Bugun, 27 noyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Abdug'ofur Ahmedov va “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari Yahyo Abdurahmonov Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida joylashgan “Ho'jamurod baxshi” jome masjidi yangi binosi ochilishida qatnashdilar.
Alloh taologa shukrki, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-omonlik va dinimizga bo'lgan yuksak e'tibor sabab, masjidlarda bunyodkorlik va qayta qurish ishlari qizg'in davom etmoqda.
“Ho'jamurod baxshi” jome masjidi bir necha yillar avval hashar yo'li bilan qurilgan edi. O'tgan davr mobaynida masjid binosi eskirib, poydevorlari yaroqsiz holga kelib qoldi. Qolaversa, oxirgi paytlarda masjid jamoati sezilarli darajada ortib, xonaqoh torlik qilayotgandi.
Shu sababli mahalla ahli ezgu niyat bilan masjidni qayta qurish taklifini ilgari surishdi. Ushbu xayrli tashabbus O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan qo'llab-quvvatlangach qayta qurish ishlari amalga oshirildi. Masjid milliy andozalar va zamonaviy talablar asosida barpo etilib, hovlisida bog' va atrofida avtoturargoh ham bunyod qilindi.
Bugun, 27 noyabr' kuni xizmat safarini davom ettirayotgan muftiy Usmonxon Alimov hazratlari “Ho'jamurod baxshi” jome masjidida namozxonlar ishtirokida juma namozini ado etdilar.
Muftiy hazratlari o'z mav'izalarida masjid ahlini ushbu Allohning uyi bilan tabrik qilib, jumladan shunday so'zlarni bildirdilar:
– Alloh taologa hamdu sanolar bo'lsinki, buyuk allomalar yurti bo'lmish yurtimizda so'nggi yillarda masjid-madrasalar qurish odatiy jarayonga aylanib bormoqda. Har kuni yurtimizning turli viloyatlaridan yangi-yangi masjid qurilayotgani yoki qurib bitkazilib, ishga tushgani haqida xushxabarlar kelib turibdi, ko'plarida o'zimiz ham ishtirok qilyapmiz.
Endilikda mana shunday ko'rkam masjidlarda imom-domlalarimiz xalqimizga, ayniqsa, yoshlarimizga Islom dini ma'rifatini etkazish, ularning ta'lim-tarbiyasini yaxshilash va ezguliklar tarqatish ishida juda ham faol bo'lishlari zarur.
Muftiy hazratlari so'zlarining davomida Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning «Kim bir masjid qursa, Alloh unga jannatda shuning mislini qurib beradi», degan hadisi shariflarini keltirib, mazkur jomeni barpo etishga hissa qo'shgan barchaning haqqiga duolar qildilar. Ushbu fayzli juma namozida ulamolar, mahalla faollari, mo'ysafid otaxonlar va masjid qavmi ishtirok etdi.
Alloh taolo ushbu jome masjidni xalqimizga muborak aylasin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Muhyiddin ibn Arabiy aytadilar: “Kimning qanday hojati bo‘lsa, shom namozining farz va sunnatini o‘qib bo‘lganidan keyin o‘rnidan turmasdan Fotiha surasini 40 marta o‘qisin. Shundan keyin, Allohdan hojatini so‘rasin, albatta so‘ragan narsasini beradi. Biz buni tajriba qilib ko‘rdik va foydasini topdik. Fotiha surasini o‘qib bo‘lganidan so‘ng ushbu duoni o‘qiydi: “Allohim! Sening ilmingni o‘zi Sendan so‘ramaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan O‘zing so‘rovimga kifoya qil. Sening karamingni o‘zi Senga so‘zlamaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan so‘zimga kifoya qil va qalbimdagi tilagimni hosil qil”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV