#xabar #musobaqa
Avval xabar berganimizdek, bugun O‘zbekiston xalqaro Islomshunoslik akademiyasi va Shayxontohur sport maktabida diniy soha xodimlari o‘rtasida sportning voleybol va shaxmat turlari bo‘yicha “O‘zbekiston musulmonlari idorasi kubogi” musobaqasining respublika bosqichi saralash o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. (https://t.me/muslimuzportal/44428)
Mazkur musobaqada dastlab 16 ta jamoa nimchorak final bahslariga kirishdi. Qizg‘in bellashuvlar natijasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Samarqand, Qashqadaryo, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Toshkent viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoalari chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Chorak final uchrashuvlaridan so‘ng Qashqadaryo, Samarqand, Navoiy viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoalari yarim finalga chiqishga muvaffaq bo‘ldi.
Final yo‘llanmasi uchun kechgan bahslar esa yanada keskin tus oldi. Unda Qashqadaryo — Samarqand hamda Qoraqalpog‘iston — Navoiy jamoalari o‘rtasida murosasiz o‘yinlar bo‘lib o‘tdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Qashqadaryo va Qoraqalpog‘iston jamoalari final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Navoiy va Samarqand jamoalari uchinchi o‘rin uchun bahs olib boradigan bo‘lishdi.
Shunday qilib, ertaga — 10 fevral kuni mazkur jamoalar ishtirokida hal qiluvchi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, shaxmat bo‘yicha bahslar ham qizg‘in va murosasiz kechdi. Ayniqsa, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ulamosi Abduvohid domla Ahmadaliyev, Toshkent viloyatidan Abdulazizxon domla Ahmadxo‘jayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakili Abdulkabir domla Idrisov hamda Farg‘ona viloyati vakili Niyozbek domla Payg‘amov mohirona yurishlar qilishdi.
Musobaqalar tafsilotini kanalimizda kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
"Report" xabariga ko‘ra, tashrif O‘zbekiston bo‘ylab media-tur doirasida bo‘lib o‘tdi.
Imom Buxoriy maqbarasi Samarqand viloyatidagi eng muhim ma’naviy va tarixiy obidalardan biridir.
Tashrif davomida Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari vakillari Imom Buxoriy maqbarasi, masjid, muzey va kutubxona vazifasini bajaruvchi xonani o‘z ichiga olgan yodgorlik majmuasi hududi bilan tanishdi. Jurnalistlarga majmuaning yaratilish tarixi, Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosi, shuningdek, uning islom ilm-fanidagi alohida o‘rni haqida so‘zlab berildi.
Media-tur ishtirokchilari majmuaning muzey qismiga alohida e’tibor qaratdi. Bu yerda islom madaniyati va Imom Buxoriy merosiga oid qo‘lyozmalar va turli tarixiy materiallar taqdim etilgan. Shuningdek, muzeyda turli mamlakatlar vakillari tomonidan majmuaga sovg‘a qilingan Qur’oni karim nusxalari ham saqlanadi.
Ishtirokchilarga majmua turli mamlakatlardan kelgan dindorlar uchun ziyoratgoh va allomaning ma’naviy merosini asrab-avaylashning muhim markazi ekanligi haqida so‘zlab berildi. Jurnalistlar majmuaning me’moriy xususiyatlari va tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan zamonaviy infratuzilma bilan ham tanishdi.
Imom Buxoriy eng nufuzli islom ulamolaridan biri va islom an’anasidagi eng muhim hadis to‘plamlaridan biri bo‘lgan "Sahih al-Buxoriy" hadislar to‘plamining muallifi hisoblanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati