Hajjatul vado' yilida Sa'd ibn Abi Vaqqos roziyollohu anhu qattiq betob bo'ldi. Hatto shu kasallik bilan o'lsam kerak, deb o'yladi. Nabiy sallollohu alayhi va sallam uni ko'rgani keldilar. Sa'd dedi:
-Ey Allohning Rasuli! Ko'rib turibsiz, menga kasallik etdi. Mening molim bor. Menda faqatgina bittagina merosxo'r qizim bor. Molimning uchdan ikkisini sadaqa qilsam bo'ladimi?
Rasululloh sallollohu alayhi va sallam:
-Yo'q, dedilar.
-Yarmini sadaqa qilsam bo'ladimi?
-Yo'q.
-Uchdan birini sadaqa qilsam bo'ladimi?
-Uchdan biri ham ko'p ey Sa'd! Sen farzandlaringni birovlardan tilanib yuradigan faqir qilib qoldirganingdan, ularni boy qilib qoldirganing afzaldir. Allohning rizosi uchun qilgan har-bir nafaqangga savob olasan. Hattoki, xotining og'ziga solgan luqmangga ham!
Kishining o'z merosxo'rlari haqida ham qayg'urishi Nabiy sallollohu alayhi va sallamnning ko'rsatmalaridir. Ularga qiyinchilik paytida foydalanadigan mol qoldirishi mashru'dir.
Dunyo o'zgarib turadi. Uning kulfatlaridan hech kim qochib qutula olmaydi. Bu degani, inson faqat mol yig'sin, degani emas. U o'zini ham unutmasligi lozim. Yaxshilik qilish, munosib joylarga sadaqa ehsonlar qilish lozim. Joni halqumga kelganda merosxo'rlariga “buni mening nomimdan falon joyga sadaqa qilinglar, mana buni mening nomimdan sadaqayi joriya qilinglar” deyishi yaxshi emas. Bu ishlarni ko'zi ochiqligida, sog'-salomat yurganida o'z qo'llari bilan qilishi matlubdir.
Sahifangni o'zing to'ldir. O'zing sadaqa qil. Alloh tomon U senga bergan narsalar bilan musobaqa qil. Mol jamlab, uni bolalarga qoldirib, so'ngra uning hisobini yolg'iz o'zing berma.
Niyat odatlarni ibodatga aylantiradi. Niyatlaringni doimo Alloh uchun qilgin. Oilang uchun sotib oladigan oziq-ovqatingni kundalik zarurat deb emas, bunda ajr bor deb qilgin. Har bir ho'l jigarda ajr bordir. Ota-onangga sarflaydigan molingni kishilarning gapidan qo'rqib burch tushunchasi bilan bog'lama. Unda yaxshilik his qil. U bilan Allohga yaqinlash. “Ota-onanggizga yaxshilik qiling!”, degan oyatni xotirjam bo'lib tilovat qil.
Yangi farzand ko'rgan singling ziyoratini urf-odatga, ijtimoiy munosabatlarga bog'lama. Bundagi silai-rahmni his qil. Silai-rahm Arshga bog'langanini, uni kim bog'lasa Alloh uni bog'lashini, uni kim uzsa Alloh uni ham uzishini esla.
Qo'shni bilan almashadigan bir tovoq ovqatingni qadimgi odatlarimizga bog'lama. Bu ishda Jabroil alayhis salomning Rasululloh sallollohu alayhi va sallamga qo'shni haqida ko'p gapirganlarini, Rasululloh salollollohu alayhi va sallam bundan hatto qo'shni meros ham olsa kerak, deb o'ylab qolganlarini esla.
Insonlarning amallari bir-biriga o'xshaydi. Ammo ularning niyatlari farqlidir. Niyatingda doimo Alloh bo'lsin!
Abdulqodir Polvonov
Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.
Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.
Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.
Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar.
Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”.
Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.
Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi
Bahodir Mirfayziyev
Manba: @Softalimotlar