Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

15.01.2021 y. NAMOZGA OID MASALALAR BAYoNI

12.01.2021   4901   17 min.
15.01.2021 y. NAMOZGA OID MASALALAR BAYoNI

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي عَلَّمَ الْإِنْسَانَ مَا لَمْ يَعْلَم، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الأَكْرَم وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ

NAMOZGA OID MASALALAR BAYoNI

Muhtaram azizlar! Ma'lumki, namoz dinimiz ustuni hisoblanib, unda kishi o'z Parvardigoriga munojot qiladi. Namozning qadri qanchalar ulug' va ahamiyati naqadar buyuk ekani haqida bir qancha oyati karimalar va hadisi shariflar mavjud. Namoz o'qiguvchi kishi o'z-o'zidan yomon illatlardan, nojo'ya ishlardan tiyiladi. Sodda qilib aytadigan bo'lsak, namoz – insonga go'zal tarbiya beruvchi ilohiy amaldir. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:

إِنَّ الصَّلَاةَ تَنْهَى عَنِ الْفَحْشَاءِ وَالْمُنْكَرِ وَلَذِكْرُ اللَّهِ أَكْبَرُ وَاللَّهُ يَعْلَمُ مَا تَصْنَعُونَ

ya'ni: “Albatta, namoz fahsh va yomon ishlardan qaytarur. Albatta, Allohning zikri (barcha narsadan) ulug'dir. Alloh qilayotgan ishlaringizni bilur” (Ankabut surasi 45-oyat).

Banda tirikligida bajargan har bir amali Qiyomat kuni birma-bir hisob qilinadi. Qiyomat kuni birinchi hisob-kitob qilinadigan narsa namoz bo'ladi. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"إِنَّ أَوَّلَ مَا يُحَاسَبُ بِهِ الْعَبْدُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ مِنْ عَمَلِهِ صَلاَتُهُ فَإِنْ صَلُحَتْ فَقَدْ أَفْلَحَ وَأَنْجَحَ

وَإِنْ فَسَدَتْ فَقَدْ خَابَ وَخَسِرَ"... (رَوَاهُ الإمامُ الدَّارِمِيُّ وَالإمامُ أَحْمَدُ).

ya'ni: “Qiyomat kuni banda amallari ichidan eng birinchi hisob qilinadigani uning namozidir. Agar namozi yaroqli bo'lsa, aniq yutuqqa erishibdi, najot topibdi. Agar namozi yaroqsiz bo'lsa, shubhasiz, noumid bo'libdi, yutqazibdi...” (Imom Dorimiy va Imom Ahmad rivoyatlari).

            Shunday ekan, namozga yanada mustahkam bo'lib, unga tegishli masalalarni puxta o'rganishimiz ayni muddaodir. Aks holda, namozimiz nuqsonli bo'lib qoladi. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

إِنَّ الرجلَ لِيصلِّي سِتِّينَ سَنَةً، وما تقبلُ لهُ صلاةً، ولعلَّهُ يُتِمُّ الركوعَ ولا يُتِمُّ السُّجُودَ، ويُتِمُّ السُّجُودَ

ولا يُتِمُّ الركوعَ (رَوَاهُ الإمامُ أبو القاسم الأصبهاني عن أبي هريرة رضي الله عنه).

ya'ni: “Shunday kishilar borki, oltmish yil namoz o'qisa ham namozi qabul bo'lmaydi. Sababi, namozdagi rukuni mukammal qilib, sajdani to'liq qilmagan, yoki sajdani mukammal qilib, rukuni to'liq qilmagan bo'ladi” (Imom Abulqosim al-Asbahoniy rivoyatlari).

Bir kuni bir odam Nabiy alayhissalomning masjidlariga kirdida, namoz o'qiy boshladi. Namozini o'qib bo'lgach, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, salom berdi. U Zot uning salomiga alik olgach, “Orqangizga qayting va namozingizni boshqatdan o'qing. Chunki, siz namoz o'qimadingiz” dedilar. Haligi odam ortiga qaytib namozini boshqatdan o'qidi. Keyin kelib, yana salom berdi. Payg'ambarimiz alayhissalom uning salomiga avvalgidek javob qaytardilarda, yana “Orqangizga qaytib, boshqatdan namoz o'qing. Chunki, siz namoz o'qimadingiz” dedilar. Bu hol uchinchi marta takrorlangandan keyin boyagi odam “Sizni haq ila yuborgan Zotga qasamki, bundan chiroyli o'qiy olmayman. Menga o'rgating” dedi. Shunda Rasululloh bunday dedilar:

"إِذَا قُمْتَ إِلَى الصَّلَاةِ فَأَسْبِغِ الْوُضُوءَ، ثُمَّ اسْتَقْبِلِ الْقِبْلَةَ فَكَبِّرْ، ثُمَّ اقْرَأْ بِمَا تَيَسَّرَ مَعَكَ مِنَ الْقُرْآنِ، ثُمَّ ارْكَعْ حَتَّى تَطْمَئِنَّ رَاكِعًا، ثُمَّ ارْفَعْ رأسك حَتَّى تَسْتَوِيَ قَائِمًا، ثُمَّ اسْجُدْ حَتَّى تَطْمَئِنَّ سَاجِدًا، ثُمَّ ارْفَعْ رأسك حَتَّى تستوي وتَطْمَئِنَّ جَالِسًا، ثُمَّ اسْجُدْ حَتَّى تَطْمَئِنَّ سَاجِدًا، ثُمَّ ارْفَعْ حَتَّى تَطْمَئِنَّ جَالِسًا ، ثُمَّ افْعَلْ ذَلِكَ فِي صَلَاتِكَ كُلِّهَا" فَإِذَا فَعَلْتَ هَذَا، فَقَدْ تَمَّتْ صَلَاتُكَ وَمَا انْتَقَصْتَ مِنْ هَذَا شَيْئًا، فَإِنَّمَا انْتَقَصْتَهُ مِنْ صَلَاتِكَ (رَوَاهُ الإمامُ الترمذي عن أبي هريرة رضي الله عنه).

ya'ni: “Agar namoz o'qishga tursangiz, mukammal tarzda tahorat qiling, keyin qiblaga yuzlaning, “Allohu akbar”, deb ayting, keyin qodir bo'lganingizcha Qur'oni karimdan qiroat qiling, keyin ruku qiling, toki ruku holingizda xotirjam turing, so'ng boshingizni ko'taring, toki to'g'ri tekis bo'lsin (ya'ni tik turing), shundan keyin sajdaga boring. Sajda qilgan holingizda xotirjam turing, keyin sajdadan qaytib, xotirjam holda bir oz o'tiring, keyin yana sajdaga boring. Sajda qilgan holingizda xotirjam turing (sajdadan turishga shoshilmang)” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Ulug' tobe'inlardan bo'lgan Said ibn Musayyib namozda soqolini o'ynagan kishini ko'rib: “Buning qalbi xushu' qilgan (qo'rqqan)ida edi, a'zolari ham tinchigan bo'lardi”, degan (Imom Ibn Abu Shayba “Musannaf”da keltirganlar).

Namozni xushu' bilan o'qimoqchi bo'lgan kishi, namozni boshqa hamma narsadan ustun qo'ysagina maqsadiga erishadi.

Azizlar! Namozga tegishli qonun-qoidalar va masalalarni bilish mana shunday zarur ekan, quyida namozga oid eng zarur masalalar haqida suhbatlashamiz.

Namoz o'qimoqchi bo'lgan kishi niyat qiladi. Niyatni til bilan talaffuz qilish to'rt mazhabda ham mustahabdir. Ba'zilar da'vo qilayotganidek, makruh emas. Niyat qilgandan keyin bosh barmog'ini quloq yumshog'iga tekkizib, “Allohu akbar”, deb namozga kirishadi. Qo'llar ko'tarilganda kaftning ichki tomoni Qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda bo'ladi. Bu haqda hadisi sharifda shunday bayon qilingan:

عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ: كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا إِفْتَتَحَ الصَّلاَةَ  كَبَّرَ ثُمَّ رَفَعَ يَدَيْهِ

حَتَّى يُحَاذِيْ إِبْهَامَيْهِ أُذْنَيْهِ (رواه الإمام الحاكم).

ya'ni: Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam namozga kirishda takbir aytib, ikki bosh barmoqlarini quloqlari barobarigacha ko'tarar edilar”  (Imom Hokim rivoyatlari).

Eslatma: “Allohu akbar”ni aytishda “Alloh” lafzidagi “a” tovushini cho'zib “Aaalloh” desa, yoki “Akbar” so'zidagi “a” tovushini cho'zib “Aaakbar” desa, yoki “ba” tovushini cho'zib “Akbaaar” desa, namozga kirgan bo'lmaydi, ya'ni namozi buziladi.

 Imom “Allohu akbar”ning “r”sini aytganidan keyin iqtido qiluvchi “Allohu akbar”ni boshlashi tavsiya qilingan. Sababi, iqtido qiluvchi kishi imomdan oldin “Allohu akbar”ni aytib qo'ymasligi kerak. Agar imomdan avval takbiri tahrima aytib qo'ysa, uning iqtidosi ham namozi ham durust bo'lmaydi. Bunday noxush holat yuz bermasligi uchun namozga imom bo'luvchi kishi ham “Allohu akbar”ni cho'zmasdan aytishi maqsadga muvofiq bo'ladi.

“Allohu akbar”ni aytgandan so'ng darhol o'ng qo'lni chap qo'li ustiga qo'yib, ularni kindik ostida bog'laydi. Qo'lni kindik ostiga bog'lashga dalil bo'luvchi rivoyatlar ko'p bo'lib, quyida ulardan birini keltiramiz:

عَنْ وَائِلِ بنِ حُجْرٍ رَضِىَ اللهُ عنهُ قَالَ "رَأَيْتُ النبىَّ صلى الله عليه وسلم  وَضَعَ يَمِيْنَهُ عَلَى شِمَالِهِ فِى الصَّلاَةِ تَحْتَ السُّرَّةِ" (اخرجه الإمامُ ابنُ اَبِى شَيْبَة. رجاله ثقات).

ya'ni: Voil ibn Hujr raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u zot aytadilar: “Men Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni namozda o'ng qo'llarini chap qo'llari ustiga kindik ostiga qo'yganlarini ko'rdim” (Imom Ibn Abu Shayba rivoyatlari). “E'lous sunan” kitobida bu hadisning roviylari ishonchlidir deyilgan.

Azizlar! Hozirgi kunda ba'zi yoshlar namozda turganda oyoqlarini kerib, to'pig'ini yonidagi odamning to'pig'iga tekkizishga harakat qiladi. Vaholanki, namozda turganda to'piqni tupiqqa tekkizib turish nafaqat hanafiy mazhabimizda, balki boshqa mo''tabar mazhablarda ham yo'q. Hanafiy mazhabimiz bo'yicha oyoqlarni orasi to'rt barmoq miqdoricha bo'lgani mustahabdir. Bemorlik yoki semizlik sababli oyoqlar orasi to'rt barmoqdan katta bo'lishini zarari yo'q.  

Imomga iqtido qilgan kishi “Sano”ni o'qiydi xolos. “A'uzu” va “Bismillah”ni aytmaydi. Yolg'iz namoz o'qiguvchi kishi esa, “Sano”, “A'uzu” va “Bismillah”ni aytadi va “A'uzu”ni faqat birinchi rakatda, “Bismillah”ni esa har bir rakatning boshida “Fotiha” surasidan oldin aytadi.

 “Bismillah”dan keyin “Fotiha” surasi o'qiladi. Ammo imomga ergashuvchi kishi “Fotiha”ni o'qimaydi. Sababi, imom qiroat qilsa, ergashuvchi ham go'yo qiroat qilgan hisoblanadi.

“Fotiha”dan keyin imom ham, iqtido qilgan kishi ham maxfiy holda “Omin” deydi. “Omin”ni maxfiy aytish sunnatligiga sahobai kiromlarning so'zlari va amallari dalil bo'ladi. Bu haqda Abu Voil raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u zot aytadilar:

كَانَ عَلِيٌّ وَابْنُ مَسْعُودٍ لَا يَجْهَرَانِ بِبِسْمِ اللهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ، وَلَا بِالتَّعَوُّذِ، وَلَا بِآمِينَ

(رَوَاهُ الإمام الطَّبَرَانِيُّ عَنْ أَبِي وَائِلٍ رضي الله عنه).

ya'ni:Ali va Ibn Mas'ud raziyallohu anhumolar “(Namoz ichidagi) Bismillahir rohmanir rohiym”ni ham, “a'uuzu”ni ham, “omin”ni ham ovoz chiqarib aytmas edilar” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bilan doimo birga yurgan hazrati Ali va Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhumo kabi nihoyatda ilmli sahobiylarning “omin”ni ichlarida aytishlari kuchli dalil hisoblanadi.

“Omin”dan keyin bitta sura yoki uchta oyat o'qiydi. Bitta to'liq sura o'qigan afzaldir.

Zam suradan keyin “Allohu akbar”ni aytib xotirjam ruku qiladi.

Eslatma: Rukuda erkaklar boshi bilan orqasini tekis qiladi, qo'l va oyoqlarini bukmasdan to'g'ri tutadi va tizzalarini barmoqlari bilan ushlab turadi. Bunda barmoqlar orasi ochiq bo'ladi.

Keyin “Sami'allohu liman hamidah” deb boshini rukudan ko'taradi, keyin “Robbana lakal hamd”, deb xotirjam tik turadi.

 Eslatma: Jamoat bo'lib o'qilganda imom faqat “Sami'allohu liman hamidah”ni aytadi, iqtido qiluvchi esa faqat “Robbana lakal hamd”ni aytadi.

Keyin “Allohu akbar” aytib sajdaga ketadi. Avval tizza, keyin qo'l, so'ngra  peshonasi bilan burunni erga qo'yib, xotirjam sajda qiladi. Bu haqda Voil ibn Hujr raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyilgan:

"رأَيْتُ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا سَجَدَ يَضَعُ رُكْبَتَيْهِ قَبْلَ يَدَيْه وَاِذَا نَهَضَ رَفَعَ يَدَيْهِ قَبْلَ رُكْبَتَيْهِ"

(رواه الامام أبو داود عن وائل ابن حجر رضي الله عنه(

ya'ni: “Men Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni sajda qilganlarida qo'llaridan avval tizzalarini erga qo'yganlarini va sajdadan qaytayotganlarida tizzalaridan avval qo'llarini erdan ko'targanlarini  ko'rdim” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

 Erkaklar sajda paytida qornini tizzasidan, bilaklarini biqinidan uzoq tutadi. Sajdada qo'l barmoqlari bir-biriga yopishgan holda turadi. Sajdada oyoq va qo'l barmoqlari qiblaga qarab yo'nalgan bo'ladi. Ikki sajda o'rtasida, xotirjam holatda, qo'llarini sonini ustiga qo'yib barmoq uchlarini tizza barobarga  qo'yib, o'tiradi. Yana takbir aytib, xotirjam sajda qiladi.

Eslatma: Sajdada ikki oyoqni erdan uzilishi ko'pchilik hanafiy ulamolarimizning nazdlarida namoz buziladi deyilgan. Mo''tabar fatvo kitoblarimizdan biri “Fatavoi hindiyya”da ham ushbu ma'no quyidagicha ta'kidlangan:

وَلَوْ سَجَدَ وَلَمْ يَضَعْ قَدَمَيْهِ عَلَى الْأَرْضِ لَا يَجُوزُ وَلَوْ وَضَعَ إحْدَاهُمَا جَازَ مَعَ الْكَرَاهَةِ إنْ كَانَ بِغَيْرِ عُذْرٍ

ya'ni: “Namozxon sajda qilsayu, oyoqlarini erga qo'ymasa, namozi joiz bo'lmaydi. Agar sababsiz ikki oyog'idan (birini ko'tarib) birini qo'ysa, makruhlik bilan namozi durust bo'ladi”.

            Ikki marta sajda qilishni o'rniga unutib bir marta sajda qilsa va namozni oxirigacha qolib ketgan sajdani ado qilmasa namozi durust bo'lmaydi (“Fathu bobil inoyah” kitobi). Namozni tugatmasdan turib, bir marta sajda qilgani esiga tushsa, tezlik bilan qolib ketgan bir sajdani bajarib qo'yadi. Masalan bir odam keyingi rakatning qiroatini qilayotganida birinchi rakatda bitta sajda qilgani esiga tushib qolsa qiroatni to'xtatib, “Allohu akbar” deb sajdaga ketib, bir bor sajda qilib, qaytib turib, qiroatni kelgan joyidan davom ettirib ketaveradi va oxirida sajdai sahv qilib qo'yadi.

Sajda holatida erkaklarning tovonlari bir-biriga tegmasdan turishi sunnatga muvofiq hisoblanadi.

Ikkinchi sajdadan keyin “Allohu akbar”ni aytib boshini sajdadan ko'taradi. Qo'li bilan erga tayanmasdan turadi. Ikkinchi rakat ham birinchisi kabi bo'ladi. Lekin, ikkinchi rakatda “Sano” o'qilmaydi, “A'uzu” aytilmaydi.

Namozxon ikkinchi rakatning sajdasini qilib bo'lgach, chap oyog'ini yotqizib ustiga o'tiradi, o'ng oyog'ini tikka qilib, barmoqlarini qiblaga qaratib o'tiradi. Qo'lini tizzalari bilan barobar qilib, sonining ustiga o'z holicha qo'yadi.

Keyin “Attahiyyat” duosini o'qiydi. Birinchi qa'dada “Attahiyyat”ga boshqa narsa qo'shilmaydi.

To'rtinchi rakatga o'tirib “Attahiyyat” duosini o'qiydi. So'ngra, Payg'ambarimizga salot va salom aytadi. Keyin, Qur'on va hadislarda kelgan duolarni qiladi.

Avval o'ng, keyin chap tarafga “Assalamu alaykum va rohmatulloh”, deb salom beradi. Qaysi tomoniga salom bersa, o'sha tomonda turganlarga salom berishni niyat qiladi. Shu bilan ikki rakatli namoz tugaydi. To'rt rakatli namozlar ham xuddi shu tartibda o'qiladi, ya'ni, ikkinchi rakatni “Tashahhud”ini o'qigach, salovatga o'tmaydi va o'rnidan turib yuqoridagi tartibda 3-4-rakatlarni o'qiydi (“Maroqil falah” va “Muxtasarul viqoya” kitolari asosida tayyorlandi).

Alloh taolo ibodatlarimizni qabul aylab, barchamizga ikki dunyo saodatini nasib aylasin! Omin!

Hurmatli imom-domla! Kelasi juma ma'ruzasi “Til ofatlari” haqida bo'ladi, inshaalloh.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

OITSdan saqlanishning oson-ishonchli yo‘li

10.01.2025   2665   4 min.
OITSdan saqlanishning oson-ishonchli yo‘li

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".

Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.

Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.

Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.

Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.

Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.

"Tafsiri Hilol" kitobidan

Maqolalar