Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Yanvar, 2026   |   24 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:35
Shom
17:20
Xufton
18:38
Bismillah
13 Yanvar, 2026, 24 Rajab, 1447

2. BAQARA SURASI, 233 OYaT

22.12.2020   6889   3 min.
2. BAQARA SURASI, 233 OYaT

۞وَٱلۡوَٰلِدَٰتُ يُرۡضِعۡنَ أَوۡلَٰدَهُنَّ حَوۡلَيۡنِ كَامِلَيۡنِۖ لِمَنۡ أَرَادَ أَن يُتِمَّ ٱلرَّضَاعَةَۚ وَعَلَى ٱلۡمَوۡلُودِ لَهُۥ رِزۡقُهُنَّ وَكِسۡوَتُهُنَّ بِٱلۡمَعۡرُوفِۚ لَا تُكَلَّفُ نَفۡسٌ إِلَّا وُسۡعَهَاۚ لَا تُضَآرَّ وَٰلِدَةُۢ بِوَلَدِهَاوَلَا مَوۡلُودٞ لَّهُۥ بِوَلَدِهِۦۚ وَعَلَى ٱلۡوَارِثِ مِثۡلُ ذَٰلِكَۗ فَإِنۡ أَرَادَا فِصَالًا عَن تَرَاضٖ مِّنۡهُمَا وَتَشَاوُرٖ فَلَا جُنَاحَ عَلَيۡهِمَاۗ وَإِنۡ أَرَدتُّمۡ أَن تَسۡتَرۡضِعُوٓاْ أَوۡلَٰدَكُمۡ فَلَا جُنَاحَ عَلَيۡكُمۡ إِذَا سَلَّمۡتُم مَّآ ءَاتَيۡتُم بِٱلۡمَعۡرُوفِۗ وَٱتَّقُواْ ٱللَّهَ وَٱعۡلَمُوٓاْ أَنَّ ٱللَّهَ بِمَا تَعۡمَلُونَ بَصِيرٞ٢٣٣

233. Emizishning to'la-to'kis bo'lishini istagan onalar farzandlarini to'liq ikki yil emizishadi. Ularni me'yorida edirish-ichirish ota zimmasidadir. Hech kimga toqatidan ortig'i yuklanmaydi. Bolasi tufayli ona ham, ota ham zarar ko'rmasin. Merosxo'r ham shunday. Agar o'zaro kelishib va maslahatlashib sutdan ajratishni istashsa, gunohkor bo'lishmaydi. Agar bolalaringizni emizdirmoqchi bo'lsangiz, beradiganingizni yaxshilikcha to'lasangiz, gunoh bo'lmaydi. Allohdan qo'rqinglar, bilinglarki, Alloh nima ish qilayotganlaringizni albatta ko'rib turuvchidir.

 Shar'iy istilohda bolaning boshqa ayol ko'kragidan ikki yoshgacha bo'lgan paytida sut emishi va uning hukmlari bilan bog'liq masalalar «razo'» deyiladi. Ikki yoshga to'lmagan bolaning qorniga ayol kishi sutining etib borishi razo'dir. Agar bolaning qorniga bir tomchi bo'lsa ham sut etib borsa, razo' hisoblanadi. Go'dakni mukammal emizish muddati ikki yildir. Agar onasi bolani emizishga qodir bo'lmasa, er boshqa ayolni yollab emizdiradi.

Yangi tug'ilgan farzand oziqlanishga muhtoj bo'ladi. Chaqalog'ini emizish onaning vazifasidir, ona suti go'dak haqlaridan biridir. Ona shar'iy uzr bilan emiza olmasa, bir emizuvchi topish va unga haq to'lab rozi qilish ota zimmasiga tushadi. Bolaning suyagi ona suti bilan shakllanadi, uning ruhiy jihatdan kamolga etishida ham ona sutining ahamiyati katta. Bola ulg'ayishida ona sutiga boshqa hech narsa teng kelolmasligini zamonaviy ilmiy izlanishlar ham isbotlagan. Bolaning onasiga uni ikki yil emizish hukmi bor. Bu hukm emizish muddatini to'kis qilmoqchi bo'lganlar uchun, bundan oz muddatda ham sutdan chiqarish mumkin. Bu hukm nikohda turgan onaga ham, taloq qilinib iddada o'tirgan onaga ham, iddasi chiqqanga ham barobardir. Emizish chog'ida va undan keyin ham ona-bolaning nafaqasi, ya'ni uning taomi va kiyim-kechagi, uy-joy bilan ta'minlash kabi ehtiyojlarini qondirish otaning asosiy vazifalaridandir. Agar ota o'tib ketsa, ya'ni vafot etsa, merosxo'ri bolani emizuvchi onaning taom va kiyimini ta'minlaydi. Boshqa emizuvchi topilganida ham bola onasining haqqiga nuqson etkazilmaydi.

Boshqa maqolalar
Maqolalar

“Mir Arab”da Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov yod etildi

13.01.2026   3490   1 min.
“Mir Arab”da Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov yod etildi

Buxoro shahridagi Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida taniqli ulamo, shayx Yusufxon to‘ra Shokirov tavalludining 100 yilligi munosabati bilan “Yusufxon to‘ra Shokirov – umrini islom ma’rifatiga bag‘ishlagan alloma” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Davra suhbatida ta’lim muassasasi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari A.Najmiddinov, Buxoro davlat universiteti Filologiya fakulteti o‘qituvchisi A.Hamidov, madrasa ustozlari va talabalar ishtirok etdilar.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar allomaning ibratli hayot yo‘li va ilmiy merosi haqida to‘xtalib o‘tdilar. Ta’kidlanganidek, Yusufxon to‘ra Shokirov 1926 yili Qirg‘izistonning To‘qmoq shahrida tavallud topgan bo‘lib, ilm yo‘lidagi dastlabki qadamlarini mashhur “Mir Arab” madrasasida (1948–1954 yillar) boshlagan. Keyinchalik Misrning dunyoga mashhur “Al-Azhar” universitetida (1955–1961 yillar) tahsil olib, yuksak ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan.

Yusufxon to‘ra Shokirov o‘z faoliyati davomida nafaqat ma’muriy mas’ul lavozimlarda ishlagan, balki Mir Arab madrasasi va Toshkent islom institutida ko‘plab shogirdlar tarbiyalagan. Uning qalamiga mansub:

· “Qissasi Rabg‘uziy kitobidagi oyat va hadislar”,

· “Islom – iymon, e’tiqod va hayot ramzi” kabi monografiyasi,

· “Alisher Navoiy asarlarining izohli lug‘ati” kabi ilmiy ishlari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — talaba-yoshlarni buyuk ulamolarning hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishtirish, ularda ilmga muhabbat va ajdodlar merosiga hurmat tuyg‘usini shakllantirishdan iborat.

Davra suhbati qizg‘in savol-javoblar bilan yakunlandi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldilar.

A.Najmiddinov

 

Idora faoliyati