijobat etishini umid qilamiz», dedi». Abu Abdulloh ibn Ahmad ibn Kidom aytadi: «Darhaqiqat, Aliy roziyallohu anhuning duolari ijobat bo'lib, Alloh Abu Hanifa rahmatullohi alayhni ulug' qilib qo'ydi. Musulmonlarning aksari u zotga ergashdi va fiqhda u zotning fikrlariga tayandi».

Abu Hanifa Kufada obro'li, boy, solih musulmon oilada o'sdi. U ota-onasining yolg'iz farzandi edi. Otasi gazlamachi bo'lib, Kufadagi do'konida kiyim sotardi. Abu Hanifa ham ota kasbini davom ettirdi. U zot Qur'oni Karimni yoshligida yod olgan solih va ziyoli zot edi. Abu Hanifa o'sha davrning allomasi Sha'biyga yo'liqqunga qadar do'konda otasi bilan birga savdo qildi. Sha'biy bilan ko'rishish imom Abu Hanifaning hayotida juda katta yaxshilik debochasi bo'ldi.

Abu Hanifa rahmatullohi alayh bu haqda shunday deydi: «Bir kuni Sha'biyning oldilaridan o'tdim. U zot o'tirgan edilar. Meni o'z yonlariga chaqirib: «Kimdan ta'lim olyapsan?» deb so'radilar. Men: «Falonchidan ta'lim olyapman», dedim. U zot: «Bozor haqida ta'lim olayotganingni emas, ulamolardan dars olishingni nazarda tutdim», dedilar. Men: «Ulamolardan kam dars olaman», dedim. U zot: «Unday qilma. Senga ilm olish va ulamolar bilan birga o'tirish vojib. Chunki men senda sergaklik va hushyorlikni sezyapman», dedilar. Shunda Sha'biyning so'zlaridan qalbim ta'sirlanib, savdo qilishni tark etdim va ilm olishga kirishdim. Natijada Alloh u zotning so'zlari ila meni manfaatdor qildi».

Abu Hanifaning zamondoshlari va u kishidan keyingilar mazhabboshimiz haqida ajoyib fikrlarni keltirishgan: Yazid ibn Horun aytadi: «Ming kishini ko'rdim va ularning ko'pchiligidan hadis yozdim. Lekin ularning ichida beshta olimdan ko'ra faqihroq, taqvodorroq va bilimdonroq kishini ko'rmadim. Ularning birinchisi Abu Hanifadir». «Jarh va ta'dil»ning imomi Yahyo ibn Sa'id Qatton: «Allohga qasamki, Abu Hanifa Alloh taolo va Uning Rasulidan kelgan narsani bilishda bu ummatning eng bilimdonidir», dedi. Imom Zahabiy «Tazkiratul huffoz» kitobida bunday degan: «Allohga qasamki, sahobalar, tobe'inlar, Avzo'iy, Savriy, Molik va Abu Hanifaning shug'ullangan ilmlari Qur'on va hadis edi. Mantiq, jadal va avvalgilarning hikmati kabi ilmlar ular uchun begona edi».

Abu Hanifa o'n olti yoshga etganida otasi bilan farz hisoblangan haj ibodatini ado qilish, Nabiy sollallohu alayhi vasallam va u zotning masjidlarini ziyorat qilish uchun yo'lga chiqdi. Imom Kardariy «Manoqibi imom Abu Hanifa» kitobining «Intisor» bobida zikr qilishicha, «Abu Hanifa rahmatullohi alayh bunday dedi: «Men to'qson oltinchi yili, o'n olti yoshga to'lganimda otam bilan birga haj qildim. O'shanda bir shayxga ko'zim tushdi. Uning atrofiga odamlar to'planib olgan edi. Men otamdan: «Bu shayx kim?» deb so'radim. Otam: «Bu odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari bo'ladi. Uning ismi Abdulloh ibn Horis ibn Jaz' ibn Zubaydiy», dedilar. Shunda men otamga: «Unda nima bor?» dedim. Otam: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan hadislar bor», dedilar. Men: «Meni uning oldiga olib boring», dedim. Shunda otam mening qo'limdan ushlab, odamlar orasidan o'tib, u zotning oldilariga yaqin olib bordilar. O'shanda u kishidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini eshitdim».

Abu Hanifaning birinchi qilgan ishlari usulud-din (aqiyda ilmi) hamda mulhid (Hudoni inkor qiluvchi) va adashgan firqalar bilan bahslashish bo'ldi. Abu Hanifa rahmatullohi alayh adashgan firqalar bilan bahslashish, shariatni shubhali narsalardan tozalash va zalolat ahlining shariatga etkazmoqchi bo'lgan zararlarini daf qilish uchun Basraga o'n etti martadan ko'p kelgan. Jahm ibn Safvon bilan ham tortishib, nihoyat, uni mot qilib qo'ydi. Mulhidlar bilan esa to ular shariatni anglab etgunlaricha bahslashdi. Huddi shuningdek, mo''tazila va xavorijlar bilan ham munozara qilib, ularga kuchli hujjat va dalillarni keltirib, aqlini kiritib qo'ydi va g'uluvga ketgan shi'alar bilan tortishib, ularga ham etarli darajada dalillar keltirdi.

 Abu Hanifa mana shu yo'lda, ya'ni kalom ilmi va usulud-din bilan shug'ullanish hamda adashgan firqalar bilan tortishishda davom etdi. Hatto u zot barmoq bilan sanaladigan mashhur insonlardan biriga aylandi. Bu paytda u kishi yigirma yoshda edi. Shundan so'ng Kufa masjidida o'zlarining halqalarini tuzdi va unda ilmni o'rganuvchi talabalarga dars bera boshladi.

(Davomi bor)

Muhammad Ayyub Homidov

«Hilol» jurnalining 1(22) sonidan

Islom.uzdan odindi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Maktub

14.07.2025   226   3 min.
Maktub

Bir ota uzoq shaharga safar qildi. Ayoli va uch farzandi esa vatanda qolishdi. Bolalari uni juda yaxshi ko‘rishar va hurmat qilishar edi.

Otalari ularga birinchi maktubni yubordi. Lekin ular uni o‘qish uchun ochmadilar, balki har birlari maktubni peshonalariga surtib: “Bu buyuk habibimizdandir”, dedilar. Ushbu xatning ko‘rinishiga nazar qilib, uni chiroyli qutiga solib qo‘yishdi. Bolalar boshqa paytlarda maktubning changini artish uchun olishar va yana joyiga qo‘yib qo‘yishardi. Otalari oilasiga yuborgan hamma xatlarni shunday qilishdi.

Yillar o‘tdi. Ota uyga qaytdi. Lekin ulardan birgina farzand qolgandi. Ota undan so‘radi:

– Onang qayerda?

O‘g‘il dedi:

– Ular qattiq kasal bo‘ldilar. Bizda onamni davolash uchun mablag‘ topilmadi va vafot etdilar.

Ota dedi:

– Birinchi maktubimni ochmadingizmi?! Men sizlarga katta mablag‘ yuborgan edim-ku!

O‘g‘il dedi:

– Yo‘q!

Ota yana so‘radi:

– Ukang qayerda?

O‘g‘il dedi:

– Siz uning ba’zi o‘rtoqlarini tanirdingiz. Onamning o‘limidan keyin unga nasihat qiladigan va uni to‘g‘ri yo‘lga soladigan kimsa topilmadi. U do‘stlari bilan ketdi.

Ota hayratlanib dedi:

– Nima uchun?! Yomon o‘rtoqlarini tark qilib, mening oldimga kelishini yozgan maktubimni o‘qimadingizmi?

O‘g‘il javoban:

– Yo‘q, – dedi.

Ota dedi:

– La havla va la quvvata illa billah. Opang qayerda?

O‘g‘il dedi:

– Turmushga chiqish uchun maslahat so‘ragan haligi yigit bilan nikohlandi va u hozir baxtsiz yashayapti.

Ota darg‘azab bo‘lib dedi:

– Sizlarga bu yigitning obro‘si, xulqi yomonligi va bu to‘yga noroziligim haqida yozgan xatimni o‘qimadingizmi?

O‘g‘il dedi:

– Yo‘q! Biz xatlaringizni bir chiroyli qutida saqladik. Doim uni ziynatladik, peshonamizga surtdik, lekin o‘qimadik.

 

Bu oilaning ahvoli, uning birligi qanday tarqalib ketgani, otaning maktubini o‘qimay, undan manfaat olmay, balki uni muqaddaslab, unda yozilganlarga amal qilmay, hayotlarini qiyinlashtirganliklari haqida tafakkur qildim. So‘ng stol ustidagi chiroyli qutiga solib qo‘yilgan Qur’oni Karimga nazar soldim... Sho‘rim qurisin!

Albatta, men Allohning Maktubiga anavi bolalar otalarining xatlariga muomala qilganlari kabi munosabatda bo‘lyapman. Men Mus'hafni stolim ustiga qo‘yganman-u, lekin uni o‘qimayman, undagi narsalardan foydalanmayman ham. Axir, u butun hayotimning dasturi-ku!

Robbimga istig‘for aytdim. Mus'hafni ochdim va hech qachon uni tark etmaslikka qaror qildim. 

Arab tilidan Ziyoda Mirahmatova tarjimasi
Ibratli hikoyalar