O'zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o'rinbosari Sodiq Safoyev Smitson Osiyo san'ati milliy muzeyi Frir va Sakler san'at galereyalari direktorining katta o'rinbosari Masume Farhod bilan videokonferentsaloqa shaklida muloqot qildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
O'zbekistonning AQShdagi elchixonasi ma'lumotiga ko'ra, Masume Farhod O'zbekiston Prezidentining Frir va Sakler san'at galereyalariga tashrifini samimiyat bilan esga oldi va mazkur tashrif muzey tarixidagi muhim voqea bo'lganini ta'kidladi.
«O'zbekiston Prezidentiga o'z kollektsiyalarimizni taqdim etish biz uchun katta sharaf bo'ldi va menda davlat rahbari tomonidan ikat tarixiy ildizlari va Markaziy Osiyoning qadimiy asoori-atiqalariga berilgan ahamiyat katta taassurot qoldirdi», - dedi u.
Frir va Sakler galereyalari 1846 yil tashkil etilgan Smitson institutining tarkibiy qismi hisoblanadi. Institut Amerika Qo'shma Shtatlaridagi 20 ga yaqin muzey va majmuani birlashtirgan dunyodagi eng yirik tadqiqot va ta'lim muassasalaridan biridir.
Masume Farhod Markaziy Osiyo mamlakatlari, shu jumladan, O'zbekiston bilan samarali hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdorligini izhor qildi. Uning so'zlariga ko'ra, Amerika tomoni o'zbek xalqining boy madaniyati va bebaho madaniy merosini keng jamoatchilik orasida targ'ib qilish bo'yicha yaqin hamkorlikka intilmoqda.
Uchrashuvda 2021 yil Vashingtonda boburiylar sulolasi va ularning jahon tsivilizatsiyasi rivojidagi roliga bag'ishlangan ko'rgazmani tashkil etish bo'yicha kelishuvga erishildi. Masume Farhod O'zbekistonning ushbu tadbirda faol ishtirok etish, shu jumladan ko'rgazma tarkibini mamlakatimizdan etkazib beriladigan eksponatlar va ilmiy asarlar bilan to'ldirishga tayyorligini mamnuniyat bilan olqishladi.
Ko'rgazma doirasida boburiylar sulolasi (1526-1857 yillar), «Boburnoma» kitobi, Boburning san'at rivoji va rag'batlantirishidagi o'rni, o'sha davr rasmlari, Frir va Sakler galereyalari to'plamlaridagi qo'lyozmalar, shuningdek, hukmdorlarga tegishli tarixiy hujjatlar va ular yaratgan bog'lar me'morchiligiga asosiy e'tibor qaratilishi rejalashtirilmoqda.
Tadbir doirasida, shuningdek, O'zbekiston tarixi, madaniyati va zamonaviy taraqqiyotiga bag'ishlangan alohida taqdimot tashkil etish ko'zda tutilgan. O'zbek xalqining buyuk mutafakkirlari ilmiy merosini chuqur o'rganish, bag'rikeng islom dinini qo'llab-quvvatlash, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va o'zgarishlarning mohiyati va ahamiyatini ochib berish ham maqsad qilingan.
Masume Farhod bo'lajak ko'rgazmaning muhimligini ta'kidlab, «mamlakat tarixini bilish uning zamonaviy taraqqiyotini yanada chuqurroq anglashga yordam beradi», - deb qayd etdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Yurtimizda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida muborak Ramazon oyini munosib kutib olish va ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga har yili alohida e’tibor qaratilayotgani barchamizni behad quvontirmoqda. Bu yilgi tabrik va murojaatlarda Ramazon oyining asl mohiyati – inson qadrini ulug‘lash, mehr-muruvvat va saxovatni keng yoyish, jamiyatda ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash kabi ezgu g‘oyalar ustuvor ekani ta’kidlandi.
Bugun Ramazon nafaqat ibodat oyi, balki jamiyatda ezgulik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tamoyillari yanada mustahkamlanadigan muhim ma’naviy palla sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Tajriba va kuzatishlar shuni ko‘rsatdiki, dunyo amaliyotida Ramazon oyini munosib o‘tkazishga doir davlat darajasida alohida qaror qabul qilinishi kam uchraydi. Yurtimizda esa bu masalada tizimli yondashuv yo‘lga qo‘yilgani muborak oyning mohiyatini chuqur anglab, uning yuksak insoniy qadriyatlar asosida o‘tkazilishidan dalolat beradi. Ayniqsa, bu yilgi Ramazon munosabati bilan ilgari surilgan tashabbuslarda «Inson qadri uchun!» degan ezgu tamoyilning amaliy ifodasi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
«Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi» shiori ostida qabul qilinayotgan qaror va tashabbuslarda Ramazon oyini saxovat, hamjihatlik oyiga aylantirish, muhtojlar, bemorlar, nogironlar va faxriylarga mehr-muruvvat ko‘rsatish kabi ezgu g‘oyalar mujassam. Bu esa Ramazonni ham ibodat, ham ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash oyi sifatida tarannum etishga xizmat qilmoqda.
Abdug‘ofur domla Razzoqov,
Buxoro viloyati Kogon tumani “Bahouddin Naqshband” jome masjidi imom-xatibi