بسم الله الرحمن الرحيم
QABRISTON ZIYoRATI ODOBLARI VA UNDA BID_''AT VA HUROFOTLARDAN TIYILISh
Muhtaram jamoat! Alloh taolo insoniyat ibrat olishi va tafakkur qilishi uchun ko'pgina oyat-mo'jizalarini zohir qilib qo'ygan. Ulardan biri va har kuni ko'z o'ngimizda sodir bo'lib turgani o'lim va hayotdir.
Qur'oni karimda o'lim va hayotning yaratilishi inson hayotini yaxshiliklarga sarflashi uchunligi bayon qilinadi:
الَّذِي خَلَقَ الْمَوْتَ وَالْحَيَاةَ لِيَبْلُوَكُمْ أَيُّكُمْ أَحْسَنُ عَمَلًا وَهُوَ الْعَزِيزُ الْغَفُورُ
ya'ni: “Allohsizlarning qaysi biringiz chiroyliroq (savobliroq) amal qiluvchi ekaningizni sinash uchun o'lim va hayotni yaratgan zotdir. U Aziz (qudratli) va G'afur (kechirimli)dir” (Mulk surasi 2-oyat).
Boshqa oyati karimada esa hech bir jon egasi o'limdan qochib qutula olmasligi ta'kidlanadi:
كُلُّ نَفْسٍ ذَائِقَةُ الْمَوْتِ وَنَبْلُوكُمْ بِالشَّرِّ وَالْخَيْرِ فِتْنَةً وَإِلَيْنَا تُرْجَعُونَ
ya'ni: “Har bir jon o'limning totuvchisidir. Biz sizlarni yomonlik bilan ham, yaxshilik bilan ham sinab, imtihon qilurmiz. (Keyin) Bizning huzurimizgagina qaytarilursiz” (Anbiyo surasi 35-oyat).
Dinimizda qat'iy e'tiqod qilinadigan tushunchalardan biri shuki, inson hayoti uchga bo'linadi. Dunyodagi sinovli hayot, qabrdagi barzaxiy hayot va oxiratdagi abadiy hayot. Bularga imon keltirish imon asoslaridandir. Inson vafot etishi bilan uning oxiratdagi yangi hayoti boshlanishi, ya'ni Qiyomat kunigacha qabr hayoti – barzaxda yashashi hadisi shariflarda zikr qilingan. Shuning uchun musulmonlar inson o'ldi, tamom, u endi butunlay unutildi, demaydilar. Balki, bu dunyodan o'tgan mo'min-musulmonlarga hurmat bajo keltirib, doimo duolari, tilovatlari va xayru-ehsonlarida yod etadilar. Alloh taolo o'tganlarning haqqiga duo qiluvchi mo'minlarni maqtab shunday deydi:
وَالَّذِينَ جَاءُوا مِنْ بَعْدِهِمْ يَقُولُونَ رَبَّنَا اغْفِرْ لَنَا وَلِإِخْوَانِنَا الَّذِينَ سَبَقُونَا بِالْإِيمَانِ
وَلَا تَجْعَلْ فِي قُلُوبِنَا غِلًّا لِلَّذِينَ آَمَنُوا رَبَّنَا إِنَّكَ رَءُوفٌ رَحِيمٌ
ya'ni: “Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: “Ey, Rabbimiz! O'zing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan o'tganlarni mag'firat etgin va qalblarimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey, Rabbimiz! Albatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan!” (Hashr surasi 10-oyat).
O'tganlarni yaxshilik bilan yodga olishning bir ko'rinishi ularning qabrlarini ziyorat qilishdir. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bu haqda shunday marhamat qilganlar:
كُنْتُ نَهَيْتُكُمْ عَنْ زِيَارَةِ الْقُبُورِ، أَلا فَزُورُوهَا،، فَإِنَّهُ يَرِقُّ الْقَلْبَ، وَتَدْمَعُ الْعَيْنَ، وَتُذَكِّرُ الآخِرَةَ،
وَلا تَقُولُوا هَجْرًا"
(رواه الامام الحاكم عن أنس بن مالك رضي الله عنه)
ya'ni: “Men sizlarni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim, endi ziyorat qilaveringlar. Chunki qabr ziyorati qalbni yumshatadi, ko'zni yoshlantiradi va oxiratni eslatadi. Lekin fahsh-yomon so'zlarni so'zlamanglar” (Imom Hokim rivoyat qilganlar).
Mana shu va boshqa hadisi shariflardan kelib chiqib, ulamolarimiz qabr ziyorati erkaklarga ixtilofsiz savobli ish ekanini aytganlar. Ayollarning qabr ziyoratiga aksar ulamolar shartlar bilan ruxsat berganlar. Ayollar erlarining roziligi bilan satri avratda, yig'lab dod-voy qilmasdan qabrlarni ziyorat qilishlari durust. Oisha onamiz raziyallohu anho Madinadan Makkaga kelganlarida Makka shahriga dafn qilingan akalari Abdurrahmon ibn Abu Bakr raziyallohu anhuning qabrlarini ziyorat qilar edilar.
Qabr ziyoratining bir qancha odoblari borki, ularga amal qilish bilan bu savobli ish mukammal bo'ladi:
السَّلَامُ عَلَيْكُمْ أَهْلَ الدِّيَارِ مِنْ الْمُؤْمِنِينَ وَالْمُسْلِمِينَ وَإِنَّا إِنْ شَاءَ اللَّهُ بِكُمْ لَاحِقُونَ نَسْأَلُ اللَّهَ لَنَا وَلَكُمْ الْعَافِيَةَ
ya'ni: “Assalomu alaykum, ey, mo'min va musulmonlar diyori ahli! Biz ham, inshaalloh, sizlarga qo'shilamiz. Allohdan bizga ham, sizga ham ofiyat so'raymiz” (Imom Ibn Moja rivoyatlari). Bu duoning boshqacha ko'rinishlari ham bor, ularni ham o'qish mumkin.
Ko'pchilik ulamolar ziyorat qiluvchi avval U Zot alayhissalomning qabrlariga qarab salom berib, so'ngra qiblaga qarab duo qiladi, deyishgan.
Ziyorat qiluvchi U Zotning qabrlari ro'parasida o'zini xokisor tutgan holda vazminlik bilan to'xtab, salavot va salom aytadi. Abu Bakr va Umar raziyallohu anhumoga salom berib, duo qiladi. Islom ulamolari va aziz-avliyolarning qabrlarini ziyorat qilganda ham shu kabi odoblarga rioya qilinadi.
Qabr ziyoratida bir qancha bid'at-xurofotlar ham borki, ular sababli kishi o'zi bilmagan holatda savobli ishni gunohga aylantirib qo'yadi. Bid'at-xurofotlarning eng ko'p uchraydiganlarini sanab o'tamiz:
Avliyolarga atab jonliq so'yish haqida Imom Rabboniy rahmatullohi alayh o'zlarining “Maktubot” nomli kitoblarida: “Fiqhiy rivoyatlarda ulug'larning nomiga atalgan jonliqni qabr ustiga olib borib so'yish shirk ishlar qatoriga kiritilgan va bundan saqlanish lozimligi qattiq ta'kidlangan. Ushbu jonliq jinlarga atab so'yilgan jonliq hisoblanadi. Bu ish shar'an taqiqlangan, shirkka oid amallardandir” deganlar.
Alloma Ibn Obidin rahmatullohi alayh bu mavzuda shunday deganlar:
وَاعْلَمْ أَنَّ النَّذْرَ الَّذِي يَقَعُ لِلْأَمْوَاتِ مِنْ أَكْثَرِ الْعَوَّامِ وَمَا يُؤْخَذُ مِنْ الدَّرَاهِمِ وَالشَّمْعِ وَالزَّيْتِ وَنَحْوِهَا إلَى ضَرَائِحِ الْأَوْلِيَاءِ الْكِرَامِ تَقَرُّبًا إلَيْهِمْ فَهُوَ بِالْإِجْمَاعِ بَاطِلٌ وَحَرَامٌ ... وَقَدْ اُبْتُلِيَ النَّاسُ بِذَلِكَ ، وَلَا سِيَّمَا فِي هَذِهِ الْأَعْصَارِ
ya'ni: “Bilingki, avom xalq tarafidan o'liklarga atab nazrlar qilish, avliyolarning qabrlariga ularga yaqin bo'lish maqsadida tangalar tashlash, sham, chiroqlar yoqish ijmo' qilingan botil va harom ishlardir... Bu narsalarga xususan, asrimiz odamlari ko'proq mubtalo bo'lganlar». (“Raddul Muhtor” kitobi).
O'z navbatida ta'kidlash joizki, barchamizning oxirgi boradigan manzilimiz bo'lgan qabristonlarni qarovsiz tashlab qo'ymaslik kerak. Avvalo, o'tganlarni tartib bilan dafn qilib, yurish uchun alohida yo'lakchalar qilish, manzarali daraxtlar ekish va toza-ozoda saqlash lozim. Yovvoyi yoki uy hayvonlari qabristonga kirib qabrlarni oyoqosti qilmasligi uchun kerakli choralar ko'rish, iloji bo'lsa atrofini o'rash maqsadga muvofiqdir.
Qarovsiz qolgan qabrlarni tozalash, obod etish savobli ishdir. Bu kabi savobli ishlarni barcha musulmonlar sidqi dildan bajarishlari, o'z yaqinlari qabrlari atorifida shunday qabrlar bo'lsa, ularga ham e'tibor qaratishlari darkor.
(Imom-xatiblar shu o'rinda namozxonlarni qabristonlarning obodonlashtirish ishlariga targ'ib etishlari so'raladi).
Hulosa o'rnida aytish mumkinki, dinimizda joiz bo'lgan ishlarni, jumladan qabr ziyoratini ham sunnatga va ulamolarimizning tavsiyalariga muvofiq bajarsak, ko'zlangan savob va maqsadlar hosil bo'ladi. Aksincha bid'at-xurofotlarning izidan ketib, nafaqat dinimizda buyurilmagan, balki man qilingan ishlarni qilishda davom etilsa, dunyo va oxiratda isrof, qiyinchilik va azobga sabab bo'ladi.
Alloh taolo barchamizni to'g'ri yo'lda sobitqadam qilsin, turli bid'at xurofotlarga ergashishdan asrasin!
Hurmatli imom-domla! Kelasi juma ma'ruzasi “Ijtimoiy illatlar: Firibgarlik va o'zgalar molini nohaq eyish” haqida bo'ladi, inshaalloh.
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV