Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning axloqlari bizga buyurganlari, o'rgatgan narsalari, tavsiyalarini xulosa qilmoqchi bo'lsak, u kishi masalalarni lo'nda, ixcham va maqbul shaklda buyurganlar va bir butun narsaning hamma tomonini hisob-kitob qilib muvozanatli, qoniqtiradigan tarzda hukm chiqarganlar. Birovga imkoniyatidan ortiq yuk yuklamaganlar va birovga aziyat etkazmaydigan tadbirlarni qo'llaganlar.
Insoniy munosabatlarning barchasini g'oyat mutanosib tarzda tartibga keltirganlar.
Buning namunasini o'z hayotlari, yashash tarzlari orqali ko'rsatib ham berganlar...
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam go'zal axloq, savobli har qanday xizmat – xolis Alloh rizosi uchun bo'lishi kerakligini uqtirganlar...
Bir hadisi sharifda “Go'zal axloq nima, yo Rasululloh?”, – deya so'rashganda, shunday deb javob beradilar:
تغفر عمن ظلمک، تعطی من حرمک، تصل من قطعک (راموز الاحاديث 2/152)
Tag'firu amman zalamaka tu'ti man haramaka tasilu man qataaka.
“Senga zulm qilganni kechir, senga bermaganga sen ber, sendan aloqasini uzgan bilan aloqa o'rnat, bordi-keldi qil”, deganlar.
Yuqorida biror savobli ish, yaxshilik – xolis Alloh rizosi uchun bo'lishi kerak dedik. Ya'ni “Hasbatan lillah”, faqat xolis Alloh rizosi uchun qilinadi. Birovga yaxshilik qilsak, undan biror manfaat, biror yaxshilik kutmaymiz. Yomonlik qilganga ham yaxshilik qilishga buyurilganmiz.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadisi shariflarida: “Musibatning yoki etgan biror xastalik yoki ranjituvchi voqeani ham Allohning bir ikromi ekanini anglamagan kishi – haqiqiy mo''min kishi emasdir”, deb buyurganlar.
Ya'ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hodisalarga munosabatlari, qarashlari biznikiga o'xshamaydi... Biror kasallik etsa ham Allohning bir qadari, taqdiri, bunga sabr qilinsa, savob beriladi.. Biror musibat ham Allohning taqdiri, sabr qilsak savob topamiz va hakozo...
Allohu taolo bizlarga ham Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning axloqlari bilan xulqlanishni nasib aylasin... Ahli ayolimiz, qarindosh urug'larimiz, qo'ni-qo'shnilarimiz, barcha musulmon birodarlarimiz bilan munosabatlarimizda, tijorat ishlarimizda, ijtimoiy hayotimizda, ish faoliyatimizda shar'iy-axloqiy qoidalarga amal qilib yashashimizni Janob Haq jumlamizga nasib etsin!..
O'zining rizosini qozonishni bu dunyoda baxtiyorlikni, baxtli bir hayotda yashashni, saodatli jamiyat tuzishni hamda oxiratda savob qozongan holda Ollohning rizoligiga muyassar bo'lib, jannati, jamoli bilan siylanishni, sharaflanishni barchamizga nasib aylasin...
"Islom va axloq" kitobidan olindi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
حدثنا أبو جعفر محمد بن علي الوراق نا عبيد الله بن موسى نا الأعمش عن شقيق قال: كنت مع عبد الله في المسجد وأبي موسى فقالا: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم :إن بين يدي الساعة أياما ينزل فيها الجهل ويرفع فيها العلم ويكثر فيها الهرج. والهرج: القتل.
Shaqiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Masjidda Abdulloh va Abu Muso bilan birga edim, ular bunday dedi: “Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam: “Qiyomat arafasida shunday kunlar keladiki, unda jaholat yoyilib, ilm ko‘tariladi va harj ko‘payadi. Harj – qatl”, deganlar”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi