Haromni tark etmoq halolni talab qilishdan xayrlidir.
Go'zal, yoqimli so'zlashishning siri bekorchi gaplarni tark etishdir.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu
***
“Husni xulq bu—yaxshilik ulashmoq, yomonlikdan tiyilmoq va ochiq yuzli bo'lmoqdir”!
Hasan Basriy
***
Har qancha ajoyib va buyuk bo'lmagin, hamma odamlar seni birdek yaxshi ko'rishi amri maholdir.
Najib Mahfuz
***
Tilingdan oldin qalbingni tarbiya qil. Chunki so'z qalbdan kelib, tildan chiqadi.
Ming yil o'qisamu, mendan «nimani bilding», deb so'rasalar, «haddimni bildim» deyman.
Jaloliddin Rumiy
***
Ba'zan ortingga qarab qo'y: shunda qayerdan kelganingni unutmaysan.
Oshiqlarga uyqu haromdir.
Ba'zan uzoqlashmoq kerak, yaqinlashmoq uchun. Ba'zan eslamoq kerak, eslanmoq uchun. Ba'zan yig'lamoq kerak, ochilmoq uchun. Ba'zan sukut yaxshidir, tinglamoq uchun.
Shams Tabriziy
Har bir narsaning zangi bo'ladi, qalb nurining zangi esa to'yib ovqatlanishdir.
Abu Sulaymon Doroniy
Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi
Umri ilm yo‘lida o‘tgan olimning oldiga bir yosh yigit kelib: “Sizlar to‘g‘ri yo‘lda emassizlar”, dedi.
Olim esa nimtabassum bilan: “Nega unday deyapsan, bolam?” dedi.
Shunda bolakay: “Sizlar Alloh taoloning sifatlarini inkor qilasizlar. Masalan, Alloh Arshning ustidaligini, tunning uchinchi qismida dunyo osmoniga tushishini va hokazolarni... Holbuki bular oyat va hadislar bilan sobit bo‘lgan” deb aqllilik qildi.
Keksa yoshli olim uning yuziga termuldida xayolidan: “Johil bo‘lishiga qaramasdan nodonligidan bexabar bu avlodni kim tarbiyalayapti? Essiz yoshlik va yoshlar” degan gaplar o‘tdi.
Keyin esa: “Bolam, hammamiz ham Allohni yaxshi ko‘ramiz. Aqida borasida chuqur ilm olmasdan gapirib bo‘lmaydi. Sen yaxshisi ilm o‘rgan, odob o‘rgan” dedi.
Bu gapni eshitgan bolakay: “Javobdan qochib har xil gaplar gapirmang. Dangal javob bering” deb istehzo qildi.
Aslida yuqoridagi gap unga yaxshigina javob bo‘lgandi. Ammo u buni tushunmadi. Shunda olim kishi bolaga qarab: “Mayli, sen aytgancha bo‘laqolsin. Alloh taolo Arshning ustida deyapsan a? Shundaymi?” dedi.
Bola “Ha, bu oyatda kelgan” deb javob berdi. “Xo‘p, yaxshi. Har kecha dunyo osmoniga tushadi, shundaymi?” deb so‘radi olim.
Bolakay yana “Shunday, bu sahih hadisda kelgan” dedi.
Olim kishi: “Har kechaning uchinchi qismida dunyo osmoniga tushsa, Arshning ustiga qachon o‘tiradi?” dedi.
“Nima deganingiz bu?” deb so‘radi hatto savolning ham mazmuniga tushunmagan nodon bola.
Shunda olim: “Qara, bizda kech kirganda qayerdadir tong otadi, qayerdadir peshin bo‘ladi, yana qayerlardadir asr vaqti bo‘ladi va hokazo. Tunning uchinchi qismi ham doimo aylanib turadi. Dunyoning qayeridadir doimo tunning uchinchi qismi bo‘lib tursa, Alloh qachon Arshni ustiga borib joylashadi?” dedi.
Savolni zo‘rg‘a tushungan bolakay “Sizlar to‘g‘ri javobdan qochib faqat falsafa qilasizlar. Bu gapingiz javob bo‘lmaydi. Oyatu hadis”... deyotganda, olim: “Sening bema’ni savolingga javob berish uchun shu saviyaga tushyapman. Agar ilmni to‘g‘ri tartibda, to‘g‘ri ilm ahlidan o‘qiganingda miyangga bunaqa savol kelmasdi aslida” dedi.
Ha azizlar, oyatu hadisni hamma ham o‘zicha tushunib ketavermaydi. Ayniqsa e’tiqodga tegishli bo‘lsa, o‘ta ehtiyot bo‘lish kerak.
Alloh taoloning sifatlari haqida kelgan oyat va hadislarni faqat va faqat olimlar to‘g‘ri tushuna oladi. Bu borada internetdan yoki johillardan o‘rganganlarning hammasi adashgandir. Ahli sunna val jamoa ya’ni Moturidiy va Ash’ariylarning yo‘lidan ayrilmangki, halok bo‘lasiz!
Ulug‘bek domla JIYANOV,
Mir Arab Oliy madrasasi o‘qituvchisi.