Ikki o'zbek fil'mi: «Imom Abu Iso Muhammad Termiziy» (2019) va "Sharqdan nur "(2005) Islam-Today internet nashri tomonidan musulmonlar haqida eng yaxshi 10 ta fil'mlar qatoriga kiritildi.
“Bu juda sifatli kartina - O'zbekistonda ko'p yillar ichida birinchi marotaba suratga olingan diniy fil'm. Rejissyor va stsenariy muallifi shoirlar haqidagi fil'mlarning sovet an'anasiga tayanadi. Kartinada sevgi-muhabbat hikoyasi ham bor (gap bir qizni sevib qolib, Abu Iso uylanish uchun ustozini sovchilikka yuborish uchun yuborgani, lekin Allohning irodasi bilan qiz allaqachon unashtirilgan bo'lib chiqishi haqida bormoqda), lekin biz asosiy qahramon o'zini butunlay ma'naviy hayotga bag'ishlashini tushunamiz. Bu erda asosiy qahramonga qarshilik ko'rsatadigan yovuz kishi ham bor. Imom olijanob buyuk odamdek gavdalanadi va butunlay o'zini da'vat qilishga bag'ishlaydin. Raqibini esa hasad his-tuyg'ulari boshqaradi. U nafaqat boshqalarning hayotini zaharlaydi, balki o'zini yo'q qiladi. Bosh qahramon oqilona tarza fikr yuritadi, fil'mda mo''jizalar yo'q: Abu Iso Muhammad Termiziy hech kimga shifo bermaydi, o'zgartirmaydi. U faqat bilim to'plash va saqlab qolish uchun xizmat qiladi. Imom yigirma yilni vatanidan tashqarida hadis to'plash bilan o'tkazdi. Yigirma yil ichida Termiziy Shayx Ishoq ibn Rohavayh Marvaziy va boshqa ko'plab olimlardan tahsil oladi. Yigirma besh yoshida (boshqa versiyaga ko'ra, yigirma olti yoshida) Iroqqa, Basra shahriga borib, o'sha mintaqalarning ko'zga ko'ringan olimlaridan saboq ola boshladi, shundan so'ng Shomga, u erdan esa Hijozga boradi. Ana shu yigirma yillik sayyohat va ta'lim olishlar chog'larida Abu Iso Termiziy olimlardan eshitgan barcha hadislarini yod olar va yozib olar, har xil bahslarda ishtirok etgan”, - deyiladi maqolada «Imom Abu Iso Muhammad Termiziy» (2019) fil'mi haqida.
Boshqa yana bir o'zbek fil'mi bo'lmish "Sharqdan nur "(2005) kartinasiga mana bunday ta'rif beriladi: "Tibbiyot" atamasi qayerdan kelib chiqqanini hech o'ylab ko'rganmisiz? Olim va tadqiqotchilar orasida bu so'zning paydo bo'lishi Ibn Sino (Avitsenna), Buyuk Sharq allomasi, tabibi, olimi – "madat Sino" nomi bilan bog'liq degan fikr mavjud. Uning asarlarining aniq soni noma'lum,ammo tadqiqotchilar 160 va 450 raqamlari orasida deb faraz qilishadi. Uning kitoblari yoqib yuborildi, o'g'irlandi va yashirildi, ammo ularning oddiy sanab o'tilishi ham ta'sirli eshitiladi: "Shifo kitobi", "Najot kitobi", "Ko'rsatma va o'gitlar kitobi", "Ilm kitobi". Fil'mda dunyoga mashhur olim-entsiklopedist Ibn Sinoning buyuk mutafakkir Abu Rayhon Beruniy bilan tanishuvi asos qilib olingan. Suratga olish ishlari bir qancha mamlakatlar – O'zbekiston, Eron, Frantsiya va Rossiya hududida bo'lib o'tgan bo'lib, Sharq mutafakkiri rolini yosh iste'dodli aktyorlar Hasan va Husan Solihovlar ijro etishgan.
Fil'm biografik, ma'rifiy xarakterga ega bo'lib chiqdi. Rejissyorning so'zlariga ko'ra, avvaliga u ilmiy asarlari haqida ko'proq ma'lumot bermoqchi bo'lgan, ammo Avitsenna (Ibn Sinoni G'arb tadqiqotchilari shunday deb atashadi) haqidagi mavjud fil'mlarni tahlil qilgach, Shuhrat Mahmudov o'sha davrda mavjud bo'lgan barcha bilim va ko'nikmalarni o'zlashtirib, entsiklopedistning yoshligidan ishlagan sharoitlarini imkon qadar to'liq etkazishga harakat qilish uchun ma'rifiy kartinani tayyorlashga qaror qildi. "Aytishlaricha, G'arb - tana, Sharq esa - ruh deyishadi. Lekin o'zida butun dunyoni birlashtirgan odam bor edi. Davrning eng universal boshi Abu Ali Ibn Sino edi…"
Eng yaxshi fil'mlar o'ntaligiga «Biz barchamiz» (2017), «1001 kashfiyot va sirlar kutubxonasi» (2010), «Meni Kxan deb atashadi» (2010), «Noma xat» (1976), «Mulla» (2018), «Halima» (2017), «Bizning voizimiz» (2017), «Rabbingiz nomi bilan o'qing», «InshoAlloh» fil'mlari ham kiritilgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنِ سَعِيدِ بْنِ الْمُسَيَّبِ يَقُولُ: إِنَّ الرَّجُلَ لَيُرْفَعُ بِدُعَاءِ وَلَدِهِ بَعْدَهُ، وَقَالَ بِيَدَيْهِ هَكَذَا، فَرَفَعَهُمَا.
Sa’id ibn Musayyab: «Kishi o‘zidan keyin farzandining qilgan duosi ila ko‘tariladi», dedi va «Mana bunday», deb ikki qo‘lini ko‘tardi».
Sharh: «Bir odam vafot etgach, farzandining uning ortidan qilgan duosi tufayli martabasi mana bunday bo‘lib ko‘tariladi», deb ikki qo‘lini ko‘tarib ko‘rsatgan ekan Sa’id ibn Musayyab. Ya’ni bu rivoyat vafotlaridan keyin ham ota-onaga farzandning qiladigan yaxshiligi ularning haqlariga duo qilish bilan bo‘lishiga misoldir.
Farzand ota-onasiga ularning vafotidan keyin ham yaxshilik qilay, degan umidda bo‘lsa, ularning haqqiga duo qilib, mag‘firat so‘rasa, ana o‘sha ishi yaxshilik bo‘lar ekan. Farzandlarining duosi sababli ota-onalarning oxiratdagi maqomlari yuqori bo‘lar ekan.
عَنْ سَعِيدِ بْنِ الْمُسَيَّبِ، مِثْلَهُ.
Sa’id ibn Musayyabdan xuddi shunga o‘xshashi rivoyat qilinadi.
Ushbu rivoyatda ham xuddi yuqoridagi ma’noning o‘zini Sa’id ibn Musayyab roziyallohu anhudan endi boshqa bir roviylar rivoyat qilgan ekan. Demak, bu mashhur gap, bir necha taraflardan rivoyat qilingan kuchli bir dalil hisoblanar ekan.
عَنِ الثَّقَفِيِّ قَالَ: سَمِعْتُ يَحْيَى بْنَ سَعِيدٍ يَقُولُ: كُنَّا نَسْمَعُ أَنَّ الْمَيِّتَ يُجْرَى لَهُ ثَلَاثُ خِصَالٍ: صَدَقَةٌ تَمْضِي بَعْدَهُ، أَوْ عِلْمٌ وَرَّثَهُ يُعْمَلُ بِهِ بَعْدَهُ، أَوْ وَلَدُهُ يَدْعُو لَهُ».
Saqafiydan rivoyat qilinadi:
«Yahyo ibn Sa’idning shunday deganini eshitdim: «Eshitishimizcha, mayyitga uchta xislat joriy bo‘lib turadi: ketidan boradigan sadaqa, u meros qoldirgan ilmga uning ortidan amal qilinsa va unga duo qiladigan bolasi».
Sharh: Birinchisi: Birov ko‘pchilikka foyda beradigan ishni qilib qo‘ygan bo‘lsa, uning qilgan ishidan mo‘min-musulmonlarga manfaat yetib tursa, o‘sha sadaqai joriya bo‘lgan ishning foydasidan, ya’ni savobidan egasiga o‘limidan keyin ham borib turadi.
Ikkinchisi – vafot etgan odam o‘zining ketidan manfaat beradigan bir ilm qoldirgan bo‘lsa. Odamlar ana shunga amal qilib, foydalanib tursa, olim o‘tib ketganidan keyin ham ortidan o‘zi qoldirgan ilm tufayli savobga erishib turadi.
Uchinchisi – vafot etgan odamning ortidan farzandining duo qilib turishi. Bunda ham vafot etgan odamning ortidan yaxshilik, xayr-baraka yetib turadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Vafot etganidan keyin bir mayyitning darajasi ko‘tariladi. Shunda u: «Robbim! Bu nima?» deydi.
«Farzanding senga istig‘for aytdi», deyiladi».
Buxoriy rivoyat qilgan.
Albatta, inson vafotidan keyin amal qilish imkonidan mahrum bo‘ladi. U hech narsa qila olmay, kutib turishdan boshqa narsaga yaramaydigan holda bo‘ladi.
Ammo bir kishi vafotidan keyin darajasi ko‘tariladi. Bundan o‘sha bandaning o‘zi ham hayron. Qanday qilib vafotidan keyin uning darajasi ko‘tarilishi mumkin? Bu ajablanish uni Alloh taologa savol berishga undaydi. Shunda u: «Robbim! Bu nima?» deydi. Uning hayrat ila bergan bu savoliga: «Farzanding senga istig‘for aytdi», deya javob beriladi».
Abu Hurayra roziyallohu anhuning bu gaplaridan farzandning istig‘fori – mag‘firat so‘rashi tufayli uning vafot etib ketgan ota-onasining oxiratdagi darajasi ko‘tarilishi bilib olinadi.
Shuning uchun ota-onasiga ularning vafotidan keyin yaxshilik qilishni, ularning ortidan savob yetkazishni va oxiratdagi maqomlari yaxshilanib, darajalari yuqorilashini istagan farzand doimo ularga mag‘firat so‘rab, duoda bo‘lishi lozim.
Ushbu rivoyatlardan olinadigan foydalar:
1. Vafotidan keyin ham mayyitning darajasi ko‘tarilishi mumkinligi.
2. Mayyit oxiratda o‘zining darajasi ko‘tarilganidan o‘zi hayratga tushib, Robbidan bu haqda so‘rashi.
3. Farzandning duosi mayyitning oxiratdagi darajasining ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi.
4. Ba’zi mayyitlar Robb bilan gaplashishi mumkinligi.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.