Oldin xabar berganimizdek, AzonTV ilmiy-ma'rifiy onlayn telekanalida yurtimizning mohir qorilaridan biri, marhum ustoz Zayniddin qori Muhammad Yusuf xotiralariga bag'ishlangan Qur'on musobaqasi bo'lib o'tmoqda.
Ayni paytda “Qur'oni Karim musobaqasi 1442” tanlovining hifz va tilovot yo'nalishi bo'yicha qorilarning bellashuvi juda qizg'in kechmoqda. Jumladan, hifz yo'nalishidagi qorilarning Qur'oni karimni mukammal yod olgani, tilovat yo'nalishidagilarning mahorati bahslarning yanada qizg'in va hayajonga boy bo'lishini ta'minlamoqda.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Va Qur'onni tartil bilan tilovat qil” (Muzzammil surasi 4-oyat). Sharh: Qur'onni tartil bilan o'qish deb uni dona-dona qilib, har bir harfini o'z o'rnidan chiqarib, oyatlarini alohida-alohida qilib, tajvid qoidalari asosida o'qishga aytiladi.
Qur'onni tartil bilan o'qishga bo'lgan farmoni ilohiy barcha mo'min musulmonlarga ommaviy farmondir. Muhammad alayhissalomga farishta Jabroil alayhissalom Qur'onni tartil bilan o'qib berganlar. O'z navbatida Payg'ambar alayhissalom ummatlariga tartil bilan o'qib berganlar.
Musulmon ummati esa avloddan avlodga o'z Payg'ambaridan qandoq qilib olgan bo'lsa, shundoq o'tkazib kelmoqda. Qorilarimiz Qur'on qiroati qoidalarini tartibga solib kitoblar qilishgan. Bu qoidalarni bilish har bir musulmon uchun zarur. Shuning uchun har bir musulmon tajvid qoidalari bo'yicha bir kitob o'qimog'i, Qur'on tilovatini tajvid ilmiga ega bo'lgan qorilardan o'rganmog'i lozim.
Qur'on musobaqasini quyidagi manzillarda tomosha qilishingiz mumkin:
youtube
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Rossiya musulmonlari Markaziy diniy idorasining taklifiga asosan Ufa shahrida o‘tkazilgan «Islom ideallari va qadriyatlari: Bir Ummat – umumiy taqdir» nomli XVI Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon domla Inomov ishtirok etdi.
Rossiya musulmonlari Markaziy diniy idorasi, Moskva shahridagi Islom madaniyati, fan va ta’limni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va Boshqirdiston Respublikasi Rahbari huzuridagi davlat-din munosabatlari kengashi tomonlaridan tashkil etilgan anjumanda 600 dan ziyod mehmonlar qatnashdilar.
Bahrayn, Misr, Iordaniya, Tunis, Turkiya, Iroq, Eron, Hindiston, Germaniya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Kanada, Saudiya Arabistoni Qirolligi, Marokash, Falastin, Mo‘g‘uliston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Ozarbayjon, Belarus, O‘zbekiston Respublikasi va bir qator xalqaro tashkilotlar vakillari tashrif buyurdilar.
Shuningdek davlat hokimiyati organlari vakillari, ilmiy va ekspert jamoatchiligi, ta’lim muassasalari, oliygoh o‘qituvchilari va talabalari, Rossiya Federatsiyasi subyektlaridan diniy va jamoat arboblari, an’anaviy konfessiyalar diniy peshvolari hamda Islom olami universitetlari federatsiyasi va Islom ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) vakillari ishtirok etdilar.
Boshqirdiston Respublikasi Davlat Assambleyasi – Qurultoy da o‘tkazilgan Konferensiyadan ko‘zlangan maqsad – ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash, dinlararo va millatlararo tinchlik va totuvlikni rivojlantirish, Rossiya va Yevroosiyo makonidagi musulmon ummati bunyodkorlik salohiyatini oshirishga qaratilgan taklif va tashabbuslarni ishlab chiqishdan iborat.
Xalqaro konferensiya doirasida Rossiya musulmonlari Markaziy diniy idorasi raisi, Muftiy Talgat Safa Tadjuddin hazratlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon domla Inomov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muftiy hazrat suhbatni o‘zi boshlab, tashrif uchun minnatdorlik izhor etib, o‘zining eng katta va iliq samimiy salomlarini, eng yaxshi tilak va xayrli duolarini O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlariga albatta yetkazishni bir necha bor ta’kidlab o‘tdi.
Rossiya musulmonlari Markaziy diniy idorasi raisi, Muftiy Talgat Safa Tadjuddin hazratlarining O‘zbekistonga, Buxoroga, O‘zbekiston xalqiga mehri o‘zgacha baland ekanligi namoyon bo‘lib turadi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining ham salomlari Diniy idoramiz vakili tomonidan hurmat bilan yetkazildi.
XVI Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya so‘ngida “Rossiya musulmonlari Markaziy diniy idorasi raisi, Muftiy Talgat Safa Tadjuddin hazratlarining din va Vatan yo‘lidagi 45 yillik ma’naviy xizmatiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar”da O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon domla Inomov so‘zga chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining Tabriknomalarini hurmat bilan yetkazdi.
Hamda Muftiy Talgat Safa Tadjuddin hazratlariga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining nomlaridan milliy qadriyatlarimiz bo‘yicha milliy zar chopon taqdim etildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan ko‘rsatilgan bunday yuqori ehtirom va hurmatdan juda qattiq mamnunligini Muftiy Talgat Safa Tadjuddin hazratlari ko‘z yoshlari ila dildan mehr bilan izhor etdi.
Xizmat safari davomida Xalqaro konferensiyaga tashrif buyurgan bir qator mehmonlar bilan bo‘lgan suhbatlarda delegatsiyamiz vakili tomonidan bugungi kundagi mamlakatimizdagi qilinayotgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalib, davlatimiz va hukumatimiz tomonlaridan yurt tinchligi, xalq farovonligi va salomatligi, dinimiz obodligi uchun behisob darajada ishlar olib borilayotganligini yoritib, bugungi kundagi mamlakatimizdagi hamma sohalarda, ayniqsa diniy sohada juda ham katta islohotlar, misli ko‘rilmagan yangiliklar to‘g‘risida xabar berib o‘tildi.