Oldin xabar berganimizdek, AzonTV ilmiy-ma'rifiy onlayn telekanalida yurtimizning mohir qorilaridan biri, marhum ustoz Zayniddin qori Muhammad Yusuf xotiralariga bag'ishlangan Qur'on musobaqasi bo'lib o'tmoqda.
Ayni paytda “Qur'oni Karim musobaqasi 1442” tanlovining hifz va tilovot yo'nalishi bo'yicha qorilarning bellashuvi juda qizg'in kechmoqda. Jumladan, hifz yo'nalishidagi qorilarning Qur'oni karimni mukammal yod olgani, tilovat yo'nalishidagilarning mahorati bahslarning yanada qizg'in va hayajonga boy bo'lishini ta'minlamoqda.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Va Qur'onni tartil bilan tilovat qil” (Muzzammil surasi 4-oyat). Sharh: Qur'onni tartil bilan o'qish deb uni dona-dona qilib, har bir harfini o'z o'rnidan chiqarib, oyatlarini alohida-alohida qilib, tajvid qoidalari asosida o'qishga aytiladi.
Qur'onni tartil bilan o'qishga bo'lgan farmoni ilohiy barcha mo'min musulmonlarga ommaviy farmondir. Muhammad alayhissalomga farishta Jabroil alayhissalom Qur'onni tartil bilan o'qib berganlar. O'z navbatida Payg'ambar alayhissalom ummatlariga tartil bilan o'qib berganlar.
Musulmon ummati esa avloddan avlodga o'z Payg'ambaridan qandoq qilib olgan bo'lsa, shundoq o'tkazib kelmoqda. Qorilarimiz Qur'on qiroati qoidalarini tartibga solib kitoblar qilishgan. Bu qoidalarni bilish har bir musulmon uchun zarur. Shuning uchun har bir musulmon tajvid qoidalari bo'yicha bir kitob o'qimog'i, Qur'on tilovatini tajvid ilmiga ega bo'lgan qorilardan o'rganmog'i lozim.
Qur'on musobaqasini quyidagi manzillarda tomosha qilishingiz mumkin:
youtube
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Shu yil 25 noyabr kuni Ammon shahrida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Iordaniya Vaqf, islom ishlari va muqaddas qadamjolar vaziri Muhammad Ahmad Muslim al-Xaloyala janoblari bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muloqot o‘tkazdilar.
Uchrashuvda ikki davlat rahbarlari sa’y-harakatlari bilan diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat vaqf muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va diniy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga erishilayotgani e’tirof etildi.
Shuningdek, muzokaralarda o‘zbekistonlik mutaxassislar vaqf yo‘nalishida zamonaviy malaka va ko‘nikmalarga ega bo‘lishida aloqalarni o‘rnatish hamda mushtarak ilmiy loyihalarni amalga oshirish, vaqf mulklarini boshqarish bo‘yicha mavjud tajribani o‘rganish maqsadida Iordaniyada malaka oshirishlarini yo‘lga qo‘yish kabi qator masalalar muhokama qilindi. Jumladan, uchrashuvda quyidagi natijalarga erishildi:
- O‘zbekiston musulmonlari idorasi “Vaqf” xayriya jamoat fondi mutaxassislarining Iordaniyada malaka oshirish kurslari hamda amaliyot o‘tashlarini yaqin oylarda tashkil etish;
- Vaqf mulklarini tasarruf etishdagi ilg‘or va zamonaviy tajribalarni o‘rganish uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondi mutaxassislarini yaqin kunlarda Iordaniyaga ishchi safarlarini uyushtirish;
- Iordaniyalik professor olimlar tomonidan vaqf mulklari tartiblari, tarixi, buguni va istiqbollari to‘g‘risida kasb-mahorat mashg‘ulotlari o‘tkazish kabilarga kelishildi.
Ma’lumot o‘rnida, Iordaniya Vaqf, islom ishlari va muqaddas qadamjolar vazirligi vaqf mulklari, ziyoratgohlar, xayriya fondlarini boshqarish, haj, umra safarlarini tashkil etish, masjidlar, imomlar faoliyatini yuritish, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, diniy ta’lim, Qur’oni karimni kurslari, Mus'haflar chop etish va juma tezislarini yozish kabi faoliyat turlariga boshchilik qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati