Haromni tark etmoq halolni talab qilishdan xayrlidir.
Go'zal, yoqimli so'zlashishning siri bekorchi gaplarni tark etishdir.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu
***
“Husni xulq bu—yaxshilik ulashmoq, yomonlikdan tiyilmoq va ochiq yuzli bo'lmoqdir”!
Hasan Basriy
***
Har qancha ajoyib va buyuk bo'lmagin, hamma odamlar seni birdek yaxshi ko'rishi amri maholdir.
Najib Mahfuz
***
Tilingdan oldin qalbingni tarbiya qil. Chunki so'z qalbdan kelib, tildan chiqadi.
Ming yil o'qisamu, mendan «nimani bilding», deb so'rasalar, «haddimni bildim» deyman.
Jaloliddin Rumiy
***
Ba'zan ortingga qarab qo'y: shunda qayerdan kelganingni unutmaysan.
Oshiqlarga uyqu haromdir.
Ba'zan uzoqlashmoq kerak, yaqinlashmoq uchun. Ba'zan eslamoq kerak, eslanmoq uchun. Ba'zan yig'lamoq kerak, ochilmoq uchun. Ba'zan sukut yaxshidir, tinglamoq uchun.
Shams Tabriziy
Har bir narsaning zangi bo'ladi, qalb nurining zangi esa to'yib ovqatlanishdir.
Abu Sulaymon Doroniy
Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi
Muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Moskva shahridagi “Antek” MCHJ qurilish kompaniyasida mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz uchun iftorlik tadbiri tashkil etildi. Ushbu ma’naviy tadbirda elchixona diplomatlari bilan bir qatorda, yurtimizdan maxsus tashrif buyurgan Buxoro shahridagi “Xalifa Xudoydod” jome masjidi imom-xatibi Odiljon Sadilloyev ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar yurtdoshlarimizni muborak oy bilan qutlab, davlatimiz rahbariyatining samimiy tabriklarini yetkazdilar. Musofirchilikda turli qiyinchiliklarni sabr bilan yengib, halol mehnat orqali oilasiga rizq ulashayotgan hamyurtlarimizga alohida minnatdorlik bildirildi. Shuningdek, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda Ramazon oyini munosib o‘tkazish va ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qilinayotgan xayrli ishlar haqida so‘z yuritildi.
Shu bilan birga, iftorlik asnosida ma’rifiy suhbat o‘tkazilib, fuqarolarimizning yot va buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib qolmasligi, yoshlarni turli diniy oqimlardan asrash va doimo ogoh bo‘lish zarurligi alohida ta’kidlandi. Ishtirokchilar o‘z navbatida, ko‘rsatilayotgan bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirib, ushbu uchrashuv vatandoshlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilishini e’tirof etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati