QUR_''ONI KARIMDA MUHKAM VA MUTAShOBIH
Ushbu mavzu Ulumi Qur'ondagi eng nozik mavzulardan biri hisoblanib, ulamolarimiz unga katta ahamiyat berganlar. Bu mavzuga kirishdan oldin ushbu ikki narsa – muhkam va mutashobihning lug'atdagi ma'nolarini yaxshilab o'rganib olishimiz lozim bo'ladi.
«Muhkam» so'zi bir narsani yaxshilab qilish va uning buzilishini man qilish ma'nosini bildiruvchi «ahkama» so'zidan yasalgan bo'lib, «yaxshilab qilingan, mahkam qilingan», «buzilmas» degan ma'noni anglatadi. Misol uchun, «ahkama al-amra» degan jumla «ishni yaxshilab qildi va uni buzilishdan saqladi» degan ma'noni ifoda qiladi. Arablar otning yuganidagi uning og'ziga solib qo'yiladigan temirdan bo'lgan «suvliq»ni ham «hakamatun» deyishadi. Chunki u otni yaxshilab boshqarishga va u yoq-bu yoqqa burilib ketishining oldini olishga xizmat qiladi.
Qur'oni Karimning sifatlaridan biri «Hakim» ekanining sababi – unda haqqa hidoyat qiluvchi va botil hamda fasoddan man qiluvchi hikmat borligidir. Shu bilan birga, Qur'oni Karimning nazmi va uslubi oliy darajadadir, balog'ati mo''jizadir, maqsadlari oliydir, ma'nolari to'g'ri va sodiqdir. Buning ustiga, unda qarama-qarshilik yo'q, tafovut yo'q. Daraja va ojiz qoldiruvchilikda unga hech bir kalom bas kela olmaydi.
Alloh taolo Hud surasida marhamat qiladi:
الٓرۚ كِتَٰبٌ أُحۡكِمَتۡ ءَايَٰتُهُۥ ثُمَّ فُصِّلَتۡ مِن لَّدُنۡ حَكِيمٍ خَبِيرٍ١
«Alif laam ro. (Bu) oyatlari mustahkam qilingan, so'ngra o'ta hikmatli, o'ta xabardor Zot tomonidan mufassal qilingan Kitobdir»(1-oyat).
Ya'ni «muhkam» so'zining «tuzilishi puxta», «dalolat qilishi daqiq», «har bir so'zi chuqur ma'noli», «hamma tarafi bir-biriga munosib», «hech kamchiligi yo'q» degan ma'nolari bor.
«...so'ngra o'ta hikmatli, o'ta xabardor Zot tomonidan mufassal qilingan Kitobdir».
Batafsil bayon qilish kerak bo'lgan har bir jihati, jumladan, g'oyalari, maqsadlari, mavzulari batafsil bayon qilingandir.
«Qur'oni Karimniig muhkam oyati» deganda ravshan ma'no bilan kelgan va eshituvchisi ma'nosini ta'vil va bayonsiz anglab oladigan degan ma'no tushuniladi.
«Mutashobih» so'zi «bir-biriga o'xshash» degan ma'noni bildiruvchi «tashabuh» so'zidan yasalgan bo'lib, lug'atdagi ma'nosi bizning tilimizda «o'xshash» va «aralash» so'zlari atrofidagi ma'nolarda aylanadi. Arablarda ikki narsa bir-biriga o'xshashligi tufayli aralashib ketganda va ularni bir-biridan ajratib olish qiyinlashib qolganda ushbu so'z ishlatiladi.
Ushbu lug'aviy ma'lumotlardan keyin mulohaza qiladigan bo'lsak, «muhkam» so'zida ravshanlik va ma'noni mustaqil ravishda bayon qilish borligini ko'ramiz. «Mutashobih» so'zida esa ma'noni ifoda etishda yagona mustaqillik yo'qligini va ravshanlik etishmasdan, bir narsa ikkinchisiga o'xshab qolishini anglaymiz.
«Tashabuh» kalimasidan yasalgan so'zlar Qur'oni Karimning ba'zi oyatlaridagina kelgan.
Alloh taolo Baqara surasida marhamat qiladi:
وَأُتُواْ بِهِۦ مُتَشَٰبِهٗاۖ
«(U) ularga o'xshash qilib berilgandir» (25-oyat). Ya'ni jannatiylarga bu dunyoda bahramand bo'lgan mevalariga o'xshash mevalar beriladi.
Alloh taolo Baqara surasida marhamat qiladi:
تَشَٰبَهَتۡ قُلُوبُهُمۡۗ
«...qalblari o'xshash bo'ldi...» (118-oyat) Ya'ni haqni ko'rmaslikda va zalolatda kofirlarning qalblari bir-biriga o'xshashdir.
Alloh taolo Zumar surasida marhamat qiladi:
ٱللَّهُ نَزَّلَ أَحۡسَنَ ٱلۡحَدِيثِ كِتَٰبٗا مُّتَشَٰبِهٗا
«Alloh eng go'zal so'zni o'xshash... kitob etib tushirdi» (23-oyat).
Qur'oni Karim eng go'zal so'zdir. Uning oyatlari go'zallikda, purma'nolikda, hikmatda, to'g'rilikda, hukmda va boshqa xususiyatlarda bir-biriga o'xshashdir.
«MUHKAM» VA «MUTAShOBIH» ULAMOLAR ISTILOHIDA
Yuqorida «muhkam» va «mutashobih» so'zlari Qur'oni Karimning bir necha oyatlarida o'zining lug'atdagi ma'nolarini ifoda qilgan holda kelgani aytib o'tildi. Shu bilan birga, yana Qur'oni Karimning ko'p oyatlari muhkam bo'lib, ular aslni tashkil etishi va ba'zi oyatlari mutashobih ekani ham Qur'oni Karimning o'zida ta'kidlab aytib o'tilgandir.
Alloh taolo Oli Imron surasida aytadi:
هُوَ ٱلَّذِيٓ أَنزَلَ عَلَيۡكَ ٱلۡكِتَٰبَ مِنۡهُ ءَايَٰتٞ مُّحۡكَمَٰتٌ هُنَّ أُمُّ ٱلۡكِتَٰبِ وَأُخَرُ مُتَشَٰبِهَٰتٞۖ
«U senga Kitobni nozil qilgan Zotdir. Unda muhkam oyatlar bor – ular Kitobning aslidir va boshqalari mutashobihlar...» (7-oyat)
Ushbu oyati karimada Qur'oni Karimning oyatlari ikkiga – muhkam va mutashobihga bo'linishi haqida so'z ketmoqda.
Qur'oni Karimda kelgan muhkam – oydin oyatlarning ma'nolari ravshan, tushunilishi ham oson. «Ular kitobning aslidir», ya'ni o'sha muhkam oyatlar Qur'onning as-lini tashkil etadi. Shu bilan birga, Alloh iroda qilgan hikmat uchun Qur'onda mutashobih – bir-biriga o'xshash ma'nolarni bildiradigan, turlicha ma'noga burish mumkin bo'lgan oyatlar ham bor. Lekin bular juda ham oz bo'lib, kishilarning iymonini sinashga xizmat qiladi.
Ulamolar muhkam va mutashobihning ilmiy va aniq ma'nolarini chegaralashda hamda ularning har biri o'z ichiga olgan narsalarni belgilashda keng va ko'p ixtilof qilganlar. Shu bilan birga, ularning bu ikki narsaning ta'rifida aytgan gaplari ko'p bo'lishiga qaramay, mazkur ta'riflarni ikki asosiy yo'nalishga taqsimlash mumkin.
Birinchi yo'nalishga kirgan ulamolarning ta'rifida «Mutashobih ilmi – Alloh O'ziga xos qilib olgan va insonlardan hech kimga bildirmagan narsa» deyiladi. Bunga qiyomat haqidagi ilm hamda suralarning avvalidagi kesik alifbo harflari ilmiga o'xshash narsalar misol qilinadi. Albatta, bu qismdagi ta'riflar mutashobihning nozik ma'nosini o'z ichiga olgandir.
Ushbu yo'nalishdagi ta'riflarga misollar:
«Qur'onning muhkam oyatlari – ta'vili ma'ruf bo'lgan, ma'nosi va tafsiri fahmlanganlaridir. Mutashobih esa uni bilishga yo'l bo'lmagan, ilmini Alloh Uzi xoslab olgan va xalqiga bildirmagan qiyomat qoim bo'lishi vaqti va suralarning avvalidagi kesik alifbo harflari kabi narsalardir».
Imom Qurtubiy bu ta'rifni maqtagan va: «Bu mutashobihning ta'rifida aytilganlarning eng go'zalidir», degan.
«Muhkam – dalolati ravshan bo'lgan va nasxni qabul kilmaydigan narsadir. Mutashobih – aql bilan ham, naql bilan ham ma'nosini idrok etib bo'lmaydigan narsa bo'lib, ilmini Alloh taolo Uziga xoslab olgan, qiyomatning qoim bo'lishi va suralarning avvalidagi kesik alifbo harflari kabi narsalardir».
Ushbu ta'riflardan ochiq-oydin ko'rinib turibdiki, ta'rif egalarining fikricha, «muhkam» inson o'zining idroki va ta'vil qilish qudrati ila fahmlash hamda ta'vil qilishga qodir bo'lgan narsadir. «Mutashobih» esa ilmini Alloh taolo O'ziga xoslab olgan narsadir.
Ikkinchi yo'nalishga kirgan ulamolarning ta'rifida «mutashobih» keng ma'noda olingan bo'lib, idrok qilish qiyin bo'lgan, ma'nosida engillik bo'lmagan, tushunish uchun ta'vil lozim bo'lgan, ya'ni ma'noni boshqa tarafga burish kerak bo'lgan hamda uni bayon qilishda boshqa vositalarga ehtiyoj tushadigan oyatlarning barchasi mutashobih deyilgan.
Bu qismga oid ta'riflarning misoli quyidagilar:
«Muhkam faqat bitta ta'vilni ko'targan narsadir. Mutashobih esa bir necha ta'vilni ko'taradigan narsadir».
«Muhkam – dalolati kuchli bo'lgan nass va zohirdan iboratdir. Chunki bu ikkisi dalolatning kuchli bo'lishida ishtirok etadilar. Bunda nass boshqa narsani man qiladi, zohir esa boshqa narsani man qilmaydi.
Mutashobih esa dalolati kuchli bo'lmagan narsa bo'lib, mujmal, mu'avval va mushkillardir. Ularning har biri dalolati kuchli bo'lmagan dalillardir».
Ushbu ta'rifda kelgan ba'zi istilohlarni kengroq sharh qilishga ehtiyoj bor.
«Nass» so'zi lug'atda bir narsaning oxiriga va g'oyasiga etganini bildiradi. Ulamolar istilohida esa o'z ma'nosiga dalolat qilgan hamda undan ifoda olingan va boshqa ma'noning ehtimoli bo'lmagan narsa nassdir. Uning dalolati ravshan va ma'nosi chegaralangan bo'ladi.
Nassga Ixlos surasidagi Alloh taoloning «Alloh bittadir» degan so'zi misol bo'la oladi. Yana boshqa bir misol:
Alloh taolo Baqara surasida marhamat qiladi:
فَمَن لَّمۡ يَجِدۡ فَصِيَامُ ثَلَٰثَةِ أَيَّامٖ فِي ٱلۡحَجِّ وَسَبۡعَةٍ إِذَا رَجَعۡتُمۡۗ
«Kim topa olmasa, uch kun hajda, etti kun qaytganingizda ro'za tutish (vojib)» (196-oyat).
Hamma narsa ochiq-oydin, tushunish oson, ta'vilga, urinishga hojat yo'q. Islom ummati ushbu oyatlar muhkam ekaniga ijmo' qilgan.
«Zohir» so'zi bir ma'noga dalolat qilib, boshqa ma'noning kuchsiz ehtimoli bor lafzdir.
Misol uchun, «solat» so'zi lug'at ilmi ulamolari huzurida «duo» ma'nosini ifoda etadi va shu bilan birga, «namoz»ning kuchsiz ma'nosi ham bor. Shariat ulamolari huzurida esa bu so'z «namoz»ga dalolat qiladi va shu bilan birga, unda «duo»ning kuchsiz ma'nosi ehtimoli bor.
Alloh taolo Baqara surasida marhamat qiladi:
وَلَا تَقۡرَبُوهُنَّ حَتَّىٰ يَطۡهُرۡنَۖ
«Pok bo'lmagunlaricha ularga yaqinlashmanglar» (222-oyat).
Ushbu jumladagi «pok bo'lish»dan murod hayzdan keyin g'usl qilishdir. Hayzi to'xtagan ayol g'usl qilganidan keyin pok bo'ladi. Ammo shu so'zning ikkinchi, kuchsiz ma'nosi ham bor. U ham bo'lsa, hayzning to'xtashi. Ayol kishining xayzi to'xtashini ham «pok bo'ldi» deyiladi. Ammo ushbu ikkinchi ma'no kuchsizdir.
Demak, nassning ma'noga qiladigan dalolati boshqa ma'noni man qiluvchidir. Zohirning dalolati kuchli, ammo boshqa ma'noni man qiluvchi emas. O'sha ehtimoli bor boshqa ma'no kuchsizdir. Shuning uchun ham nass va zohir ikkisi muhkam deyiladi, chunki ularning ikkisining dalolati ravshan va ma'nolari chegaralangandir.
«Mujmal» – dalolati ma'nosiga ravshan bo'lmagan narsadir. Zohiriy mazhabidan boshqalar Qur'oni Karimda mujmal bor, deydilar.
Mujmalning bir necha sabablari bo'lib, ular quyidagilardan iborat:
Bunda lafz ikki yoki undan ortiq ma'noni anglatadigan bo'ladi. Misol uchun, Baqara surasidagi quyidagi oyatni olaylik:
وَٱلۡمُطَلَّقَٰتُ يَتَرَبَّصۡنَ بِأَنفُسِهِنَّ ثَلَٰثَةَ قُرُوٓءٖۚ
«Taloq qilingan ayollar o'zlaricha uch qur'u kutarlar»(228-oyat).
Ushbu oyatdagi qur'u so'zi bir-biriga zid ikkita ma'noni anglatadi. «Qur'u» bir ma'noga ko'ra hayzni anglatsa, ikkinchi ma'noga ko'ra uning teskarisini – hayzdan poklanish ma'nosini anglatadi. Shu bois tarjimada ham «qur'u» so'zi aynan olinadi, tarjima qilinmaydi. Chunki bu so'z arablarda ikki bir-biriga zid ma'noda ishlatiladigan so'z bo'lganidan uni arab tilidan boshqa tilga tarjima qilishning umuman iloji yo'q. Tafsirchilarimiz ham, fiqhiy mazhablar boshliqlari, ya'ni imomlarimiz ham bu masalada ikkiga bo'linganlar.
Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhi qur'uni hayz deb tushuntirganlar. Shunga binoan, «Taloq qilingan ayollar o'zlaricha uch qur'u kutarlar» jumlasidagi «uch qur'u kutarlar» birikmasining ma'nosi «uch hayz kutadilar» demakdir. Bundan kelib chiqadiki, eri bilan birga yashagan hayz ko'radigan ayolni eri taloq qilsa, u ayol o'zicha idda sanab, ketma-ket uch oy har oyning hayzini to'liq ko'rguncha o'tiradi. Shu muddat ichida iddadagi ayol nima qilishi kerak bo'lsa, shuni qiladi.
Shofe'iy mazhabida esa «qur'u»ni poklik deb tushunganlar. Shunga ko'ra ularda taloq qilingan ayol uch poklik o'tguncha kutadi.
Ikkinchi misol Baqara surasidagi quyidagi oyat:
وَإِن طَلَّقۡتُمُوهُنَّ مِن قَبۡلِ أَن تَمَسُّوهُنَّ وَقَدۡ فَرَضۡتُمۡ لَهُنَّ فَرِيضَةٗ فَنِصۡفُ مَا فَرَضۡتُمۡ إِلَّآ أَن يَعۡفُونَ أَوۡ يَعۡفُوَاْ ٱلَّذِي بِيَدِهِۦ عُقۡدَةُ ٱلنِّكَاحِۚ
«Agar ularga qo'l tekkizmay turib taloq qilsangiz va mahrni belgilab qo'ygan bo'lsangiz, belgilanganning yarmini berasiz, magar ular afv qilsalar yoki g'gakoh tuguni qo'lida bo'lgan kishi afv qilsa, (bermaysiz)»(237-oyat).
Ushbu oyatdagi «nikoh tuguni qo'lida bo'lgan kishi» degan jumla mujmal ma'nodir. U taloq qiluvchi erning o'zi bo'lishi ham yoki taloq qilinayotgan ayolning valiysi bo'lishi ham mumkin. Erning afv qilishi mahrning hammasini berishdan iborat. Valiyning afv qilishi esa mahrning yarmini ham olmaslikka qaror qilishidir.
Bunda jumladan bir so'z tushib qolgan bo'lib, uning o'rniga ikki narsani qo'yish ehtimoli bo'ladi.
Alloh taolo Niso surasida marhamat qiladi:
وَيَسۡتَفۡتُونَكَ فِي ٱلنِّسَآءِۖ قُلِ ٱللَّهُ يُفۡتِيكُمۡ فِيهِنَّ وَمَا يُتۡلَىٰ عَلَيۡكُمۡ فِي ٱلۡكِتَٰبِ فِي يَتَٰمَى ٱلنِّسَآءِ ٱلَّٰتِي لَا تُؤۡتُونَهُنَّ مَا كُتِبَ لَهُنَّ وَتَرۡغَبُونَ أَن تَنكِحُوهُنَّ
«Sendan ayollar haqida fatvo so'rarlar. «Alloh sizga ular haqida hamda siz ular uchun farz qilingan narsani bermaydigan va nikohlariga rag'bat qiladigan etim ayollar... haqida fatvo beradir», deb ayt»(127-oyat).
Ushbu oyatdagi «وَتَرۡغَبُونَ أَن تَنكِحُوهُنَّ» bitta harf hazf qilingan – tushib qolgan. O'sha tushib qolgan harf ikki harfdan biri bo'lishi ehtimoli bor. Yo «عَنۡ» harfi, yoxud «فِي» harfi. Arab tili qoidasi ikkisini ham ko'taradi. Ushbu ikki harfning har birini «تَرۡغَبُونَ» («targ'obuna») fe'lidan keyingi harf tushib qolgan joyga qo'yilsa, ma'no avvalgisidan teskari ma'noga aylanadi. («targ'obuna 'anhu») jumlasida «unga rag'bat qilmaysiz» ma'nosi bo'lsa, («targ'obuna fihi»)da «unga rag'bat qilasiz» degan ma'no anglanadi.
Arab tilida «rag'bat» so'zi o'zi bilan birga keladigan bog'lovchilarning holatiga qarab, o'zaro qarama-qarshi ikki xil ma'noni beradi. Agar «rag'bat» so'zi «fi» bog'lovchisi bilan kelsa, «qiziqish» ma'nosini bildiradi, «'an» bog'lovchisi bilan kelganda esa «sovish», «xohlamaslik» ma'nolarini anglatadi. Ushbu oyatda mazkur ikki bog'lovchidan hech biri kelmagan. Chunki umumiy ma'noda mazkur ikki xil ma'no ham bor. Ya'ni holatga qarab, etim qizni o'z qaramog'iga olgan odam, agar u chiroyli bo'lsa, nikohlab olishga qiziqishi ham mumkin, agar u xunuk bo'lsa, uning nikohiga qiziqmasligi ham mumkin. Demak, oyat ikki xil ma'noni ham ko'taradigan bo'lib kelgan. Bu Qur'onning mo''jizalaridan hisoblanadi.
Mu'avval – lug'atda «avvala» fe'lidan olingan maf'ul bo'lib, «borar joyga borgan» yoki «qaytar joyga qaytgan» degan ma'noni anglatadi.
Ulamolarning istilohida o'zi dalolat qiladigan ma'nolarning kuchsiziga qaytarilgan lafz «mu'avval»dir.
Ularni ta'vil qilish kuchli dalil bilangina bo'ladi.
Alloh taolo Hadid surasida marhamat qiladi:
وَهُوَ مَعَكُمۡ أَيۡنَ مَا كُنتُمۡۚ
«U qayerda bo'lsangiz ham siz bilaye birga»(4-oyat).
Ushbu jumladan odatda hissiy birgalik anglanadi. Alloh taologa nisbatan esa jism haqida so'z ham bo'lishi mumkin emas. Demak, o'ta ishonchli aqliy dalil Alloh subhanahu va taoloni hissiy, keyin paydo bo'ladigan va ma-konga bog'laydigan sifatlar bilan sifatlash aslo mumkin emasligiga dalolat qildi. Bas, shunday ekan, mazkur matnning ma'nosini boshqa tarafga burish – ta'vil qilish tayin bo'ldi. Shuning uchun Alloh subhanahu va taoloning O'zi yaratgan maxluqotlari bilan birga bo'lishi ilmi bilan, ularning holatlari va tasarrufotlarini qamrab olishi bilan, ularga etadigan qudrati bilan, rioyasi bilan bo'ladi, deya ta'vil qilinadi.
Mushkil – lug'atda «o'zidan boshqaning shakliga kiruvchi» degan ma'noni anglatadi. Boshqaning tusiga kirib, haqiqiy ma'nosini anglash mushkul bo'lib qolgani uchun ham bu turdagi oyatlar shu nom bilan atalgan. Mutashobih oyatlarni mushkil oyatlar desa ham bo'ladi.
Rog'ib Asfihoniy o'z tafsirida mutashobihni quyidagicha ta'riflaydi: «Qur'ondagi mutashobih lafz yoki ma'no jihatidan o'zidan boshqaga o'xshagani uchun tafsiri mushkul bo'lgan narsadir».
Ba'zi odamlarda Qur'oni Karimdagi tushunish qiyin bo'lgan oyatlarii mushkil deb atash bor.
Hullas, ushbu uch narsa – mujmal, mu'avval va mushkillarning bir necha ma'noga dalolat qilish ehtimoli borligi mulohaza qilinadi. Ular o'sha ma'nolardan biriga burilganda esa mazkur burilgan ma'no kuchli bo'la olmaydi.
KYeYINGI MAVZU:
Mutashobihning qismlari
Bu haqda Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, Bosh muftiy Navruzbay hoji Tag‘anuli 2025 yilgi vazifalarga doir ma’ruzasida ma’lum qildi, deya xabar beradi muftyat.kz.
“Imomlarning bilim va malakasini oshirish – zamon talabidir. Bu yo‘nalishdagi ish doimiy nazoratda. Imomlarga chuqur diniy bilim berish maqsadida Ostona shahrida Xusamuddin as-Sig‘oniy nomidagi Islom institutini ochdik va unga xorijdan tajribali ustozlar hamda olimlarni taklif qildik.
Bu yil Allohning izni bilan institutning birinchi bitiruvchilariga diplomlar topshiramiz va ularni mas’uliyatli diniy lavozimlarga tayinlaymiz. Ushbu xayrli ishlar davomi sifatida Allohning irodasi bilan bu yil Turkiston shahrida “Xo‘ja Ahmad Yassaviy” nomidagi Islom institutini ochish taraddudidamiz. Uning asosiy maqsadi janubiy hududdagi imomlarning malakasini oshirishdan iborat bo‘ladi. Shuningdek, mazkur o‘quv muassasasi huzurida “Ijoza” berish markazi ham tashkil etiladi. Bu janubiy hudud imomlarining bilim darajasini oshirishga yangi turtki beradi», – dedi Bosh muftiy.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati