Qish kelishi bilan yurtimizda is gazidan zaharlanish va buning oqibatida fuqarolarimizning hayotdan ko'z yumishi bilan bog'liq holatlar tez-tez uchrab turadi. Ho'sh, bunday achinarli holatlarning oldini olish uchun nimalarga e'tibor qaratish kerak? O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKAda bo'lib o'tgan brifingda Favqulodda vaziyatlar vazirligi mas'ul xodimi Samandar Hikmatullayev ana shu masalaga to'xtalib o'tdi.
“Is gazi — rangsiz, hidsiz, ko'p uchraydigan zaharli birikma — tabiiy gaz, yoqilg'i, ko'mir, o'tin cho'g'lari to'liq yonmasligi yoki chala yonishi oqibatida vujudga keladi.
Tahlillarga ko'ra, is gazidan zaharlanish holatlarining aksariyati quyidagi sabablarga ko'ra yuzaga kelmoqda:
- fuqarolar tomonidan gaz va muqobil yoqilg'i (ko'mir, o'tin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik choralariga rioya etmaslik;
- nostandart (qo'lbola yasalgan) yoki sertifikatga ega bo'lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish;
- isitish pechlarining dudburonlarini noto'g'ri o'rnatish;
- gaz yoki boshqa muqobil yoqilg'iga moslashtirilgan isitish pechlari (anjomlari)ni dam olish (uxlash) xonalariga olib kirish;
- havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov (ko'mir va o'tin cho'g'lari)dan foydalanish;
- havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib (to'sib) qo'yish...”
Favqulodda vaziyatlar vazirligi mas'ul xodimi Samandar Hikmatullayev is gazidan zaharlanishning oldini olish uchun xavfsizlik qoidalariga ham amal qilish lozimligini aytib o'tdi.
«Kuz-qish mavsumida yuz berishi mumkin bo'lgan yong'in, havo-gaz aralashmasining chaqnashi hamda is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida, quyidagilarga rioya qilishingizni so'rab qolamiz:
Tashqi himoya qobiqlari shikastlangan elektr sim va kabellardan foydalanmang;
Elektr xo'jaligida ortiqcha yuklanish va elektr simlarning qisqa tutashuvidan sodir bo'lishi mumkin bo'lgan yong'inlarning oldini olish lozimligi sababli sifat sertifikatiga ega himoya saqlagichlaridan (avtomatlardan) foydalaning;
Isitish pechlarining dudburonlarini tozalash, sozlash va ularning qoida talablari asosida o'rnatilishi bo'yicha xizmat ko'rsatuvchi maxsus tashkilotlarga murojaat qilish va ular tomonidan lozim darajada xizmat turlarining bajarilishiga erishing;
Isitish pechlarini haddan ziyod qizdirib yubormang;
Gaz va elektr isitish moslamalarini nazorat qilishni yosh bolalarga topshirmang;
Gaz ta'minoti idoralari mutaxassislarini jalb etgan holda, gaz jihozlarini taftishdan o'tkazib, ularga texnik xizmat ko'rsatilishini tashkil eting;
Gaz uskunalarini ulash bo'yicha tartib-qoidalarga rioya qiling;
Yonuvchi materiallarni gaz plitalari ustida quritmang;
Gaz isitish moslamalaridan xavfsizlik avtomatikalari (gazning o'chib, qayta kelishini nazorat qiluvchi moslama) orqali foydalaning va ularning doimiy sozligiga e'tibor bering».
Umr – g'animat. Yuqoridagi sabablarga diqqat qilsak, o'zimizni, oila a'zolarimizni, yaqinlarimizni ko'rinmas yovdan asragan bo'lamiz. Zero, beparvolikdan kattaroq yov bo'lmasa kerak...
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qildilar: «Alloh: “Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za (bundan) mustasno. Chunki u Men uchundir va uning mukofotini O‘zim beraman”, dedi.
Ro‘za qalqondir. Birortangiz ro‘za tutgan kuni fahsh so‘z aytmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa: “Men ro‘zador odamman”, desin. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta, ro‘zadorning og‘zidan kelgan hid Allohning nazdida mushkning bo‘yidan yaxshiroqdir. Ro‘zadorni shod etadigan ikki xursandchilik bor: iftor qilganida xursand bo‘ladi va Rabbiga yo‘liqqanida (ro‘za tutgani uchun) xursand bo‘ladi» (Imom Buxoriy rivoyati).
Matnning asosiy qismi hadisi qudsiy bo‘lib, unda Alloh taoloning ro‘zani O‘ziga nisbat berishi uning sharafi va fazilatini anglatadi.
“Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir”. Ibn Abdulbar rahimahulloh aytadi: «Buning ma’nosi shuki, ro‘za boshqa amallar kabi zohirda namoyon bo‘lmaydi, balki u bandaning qalbidagi niyat bo‘lib, uni faqat Alloh taolo biladi. Hatto farishtalar ham undan xabardor bo‘lmaydi. Shuning uchun uning mukofotini “O‘zim beraman”, degan».
Alloh taolo ro‘zani O‘ziga nisbat berishiga olimlar bir necha sabablarni keltirishgan.
Birinchisi, ro‘za – riyodan eng yiroq ibodat. Chunki u faqat Alloh bilan banda o‘rtasida yashirin bo‘ladi. Boshqa ibodatlar esa odamlarga ko‘rinadi va ularga riyo aralashish ehtimoli katta. Riyo aralashgan amalni Alloh taolo qabul qilmaydi.
Ikkinchisi, ro‘za faqat Alloh uchun qilinadigan ibodatdir. Mushrik va kofirlar namoz, qurbonlik yoki nazr kabi amallar bilan o‘z ma’budlariga ibodat qilishgan. Ammo ular o‘z ilohlari uchun ochlik va chanqoqlik bilan ro‘za tutib ibodat qilishmagan.
“Uning mukofotini O‘zim berurman”, ya’ni ro‘zaning savob miqdorini faqat Alloh biladi. Boshqa amallar o‘ndan yetti yuz barobargacha ko‘paytirilsa, ro‘za bundan ham ortiq mukofotlanadi. Alloh taolo: “Albatta, sabr qiluvchilarga (oxiratda) mukofotlari behisob berilur”, deb marhamat qilgan (Zumar surasi, 10-oyat). Ro‘za – sabr ibodatidir. Shu sababli u cheksiz savobga loyiq.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Bir oylik ro‘za sabrdir, har oydan uch kun tutib yurish bir yillik ro‘zaga tengdir”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).
“Ro‘za qalqondir”, ya’ni dunyo va oxiratda himoyadir. Usmon ibn Abul Os roziyallohu anhu aytadi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Ro‘za xuddi sizlardan biringiz jangda foydalanadigan qalqon kabidir”, deganlarini eshitdim» (Imom Ahmad va Imom Nasoiy rivoyati).
Nabiy alayhissalom marhamat qiladilar: “Namoz hujjat (dalil)dir, ro‘za esa (mustahkam) qalqondir...” (Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyati).
Ro‘zaning dunyodagi himoyasi – zinodan tiyib, to‘sib turadi. Hadisi sharifda: “Kimning uylanishga imkoni bo‘lsa, uylansin. Chunki u ko‘zni eng tiyuvchi va farjni eng saqlovchidir. Kim imkon topmasa, ro‘za tutsin, chunki bu uning uchun bichilish kabidir” (Muttafaqun alayh).
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlariga kelib: “Yo Rasululloh, menga o‘zimni bichishga ruxsat bering”, dedi. U zot: “Mening ummatim uchun bichilish – kunduzi soim (ro‘za), kechasi qoim bo‘lish”, dedilar» (Imom Ahmad rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Nabiy alayhissalom: “Ro‘za qalqondir va do‘zaxdan mustahkam himoyadir”, deganlar (Imom Ahmad va Imom Bayhaqiy rivoyati).
Boshqa hadislarda bunday marhamat qilinadi: “Kim Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutsa, Alloh uning yuzini do‘zaxdan yetmish kuzlik (yillik masofaga) uzoqlashtiradi” (Muttafaqun alayh).
“Kim Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutsa, Alloh do‘zaxni undan yuz yil yo‘l masofasicha uzoqlashtiradi” (Imom Nasoiy rivoyati).
“Kim Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutsa, Alloh uning bilan do‘zax o‘rtasida osmon bilan yer orasicha chuqur xandaq hosil qiladi” (Imom Termiziy rivoyati).
Shuningdek, ro‘za insonni yomon xulqlardan to‘suvchi qalqondir: «Birortangiz ro‘za tutgan kuni fahsh so‘z aytmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa: “Men ro‘zador odamman”, desin». Shu orqali mo‘min banda ham tili, ham qo‘li bilan o‘zgalarga ozor yetkazishdan saqlanadi. Bir oy shu ko‘rsatmaga amal qilgan kishining xulqi shak-shubhasiz yaxshi tomonga o‘zgaradi.
“Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta, ro‘zadorning og‘zidan kelgan hid Allohning nazdida mushkning bo‘yidan yaxshiroqdir”. Mo‘minlar qiyomat kuni tahoratning asaridan tanilib, yuzlari va qo‘l-oyoqlari nur sochib keladilar. Ro‘zadorlar esa tahorat asaridan tashqari mushkdan-da yoqimliroq hid bilan keladilar. Shunday qilib, ularda har ikki fazilat jam bo‘ladi.
“Ro‘zadorni shod etadigan ikki xursandchilik bor: iftor qilganida xursand bo‘ladi va Robbiga yo‘liqqanida (ro‘za tutgani uchun) xursand bo‘ladi”. Iftor paytidagi xursandchilik dunyoda bo‘ladi. Chunki u ibodatni to‘liq ado etdi, savobga erishishni umid qiladi. Rabbiga yo‘liqqan paytdagi quvonchi esa, ro‘zasiga beriladigan mukofot sababidandir.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Qiyomat kuni ro‘za va Qur’on banda uchun shafoat qiladi. Ro‘za aytadi: “Ey Robbim! Men uni kunduzlari ovqat va shahvatlardan tiyib qo‘ydim, bas, uning uchun shafoatimni qabul qil”. Qur’on esa: “Men uni kechalari uyqudan to‘sib qo‘ydim, bas, uning uchun shafoatimni qabul qil”, deydi. Shunda ularning shafoati qabul qilinadi», dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Muhammadyahyohon XO‘JAYEV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi mutaxassisi.