Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yangi libos kiysalar, quyidagi duoni o'qir edilar:
“Allohumma lakal hamdu anta kasavtaniyhi asaluka min xoyrihi va xoyri ma sunia' lahu va a'uzu bika min sharrihi va sharri ma sunia' lahu”
“Allohim, men sendan ushbu libosdagi yaxshilikni va unga bog'liq yaxshilikni so'rayman. Men sendan undagi yomonlikdan va unga bog'liq yomonlikdan panoh so'rayman”(Imom Termiziy, Imom Abu Dovud, Imom Ahmad rivoyati).
Har bir ne'matni beminnat beruvchi Zot Alloh taolodir. Shuning uchun har bir musulmon banda o'ziga katta-yu kichik ne'mat etganda ne'mat beruvchi Zotga shukr aytishga shoshiladi. Zero, yangi kiyim kiygan banda U Zotga hamdu sano aytib, shukr qilmog'i lozim. Chunki aynan Alloh taolo unga bu kiyim ne'matini ato etdi.
Shuning uchun yangi kiyim kiygan kishi o'sha kiyimning yaxshiliklarga nasib qilishini Alloh taolodan so'rashi lozim, toki kiyimning o'zi ham yaxshi bo'lsin, o'sha kiyimni kiygandan keyingi ishlar ham yaxshi bo'lsin.
Qarang, bu juda ham oson, ammo savobi ulkan, gunohlarni ketkazuvchi, jannatga etkazuvchi bo'lgan amaldir. Lekin dangasaligimiz, beparvoligimiz oqibatida bunga e'tibor bermaymiz, amal qilmaymiz. Ko'pchiligimiz hatto bilmaymiz ham. Avval bilmasak, endi bilib oldik. Endi bilganimizga amal qilaylik va boshqalarga ham etkazaylik. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini yoyilishiga xizmat qilish u zotga bo'lgan muhabbat va ehtiromning yuksak namunasi hisoblanadi. U zot sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini aniqlik bilan etkazganlarning haqqiga: “Mening gapimni eshitib, yodlab, singdirib, so'ngra etkazgan odamni Alloh ne'matlantirsin”, deb duo qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo barchamizga har bir ishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishimizga tavfiq ato etsin, omiyn!
Allohumma solli va sallim 'ala Muhammadin va 'ala oli Muhammad
Davron NURMUHAMMAD
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi hamda qator vazirlik va idoralar hamkorligida 16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan joriy yilning 10-15-noyabr kunlari respublikaning barcha hududida "Bag‘rikenglik haftaligi" o‘tkaziladi.
Haftalikni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – mamlakatimizda millatlararo totuvlik, dinlararo hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash, fuqarolar o‘rtasida o‘zaro hurmat va birdamlik fazilatlarini targ‘ib etishdan iborat.
Haftalik doirasida viloyatlar va Toshkent shahridagi nufuzli tomosha maydonlari, so‘lim hiyobonlar va bog‘larda turli madaniy, ilmiy-amaliy va ma’rifiy tadbirlar, "O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor" shiori ostida konsert dasturlari, foto ko‘rgazmalar, qardosh xalqlar yozuvchi-shoir va rassomlarining badiiy asarlari taqdimoti, turli ekskursiyalar, sport o‘yinlari, intellektual va boshqa turdagi musobaqalar o‘tkaziladi.
Barcha yurtdoshlarimizni bag‘rikenglik, hamjihatlik va totuvlik bayramini birgalikda nishonlashga chorlaymiz!
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati