So'nggi yillarda dunyo hamjamiyatining birgalikda rivojlanish yo'lida erishayotgan yutuqlari bilan bir qatorda inson qalbi va ongi uchun kurashlarning yangi usul va vositalarining ko'payib borayotgani, ayniqsa, bu borada din omilidan foydalanishga qaratilgan xatti-harakatlarning guvohi bo'lmoqdamiz.
Islom olami mamlakatlarida bunday buzg'unchilik ishlari musulmonlar orasiga nifoq va rahna solish orqali tinch-osoyishta jamiyatda ijtimoiy beqarorlik, iqtisodiy va siyosiy tanazzul chiqarishga qaratilgan fitnalar shaklida amalga oshirilmoqda. Qator musulmon mamlakatlari, ayniqsa, arab davlatlarida bu kabi fitnalar aholining boshiga mislsiz kulfatlar keltiryotgani, yuz minglab begunoh odamlarning nobud bo'layotgani, qochqinlarning avval tarixda ko'rilmagan katta oqimi vujudga kelgani, bugungi kunda ham ayrim hududlarda qurolli to'qnashuvlar ketayotgani fikrimizning dalili bo'ladi.
Shu nuqtai-nazardan, mazkur tushunchaning mohiyat-mazmunini yoritib, fuqarolarimizni, ayniqsa yoshlarimizni fitnalardan kelib chiqadigan xatarlardan ogoh etish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Fitna” (arab. - sinash, imtihon qilish, azoblash, boshini aylantirish, to'g'ri yo'ldan ozdirish, adashtirish, vasvasa qilish) – lug'atshunoslarning fikriga ko'ra, “Fitna” so'zi arablarda oltinni o'tga tutib, yot moddalardan tozalashni anglatgan. Shu nuqtai nazardan, fitna “imtihon”, “sinov” degan ma'nolarda ham ishlatilgan bo'lib, u ushbu ma'noda kelgan hadislar mavjud.
Mashhur arab tarixchisi Muhammad ibn Asir al-Jazariy (1160-1234)ning fikriga ko'ra: “Fitna imtihon va sinovdir.... Fitna so'zini keyinchalik sinov tufayli kishiga etadigan “aziyat” ma'nosida ham ishlatish ommalashgan. So'ngra bu so'z gunoh, kufr, urush, yondirib yuborish, yo'q qilish, biror narsadan chetlatish ma'nosida ham ko'p qo'llangan”.
Islom ta'limotida aholi osuda hayot kechirib turgan jamiyatda halovat va tinchlikka rahna soladigan har qanday fitna harakatlari odamlarning qonini to'kishdan ham og'ir gunoh sanaladi. Bu haqida Qur'oni karimda quyidagicha ta'kidlangan: “... Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir. ...” (“Baqara” surasi, 191-oyat); “Fitna esa qotillikdan ham kattaroq (gunoh)dir.” (“Baqara” surasi, 217-oyat). Musulmonlarga fitna tarqalganda barchani qamrab olishi haqida ogohlantirilib, undan saqlanishga buyurilgan: “Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo'lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo'ladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qo'yingizki, Alloh jazosi qattiq (zot)dir” (“Anfol” surasi, 25-oyat).
Hanafiy mazhabining yirik olimi Imom Muhammad Hodimiy “al-Bariyqa” nomli asarida fitna haqida quyidagilarni aytgan: “Ma'naviy illatlardan yana biri fitnachilikdir. Fitna deb odamlarni iztirob, ixtilof, mashaqqat va baloga giriftor qilishga aytiladi. Masalan, xalqni bog'iylikka tashviq qilish, podshoga qarshi chiqishga targ'ib qilish, va'z aytishda tinglovchilarning saviyasini hisobga olmasdan tushunmovchilik keltirib chiqaruvchi murakkab tilda gapirish kabi holatlar umumma'noda fitnaga misol bo'ladi”.
Islom ulamolari fitna jozibador bo'lgani sababli unga aralashgan odam chiqib ketishi qiyin bo'ladi, lekin kishi har qanday og'ir bo'lmasin fitnalardan qochishi kerak deb ta'kidlashadi. Asrimizning etuk olimi marhum Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy fitnaga quyidagicha ta'rif bergan: “Adolat hukmronligi bo'lmagan, uning tizgini qo'ldan ketgan, kishilar ixtiyorsiz hamda qoidalarsiz urushga berilib ketadigan har bir holat fitnadir. Hatar va halokatga sabab bo'lishda barcha fitnalar barobar. Ular Rasululloh (s.a.v.) ta'kidlagan sahih hadislari bilan muolaja qilinadi”.
Darhaqiqat, islomda fitnadan saqlanish uchun aniq ko'rsatmalar qayd etilgan. Jumladan, hadisi sharifda shunday deyiladi: “Hali fitnalar bo'ladi. Ogoh bo'linglar! Undan keyin shunaqa fitna bo'ladiki, u fitnaga umuman aralashmay yotgan kishi o'tirgan kishidan yaxshidir. O'tirgan kishi esa u fitnada ishtirok etib turgan kishidan yaxshi. U fitnalarda ishtirok etib turgan kishi esa harakat qilib yurgan kishidan afzaldir. U fitnalarda harakat qilgan kishi esa elib yugurgan kishidan afzaldir. Agar shunday fitna odamlarning boshiga tushganda, kimning tuyasi bo'lsa, tuyasi ortidan (fitnadan yiroq bo'lib, tuyasiga qarab) ketsin. Kimning qo'yi bo'lsa, qo'yi ortidan (fitnadan yiroq bo'lib, qo'yiga qarab) ketsin. Kimning eri bo'lsa, (fitnadan yiroq bo'lib) eriga borsin (dehqonchiligini qilsin). Kimda bu narsalar bo'lmasa, qilichini olib, tig'ini toshga urib (qilichini yaroqsiz holga keltirsin) va bu fitnaga aralashmaslik qo'lidan kelsa, aralashmasin. Allohim, etkazdimmi! Allohim, etkazdimmi! (O'zing guvoh bo'l!) (Abu Dovud, 4258-hadis).
Fitnalarga aralashib qolish nafaqat buzg'unchilarning da'vati bilan tinch jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarish, balki ixtilof va nizolarga sabab bo'ladigan ma'lumotlarni tarqatish orqali ham amalga oshadi. Qur'oni karimda bunday ishlar qat'iyan man etilgan: “Ey mo'minlar! Agar biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga musibat etkazib qo'yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo'lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko'ringiz” (“Hujurot” surasi, 6-oyat). Hadisi sharifda esa Muhammad (s.a.v.)dan quyidagi ko'rsatma mavjud: Umar (r.a.)dan rivoyat qilinadi: “Kishining yolg'onchi bo'lishiga eshitgan narsasini gapiraverishi kifoya qiladi” (Imom Muslim, 5-hadis). Ta'kidlash joizki, bugungi kunda Suriya, Iroq kabi mamlakatlarda buzg'unchi kuchlar amalga oshirayotgan fitnalarga aralashib qolayotgan shaxslar mazkur muqaddas ko'rsatmalarga amal qilmayotganlari sababli o'zlari va yaqinlarini halokatga tashlamoqda.
To'g'ri yo'ldan og'ishmasdan najot topuvchilar sifati haqida esa hadisi sharifda quyidagilar ta'kidlangan: “Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Ummatim aslo zalolat ustida jamlanmaydi. Shuning uchun qachon ixtilof ko'rsalaring “savodul a'zam” bilan birga bo'linglar”, – deyayotganlarini eshitdim” (Ibn Moja, 3950-hadis).
“Savodul a'zam” tushunchasi “ulkan jamoat” ma'nosiga to'g'ri keladi. Ulamolar ushbu hadisda xabar berilgan “savodul a'zam”ni “Ahli sunna val-jamoa” – deganlar. Imom Moturidiyning shogirdlaridan biri Abul Qosim Hakim Samarqandiy “as-Savod al-a'zam fil-kalom” asarida hadisi sharifda xabar berilgan najot topuvchilarning oltmish ikkita xislatini bayon qilgan. Ularning ayrimlari quyidagilar: musulmonlar jamoasiga qarshi chiqmaslik; Qibla ahli bo'lgan kimsani modomiki halol sanab qilmagan bo'lsa biror gunoh tufayli kofirga chiqarmaslik; Qadarning yaxshisi ham yomoni ham Allohdan deb bilish; nohaq ravishda birorta musulmonga qarshi qilich ko'tarmaslik; Payg'ambar (s.a.v.)ning shafoatlarini haq deb bilish; valiylarning karomatlarini inkor etilmaydigan haq deb bilish; gunohkor mo'minlarga gunohlari miqdoricha do'zax azobi bo'lishini haq deb bilish; Alloh taoloni makon, zamon, kelish va ketish (kabi maxluqlarning sifatlari)dan holi deb bilish.
Insoniyat bugungi kunda dunyoni qayta taqsimlash maqsadida amalga oshirilayotgan g'oyaviy kurashlar va mafkuraviy tahdidlar ko'rinishidagi fitnalar avj olgan bir vaziyatda yashamoqda. Hozir diniy shiorlar ortiga yashiringan terror va buzg'unchiliklar, ixtiloflar va ma'naviy inqirozlar har qachongidan xatarli tus olmoqda. Jumladan, 2010 yilda “Arab bahori” nomini olgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda qator musulmon mamlakatlarida “demokratiya”, “isloh”, “jihod”, “islomiy jamiyat qurish” kabi jozibali shiorlar va balandparvoz maqsadlar bilan xaspo'shlangan, tashqaridagi manfaatdor kuchlar tomonidan qo'llab-quvvatlangan davlat to'ntarishlari va harbiy isyonlar shaklidagi fitnalar amalga oshirilishi ushbu o'lka xalqlari boshiga ulkan falokatlar keltirdi.
Islom ulamolari fitna musulmonlar uchun quyidagi og'ir oqibatlarni keltirib chiqarishini ta'kidlaydilar:
- odamlar ibodatdan chalg'ib qoladilar. Fitna sababli yuzaga kelgan beqarorlik odamlarni yuragiga g'ulg'ula solib, Alloh tomonidan farz qilingan ibodatlarni to'laqonli ado eta olmay qoladilar. Shu sababli islomda fitna davrida unga aralashmay ibodatga bo'lganlarga katta in'omlar va'da qilingan. Jumladan hadisi sharifda shunday deyilgan: “Haraj – fitna paytida qilingan ibodat, menga hijrat qilish kabidir” (Imom Muslim, 2948-hadis).
- odamlarni olimlar va bilimlardan uzoqlashadi. Fitna oqibatida musulmonlar olimlarning huzurlariga, bilim maskanlariga bora olmay qoladi. Eng yomoni, odamlar fitna chiqarayotgan shaxslarning ta'sirida ulamolarni mensimay quyib, ularni masxara qilish, haqoratlash va qo'rqitish yo'liga o'tadilar. Vaholanki hadisda “Kattalarimizni hurmat qilmagan, kichiklarimizga rahm qilmagan va olimlarimizni qadrlamagan bizdan emasdirlar”, deb ogohlantirilgan (Alouddin al-Hindiy, 6052-hadis).
- ilmsizlar etakchiga aylanadi. Ushbu toifa shaxslar sabr, mulohaza bilan emas, balki keskin, hissiyotlarga boy chiqishlari orqali olomonning oldingi saflariga chiqib qoladilar. Ular ilm bilan emas, balki turli siyosiy maqsadlarga bo'ysingan fatvolar tarqatish bilan Fitnani yanada kengaytirib yuboradi. Bunday holat haqida hatto mutaassib oqim tarafdorlari boshqa asarlaridan ko'p iqtibos keltiradigan fiqhshunos olim Ibn Taymiya quyidagilarni ta'kidlagan: “Fitna yuzaga kelgan paytda aqlli insonlar beaql kishilarni to'xtatishdan ojiz qoladilar. Huddi buyuk sahobalar fitna olovini o'chirish va fitna ahlini bostirishga ojiz qolganlari kabi. Fitnaning mohiyati shu. Shuning uchun Alloh taolo: “Sizlarning faqat zolimlargagina xos bo'lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo'ladigan) fitnadan saqlaningiz”, degan (“Anfol” surasi, 25-oyat)”.
- fitna sababli sodir etilgan ishlar musulmonlarning mavjud holatini yanada yomonlashuviga sabab bo'ladi. Jumladan, Ibn Taymiya islom tarixida avval bo'lib o'tgan fitnalarni o'rganib, quyidagicha xulosa bergan: “Biror kishi fitnaga aralashish oqibatida Allohga hamd aytmagan. Chunki, kim fitnaga aralashgan bo'lsa, dini va dunyosiga aniq zarar etgan. Shuning uchun ham fitnaga aralashish shariatda qaytarilgan, fitnadan uzoq bo'lish shariatda buyurilgan ishlar qatorida sanaladi”.
- fitnada ishtirok etayotganlar o'z obro'-e'tiborini yo'qotadilar hamda haqiqat bilan yolg'on aralashib ketishi orqali ularni ajratib bo'lmay qoladi.
- yoshlar to'g'ri yo'ldan adashtiriladi. Hayotiy tajribasi yo'q yoshlar olim-ulamolar, ota-onalarining ko'rsatmasiga rioya qilish o'rniga hissiyotga to'la, amaldagi holatni keskinlik va murosasizlik bilan o'zgartirish g'oyalarini ilgari surayotgan shaxslarga ergashib ketishlari jamiyatda beqarorlik avlodlar orasidagi munosabatda inqirozni keltirib chiqaradi.
- odamlar zo'ravonlik ishlatish va qon to'kishdan qo'rqmay qoladi. Musulmonlarning joni, nomusi, mol-mulki va e'tiqodining daxlsizligiga putur etadi. Odamlarning xavfsizligiga zarar etib, jamiyatda beqarorlik, boshboshdoqlik yuzaga keladi;
- musulmonlar nizo oqibatida o'zaro kurashib, ijtimoiy-iqtisodiy va harbiy-siyosiy jihatdan zaiflashuvi o'z navbatida islom olami ustidan nazorat o'rnatishga harakat qilayotgan kuchlarning mavqei mustahkamlanishiga olib keladi. Bunday holat haqida Qur'oni karimda quyidagilar ta'kidlangan: “Allohga va Rasuliga itoat qilingiz va nizolashmangiz, aks holda sustlashib ketursiz va “shamolingiz” (obro'ingiz) ketib qolur. Sabr qilingiz! Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir” (“Anfol” surasi, 46-oyat).
Zamonaviy fitnalarning yana bir mudhish ko'rinishi yoshlarni xudbin va loqayd kimsalarga aylantirish, axloqiy buzuqlik va zo'ravonlikni targ'ib qilish, oilani tan olmaslik, zino, bir jinslar nikohi, giyohvandlik, xudbinlik, nima qilib bo'lsa ham faqat boylik orttirishga intilish, ko'ngil istagan ishlarni qilish orqali “erkin bo'lish” kabi zararli illatlarni yoyishga qaratilgan “ommaviy madaniyat”ni jamiyatga singdirishga qaratilgan harakat sanaladi. Bu kabi fitnalardan ota-onalar nihoyatda ogoh bo'lishlari, farzandlarining ma'naviy tarbiyasiga katta e'tibor qaratishlari lozim. Hazrati Payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.)dan keltirilgan hadisda “Kishi o'z qarmog'idagilarni tashlab qo'yishi uning gunohkorligiga kifoya qiladi”, - deb ta'kidlanadi (Abu Dovud, 1694-hadis).
Atoqli o'zbek ma'rifatparvari Abdurauf Fitrat: “Kimki badaxloq bolalarni tarbiya etsa, insoniyatga katta dushmanlik qilgan bo'ladi”, degan.
Shu nuqtai nazardan, fuqarolarga hushyor va ogoh yashash, do'st kimu, dushman kimligini yaxshi ajrata olish, g'animlar fitnasiga uchmaslik, yovuz kuchlar qo'lida qo'g'irchoq bo'lib qolib, dindoshlari va millatdoshlari zarar etkazmaslik, yurt tichnligi va yosh avlod saodati uchun jamiyatdagi tinchlik va barqarorlikni asrab-avaylash zarur ekani, bu muhim ishga barchamiz barobar mas'ul ekanimizni tushuntirish barcha ma'rifatparvar ziyolilarning, shu jumladan, ulamolarimizning dolzarb vazifalari hisoblanadi.
O'tkir Hasanbayev,
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Manbalar:
«Agar ogohsan sen – shohsan sen.
Agar shohsan sen – ogohsan sen!»
QADRLI va TABARRUK HOJIBOBO va HOJIONALAR!
MUHTARAM HOJIAKALAR!
AZIZ va QIMMATLI MЕHRIBЕPOYON OTALAR!
HURMATLI va MUNIS MЕHRIDARYO ONALAR!
Bugungi yurtimizning tinchligida SIZLARNING ham xizmatlaringiz BЕQIYOS KATTA!
SIZLARNING o‘z oilangiz tarbiyasidagi mashaqqatli va sharafli, og‘ir va savobli, sermahsul va olijanob faoliyatlaringiz
har qanday tahsinu mukofotlarga loyiq va munosib!!!
Xalqimizning milliy ma’naviyati, oilalarimizda amal qilinadigan tartib-qoidalar yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyatga egaligini hammamiz juda ham yaxshi bilamiz. Ular oila mustahkamligini ta’minlashda ulkan va kuchli poydevor vazifasini o‘tashligini ham juda puxta egallaganmiz.
Diyorimizda milliy qadriyatlar va muborak dinimizning ezgu ta’limotlari asosida oilaga doir qonun-qoidalar yanada mukammal qayta ishlandi. Buyuk ota-bobolarimizdan meros bo‘lib qolib kelayotgan dono xalqimizning yuksak ma’naviyatiga davlatimiz rahbari Muhtaram Prezidentimiz «Jaholatga qarshi ma’rifat» qimmatbaho g‘oyani qo‘shimcha sifatida bizlarga yengilmas kuch qilib berdilar.
Bu vazifa nafaqat biror vazifador yoki biror sohadagi mas’ullarga belgilangan, balki har bir (!) OTA UCHUN, har bir (!) ONA UCHUN buyuk vazifa, deb bilmog‘imiz lozim!
Muqaddas islom dinimizni pok saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va bo‘htonlardan himoya qilish, uning asl mohiyatini o‘nib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizga to‘g‘ri tushuntirish, islom madaniyatining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish vazifasi hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Hozirgi davrda, axborot texnologiyalari o‘ta tezkorlik bilan rivojlanayotgan bir paytda, nanotexnologiya zo‘r shiddatlik bilan avjiga chiqayotgan zamonda, har xil ommaviy axborot vositalari xilma-xil, to‘g‘ri-noto‘g‘ri ma’lumotlarni kechayu kunduz tarqatayotgan bir onda, farzandlarimiz o‘z-o‘zlari bilan yolg‘iz qolib 25 soat vaqtlarini telefon, kompyuter bilan mashg‘ul bo‘lib, bolalarimiz ular bilan “band” bo‘lib qolganlarida mazkur vazifalar jannatmakon yurtimiz, muqaddas Vatanimiz, dono xalqimizning har bir fuqarosiga qushga havo, baliqqa suv zarurligiday zarur bo‘lsa kerak...
AZIZ VA QADRLI
MЕHRIBON OTA-ONALAR!
Dono xalqimiz «yaxshini sharofati, yomonni kasofati» deb bejizga aytmagan...
Ana shu “allakimlarning” turli xil yo‘llar bilan berayotgan “tarbiya”lari
dono xalqimiz dunyoqarashi va millatimiz mentalitetiga ham,
Qur’oni karim oyatlari va
Payg‘ambarimiz alayhis salomning hadisi shariflariga ham,
dinimiz ko‘rsatmalari va shariatimiz hukmlariga ham,
ulamolarimiz fatvolari va davlatimiz qonunlariga ham,
sharqona odoblarimiz va mazhabimiz me’yorlariga ham,
jamiyatshunoslik aloqalari va odamgarchilik munosabatlariga ham,
insoniy tuyg‘ular va ruhshunoslik sir-asrorlariga ham,
yurtimiz urf-odatlari va o‘zbekchilik qoidalariga ham,
madaniyatimiz axloqlari va insoniy aqlga ham,
axloqiy norma va dono xalqimiz maqollariga ham,
milliy an’analarimiz va diniy qadriyatlarimizga ham,
xalqimiz ongi va musulmonchiligimiz asoslariga ham,
hamda Islom dinimiz tushunchalariga ham
zid ekanligini
unutmaylik!!!
Sizu bizlar eng to‘g‘ri yo‘ldan, o‘z ota-onalarimiz ne-ne mashaqqatlar chekib o‘rgatgan yo‘ldan, ota-bobolarimizdan buyuk va beqiyos meros bo‘lib kelayotgan yo‘ldan shakardan shirin farzandlarimizni, ne umidlar bilan o‘stirayotgan, qancha orzu-havaslar bilan katta qilayotgan bolalarimizni “allakimlardir” yana yo‘limizdan ozdirib, adashtirib qo‘yishmasin...
Natijada farzandlarimizning o‘zlari ham, oilamiz ham, qavm-qarindoshlarimizu qo‘ni-qo‘shnilarimiz ham, do‘stlarimizu yaqinlarimiz ham, atrofdagilarimiz ham sarson bo‘lib, ularning kasofatlari yashab turgan mahallamizga, ishlab turgan ishxonamiz va butun el-yurtimizga ham yetmasin...
Toki hali suyagi qotib ulgurmagan yoshlarimizning beg‘ubor olamiga, g‘o‘r ma’naviyatiga “allakimlar” jiddiy zarar yetkazib qo‘yishmaslaridan oldin, o‘z farzandlarimizni o‘zimiz tarbiyalaylik!
Janob hazrat Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘z hadis-shariflarida marxamat qiladilar: «Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar!» Bu xususda shoirlarimizning ibratli so‘zlari bor:
«Birinchi g‘ishtni qiyshiq qo‘yarkan me’mor,
Osmonga yetsa ham, qiyshiqdir devor».
Oilada erning mavqei balandligi, xotin ham o‘z haq-huquqlariga egaligi, farzandlarning ota-onani hurmat qilishlarini olaylik.
...Ko‘p yillar davomida ota-bobolarimiz qalbiga singib ketgan ushbu milliy va diniy qadriyatlarni bugun yanada sayqallash kerakligini zamon talab etmoqda. Ayniqsa, shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hozirgi zamonda bema’ni xurujlar ko‘payib, ularning inson va jamiyat hayotiga salbiy ta’sirlari misli ko‘rilmagan darajada kuchayib bormoqda. Shuning uchun barchamiz ko‘zimizni kattaroq ochib, ziyraklik va ogohlik bilan bunday hamlalarga qarshi kurashmog‘imiz lozim.
Dinu xalqimiz uchun ertayu-kech xizmat qilayotgan muhtaram Prezidentimizning “Jaholatga qarshi ma’rifat” oltindan qimmat g‘oyalarini barpo etish maqsadida har birimiz oilamiz a’zolarini
HIDOYATga chorlashda,
xonadonimizni ISLOM NURI bilan munavvar qilishda,
har bir mo‘min va MO‘MINALARga ma’rifat ulashishda
SIZLARNING hissalaringiz juda ham ko‘p va sarbaland bo‘lishida hech qanday shubhamiz yo‘q!
O‘zbekiston musulmonlari idorasining shu uchta gazeta va jurnallaridan serma’no, sermahsul, mazmunli va unumli foydalanib,
har bir ota, har bir ona o‘z farzandiga
odob-axloq namunalarini,
kindik qoni to‘kilgan mislsiz Vataniga – vatanparvarlik his-tuyg‘ularini,
bobo-buviga – ehtirom-hurmatni,
ota-onaga – mehr va itoatkorlikni,
oila a’zolariga – rahmdillik va mehribonlikni,
o‘z juft haloliga – haqiqiy muhabbat va sodiqlikni,
qo‘ni-qo‘shnilarga – oqibat va chiroyli munosabatni,
qavm-qarindoshlarga – saxovat-muruvvatni,
sinfdosh-kasbdoshlarga – chin do‘stlik va yordam berishni,
atrofdagi barcha odamlarga – insonparvarlik va samimiylikni,
hayvon-parranda-hasharotlarga – rahm-shafqatni
uqtirib, yuqtirib, tushuntirib, singdirishimiz –
ham burchimiz, ham qarzimiz, ham farzimizdir!
XUDONI OLDIDA ham, BANDASINI OLDIDA ham, YURT-XALQIMIZ OLDIDA ham!!!
Bularni hammasini o‘z farzandlarimizga o‘rgatish uchun bizlarga hech qanday diniy ta’lim ham, biror-bir maxsus oliy ma’lumot ham, tegishli sertifikat ham, hech kanday qizil diplom ham kerak emas! Aslo! Mutlaqo kerak emas!
Yoshlarimizda bu jihatlarini biz uyg‘otishimiz (!) kerak xolos. Zero shu sifatlarning hammasi farzandlarimizning qonida bor, ularning xamirturushlarida bor! Zero shu fazilatlarning hammasi bolalarimizning DNK larida mavjud!
Chunki bu xususiyatlarning barchasi bizlarning ota-onalarimizdan avloddan-avlodga, qondan-qonga tarbiya (!) orqali o‘tib kelayapdi! “Buning qonida bor-da o‘zi!” deb yoki “olma pishsa, tagiga tushadi” deb bejizdan-bejiz aytmaydi dono xalqimiz!
Qancha ko‘p oilaga “ISLOM NURI” gazetasi, “HIDOYAT” va “MO‘MINALAR” jurnallari kirib borsa, shuncha ko‘p odam Qur’oni karim tafsiri, Hadisi sharif sharhi, aqida, fiqh masalalaridan bahramand bo‘lishlari hamda boshqalarning “darslari”ga aldanib, yot g‘oyalar va botil iddaolarga berilmasdan, muqaddas dinimiz ko‘rsatgan yo‘llardan yurishlari – xar birimizning ulkan yutug‘imizdir!
Chunki shu uchta nashrimizda ham:
ü ulug‘ ajdodlarimizdan davom etib kelayotgan duru gavhar rivoyatlari va noyob hikmatlari,
ü buyuk ota-bobolarimizdan eshitib kelayotgan tillo bilan teng pand-nasihatlari va betakror hikoyalari,
ü mehribon ota-onalarimizdan o‘rganib kelayotgan gavhar o‘gitlari va mislsiz so‘zlari,
ü elimiz tanigan va xalqimiz tan olgan ustozlarimizdan ta’lim olib kelayotgan zar tushunchalari va bebaho ilmlari,
ü jannatmakon yurtimiz – muqaddas Vatanimiz ta’lim maskanlarida taralayotgan durdan a’lo fanlar va beqiyos bilimlar
uzluksiz va davomli yoritib boriladi.
Shuning uchun ham bizning
“ISLOM NURI” gazetamiz,
“HIDOYAT” va
“MO‘MINALAR jurnallarimizdagi ma’lumotlar
ma’naviyat va ma’rifat yo‘nalishiga
hamda tarbiya sohasiga daxldor
har bir inson uchun,
har bir (!) MЕHRI BЕPOYON OTA UCHUN,
har bir (!) MЕHRI DARYO ONA UCHUN
BЕQIYOS ENSIKLOPЕDIK MANBA bo‘lib xizmat qiladi.
"Jaholatga qarshi ma’rifat" bebaho g‘oyani "HIDOYAT" jurnali, "ISLOM NURI" gazetasi va "MO‘MINALAR" jurnallari obunasi orqali ham ancha ta’sirli va unumli amalga oshirishimiz mumkinligini hammamiz juda yaxshi bilamiz.
Buning uchun nafaqat o‘zimiz obuna bo‘lishimiz, balki atrofdagilarimizni ham obunaga targ‘ib etishimiz – ham farzimiz, ham qarzimiz, ham burchimiz bo‘lishi darkor!
Iloho o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham
Mehribon Parvardigorimiz O‘zi buyurgan,
Janob Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya etgan,
o‘tmishda o‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘ladigan,
xalqimiz xursand bo‘ladigan,
ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!

Ibrohimjon domla Inomov