Bugungi kunda Jizzax viloyatidagi binolari eskirib, yaroqsiz holga kelib qolgan 8 ta masjid qaytadan qurilyapti. Shulardan biri, Forish tumani olis Bag'dod shaharchasidagi “Yangiqishloq” masjididir. Masjid shu vaqtgacha, to'g'rirog'i 2019 yilga qadar univermag binosi o'rnida faoliyat ko'rsatib kelgani achinarli hol. Ko'rgan inson bu eski do'konniing devoriga ilingan yozuvidan bilmasa, masjid deb o'ylamas edi.


Diniy idora Jizzax viloyati vakilligining ko'pdan beri shu joyda aholi uchun yozda salqin, qishda issiq bo'lgan tom ma'nodagi namozgohni barpo etish borasidagi sa'y-harakatlari natijasida nihoyat 2019 yili tegishli ruxsat asosida sahovatpesha kishilar ko'magi hamda qishloq aholisining hashari bilan yangi masjid qurish ishlari boshlandi.




Olti sotixdan ortiq maydonda qurilayotgan ibodat uyi 800 kishini sig'dira oladigan xonaqoh, tahoratxona, ayollar uchun namozxona, qo'shimcha ma'muriy xonalardan iborat bo'ladi. Bundan tashqari, masjid hovlisida yordamchi xo'jalik tashkil etilib, issiqxona barpo etish ko'zda tutilgan.



O'tgan bir yildan ziyod vaqt mobaynida xonqahoq va minora ko'tarilib, tom qismlari yopildi. Hozirda tahoratxona qurilishi davom etmoqda. Tez kunda kunda eshik, deraza-romlar o'rnatiladi.



Ahamiyatlisi, mazkur masjid Jizzax-Nurota-Navoiy katta yo'li yoqasida joylashgan bo'lib, ziyorat turizmi hamda mahalliy yo'lovchilarning ibodatlarini ado etib olishlari uchun qulay nuqta hisoblanadi. Shu bois savobi ulug' amalga hissa qo'shish istagida bo'lganlar quyidagi hisob-raqamlari orqali qurilish ishlariga hissa qo'shishlari mumkin:
Agrobank Forish filiali:
h/r: 20212000904004960001
MFO: 00133 INN:202939611
Uzkard:
p/k: 8600042317309242
t/r: 23120000500000133001
Imom-xatibi Nishonov Rustam nomida.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo'limi
Bugungi axborot asrida inson ongi va qalbi uchun kurash yangi bosqichga chiqdi. Ayniqsa, diniy qadriyatlarga hurmat kuchli bo‘lgan jamiyatlarda kishilarning muqaddas tuyg‘ularidan g‘arazli maqsadlarda foydalanish, ya’ni manipulyatsiya holatlari tez-tez bo‘y ko‘rsatmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar bunday ta’sir o‘tkazishning eng qulay maydoniga aylanib qoldi.
Diniy hissiyotlar orqali ommani junbushga keltiruvchilar, odatda, xolis tahlil va ilmiy asoslarga emas, balki insonning ehtiroslariga urg‘u beradilar. Ularning asosiy quroli emotsional chaqiriqlardir. Masalan, biror ijtimoiy muammoni diniy bo‘yoqlar bilan bo‘rttirish orqali odamlarda himoyalanish yoki agressiya instinktini uyg‘otishadi.
Bunday vaziyatda inson aql bilan fikrlashdan to‘xtaydi va o‘zi bilmagan holda fitnachilarning qo‘lidagi qurolga aylanadi. Vaholanki, Islom dini har bir xabarni tekshirishga va aql bilan ish tutishga chaqiradi: “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar...” (Hujurot surasi, 6-oyat).
Bugungi kunda yetarli ilmi bo‘lmay, ammo notiqlik mahorati bilan ommani ergashtirayotgan qatlam shakllandi. Ular ko‘pincha murakkab fiqhiy yoki aqidaviy masalalarni yuzaki va populistik tarzda talqin qiladilar. Buning natijasida jamiyatda ixtilof paydo bo‘ladi, ulamolarga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otiladi.
Diniy hissiyotlarni suiiste’mol qilish jamiyatni ichdan yemiradi. Birinchidan, bu jarayon yoshlarni manipulyatsiya qiladi. Ikkinchidan, jamiyat muvozanatini buzishga qaratilgan xurujlarga yo‘l ochadi. Eng yomoni, bunday harakatlar dinning asl mohiyati tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat ekanini chetga surib, uni nizolar manbai sifatida ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Bunday xavflarga qarshi eng samarali raddiya, bu savodxonlikdir. Har bir musulmon axborot gigiyenasiga amal qilishi, internetda eshitgan har qanday ta’sirli gapni mutlaq haqiqat deb qabul qilmasligi lozim.
Din najot va sakinat manbai bo‘lib, kimlarningdir g‘arazli yoki shaxsiy manfaatlari yo‘lida qo‘llaniladigan boshqaruv vositasi emas. Muqaddas tuyg‘ularimizni virtual firibgarlardan himoya qilish bugungi kunning eng dolzarb vazifasidir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
masjidi imom-xatibi