Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Kim bomdod namozidan keyin oyog'ini yiqqan holida turib, gapirishidan oldin o'n marta «Laa ilaaha illallohu, vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu, yuh'yi va yumiytu va huva ala kulli shay'in qodiyr», desa, unga o'n hasanot yozilur, o'n xatosi o'chirilur, uning o'n darajasi ko'tarilur. O'sha kuni u barcha yoqimsiz narsadan himoyada bo'lur va shaytondan saqlanur. O'sha kuni uni gunoh ham tutmas, magar Alloh taologa shirk keltirmagan bo'lsa». Termiziy rivoyat qilgan.
Ko'pchilik mashoyixlar va o'tgan azizlar ushbu rivoyatda kelgan duoni o'zlariga kundalik vazifa qilib olganlar. Har bir kishi bunga amal qilmog'i lozim. Chunki bomdod namozidan keyin o'rnidan turmay, oyoqlari yig'ilgan holda, dunyoviy gaplarni gapirmay turib bu duoni o'qigan odamga ko'pgina yaxshiliklar va'da qilinmoqda:
1. Unga o'n hasanot yozilur.
2. Uning o'n xatosi o'chirilur.
3. Uning o'n darajasi ko'tarilur.
4. O'sha kuni u barcha yoqimsiz narsadan himoyada bo'lur.
5. Shaytondan saqlanur.
6. O'sha kuni uni gunoh ham tutmas. Alloh taologa shirk keltirgan bo'lsa, mustasno. Agar Alloh taologa shirk keltirgan bo'lsa, ishi chatoq bo'ladi.
Undan so'ng «Sayyidul istig'for»ni o'qiydi:
عَنْ شَدَّادِ بْنِ أَوْسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ: ، عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: «سَيِّدَ الْاِسْتِغْفَارِ أَنْ تَقُولَ: اللَّهُمَّ أَنْتَ رَبِّي لَا إِلَهَ إِلَّا أَنْتَ، خَلَقْتَنِي وَأَنَا عَبْدُكَ، وَأَنَا عَلَى عَهْدِكَ وَوَعْدِكَ مَا اسْتَطَعْتُ، أَعُوذُ بِكَ مِنْ شَرِّ مَا صَنَعْتُ، وَأَبُوءُ لَكَ بِنِعْمَتِكَ عَلَيَّ، وَأَبُوءُ لَكَ بِذَنْبِي فَاغْفِرْ لِي فَإِنَّهُ لَا يَغْفِرُ الذُّنُوبَ إِلَّا أَنْتَ. وَمَنْ قَالَهَا مِنَ النَّهَارِ مُوقِنًا بِهَا فَمَاتَ مِنْ يَوْمِهِ قَبْلَ أَنْ يُمْسِيَ فَهُوَ مِنْ أهْلِ الْجَنَّةِ، وَمَنْ قَالَهَا مِنَ اللَّيْلِ وَهُوَ مُوقِنٌ بِهَا فَمَاتَ مِنْ يَوْمِهِ قَبْلَ أَنْ يُصْبِحَ فَهُوَ مِنْ أَهْلِ الْجَنَّةِ». رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا مُسْلِمًا.
Shaddod ibn Avs roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Istig'forning sayyidi «Allohumma anta robbii. Laa ilaaha illa anta. Holaqtaniy. Va ana abduka va ana ala ahdika. Va va'dika mastato'tu. A'uuzu bika min sharri maa sona'tu. Abuu'u laka bi ne'matika alayya. Va Abuu'u laka bi zanbiy. Fag'fir liy. Fa innahu laa yag'firuz-zunuba illaa anta», demog'ingdir.
Kim uni ishonch bilan nahorda aytsa, o'sha kuni kech kirishidan oldin o'lib qolsa, ahli jannatdan bo'lur. Kim uni ishonch bilan kechasi aytsa, o'sha kuni tong otishidan oldin o'lib qolsa, ahli jannatdan bo'ladi». Beshovlaridan faqat Muslim rivoyat qilmagan.
Ma'nosi: «Ey Allohim! Sen Robbimsan! Sendan o'zga iloh yo'q. Sen meni xalq qilding. Men Sening bandangman. Men qodir bo'lganimcha Sening ahding va va'dangdaman. Sendan o'zim qilgan narsalarning yomonligidan panoh tilayman. Sening menga bergan ne'matingni e'tirof qilaman. Senga gunohlarimni ham e'tirof qilaman. Meni mag'firat qil. Sendan boshqa hech bir zot gunohlarni mag'firat qilmas».
Ushbu «Sayyidul istig'for» nomi ila mashhur bo'lgan duoni o'qib yurishni ko'pchilik azizlar odat qilishgan. Duoni yaxshilab yod olib, o'qib yurmoqni har bir musulmon odat qilishi lozim.
«Ruhiy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi
O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijlik ustoz sifatida so‘nggi yillarda bu mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholashni istardim. Ayniqsa, ma’naviy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash va inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan sa’y-harakatlar o‘zining amaliy natijalarini yaqqol namoyon etmoqda.
Xususan, bu yilgi muborak Ramazon oyida Davlat Rahbari tomonidan katta mablag‘ ajratilib, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, joylarda iftorlik va xayriya tadbirlarini keng tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar jamiyatda mehr-shafqat va hamjihatlik ruhini yanada kuchaytirmoqda. Bu kabi ezgu ishlar xalq manfaati yo‘lida davlat va jamoatchilik hamjihatligining yorqin namunasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shuningdek, diniy ta’lim muassasalarini rivojlantirish, masjidlar infratuzilmasini yaxshilash, imom-xatiblar va soha mutaxassislarining bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ham alohida e’tiborga loyiq. Ma’rifiy targ‘ibot ishlarining zamonaviy shakl va usullar asosida yo‘lga qo‘yilayotgani esa aholining, ayniqsa, yoshlarning to‘g‘ri ta’lim olishiga xizmat qilmoqda.
Kuzatuvchi sifatida aytish mumkinki, mazkur izchil islohotlar mamlakatda o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va ijtimoiy barqarorlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu esa O‘zbekistonning ma’naviy taraqqiyot yo‘lida sobitqadamlik bilan ilgarilayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Shayx Ahmad Muhammad Ali,
Mir Arab Oliy madrasasi o‘qituvchisi