Zehn (yoki xotira) – insonga Alloh taolodan berilgan buyuk ne'mat sanaladi. Shaxsning biror narsani esda olib qolishi, uni saqlashi va qayta esga tushirish qobiliyatiga zehn yoki xotira deyiladi.
Shar'iy ilmlarni o'zlashtirishda zehnning o'rni katta. Chunki bu sohadagi aksar ilmlar kitob ta'lif etishdan ko'ra naql (og'zaki) yo'l bilan etib kelgan. Aynan shu bois bo'lsa kerak, mutafakkir ulamolar zehnning o'tkir va kuchli bo'lishiga katta e'tibor berganlar. Zehnni kuchaytiruvchi vositalarga yaqin bo'lib, uni susaytiruvchi omillardan yiroq bo'lishga harakat qilganlar, shu bilan birga tolibi ilmlarga ham bularni tavsiya qilganlar.
Alloh taolo "Shuro" surasining 23-oyatida shunday marhamat qiladi: «Kim yaxshilik qilsa, o'sha ishida yaxshilikni ziyoda qilurmiz». Shunday ekan, zehn kuchli bo'lishi uchun solih amallarni ko'paytirishning ahamiyati ham katta. Hususan taqvoni kuchaytirish – ilm eshigi ochilishiga sabab bo'ladi. Bu haqida "Baqara" surasida shunday deyilgan: «Va Allohdan qo'rqing, (shunda) Alloh sizga o'rgatadi».
Imom Shofe'iy kuchli zehn egasi edilar. O'qigan narsalarini bir ko'rishda yod olish qobiliyati bo'lgan. Bir kuni zehnlarida sustlik sezib, ustozlari Vaki’ rohmatullohi alayhi huzurlariga shikoyat qilib keladilar. Shunda ustozlari Shofe'iyga gunoh va ma'siyatlardan yiroq bo'lishni buyuradilar. Chunki hifz Allohning fazli bo'lib, osiy Allohning fazli bilan hidoyatlana olmaydi. Shofe'iy ularning aytganlariga amal qiladilar va quvvai hofizalari yanada kuchli bo'ladi.
Zehnni kuchaytirish uchun quyidagilarga amal qilish tavsiya etiladi:
Alloh taologa ixlos ila duo qilish;
Nabiy (sollallohu alayhi vasallam)ga salovatni ko'paytirish;
Qur'on qiroati, aytiladiki: Qur'oni Karimni qarab o'qishdek hifzni ziyoda qiluvchi narsa yo'q. Qarab o'qish afzal, negaki Shaddod ibn Hakim do'stlaridan birini vafotidan so'ng tushida ko'rdi va unga: «Qaysi narsani o'zing uchun manfaatli ekanini bilding (vafotingdan keyin)?», dedi. U: «Qur'onga nazar solib qiroat qilish», dedi.
Jiddu-jahd;
Davomiylik;
Taomni ozaytirish;
Tungi namoz;
Misvokdan foydalanish;
Asal tanovul qilish. Imom Zuhriy aytadilar: «Asalni kanda qilma. Albatta u hifzni yaxshilaydi». Uni qora sedana yog'i bilan qo'shib eyish ovozni chiroyli qiladi va balg'amni ketkazadi. Choy o'rniga yalpiz qaynatib, so'ng qora sedana yog'idan bir necha tomchi tomizib, katta qoshiqda asalga qo'shib eyish zehnga musaffolik, jismga tetiklik bag'ishlab, tanadagi qand miqdorini kamaytradi;
Shakar bilan bosvelliyani tanovul qilish. Bosvelliya – xristianlarning diniy marosimlarida tutatiladigan isiriqsimon o'simlik;
Har kuni ertalab och qoringa 21 dona qizil mayiz tanovul qilish – bu zehnni kuchaytirish bilan birga ko'plab kasalliklarga davo bo'ladi;
Sut ichish. Bir kishi Ali (roziyallohu anhu)ning oldiga tez unutib qo'yayotganidan shikoyat qilib kelganida: «Sigir sutini ichib tur! U yurakni g'ayratlantirib, parishonxotirlikni ketkazadi», deganlar.
Zamzam ichish. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Zamzam nimaga ichilgan bo'lsa, o'shangadir», deganlar;
Pishirilgan baliq;
Loviya. Shofe'iy shunday marhamat qilgan: «Loviya miyani quvvatlaydi, miya esa aqlning bir bo'lagidir»;
Sirka tanovul qilish. Chunki uning balg'amga qarshi kuchi va shahvatni kesishi sobit bo'lgan. Payg'ambar (alayhissalom): «Sirka qandoq ham yaxshi nonxo'rakdir», deganlar;
Zehn namozini o'qish. Juma kuni kechaning oxirgi uchdan bir qismida to'rt rakat namoz o'qilib, zam suraga birinchi rakatda "Yasin", ikkinchi rakatda "Duxon", uchinchi rakatda "Sajda", to'rtinchi rakatda "Mulk" surasi tilovat qilinadi. Tashahhuddan keyin salovatni aytib, namozdagi holatida Qur'on yodlash duosini aytadi: «Yo Alloh tirik ekanman, menga ma'siyatlarni doimo tark etishim ila, o'zimga befoyda bo'lgan narsaga urinmaslik ila rahm qilgin. Seni rozi qiladigan narsaga meni muvaffaq qilgin. Allohim! Ey osmonlaru erni yo'qdan bor qilgan Zot! Ey ulug'lik, ikrom va mislsiz izzat Sohibi! Ey Alloh! Ey Rohman! Ulug'liging va Yuzingning nuri ila so'rayman. Kitobingni O'zing menga o'rgatganingdek yod olishni qalbimga lozim qilgin. Uni Sen rozi bo'ladigan tarzda tilovat qilishga muvaffaq qilgin…»
Balg'amni ko'paytiradigan narsalar iste'molini kamaytirish.
Zehnning sustlashishiga sabab bo'luvchi omillar:
Gunohlarning ko'pligi;
Dunyo ishlariga g'am-g'ussa chekish, mahzun bo'lish, chunki dunyo g'amlari qalbni zulmatdan xoli qilmaydi, yaxshiliklardan to'sadi. Ammo xushu bilan o'qilgan namoz g'am va qayg'uni ketkazadi;
Balg'amni ko'paytiruvchi narsalarni ko'p iste'mol qilish;
Ho'l kashnich, nordon olma iste'mol qilish. Ibn Shihob olma eyishni yomon ko'rar va «u unuttirar» der edi. Asal eyishni yaxshi ko'rar va «u eslatadi» der edi.
Osib qo'yilgan narsalarga qarash (masalan, dorga osilgan kirlarga);
Nomahramlarga nazar solish. Imom Nuriy shunday naql qiladi: «Shayximning uyida uch yil istiqomat qildim. U kishining olti qizi bor edi. Allohga qasamki, ularga hattoki ko'z qirimni ham tashlamadim. Shunda Alloh taolo xotiramga baraka berib uch oyda to'qsonta kitobni yod oldim»;
Ko'p go'sht eyish. Sha'biy: «Men unutish xavfi borligi uchun ko'p go'sht eyishni tark qilaman», der edilar.
Tizilib turgan tuyalar orasidan o'tish;
Yelkadan kumush asboblar orqali hijoma qo'ydirish;
Qabrtoshlarga yozilgan yozuvlarni o'qish;
Yerga bitni o'ldirmasdan, tirik holda tashlash.
Zikr qilinganlarning bari shunchaki omillar bo'lib, Alloh istasagina va tavfiq bersagina foyda beradi. Abu Solih ibn Muhammad Bag'dodiy: «Hifz Allohning hadyasi bo'lib, uni bandalaridan istaganiga beradi. Gohida takrorlash, amaliyot va kasb qilish bilan ham yuzaga keladi. Alloh kimni hifzga muvaffaq qilgan bo'lsa, eyishi unga zarar bermaydi», deb aytganlar.
Gulruh KYeNJABOY
Inson o‘zini eng bexavotir, emin-erkin sezadigan maskani uning uyidir. U o‘z uyida boshqaning nazari tushishidan, gaplari eshitilib qolishidan xavfsiramay, aziyat chekmay yashashi kerak. Aks holda, uning uyidagi rohat-farog‘ati ketadi, halovati yo‘qoladi. Donishmandlarning: «Uying sig‘dirsin», ‒ deb qilgan duo qilishlarida ajib hikmat yashiringan. Hattoki, zamonaviy qonunlarda uy-joy daxlsizligi haqida alohida moddalar mavjud. Axloqimizda esa birovning xonadoniga, huzuriga iznsiz nazar solgan, ruxsat so‘ramay kirgan kishi qattiq qoralanadi va odamlar bu yomon ishdan hamisha qaytarib kelingan.
Maskan ‒ har kim uchun muqaddas. “Maskan” so‘zi “yashash, sokinlik topish joyi” degan ma’noni anglatadi. Chunki u “sukun” so‘zi bilan o‘zakdosh. Bizda insonning o‘z oilasi bilan birga yashaydigan joyi “maskan” deyiladi. Inson hayotida xavfu xatardan omonlik topish, issiq-sovuqdan pana bo‘lish, molu mulkini daxlsiz saqlash, ahli ayoli bilan farog‘atda yashash, hayotdagi mashaqqatlar va charchashlardan dam olib, rohat topish uchun, qisqa qilib aytganda, barcha narsalardan sokinlik topish uchun bir maskanga muhtoj bo‘ladi. Shuning uchun ham Rasululloh (s. a. v.) keng maskan musulmon kishining saodati omillaridan biri ekanini o‘z hadislarida bayon etganlar.
Nofe’ ibn Abdulhorisdan shunday rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar (a. s.): «Keng maskan, solih qo‘shni va yaxshi ulov (markab) musulmon kishining saodatidandir», dedilar».
Albatta, maskan – turar joy odam bolasi umrining ko‘p qismini o‘tkazadigan yer. Umrning eng nozik va mas’uliyatli qismi odamning shaxsiy maskanida o‘tadi.
Maskanning keng bo‘lishi yashash sharoitining qulayligi ma’nosidadir. Kishi o‘z uyida yashash uchun barcha sharoitlarga ega bo‘lsa, saodatli bo‘lishi turgan gap. Umrining ko‘p qismi o‘tadigan maskanda o‘zi uchun kerak bo‘lgan barcha qulayliklar mavjud bo‘lsa, albatta, bu narsa ham saodat omillaridan biri bo‘ladi.
Inson dunyo hayotida yashar ekan, turli holatlarga duch keladi. Charchaydi, asabiylashadi, dam olgisi keladi, uxlaydi va hokazolar. Shunday paytlarda uning o‘z uyi o‘lan to‘shagiga aylanadi. Jamoatchilik joylari, safarda, mehmonxona yoki ijaraga turgan yerida kerakli sokinlikni topa olmaydi. O‘z uyiga esa bemalol kirib boradi, yechinadi, orom topadi, hordiq chiqaradi. Shuning uchun ham islomda keng maskan kishi saodati omillaridan biriga qiyoslangan.
Maskanning inson hayotidagi ulkan ahamiyati va zarurati e’tiboridan shariat musulmon insonlarga bu borada o‘ziga xos odoblarni joriy qilgan. Mazkur odoblar insonning o‘z maskanida baxt-saodat, huzur-halovat ila yashashini to‘la ta’minlaydi.
Inson yashaydigan maskanda, xususan, qshloq yerlarda ariq va zovurlar ko‘p bo‘ladi. Suv o‘tgan joy haddan tashqari toza bo‘lishi kerak. Agar agar ariq va zovurlarga qaralmasa, ular vaqti-vaqti bilan qazib, tozalanib turmasa, buning ustiga, har kim suvga har narsa oqizsa, axlat tashlasa, o‘t-o‘lanlardan tozalanmasa, aynan ana shu eng toza narsa amalda eng ko‘p mikrob tarqatadigan va bakteriya to‘playdigan joyga aylanishi hech gap emas. Hatto, shaharlar ichidan oqib o‘tgan ariqlar ham ba’zan juda qarovsiz holga tushib qolishiga ko‘p guvoh bo‘lamiz. Qarasangiz, uning chetidagi o‘t-o‘lanlarga nimalar ilakishib yotmaydi, eski ichki kiyimlar deysizmi, mushuk yo itning o‘ligi deysizmi, polietilen idishlar deysizmi... ‒ eh-he yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Bunday suv inshootlari atrofida pashsha bilan chivin, chigirtka va bilan qutsrbaqa ham ko‘paygandan ko‘payadi.
Mana bu hadislarning ma’no-mazmuniga e’tibor beraylik:
Abu Barza Aslamiydan (r. a.) rivoyat qilinadi:
“Ey Allohning Rasuli! Meni jannatga kiritadigan amalga yo‘llab qo‘ying", dedim. “Odamlarning yo‘lidagi ozor beruvchi narsani olib tashla” , – dedilar”.
Abu Hurayradan (r. a.) rivoyat qilinadi:
“Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam: “Bir odam yo‘lda yotgan tikanning oldidan o‘tib qoldi. “Albatta, mana shu tikanni olib tashlayman, birorta musulmon odamga zarar yetkazmasin”, dedi. Shu bois uning gunohlari mag‘firat qilinadi”,– dedilar”.
Abu Zarrdan (r. a.) rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Menga ummatimning amallari namoyish qilindi – yaxshisi ham, yomoni ham. Ummatimning eng yaxshi ishlaridan biri yo‘lda yotgan ozor beruvchi narsalarni olib tashlash ekanini ko‘rdim. Ularning eng yomon ishlaridan biri masjidda ko‘milmay qolgan balg‘am ekanini ham ko‘rdim”, – dedilar.
Ozodalik eng oliy darajada targ‘ib qilingan muqaddas islom dini ariq va zovurlarni ham toza tutishni talab qiladi. Dinimizda suvga tuflash qanchalar katta gunoh sanaladi.
Rasululloh (s. a. v.): «Albatta, Alloh xushholdir – xushhollikni yaxshi ko‘radi, pokdir – pokliklikni sevadi, saxovatlidir – saxovatni yaxshi ko‘radi, saxiydir – saxiylikni sevadi. Bas, hovlilaringizni ozoda tuting!..” ‒ deganlar. Bu hadis bandalardan hovli-joylar, ko‘cha-ko‘ylar, demakki, ariq-zovurlarni ham toza- ozoda tutishga chaqiradi.
Keyingi yillarda yurtimizda anhor va ariqlar atrofini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilindi. Yillar mobaynida ayrim fuqarolar o‘zboshimchalik bilan ana shunday oqar suvlar qirg‘oqlariga noqonuniy inshootlar qurib olib, bulardan o‘z manfaatlari uchun foydalanib kelishgan. Bu masalalar qonun doirasida hal qilindi.
Qur’oni karimda va hadisi shariflarda suv va uni qadrlash bilan bog‘liq ko‘p-ko‘p ma’lumotlar bor. Ularning bari bizdan ariq va zovurlarni toza-ozoda saqlashimizni talab qiladi.
Abdulg‘afur Razzoqov,
Bahouddin Naqshband jome masjidi imom-xatibi