Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Fevral, 2026   |   11 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:41
Quyosh
07:00
Peshin
12:41
Asr
16:28
Shom
18:16
Xufton
19:28
Bismillah
28 Fevral, 2026, 11 Ramazon, 1447

Muftiy hazrat hayotiga chizgilar (1-qism)

04.01.2021   6648   13 min.
Muftiy hazrat hayotiga chizgilar (1-qism)

Bismillahir rohmanir rohim

Islom dini, kishi o'ziga ravo ko'rgan yaxshilikdan o'zgalarni ham bahramand etish lozimligini uqtiradi. Binobarin, o'zini asrash Allohning hifzu himoyasiga doxil bo'lishning sharti sanaladi. Endi ana shu sifatni o'zgalar hayoti, sha'ni va nasabiga nisbatan qo'llash qanchalik savob amal ekanini tasavvur qiling! Bu sifatlar Allohning nazdida nechog'lik ulug' martaba tutishini ko'z oldingizga keltiring! Bir-birovning taqdiriga daxldorlik tuyg'usi ana shu nuqtada tarkib topadi. Zero, bu – abadiyat qonuni. Barmoqlar alohida-alohida holda ojiz, musht bo'lib tugilgan taqdirda qudrat kasb etadi. Bu faqatgina din sohasiga taalluqli gap emas. Tariximizni titkilab qarasak, qachon, qayerdaki tarqoqlik poydor bo'lsa tanazzulga uchraganimizni ilg'aymiz. HIII asrda Horazmshoh kaltabinlik bilan o'zining qudratli qo'shinini mayda-mayda bo'laklarga bo'lib mo'g'ullarga em qilgani yoki HVII asrga kelib ulkan bir saltanatning uchta mustaqil xonlikka bo'linib ketishi, vaqti kelib chor Rossiyasi uchun tayyor luqma bo'lgani yuqoridagi fikrimizning yaqqol isbotidir. 

Biz birinchi navbatda ulug'larimimizni ulug'lashni odat qilishimiz kerak. Bir-birovga jonso'zlikni tarkib topdirishimiz lozim. O'tgan sho'rolar tuzumi bizni axloqan nimaga o'rgatdi? Yetmish yillik istibdod yillari O'zbekiston hukumatini Fayzulla Ho'jayev, Akmal Ikromov, Yo'ldosh Oxunboboyev, Usmon Yusupov, Kamolov, Nuriddin Muhiddinov, Sharof Rashidov, Usmonxo'jayev singari insonlar muayyan muddat boshqarib kelishdi. Birortasi ham vafotidan keyin qadr topmadi. Sababi, siyosatning arqog'i avvalboshdan shunday o'rilgan edi. Stalin o'lishi bilan  tepkilandi. Hrushev hali tirikligidayoq tavqi la'natga uchradi. Brejnev ham shunday qismatdan qochib qutulmadi. Andropov, Chernenkoni birov eslamaydi ham. Gorbachevni esa ruslarning hali ham otarga o'qi yo'q...  

Buning barisi – targ'ibot-tashviqotning samarasi. Mana shu illat qon-qonimizga singib ketdi. Qatag'on yillarining shifqatsizliklari bizni bir-birovga bo'ri bo'lib tashlanishga o'rgatdi: “dedi-dedi”, chaquv kabi illatlarning ildiziga suv quydi, rivojiga ravon yo'l ochib berdi. Maishiy masaladagi oddiy, hayotiy muammolarimizni ham siyosat darajasida hal etishga, yomon ko'rgan odamlarimizdan mosuvo bo'lish uchun imonsizlik darajasidagi “qora texnologiya”lardan tap tortmay foydalanishga moyillik uyg'otdi. Butun musulmon olami e'tirof etgan yakkayu yagona shayximiz muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazaratlarining boshilariga ne kunlarni solmadik deysiz. Shunday ilmli kishini g'ov tashlab xalqdan yashirish, ikki o'rtada to'siq qo'yib nimaga erishdik – shu haqda birov birrov o'ylab ko'rganmi?..

Hato qilish ayb emas, uni vaqtida tuzatmaslik katta gunoh aslida. Jamiyatda changalzor qonunlari amal qilgan davrlarda nimaiki nohaqliklar bo'lgan bo'lsa – bo'ldi, bas! Prezidentimiz bugun yurtga muhabbat, odamlarga munosabat borasida yangi bir siyosatga asos soldilar. Ulug'larimizni ulug'lash ulkan burchimiz ekanini ta'kidlamoqdalar. Ilm egalari, ulamolarga milliy boyligimiz darajasida qarash, ularni asrash, bilim bisotlarini el farzandlariga ulashish ishiga birinchi galdagi vazifamiz sifatida qarash tarkib topib boryapti. Nur bor joyda soya bo'lishi tayin. Ilmli insonlar ilmsizlarning g'ashiga tegishi ham bor gap. Ilmli kishilarning parvozi yuksak, ilmi haminqadar notavonlar ularga tenglashmoq istaydilar. Ammo, qanotlarini qiynashdan ko'ra ilmlilarning qanotini qiymalashni afzal biladilar. Shu yo'l bilan tenglashishini ma'qud ko'rishadi. Hamma balo ana shunda!

Kamina ushbu risolada solih bir inson haqida so'zlash uchun, baayni o'zim guvohi bo'lganim ba'zi bir hayotiy voqealarni qog'ozga tushirish uchun yuqoridagi fikrlar ustida mufassal to'xtaldim. Sababi, men so'zlamoqchi bo'lgan inson – muftiy hazratlari, Usmonxon Alimov ilmi shoyim, e'tiqodi qoyim, ustoz ulamolarimizdan biri. Necha yilki O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi,  muftiysi lavozimida xizmat qilib kelmoqdalar. Men O'zbekiston teleradiokompaniyasida ishlash barobarida muftiy hazratlarining matbuot kotibi sifatida ham muayyan bir muddat faoliyat ko'rsatdim. Shu jarayonda bir necha bor u kishida, kishining qalbini to'lqinlantiradigan, har qanday uyg'oq yurakda mardlik, qat'iyatlilik fazilatlarini tarbiyalaydigan, har qanday vaziyatda imon doirasini tark etmaslik sifatlarini ko'rib  mutaassir bo'lganman. Mana shu xotiralarimni bugun sizga ham ilindim. 

Hazrat diniy idora rahbari etib tayinlangan payt men televideniye sohasida ishlardim. Bir kuni  idoraning ishlar boshqaruvchisi bo'lib ishlagan  akamiz qo'ng'iroq qilib, hazratning  tashabbusi bilan tadbir tashkil etilayotgani, agar iloji bo'lsa shuni televideniye orqali yoritishda yordam berishimni so'radi. Hazrat diniy idora tizimida ishlab o'tgan xodimlarning oila a'zolari va  faxriylarini bir piyola choy bahonasida yo'qlab, xotirlamoqni maqsad qilgan ekan. Tasvirga olish guruhi bilan borganimizda Baroqxon madrasasi hovlisi bezatilgan,  chiroyli dasturxon atrofida ko'plab mehmonlar jamuljam bo'lgan edi. Avvalo o'tganlar haqiga Qur'oni karimdan tilovat qilindi. So'ng hazrat so'z olib, idora tizimida ishlab ketgan muftiylar, olimlar va xodimlarni nomma-nom  aytib ularning dinimiz ravnaqiga qo'shgan ulkan xizmatlarini yodga oldilar. Tadbir so'nggida barcha qatnashchilarga sovg'a-salomlar ulashildi. Kamina ayrim ishtirokchilardan interv'yu oldim. Ular buning kabi munosabatdan xursandliklarini ko'z yoshlari bilan ifoda etib, hazratdan minnatdor  ekanliklari bildirdilar. 

Yaxshigina ko'rsatuv bo'lgandi ammo, efirga  chiqarishmadi. Nachora, o'sha paytda vaziyat, ba'zilarning ongida o'tmishdan o'troqlashib qolgan mafkura shuni taqozo etdi. Dinni deb dunyosini yo'qotishni istamaydiganlar, bugunini o'ylab oxiratini boy berayotganlar hozir yo'q deysizmi?! Bugun amal-taqal qilib egallagan kursisini jannatda erishishi mumkin bo'lgan o'rnidan afzal biladiganlar-chi, yo'qmi? Bunaqalar hamma zamonda bo'lgan va bo'ladi. Kishilik kechmishi paydo bo'lgandan  to hozirga qadar hayot ham, adabiyot ham bir falsafani targ'ib qilib keladi, nimagadir beparvomiz. Butun er yuzini zabt etgan Iskandar Zulqarnayn tobutdan bir qo'lini chiqarib qo'yishlarini vasiyat qildi. Butun dunyoning zebu ziynatlarini qo'lga kiritgani, biroq narigi dunyoga hech nima olib ketmayotganiga ishora edi bu. Ming to'qqiz yuz o'n ikkinchi yili ikki ming nafardan ortiq yo'lovchisi bo'lgan “Titanik” kemasi ulkan ummon ostiga g'arq bo'ldi. Kemadagi yo'lovchilarning sakkiz nafari milliarder kishilar bo'lgan. Ammo, boylik ham bunday chog' ularning joniga oro kirmadi. Yaqindagina katta bir kompaniyaning rahbari koronavirusga chalinib bu olamni tark etdi. O'limi oldidan o'ttizga yaqin shifokorlarni chorlab, agar shu darddan omon chiqsa barcha shifokorlarga bittadan qimmatbaho mashinasini sovg'a qilishini bayon etibdi. Ammo,.. 

O'tgan sho'rolar tuzumi davrida din yomonotliq qilindi, diniy ulamolar tazyiqqa uchradi. Necha minglab insonlar diniy e'tiqodi tufayli qatl etildi. Ho'sh, shu ishlarga bosh bo'lgan soxta tuzum necha yil umr ko'rdi, bor-yo'g'i etmish yil! Shundan saboq chiqarsak bo'lmaydimi? O'tmishga balchiq chaplagan kishilarning o'zlari hali o'tmishga aylanib-aylanmay, o'zlariga loy chaplanmadimi?! Fikr qilaylik axir. Dinga munosabat, ulamolarga qiladigan mulozamatimiz boyagi-boyagidek bo'ladigan bo'lsa, diniy bag'rikenglik, e'tiqod erkinligi haqida jar solmay qo'yaqolaylik degan xayolga borardim. Foydasi bo'lardimi,  o'sha davrlar bu xayolotlarni? Yo'q, mumkin emas edi! 

Hullas, dinimiz ravnaqi yo'lida xizmat qilgan kishilarni e'zozlab o'tkazilgan tadbir na televideniye orqali yoritildi va na birorta gazetada axborot tarzida chop etildi. Hazrat kimlarnidir o'rtaga solib, bu haqda ommaviy axborot vositalari orqali bir parcha ma'luot berishga rosa tirishdilar, ammo – bori urinishlari  behuda ketdi.

Tan olaylik o'sha yillari televideniye ekrani orqali ham, gazetalarimiz sahifalarida ham unchalik taniqli bo'lmagan, o'zidan o'zmay faqat oylik maoshi evaziga o'z vazifasini bajarib kelayotgan kishilarning faoliyatini badiiy bo'yoqlar bilan bejab, bo'rtirib ko'rsatish avj olgan    edi. Vaholanki, hazrat xotirlashni iroda etgan ulug'larning musulmonlarga, xalqqa qilgan xizmati beqiyos va savobli edi. Hazrat, bir tomondan, xalq eshitsa, ko'rsa ular haqqiga tilovatlar qilinar, eslanar va bu bilan arvohlarning ruhi shod bo'lar, degan maqsadni qo'ygan bo'lsa, yana bir jihatdan ulamolaring zikridan Alloh taolo rozi bo'lib yurtga barokotlar ato etar, degan umidda edi. Men esa dinga, ulamolarga e'tibor bo'lmagan va tazyiqlar hukmdor jamiyatda shu uy, fikr va rejalarni amalga oshirishga harakat qilgan hazratning iymoniga qoyil qolgandim.

***

Hazrat ahli ilm va qori ustozlarning hamisha hurmatlarini joyiga qo'yar, biror tadbirlar bo'lib qolsa chaqirtirar, bayramlar arafasida sovg'a-salomlar berdirardi. Mamlakatimizning qaysidir  viloyatiga safarga chiqsalar o'sha hududda istiqomat qilayotgan ulug'  yoshdagi ahli ilm, qori buvalar va idora tizimida faoliyat olib borgan ustozlarni ziyorat qilar, ularning suhbati va duolarini olib qaytardi. Agarda vaqt nuqtai nazardan ilojini qilolmasalar, imom-xatiblarga ularning ahvolidan xabardor bo'lishlarini tayinlab, topshiriqlar berardi. Ayniqsa, hazrat Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufni ustozim deb e'zozlardilar. Dinga manfaati g'oyatda ko'p, xizmatlari benazir  bo'lgan  alloma deb ulug'lardi. Kezi kelganda maslahat olardi. 

Aytish joizki, o'sha paytlari Shayx hazratlari uchun matbuotga chiqish, davlat tadbirlarida ishtirok etish rasman taqiqlangandi. Ularning har bir qadami nazorat ostida edi. Nazoratchilarning ayrimlari shayxga xayrixoh bo'lsa, aksari ashaddiy qarshi yoki qarshi tomondan o'ta qo'rqadiganlar edi. Ular xohlagan vaqtda Shayx hazratlari bilan aloqada bo'lgan yoki xayrixohlik qilgan hukumat odamlari yoki  boshqa insonlarga maxsus ayblovlar taqashi, salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin edi . Muftiy hazratlari ham bundan mustasno emasdi. Shu holatda ham u kishi Shayx hazratlariga bo'lgan shogirdlik maqomidan voz kechmagan. Idoraning yangi binoga ko'chishi munosabati bilan tashkillashtirilgan tadbirga muftiy Usmonxon Alimov Shayx hazratlarini taklif etdi. Shu tadbirda kamina ham xos odamlardan bo'lib qatnashganim uchun, ba'zi  holatlarning guvohi bo'lganman. 

Muftiy hazratlari belgilangan muddatdan o'n daqiqa avval  hovliga chiqib Shayx hazratni kutib turdilar. U zot kelganlarida quchoq ochib ko'rishdilar. Hazratning tashrifidan nihoyatda xursand ekanliklarini yuzu ko'zlarida balqib turgan shodlik ifodasi aniq-taniq  bildirib turardi. Diniy idoraning xonalarida turib, derazasidan mo'ralab Muftiy hazratning hatti-harakatlarini xufyona kuzatib, g'ashlanganlar va hodisa haqida o'zlarining katta-kichik “akaxon"lariga daqiqama-daqiqa ma'lumot etkazib turganlar ham anchagina edi. Hazrat esa beparvolik bilan ulug' ustoz, dunyo allomasining tashrifidan bag'oyat xursand bo'lganini hech kimdan yashirgan emasdi.

Taklif va zaruriyat taqozosi va muftiy hazratning tashabbusi bilan mo'min-musulmonlardan kelgan savollarga javob tariqasida "So'ragan edingiz" risolasini chiqarishni boshlaganimizda, muftiy hazratlari: “Dilmurod, kitobni avvalo Shayx hazratlariga oboring. Men gaplashib qo'ydim. Ko'rib, o'z fikrlari, maslahatlarini beradilar”, dedilar. Kelishilgan vaqtda bordim. Shayx hazratlari kitobni ko'rib, tanishganlaridan keyin, bu loyihaning mo'min-musulmonlar uchun bag'oyat foydali manba bo'lishini aytib duo qildilar va muvaffaqiyat tiladilar. O'sha payt ba'zi amaldorlarga bu ish ma'qul bo'lmay, “diniy idoraning o'z olimlari yo'qmi, o'zlaring eplolmaysanlarmi” qabilida iddao va do'q-pupisalar qilganlaridan ham boxabarman. Ammo muftiy hazratlari mana shu kabi do'q-po'pisalarga parvo qilmay Shayx hazratlari bilan munsabatlarini musbat tarzda  davom ettirgan edi.

(davomi bor)

Dilmurod Qo'shoqov

azon.uz

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Istig‘forning 72 ta xislati

26.02.2026   9764   4 min.
Istig‘forning 72 ta xislati

 ULUG‘  USTOZ  ULAMOLARIMIZ  bayon  qilib  berganlar:

Kalomulloh – Qur’oni karimning muborak oyati karimalaridan va

Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning muborak hadisi shariflaridan

       ISTIG‘FOR ning 72 ta XISLATI:

 

  1. Alloh taologa itoatgo‘y banda istig‘for aytadi.
  2. Istig‘for aytgan banda payg‘ambarlar, solihlar yo‘lidan yuradi.
  3. Istig‘for aytuvchi odam imon halovatiga erishadi.
  4. Istig‘for bandani gunohlardan poklaydi.
  5. Istig‘for aytuvchining gunohlari savobli ishlarga almashtiriladi.
  6. Istig‘for aytuvchiga ne’matlar ko‘paytirib beriladi.
  7. Istig‘for bandaning ikki dunyoda ham martabasini ko‘taradi.
  8. Istig‘for baxt-saodat olib keladi.
  9. Istig‘for tufayli istig‘for aytuvchi ham, atrofdagi odamlar ham buzuqliklardan poklanadi.
  10. Istig‘for yomg‘ir yog‘ishiga sabab bo‘ladi.
  11. Istig‘for mol-dunyoga baraka kiritadi.
  12. Istig‘for aytuvchi inson farzand ne’mati bilan siylanadi.
  13. Dehqonchilik, chorvachilikdagi unumdorlik ham istig‘for aytish bilan uzviy bog‘liq.
  14. Istig‘for aytuvchi jahannamdan najot topadi.
  15. Istig‘for bandaning jannatga kirishiga sabab bo‘ladi.
  16. Istig‘for Alloh taoloning rahmati tushishiga sabab bo‘ladi.
  17. Istig‘for tanani baquvvat qiladi.
  18. Istig‘for aytuvchi odamning hayoti farovon bo‘ladi.
  19. Istig‘for aytuvchiga yaxshiliklar ko‘paytirilib beriladi.
  20. Istig‘for inson ko‘nglini xotirjam qiladi.
  21. Istig‘for boshga tushgan balolarni daf etadi.
  22. Istig‘for bandani Alloh taologa yaqinlashtiradi.
  23. Istig‘for aytuvchi odam Alloh taoloning rahmat-marhamatiga sazovor bo‘ladi.
  24. Istig‘for banda holatini ijobiy tomonga o‘zgarishiga sabab bo‘ladi.
  25. Istig‘for g‘iybatga kafforat bo‘ladi.
  26. Istig‘for shayton vasvasasini qaytaradi.
  27. Alloh taolo istig‘for aytgan bandani yaxshi ko‘radi.
  28. Istig‘for aytish Alloh taoloni xursand qiladi.
  29. Istig‘for g‘am-tashvishlarni ketkazadi.
  30. Istig‘for aytuvchi muammolaridan qutuladi.
  31. Istig‘for aytuvchi odam gunohlardan forig‘ bo‘ladi.
  32. Istig‘for aytuvchi muvaffaqiyat qozonadi.
  33. Istig‘for tashvishlarni aritadi.
  34. Ko‘p istig‘for aytuvchi odam kasallikdan to‘liq tuzalib ketadi.
  35. Istig‘for aytuvchi odam qiyinchilikdan farovonlikka chiqadi.
  36. Alloh taolo istig‘for aytuvchining mushkullarini oson qiladi.
  37. Yetib bo‘lmas marralarni istig‘for ila zabt etadi.
  38. Istig‘for ila dildagi vasvasalar yo‘qoladi.
  39. Istig‘for bilan qo‘rquvlar ariydi.
  40. Istig‘for bilan dilga quvonch kiradi.
  41. Istig‘for qalbga taskin beradi.
  42. Istig‘for ko‘ngilni xotirjam qiladi.
  43. Istig‘for tinchlik-xotirjamlik olib keladi.
  44. Istig‘for insonni sog‘lom qiladi.
  45. Istig‘for kasalliklarni aritadi.
  46. Istig‘for aytuvchi odam yorug‘ kunlarga erishadi.
  47. Istig‘for bilan inson orzusiga yetadi.
  48. Istig‘for aytuvchining dili yayraydi, ko‘ngli yoziladi.
  49. Istig‘for xursandchilik olib keladi.
  50. Istig‘for qalbni charog‘on, ruhni tetik qiladi.
  51. Istig‘for aytuvchining xotirasi kuchayadi.
  52. Istig‘for yuzni nurli qiladi.
  53. Istig‘for rizq kelishini osonlashtiradi.
  54. Istig‘for aytuvchining duosi qabul bo‘ladi.
  55. Alloh taolo istig‘for aytuvchining og‘irini yengil qiladi.
  56. Ko‘p istig‘for aytgan odam Qiyomat kuni nomai a’molini ko‘rib xursand bo‘ladi.
  57. Olamdan o‘tib ketgan ota-onalar farzandlari aytgan istig‘forlari tufayli jannatda eng yuqori martabalarga ko‘tarilishadi.
  58. Istig‘for odamni tushkunlikdan xalos etadi.
  59. Istig‘for hasrat-nadomatni, pushaymonni ketkazadi.
  60. Istig‘for qalbni tiniqlashtiradi.
  61. Istig‘for aytib yuruvchi odamga Alloh taolo har qanday qiyin vaziyatdan chiqish yo‘lini ko‘rsatadi.
  62. Istig‘for aytib yuruvchi odamning Alloh taolo musibatlarini ko‘taradi.
  63. Istig‘for aytib yurgan bandaning Alloh taolo har qanday qiyinchiliklarini yengillashtiradi.
  64. Istig‘for aytib yuruvchi inson qashshoqlikka yo‘liqmaydi.
  65. Istig‘for aytuvchining ishlari yurishadi.
  66. Istig‘for er-xotin o‘rtasidagi kelishmovchilikni daf etadi.
  67. Istig‘for farzandlarni itoatli qiladi.
  68. Alloh taolo istig‘for aytib yurgan odamga kutmagan tarafidan ne’mat, rizq jo‘natadi.
  69. Istig‘for aytuvchi odamning rizqi ulug‘ bo‘ladi.
  70. Istig‘for aytuvchi odamning kasb-koriga Alloh taolo xayr-baraka beradi.
  71. Kim mo‘minlar haqqiga istig‘for aytsa, Alloh unga har bir mo‘min muqobilida bittadan hasanot yozib qo‘yadi.
  72. Istig‘for aytilgan xonadonga ilohiy fayzu xayr-baraka kiradi.

 

Mehribon Parvardigorimiz o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham O‘zi buyurgan, Janobi Payg‘ambarimiz alayhissalom tavsiya etgan, o‘tmishda o‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘ladigan, xalqimiz xursand bo‘ladigan, ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!

Ibrohimjon domla Inomov

 

Maqolalar