Bugun, 19 noyabr' kuni Toshkent shahri Shayxontohur tumani “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi Abdurahmonov Yahyo Ubaydullo o'g'li “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruv kengashi raisi vazifasiga tayinlandi. Bu haqda “Vaqf” xayriya jamoat fondi Vasiylik kengashi yig'ilishida e'lon qilindi. Fondning avvalgi rahbari Iskandar Halilov boshqa ishga o'tkazildi.
Abdurahmonov Yahyo 1985 yilda Sirdaryo viloyatida tug'ilgan. 1999-2003 yillarda Buxoro shahridagi “Mir Arab” madrasasini tamomlagan. 2004-2008 yillarda Toshkent islom institutida ta'lim olgan. Shu davr oralig'ida Misr Arab Respublikasidagi “al-Azhar” universitetida malaka oshirgan.
2009-2011 yillarda O'zbekiston milliy universitetining Oliy jurnalistika fakul'tetida o'qigan.
2004-2018 yillarda Toshkent shahri Yunusobod tumani “Kulol qo'rg'on” jome masjidida imom noibi, imom-xatibi vazifalarida mehnat qilgan.
2018 yilda Toshkent shahridagi tumanlararo qorilar musobaqasining mutlaq g'olibi, shahar bo'yicha 2-o'rin sohibi bo'lgan.
2018 yilda “Eng ma'rifatli imom” ko'rik tanlovi Toshkent shahridagi bosqichi g'olibi, Respublika bosqichida esa 2-o'rinni egallagan.
Ayni vaqtda Toshkent shahri Shayxontahur tumani bosh imom-xatibi, ushbu tumandagi “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi, Toshkent islom instituti “Tajvid” fani o'qituvchisi va Halqaro islom akademiyasining mustaqil tadqiqotchisi hisoblanadi.
Yahyo domla Abdurahmonovga ushbu sharafli va mas'uliyatli vazifada Alloh taolodan kuch-quvvat va muvaffaqiyatlar so'raymiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Mamlakatimizning bir guruh diniy-ma’rifiy soha vakillaridan iborat delegatsiya Iordaniya Hoshimiylar Podshohligida amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi.
Delegatsiya tarkibida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi xodimi Muhammadamin Nasriyev, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev va bir nechta soha mutaxassislari bor.
Dastlab Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Vaqf, islom ishlari va muqaddas qadamjolar vaziri o‘rinbosari Abdulloh A’qiyl hamda Podshoh Abdulloh II nomidagi Imomlar tayyorlash va malakasini oshirish markazi vakili Ismoil Habbat bilan muloqot o‘tkazildi. Samimiy muloqotda tomonlar o‘rtasida soha mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ilmiy tadqiqot hamda o‘quv-uslubiy, shuningdek, ekstremizm hamda radikalizmning oldini olish yo‘nalishida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhokama qilindi. Shuningdek, Iordaniya oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar uchun stipendiya, grant ajratish va yotoqxona bilan ta’minlash masalalari haqida so‘z yuritildi. Suhbat davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yuzasidan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishchi rejasini tasdiqlash kerakligi ta’kidlandi.
Tashrif davomida Iordaniya xalqaro islom fanlari universiteti rektori Ja’far al-Fanatseh bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Ikki mamlakat oliy diniy ta’lim muassasalarida hamkorlik qilish mumkin bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini aniqlash, o‘quv dasturlarini o‘rganish va bir-biriga muvofiqlashtirish haqida so‘z yuritildi. Pedagoglar, ilmiy tadqiqotchilar va mutaxassislarni o‘zaro jalb qilish, malaka oshirish va stajirovka, mahorat darslarini yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirishga kelishib olindi. Suhbatda Iordaniya xalqaro islom fanlari universiteti, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Toshkent islom instituti o‘rtasida Anglashuv memorandumlarini imzolash masalasi bo‘yicha so‘z yuritildi.
Iordaniya xalqaro islom fanlari universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba-yoshlar bilan ham uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi”, “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” mavzularida fikr almashildi. Mamlakatning mavjud qonunlari va universitet ichki tartib qoidalariga rioya etish tushuntirildi, Iordaniyada yurtimiz allomalari ilmiy merosi va turizm salohiyati targ‘ibotini amalga oshirish tavsiya qilindi.
Delegatsiya a’zolari mazkur universitetning Shariat va qonun fakulteti dekani, professor Shayx Saloh Abulhoj va hanafiy mazhabi mutaxassislari bilan uchrashdilar. Muloqot chog‘ida Shayx Saloh Abulhoj yurtimiz vakillarini Iordaniyada ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi. Uchrashuvda Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan UNESCO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berildi.
Bundan tashqari, vakillarimiz tomonidan O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni, buyuk allomalarni yetishtirib chiqargan yurt ekani, o‘zbek xalqining bag‘rikeng va mehmondo‘stligi Iordaniyalik professor-o‘qituvchilarga tanishtirildi.
Manba: https://www.iiau.uz