Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday marhamat qiladi:
Agar unday qilmasangiz, Alloh va Uning Rasuli tomonidan bo'ladigan urushga ishonavering. Agar tavba qilsangiz, sarmoyangiz o'zingizga, zulm qilmassiz va sizga ham zulm qilinmas (Baqara surasi, 279-oyat).
Ya'ni, «Agar iqtisodiy muomalalaringizda o'rtadan riboni ko'tarib, uning sarqitlarini tark etmasangiz, Alloh va Uning Payg'ambari sizga qarshi qattiq urush ochadi. Agar tavba qilib, riboxo'rlikdan qaytsangiz, sarmoyangizni olasiz. Shunda siz sudxo'rlik bilan birovga zulm qilmagan bo'lasiz va sizga ham zulm qilinmagan bo'ladi.
Ibn Hibbon va boshqa hadis olimlari Zayd ibn Aslamdan rivoyat qilishlaricha, johiliyat davrida Banu Saqif va Banu Mug'iyra qabilalari o'rtasida ribo asosida muomala bo'lgan ekan. Islomga kirganlaridan so'ng Banu Saqif qabilasi Banu Mug'iyradan ribo olmasliklarini iltimos qilibdi. Banu Mug'iyra o'zaro maslahatlashib, «Islomda bo'lganimizdagi muomalalardan ribo olmaymiz, undan avvalgisidan olamiz», – deyishibdi. O'sha paytda Makkai Mukarramada boshliq bo'lib turgan Itbon ibn Usayd roziyallohu anhu bu haqda Payg'ambarimiz alayhissolatu vassalomga xat yozganlarida:
«Ey iymon keltirganlar! Agar mo'min bo'lsangiz, Allohga taqvo qiling va riboning sarqitini ham tark qiling. Agar unday qilmasangiz, Alloh va Uning Rasuli tomonidan bo'ladigan urushga ishonavering...» oyatlari nozil bo'ldi.
Payg'ambar alayhissolatu vassalom bu haqida Itob ibn Usayd roziyallohu anhuga xabar berdilar va u kishini agar Banu Mug'iyra riboxo'rlikni tark qilmasalar, ularga qarshi urush qilishga buyurdilar. Habar etganda, Banu Mug'iyra: «Tavba qilamiz, riboning sarqitini tark etamiz», – dedilar.
Payg'ambar alayhissolatu vassalom Makkai Mukarramani fath qilgan kunlaridagi xutbalarida johiliyatdagi barcha ribolarni bekor qilganliklarini, birinchi bo'lib amakilari Abbos ibn Abdulmuttolib roziyallohu anhuning ribolarini qarzdorlar bo'ynidan tushirganliklarini e'lon qildilar.
Demak, Islomda ribo asosida moliyaviy aloqa olib borish mutlaqo harom qilingan. Nochor holga tushib, turmush o'tkazish yoki ish yuritish uchun sarmoyaga muhtoj bo'lib qolgan shaxs bilan xayri-ehson yoki yaxshi qarz berish ila moliyaviy aloqa olib borish lozim.
«Tafsiri Hilol» kitobidan
"16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni" munosabati bilan joriy yilning 14 noyabr kuni bir guruh diniy soha xodimlari "Diniy bag‘rikenglik" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar.
Tadbirda turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari va diniy konfessiya vakillari, milliy madaniy markazlar faollari, yurtimizda millatlararo do‘stlik va diniy bag‘rikenglik rishtalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan hamyurtlarimiz hamda OAV vakillari qatnashdi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev yuksak mukofotga sazovor bo‘lganlarni samimiy muborakbod etib, bugun yurtimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan hamyurtlarimizga katta muvaffaqiyatlar tiladi va yuksak mukofotlarni o‘z egalariga topshirdi.
Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va tizimda samarali faoliyat yuritayotgan xodimlardan Islomiddin Zuhriddinov, Salohiddin Sherxonov, Muzaffar Kamolov, Ibrohimjon Inomov, Dilfuza Egamova, Ergashali Rustamov, Jahongir Ne’matov, Ergashvoy Hamidov, Sanobar Muhammadxodjayeva, Shoira Umarova, mehnat faxriylari Jaloliddin Nuriddinov, Mahmudjon Ibodullayev, xattot Habibulloh Solih ana shunday e’tibor va ehtiromga sazovor bo‘lishdi.
Tantanali tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan yurtimizda davlatimiz rahbari tomonidan diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar natijasida fuqarolarning vijdon erkinligi, din va millatlararo totuvlik ta’minlanayotgani, mazkur ko‘krak nishonining ta’sis etilgani diniy sohaga bo‘lgan yuksak e’tiborning yaqqol namunasi ekani ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 25-sentabrdagi "Diniy bag‘rikenglik" ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, ushbu ko‘krak-nishoni bilan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni targ‘ib etish, fuqarolar e’tiqod erkinligini ta’minlash, dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash va ma’naviy muhit barqarorligini saqlashdagi ibratli ishlari uchun yetuk ulamolar, atoqli arboblar, diniy soha rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda xorijiy olimlar taqdirlanishi belgilangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati