— Namozdagi duolarning bitta so'zini yoki biror harfini noto'g'ri o'qisa yoki talaffuz qilsa ham ma'nosi o'zgarib ketadi, deyishadi. Agar shunday xatolar bilan namoz o'qisak, namoz buzilgan bo'ladi-mi? Qabul bo'lmaydi-mi? Ko'nglimizda shunday shubha bo'lsa, nima qilish kerak? Birovlar sahv sajdasini o'qish kerak deydi. Shu haqda ma'lumot bersangiz.
— Musulmon shaxs hayotining barcha sohalarida doimiy ravishda barkamollikka erishish harakatida bo'ladi. Shuningdek, namoz kabi amallarda ham kechasidan buguni yaxshi bo'lishiga urinadi. Siz aytgan holatlarda ham namozning qiroati, duolari va amallarini to'liq qilishga intiladi.
Demak, imkon boricha to'g'ri o'qishga harakat qilishi lozim bo'ladi. Ammo bir harfini qoldirsa, namozi durust bo'lmaydi, deyilgani qiroat haqidadir, duolar borasida bunchalik emas. Nima bo'lganda ham, xatolarni to'g'rilashga va xatosiz o'qishga intilish darkor. Ibodatni albatta, meniki qabul bo'ladi, degan ishonch bilan qilish kerak. Sahv sajdasi shart bo'lmaydi.
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Savol: Namozga “Allohu akbar”, deb quloq qoqishda “Allohu akbar” dagi “r” ga kelganda ikki qo‘lni bosh barmog‘i quloq yumshog‘iga tegiziladimi? Shunday deb, eshitdim.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozga kirishda avval ikki qo‘lni yuqoriga ko‘tarib, bosh barmoqlarni quloqning yumshoq joyiga tegiziladi. So‘ng “Allohu akbar”, deb, namozga kirishiladi.
Bu haqida Faqih Abu Ja’far rahimahulloh bunday zikr qilganlar: “Ikki kaftini ichki taraflari bilan qiblaga yuzlanadi va panjalari yozadi hamda qo‘llarini yuqoriga ko‘taradi. Qachonki, ikki bosh barmog‘i ikki quloqlarining yumshoq joylariga tegsa, “Allohu akbar” deb namozga shuru’ qiladi.
Shamsulaimma Saraxsiy rahimahullohga ko‘ra, barcha mashoyixlar shunga ittifoq qilganlar (“Muhiyt” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.