O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi “Ko'kaldosh” bilim yurti bitiruvchisi No''monxon Yahyoxon bilan saodat asriga sayohat qilib, sahobalar hayotiga oid ta'sirli lavhalarni yangi tashkil etilgan “Peshqadamlar” loyihasida yoritib borish rejalashtirilgan.
Aziz muxlis, muslim.uz ijodkorlari Allohning yordami ila yana bir xayrli loyihaga qo'l urdi. Bundan maqsad Islom dini ma'rifatini Hazrati Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamdan o'rganib, keyingi avlodlarga etkazib ketgan sahobalar hayotiga chuqur nazar solib, din rivoji yo'lida qilgan buyuk xizmatlarini ko'rsatib, ibrat olish sanaladi.
Islom tarixi sahobalar hayoti bilan chambarchas bog'liq. Ular payg'ambarlardan keyin insonlarning eng komil va fozillaridir. Sahobalarning eng yaxshilari to'rt xalifa, keyin jannatga kirishi bashorat qilinganlar, Badr va Uhud, Rizvon ishtirokchilari turadi. Shuningdek, ularning birlari ilmda, yana birlari halimlikda, boshqalari esa saxovat yo jasorat bobida peshqadam bo'lganlar. Alloh ulardan rozi bo'lsin.
Mana shunday ma'rifiy loyihalarni har bir talaba, har bir bitiruvchi yoki diniy soha xodimi silsila shaklida olib borishida bizning sayt va ijtimoiy tarmoqlarimiz minbar vazifasini o'tashi mumkin.
Haq taolo ushbu “Peshqadamlar” ko'rsatuvini muvaffaqiyatli qilsin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
@muslimuzportal | @mp3muslim | @diniysavollar
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hasan ibn Abu Sinan rahimahulloh oltmish yil davomida yotgan holatda uxlamagan ekanlar, yog‘li taomlar iste’mol qilmagan hamda sovuq suv ichmagan ekanlar. Vafot etganlaridan so‘ng u zot bir kishining tushiga kirdilar va u kishi: “Alloh taolo sizni qanday qabul qildi?” — deb so‘radi.
Hasan ibn Abu Sinan rahimahulloh: “Alloh taolo meni juda yaxshi qabul qildi, ammo hayotimda bir kishidan igna qarzga olib, qaytarib bermagan edim. Shu sabab jannatga kira olmayapman”, degan javobni berdilar.
“Ruhul-bayon” tafsiri, 2-jild, 171-sahifa