Indoneziyaning Sharqiy Yava viloyati Malang mintaqasida joylashgan “Tiban” masjidi musulmon va g'ayri musulmonlarning sevimli maskani sanaladi.
Jome mezana ko'rinishidagi kichik binolari, naqshinkorligi bilan ajralib turadi, go'zalligi bilan sayyohlarni o'ziga jalb qiladi. Bu erga har kuni Malayziya, Bruney va boshqa davlatlardan minglab sayyohlar tashrif buyuradi.
Muhtasham 10 qavatli masjid binosi 6 gektar maydonda 1968-1978 yillarda (10 yil) barpo etilgan. Uning devorlariga Qur'on oyatlari naqshinkor uslubda o'yib yozilgan.
Masjid o'tmishda turli xil vazifalarni bajargan. Hozir bu erda islomiy ta'lim markazi tunu kun faoliyat yuritadi. Shuningdek, majmuadan restoran, oshxona, mehmonxona, namozgoh, islomiy kutubxona va akvarium ham o'rin olgan.
“Tiban” masjidi me'moriy inshoot sifatida arab mamlakatlari, Tailand va Indoneziya mohir hunarmandlari hamkorlikdagi mehnati mahsuli.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Halqaro aloqalar bo'limi
Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.
Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.
Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.