Ko'p tahlil va mushohadalarim asosida aytishim mumkinki, sovetning dinsiz mafkurasi davrida islom dini, e'tiqod masalalarining bardavomligida eshonbobolar, sanoqli ahli ilmlarning sa'y-harakatlari alohida o'rin tutib kelgan. Qaysi birlari bu yo'lda jonini tikkan, yana qay birlari sog'ligini garovga qo'yib din uchun xizmat qilib o'tishgan. Ilohiy ilmni tarqatish, ommani axloqiy tarbiyasini ta'minlashga kamarbasta bo'lganlar va bunga erishganlar ham. Tasavvur qiling, butun bir mamlakat xudosiz, mansabga o'tirishining asosiy imtihoni “din – afyun, xudo yo'q” degan so'zlarni takrorlashdan ibrat bo'lgan. Mamlakatning bosh mafkurasi, matbuoti, ta'lim-tarbiya kontseptsiyasida shu ta'limot hukmron edi. KGB, ichki ishlar, prokuratura organlari ham zo'r berib xudosizlikni targ'ib qilardi. Mabodo, qayerdandir dinga targ'ibot bo'layotganini bilishsa, o'sha dindorlar qattiq jazolangan. Qamoqqa yoki surgun azobiga duchor bo'lganlar. Bu ishlari uchun xalq orasidan xufyalar, quloqlar yollangan: ular etkazgan ma'lumotlari evaziga mukofotlar va imtiyozlarga ega bo'lishgan. Shu qaltis davrda ham imonli, taqvodor, asl eshonbobo va ahli ilmlar boshlarini kundaga qo'yib bo'lsa-da, Alloh oldidagi mas'uliyatini, yo'lini topib bajarganlar. Ular tom ma'nodagi mazlumlar edi. Mazlumning duosi ijobat degan hadis bor. Yaqindagina qaysidir badbaxt, Rasulimiz sollalohu alayhi vasallam haqlarida yomon fikr bildirdi. Olamda musulmon borki, u qaysidir makonda yashamasin, bu iflosning iddaosiga tili bilan ham dili bilan ham qarshilik qildi. U paytlar esa din afyun desa ham xudo yo'q desa ham Rasulullohga xohlagan tuhmatini qilsa ham musulmonlar jim edi. Oliy o'quv yurtlarda, maktablarda ateistik tashviqot ochiqchasiga, davlat himoyasi ostida qilinardi. Ramazon oyi boshlanish arafasida butun matbuot ro'zaga qarshi faoliyatini boshlar, minglab vrachlar ro'zaning inson sog'ligiga “zarar” ekani haqida ma'ruzalar o'qirdi. Alloh taolo, dinimiz, uning ahkomlariga va Payg'ambar alayhissalomga ko'r-ko'rona tosh otib, malomatlar qilishardi. Kim bu nokaslarni bu razil ishdan qaytarardi? Hech kim! O'sha payt ma'lum ma'noda ularning tashviqotlariga yurganlar, aldanganlar, diniga musulmonliligiga beparvo bo'lganlar talaygina bo'lgan. Qama-qamalar, jismoniy va ma'naviy ta'sir o'tkazish tajribasini o'z tanasida sinab ko'rgan, kaltaklanib, sog'ligidan ajralgan yurtdoshlarimizni sanab sanog'iga etish mushkul. Mana shu mushkulotlar qarshisida iymon va e'tiqod borasida bardam turib bergan qat'iyatli insonlar bois Alloh bizga dinimizning mohiyatini to'la-tukis beradigan ilm va e'tiqodni nasib qilgan bo'lsa ne ajab. Shuning uchun xalqimiz ularni qoridodalar, maxdumlar, to'ralar, maxsumlar, xo'jalar, sayyidlar, eshonbobolar deb e'zozlab, har doim izzat-ikromda, kerak paytda himoyasiga olib yurishdi. Hammalaridan Allohim rozi bo'lgin!
***
Eshon va murid, murid kimu muxlis kim, degan mavzuda otam bot-bot o'zlarining xotiralarini so'zlab berardilar. Yodimda aytganlari: “Yil oralatib, qishlog'imizga eshonbobolar kelardi. Sobiq sho'ro siyosatiga some bo'lgan kishilar buni "murid ovlash" deb kinoya bilan tilga olishgan. Eshakka ortilgan xurjunda tasbeh, islomning besh arkoni sodda va ravon tarzda bayon etilgan risolalar va yana qandaydir hadyalar bo'lardi. Bir kun bir kishinikida, ikkinchi kun unisinikida, xullas bir hafta turardi. Yengil ziyofat, o'n-yigirma kishi yig'ilib hozirgi tilda aytilganda amri ma'ruf eshitar, o'zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olardi. Qishloq ahlining qarg'ishidan qo'rqibmi, xufyalar ham xabar berishmagan yo foydasi yo'q deyishganmi, ishqilib tinchlikda o'tardi. Majlis oxirida arzimas pulga kitob yo tasbeh olardik”.
O'ylab qolasan kishi, butun mamlakat dinga qarshi bo'lgan zamonda, ular bu risolalarni qanday yo'l bilan nashr qilgan? Uni qo'rqmasdan olib yurgan va tarqatgan?. Amri ma'ruf qilishgani-chi? O'sha davrda otalarimiz juma namozini o'qish uchun viloyat markaziga borishgan. Sanoqli masjid, sanoqli odamlar... Ma'ruza eshitishgan, ma'lum ma'noda o'zlari uchun ilm olishgan. Ammo aksar, 99 foiz musulmon bo'lgan qishloq aholisi-chi? Shuning uchun eshonbobolar, qoridodalar, maxdumlar, to'ralar, maxsumlar, xo'ja-sayyidlar, ahli ilmlar buni idrok qilishgan va o'zlari uchun xatarnok bo'lsa-da Alloh oldidagi majburiyatlarini bajarishgan. Gohida fikr qilasan kishi, hozirda internetda qaysidir o'tgan olimning so'zini yoki o'zimiz o'qigan nimalardandir qo'yib savob umidida laykni kutamiz. Layk soni ko'paysa savobga erishayapman, deb xursand bo'lamiz. O'sha paytdagi holat bilan hozirgisini bir taqqoslaylik-chi? Ularning bu xatti-harakatlari boshlariga to'qmoq bo'lib yog'ilish ehtimoli bo'lgan, shuni bilamizmi? O'sha ulug'larimizning sa'y-harakatlari, duolari samarasi o'laroq jamiyatimizda minglab qorilar, olimlar, millionlab namozxonlar, dinini, Allohni va uning Rasulini sevadigan avlod paydo bo'lganini-chi, shularni his qilamizmi?!
Barcha-barchalaringizdan rozimiz va Allohni rahmatini so'raymiz. Sizlardan minnatdormiz va sizlar qilayotgan duolarimizdan bahramand bo'layapsizlar deb umid qilamiz. Shular qatori hazratning otalari Temirxon eshon boboning ham sa'y-harakatlaridan qanchalab kishilar bahramand bo'lib, iymon va e'tiqod, hidoyat topib to'g'ri yulni tanlashgan. Buning samarasi esa dinga, xalqqa, vatanga xizmat qiluvchi avlodlarni Alloh ko'paytirib berdi.
***
O'sha paytlari kattaroq lavozimda ishlagan bir ukamizga hazratga bo'lgan hurmat va ehtiromim erish tuyulgan shekilli: “Dilmurod aka, nima muncha eshonbobo, hazrat-hazrat deyaverasiz, – deb qoldi. “Bizga shunday deyish buyurilgan”, deb qo'ya qoldim. Unga ortiqcha izohning hojati yo'q edi.
Alloh rahmat qilsin, otam umri davomida ahli ilmlarni, eshon bobolarning hurmat ehtiromini qilib o'tdi. Sababini u kishi, dinimizga tazyiqlar, dindorlarga ta'qiblar bo'lgan kezlari ham ular xalqqa shariat qoidalarini o'rgatishdan chekinmadilar, deb izohlar edilar. O'shalar yoygan ilmlarning barokatidan bizlar, farzandlarimiz, nevaralarimiz to qiyomatga qadar islomda inshaalloh sobitmiz, derdilar.
Aytingchi ibodat, e'tiqod o'laroq yaxshilik mukofoti nima bo'ladi?. Axir hazratning dinimizga, mo'min musulmonlarga qilayotgan xizmatlarini ko'rib turib ham hurmatlarini joyiga qo'ymasam, e'zozlamasam, kimman? Takabburlik yomon illat, bu narsa hozirda aksar yoshlarimizning hatti-harakatlarida, gap-so'zlarida, biror-bir kishi yoki narsalarga bo'lgan munosabatida bo'rtib, ko'rinib qolmoqda. Bugun ahli ilmlar, ulamolarni tan olmagan avlod, ertaga otasini mensimasligi mumkin. Sababi, u zombiga aylanib boradi.
Otam rahmatlikning ahli ilmlar, dinimiz, ulamolarimizga bildirgan ehtiromini men ham munosib davom ettirib kelyapman, bu – masalaning bir jihati. Yana bir jihati: buni farzandlarim, nabiralarim ham bardavom etishlariga mas'ulman.
***
Hazrat, har bir ishda yangilik qilish va uning davomiy bo'lishini istar, yo'l va imkon axtarar edilar. U kishi muftiy lavozimiga tayinlanmaslaridan oldin, Qur'on musobaqasi islom bilim yurtlari talabalari o'rtasida, madrasa xonalaridan birida o'tardi. Va bu hisobot ko'rinishiga o'xshardi. Bir kuni hazrat meni chaqirib, Qur'on musobaqasi kattaroq va muhtashamroq, musobaqa bo'ladigan joy esa chiroyli dizayn va mukammal stsenariy asosida bo'lishini va malakali tasvirchilar, montaj ustalari kerak bo'lsa rassomlarni jalb qilish lozimligini ta'kidlab, topshiriq berdilar. Bu ishni a'lo darajada qilish mumkin, ammo moddiy tomondan muammolar bo'lishini aytganimda, hazrat bu yog'idan xotirjam bo'lishimni uqtirib, ish boshlashimizga fotiha berdilar.
Jarayon boshlandi, shu asno bildimki u kishi avvalboshdayoq bu tadbir uchun ketadigan xarajat masalalarini tegishli mas'ullarga tayinlab qo'ygan ekanlar. Birinchi Qur'on musobaqasi Toshkentdagi “Sobitxon hoji” masjidida bo'lib o'tdi. Tadbir bejirim dizayn asosida jilo berilgan masjid xonaqohida, muxlis tomoshabinlar ishtirokida chiroyli tarzda o'tdi. Tasvirga olish guruhi esa malakali mutaxassislardan iborat edi. Ijodiy guruhning ishidan xursand bo'lgan hazrat, asrdan keyin oldilariga kirishimni so'radilar. Kirdim. Anchagina pul berib, “bu o'zimning jamg'armamdan, ishlaganlarga mukofot tariqasida tarqating va mening tashakkurimni etkazing, dedilar. Bir narsani eslatishim kerak, u paytlarda diniy tadbirlarda qilinayotgan har qanday yangilik qattiq tsenzuradan o'tardi. Masalan, internetda idora saytiga biror yangilik yoki xabar qo'ymoqchi bo'lsak, ikki-uch joy ko'rigidan o'tkazib, so'ng e'lon qilardik. “Axborotning tezkorligi qayerda qolardi, idoraning imidji, nufuzi” degan masalalar ularni zig'irchalik qiziqtirmasdi. Qur'on musobaqasini chiroyli tarzda o'tkazishda ham ba'zi insonlar, tashkilotlar xufyalari yo ukaxonlari tomonidan ogohlantirilganini men ham, hazrat ham bilardik. Ish manfiy tomonga o'zgarishi ham mumkin edi. Ammo hazrat tap tortmasdan o'tkazdi. Nima qildilar, kimga nima dedilar, to'g'risi menga qorong'u. Faqat, O'zbekistonning yuz yillik tarixida misli ko'rilmagan mana shu tadbir amalga oshdi. Shu-shu Qur'on musobaqasi dabdaba, o'ziga xos, chet eldagi musobaqalar ko'rinishida davom etaverdi
***
Hazrat, bir kuni meni huzurlariga chorlab: “Dilmurod, media markaz ochamiz. Idora uchun zarur. Imomlarimizni ma'ruzalarini, o'tgan ulamolarimiz haqida fil'mlar, "Muslim.uz" saytimiz uchun video rolik, materiallar tayyorlaysizlar. Sarf-xarajatlarini Rustam bilan hisoblab chiqinglar; xonalar ajratsin; malakali telejurnalistlar, shu sohaning bilimdonlarini topib, shartnoma tuzib, menga hisobotini beringlar, – deb tayinladilar.
Bu ajoyib taklif va imkoniyat edi. Mana-man, degan vazirliklar byudjetida xohlaganicha moddiy ta'minoti mavjud, ammo bu kabi na rejasi va na loyihasi bor. Tashakkur sizga hazrat! Alloh sizdan rozi bo'lsin! Din tashvishidagi bu ishlaringiz maqbul bo'lsin!
Hazrat tayinlagan hamma ishlar tez va qisqa muddatda bajarildi. Ijodiy guruh uchun xonalar, telemahsulotlarning oldi bo'lgan kameralar, chiroqlar, montaj xonalar – barcha-barchasi mukammal qo'yildi. Fayzuloxon boshchiligidagi tasvirchi, rejissyor va montaj ustalari jam bo'lishgan bo'lsa, Ilhom Jumanov atrofida mohir jurnalistlar yig'ilishgan edi. Bu ijodiy guruh bilan anchagina ishlar qilindi. Ammo yana eski o'yin: qaysidir idoraning qaysidir amaldoriga bu ishlar xush yoqmadi. Nimasi yoqmadi, bizga noma'lum, ehtimol hademay maxsus telekanal ochishimizdan cho'chishgandir, qaydam. Har nima bo'lganda ham ishlagani qo'yishmadi. Bu safar hazratning aralashuvlari ham yordam bermadi. Teparoqdan aks-sado bo'lgan bo'lsa kerak. Anchagina o'zimga kelolmay yurdim. Hazrat xonalariga chaqirib: “Hafa bo'lmang, harakat va amallarni qildik. Alloh taolo bilib turibdi. Ular bilan tortishish, bahslashish umuman befoyda. Kezi kelganida o'zlari javob berishadi, deya meni yupatgan bo'ldilar-u, biroq o'zlari ham taraqqiyot yo'liga g'ov bo'lganlardan nihoyatda zada bo'lganliklarini, ozorlanganliklarini yuz va ko'zlaridagi ma'yus holat ifoda etib turardi.
(davomi bor)
Dilmurod Qo'shoqov
Nasihat
Shayx Sulaymon ibn Xalaf Bojiyning farzandlariga vasiyati
Yetuk faqih, imom va hofiz Shayx Sulaymon ibn Xalaf Bojiy rahimahulloh farzandlariga vasiyat qila turib, ularga hayotda har bir mo‘min kishi bilishi zarur bo‘lgan ko‘plab nasihatlarni beradi. Mazkur o‘gitlar siz aziz o‘quvchilarimiz uchun manfaatli bo‘lishini inobatga olib, jurnalimiz sahifalarida berib borishni lozim topdik.
Shayx Sulaymon ibn Xalaf rahimahulloh aytadi:
Ey farzandlarim! Batahqiq, sizning zimmangizga farzi ayn bo‘lgan amallar taklifi (shariat yuklatgan mas’uliyat) tushadigan yoshga yetdingiz. Men esa sizlarni nasihatni anglaydigan, to‘g‘ri yo‘lni farqlay oladigan, ta’lim olish va ilm egallashga munosib yoshga yetganingizni bildim. Shuning uchun sizlarga vasiyatimni ochiq bayon etishim lozim.
Gaplarimga e’tiborli bo‘lib, ko‘rsatmalarim va nasihatlarimga amal qiling. Men sizlarni hech qachon yomonlikka buyurmaganman. Men ko‘rsatgan yo‘ldan yuringlar va bayon qilgan holatlarimdan o‘rnak olinglar.
Shuni bilinglarki, bizlar – Alloh taoloning fazli bilan – naslimizga yetgan to‘g‘rilik, diniy yetuklik, poklik va hayo bilan to‘liq yashagan odamlar avlodidanmiz. Ya’ni Ayyub ibn Vorisning avlodlari. Ular shunday zotlarki: bobomiz Sa’d, undan keyin Sa’dning farzandlari: Sulaymon, Xalaf, Abdurrahmon va Ahmaddur. Ularning orasida eng solihi, dindori, taqvo va ibodati bilan ajralib turgan kishi sizlarning bobolaringiz – Xalaf edi. U kishi o‘zining katta obro‘si, mavqei va dunyosining ko‘pligiga qaramay, molu dunyodan yuz o‘girgan, kamtar hayot kechirgan kishi edi.
Endi bu ishlarni davom ettirish sizning zimmangizga tushadi. Shunday ekan, ularning yo‘lidan boshqa yo‘lni tutmanglar, ularning holatidan boshqasiga rozi bo‘lmanglar. Agar ulardan ham yuqori darajaga yetishga qodir bo‘lsangiz, bundan faqat o‘zingizga foyda. Ammo unday bo‘lmasa, hech qursa ularning darajasidan ortda qolmanglar. Agar nasihatlarimga amal qilsangiz, solihlar yo‘lida sobit turasiz, dunyo va oxiratda yaxshilik topasiz.
Vasiyatlarimning eng muhimi – Allohga iymon keltirish
Sizlarga birinchi vasiyatim – Ibrohim alayhissalom va Ya’qub alayhissalomning farzandlariga qilgan vasiyatlaridir: “Ey farzandlarim! Alloh sizlar uchun bu dinini tanladi. Bas, faqat musulmon bo‘lgan holingizdagina vafot etinglar” (Baqara surasi, 132-oyat). Shuningdek, Luqmon alayhissalomning farzandiga qilgan nasihatidir: “Ey o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirma! Chunki shirk – albatta ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).
Sizlarga bu boradagi nasihatimni qattiq tarzda ta’kidlayman, qayta-qayta eslataman. Bu dinga bog‘lanishingiz va uni mahkam ushlashingiz uchun jon kuydiraman. Dunyo ishlarining hech biri Alloh taolo bizga ato etgan bu dindan sizlarni ajratib qo‘ymasin. Bu din uchun jonlaringizni fido qilishingiz kerak, unda dunyo mol-mulkini ayamasligingiz lozim. Chunki bu dinsiz kofir kishi do‘zaxga tushsa, unga hech qanday yaxshilik foyda bermaydi. Mo‘min kishi bu din bilan jannatga kiradi, unga hech qanday yomonlik ziyon qilmaydi: “Kimki islomdan boshqa din istasa, undan hech qachon qabul qilinmaydi va u oxiratda zarar ko‘ruvchilardan bo‘ladi” (Oli Imron surasi, 85-oyat).
Agar sizlar Alloh taolo tanlagan bu dinda vafot etsangiz, umid qilamanki, biz jannatda qayta uchrashamiz – u yerda nafrat ham, ajralish ham bo‘lmaydi. Alloh taolo mening o‘sha uchrashuvga bo‘lgan shavqu zavqimni ham biladi. Shu bilan birga, sizlardan birortangiz yo‘ldan ozib, fitna sabab adashib qolishingizdan qattiq xavotirda ekanligimni ham biladi. Agar shunday bo‘lsa, Allohning g‘azabi uni qamrab oladi va halokat joyiga yetkazadi. Abadiy do‘zax unga muqarrar bo‘ladi. U holda adashgan kishi solih ajdodlari bilan jannatda birga bo‘lolmaydi, otalari, ota-bobolarining salohiyati unga naf bermaydi: “Ey insonlar! Parvardigoringizdan qo‘rqing va yana shunday bir kundan qo‘rqingki, u kunda na ota o‘z farzandiga foyda beradi, na farzand otaga. Albatta Allohning va’dasi haqdir. Bas, dunyo hayoti sizlarni aldamasin. Va shayton – aldamchi – sizlarni Allohdan chalg‘itmasin” (Luqmon surasi, 33-oyat).
(Davomi bor.)
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
tarjimasi
"Hidoyat" jurnalining 2026 yil 3-sonidan