Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Nurul izoh: HAJ KITOBI (2-qism)

10.11.2020   3100   17 min.
Nurul izoh: HAJ KITOBI (2-qism)

Makkaga kirishda qilinadigan amallar

  1. Hoji Makkaga kelgach, xushu' bilan, talbiya aytgan holda Masjidul Haramga kiradi.
  2. Ka'bani ko'rgach, uch bor takbir va tahdil aytadi.

3-4. Avval takbir va tahlil aytgan holda, Hajarul Asvadga yuzlanib, namozdagi kabi qo'llarini qo'taradi va qo'llarini tushirib ikki qo'lini toshning ustiga qo'yib, ko'llari orasidan toshni o'padi, buning iloji bo'lmasa, toshga biror narsani tekkizib, uni o'padi, buning ham iloji bo'lmasa, ikki qo'l kaftlarini ko'tarib u tomonga qaratib, takbir, tahlil, hamd va salavot aytadi, so'ng kaftlarini o'padi.

  1. So'ngra agar hoji makkalik bo'lmasa, Hatim (Ka'ba yonidagi yarim doira shakldagi devor) orqasidan Ka'ba atrofida o'ng elkasini ochgan holda, ridoni o'ng qo'ltig'idan o'tkazib, uchini chap elkasiga tashlab, etti marta qudum tavofini qiladi.
  2. Ushbu etti davralik tavofning ilk uchtasida hoji elkalarini harakat qildirgan holda tez-tez yuradi (raml).
  3. Qolgan to'rt tavofda esa viqor bilan sekin-asta yuradi.
  4. Har gal Hajarul Asvad yonidan o'tayotganida 3-4-bandda bayon etilgan amallarni qiladi. Har tavofda ruknul Yamaniyni imkoni bo'lsa, ikki qo'l kafti bilan siypaydi. Imkon topolmasa, qoldiradi.
  5. Tavofni 3-4-bandda bayon etilgan amallarni qilish bilan tamomlaydi.
  6. Tavofni tamomlagach, hazrat Ibrohim, alayhissalom, maqomida, buning iloji bo'lmasa, masjidning xohlagan joyida ikki rakat namoz o'qiydi, so'ng Baytullohning Hajarul Asvad va eshik oralig'iga borib, ikki qo'lini qo'yib o'ng yuzini bosadi va zamzam suvidan ichadi.
  7. So'ng Safo va Marva oralig'ida sa'y qilishni istasa 3-4-bandda aytilgan amallarni qayta bajaradi va Safoga ko'tariladi. Uning ustida Baytullohga qarab uch bor takbir va tahlil, Payg'ambarimizga salavot aytadi va qo'llarini ko'tarib istagancha duo qiladi. So'ng Marva tomon yuradi. Yo'ldagi ikki yashil chirog'i oralig'ida tez yuradi. Marvaga chiqib, Safoda qilgan amallarini takrorlaydi.
  8. Shu tariqa etti marta yuradi, Safodan boshlab Marvada bitiradi.
  9. So'ngra esa ehrom kiygan holda Makkada qoladi va xohlaganicha Ka'bani raml qilmay nafl tavof qiladi. Keyin Zulhijjaning 8 sakkizinchi kuni tongda Makkadan Minoga yo'l oladi va Arafa kuni bomdod namozini o'qiguncha Minoda turadi.
  10. Zulhijjaning to'qqizinchi kuni Minoda bomdod namozini o'qigach, Arafotga chiqadi va Rahmat tog'iga yaqin joyda zavol (peshin) vaqtidan hayit kuni tong otgunicha bo'lgan vaqt ichida bir lahza bo'lsa ham vuquf qiladi. Quyosh zavolidan so'ng imom juma namozining xutbasi kabi ikkita xutba o'qiydi. Hutbadan so'ng bir azon, ikki takbir bilan peshin va asr namozlarini bir vaqtda o'qiydi. Peshinning ikki rakat sunnati o'qilmaydi. Quyosh botgach, barcha hojilar Muzdalifaga borishadi va shom va xufton namozlarini bir azon va takbir bilan o'qiydilar va o'sha erda tunni o'tkazadilar.
  11. Zulhijjaning o'ninchi kuni (Qurbon hayiti kuni) bomdod namozini erta vaqtda o'qigach, Muzdalifada bir lahza bo'lsa ham vuquf qilib, takbir, tahlil va Payg'ambarimizga salavot aytadi va duo qiladi. Tong juda yorishgach, Minoga yo'l oladi va jamratul aqabaga etti dona toshchalarni bosh va ko'rsatkich barmoqlari bilan tutib, takbir aytgan holda bir-bir otadi. Birinchi toshchani otishi bilan talbiya aytishni to'xtatadi. Bundan so'ng, mufrid xohlasa, qurbonlik so'yadi va sochlarini qisqartiradi yoki to'liq oladi. Sochlarni to'liq oldirish afzaddir. Yuqorida sanab o'tilgan amallarni bajargach, ayoli bilan jinsiy aloqadan tashqari, ehromda taqiqlangan barcha harakatlar halol bo'ladi.
  12. So'ng hoji shu kuni yoki ertasiga yoxud uchinchi kuni Makkaga borib, Baytullohni etti marta tavofi ziyorat qiladi. Ammo Safo va Marva o'rtasida sa'y qilmaydi. Ziyorat tavofini Kurbon hayitining uchinchi kunidan keyinga qoldirish tahriman makruhdir. Ziyorat tavofining tamomi yoki aksariyat qismi bajarilgach, sochini qisqartgan yo oldirgan bo'lsa, ayoliga yaqinlashish ham mumkin bo'ladi.
  13. Ziyorat tavofidan so'ng Minoga qaytadi va tunni o'sha joyda o'tkazadi.
  14. Zulhijjaning o'n birinchi kuni zavol (peshin) vaqtidan so'ng, dastlab Heyf masjidi yonidaga tosh otish joyidan (jamratus-sug'ro) boshlab navbati bilan o'rta (jamratul-vusto) va (jamratul-aqoba)ga etgi donadan mayda tosh otadi. Har bir topshi «Bismillahi, Allohu akbar» deb otadi. Birinchi va o'rtadagi tosh otish joylarida tosh otib bo'lgach, takbir, tahlil va salovot aytib bir soat miqdoricha turadi, tosh otib bo'lgach, duo qiladi.
  15. Zulhijjaning 12-kuni ham 11-kun amallarini aynan takrorlaydi. Shunday qilib, haj ibodati yakunlanadi.
  16. Ertasiga Makkaga kelishda, Muhassab degan joyda qisqa muddatga bo'lsa ham, qo'nib o'tadi. Makkaga borgach, etti bor Vado tavofi qiladi. Ushbu tavof makkalik bo'lmaganlar uchun vojibdir.
  17. So'ngra Zamzam bulog'iga kelib, qonib ichadi.
  18. So'ngra Ka'ba ostonasiga kelib, eshigini o'padi.
  19. So'ng eshik bilan Hajarul Asvad orasidagi "Multazam" deb nomlangan joyga kelib, ko'kragani va o'ng yuzini Ka'baga suradi, Ka'bapo'shni ushlagan holda duo qilib, yig'laydi. Nihoyat, Baytullohdan yuz o'girmagan holda, orti bilan yurib Harami Sharifdan chiqadi.
  20. Ayollar ham xuddi erkaklardek haj qiladilar. Ammo ayollar boshlarini ochmasdan, faqatgana yuzlarini ochadilar, talbiyada ovozlarini chiqarmaydilar. Tavofda elkalarini qimirlatib, tez yurmaydilar va Safo va Marva orasida ham ohista yuradilar. Sochlarini oldirmaydilar, faqat biroz qisqartiradilar. Ehromda ham tikilgan kiyimlarni kiyishlari mumkin.
  21. Ayollar tiqilinch bo'lganida Hajarul Asvadga yaqinlashmaydilar. Uzoqdan ishora bilan salomlaydilar. Ayol ehromga kirayottanida hayzli bo'lsa, namoz o'qishi emas, balki ehrom kiyishi uchun yuvinadi va so'ng ehrom kiyadi. Faqat bunday holatda ayollar hajning barcha amallarini bajarsa-da, Ka'bani tavof qilmaydilar.
  22. Agar ayol Arafotda vuquf qilib va ziyorat tavofini bajargach, hayz qo'rsa, uning haj arkonlari tamomlangan hisoblanadi va uyiga qaytadi, vido tavofi qilolmagani uchun unga hech narsa lozim bo'lmaydi.

Umra

«Umra» so'zining lug'aviy ma'nosi ziyorat qilish demakdir. Shar'iy istilohda esa, Harami Sharifni belgilangan tartibda ziyorat qilish degan ma'noni anglatadi.

Umra sunnati muakkadadir.

Umraning vaqti va miyqotlari

Huddi hajda bo'lganidek, umraning ham ma'lum miyqoti mavjud. Umrani yil davomida bajarish mumkin. Arafa kuni, Qurbon hayitining birinchi kuni va tashriq (Zulhijjaning 11, 12, 13) kunlaridan tashqari, yilning boror kunlarida umra uchun ehromga kirish karohatsiz sahihdir. Bu sanab o'tilgan kunlarda umra uchun ehromga kirish tahriman makruhdir.

Hajning miyqotlari umraning ham miyqotlaridir. Faqat Makkada istiqomat qilayotganlar bundan mustasno, chunki ularning miyqoti Hilldir.

Rukni

Baytullohning atrofida etga marta yoki undan ko'proq tavof qilishdir.

Umraning sharti ehromdir.

Vojiblari

Safo bilan Marva orasida sa'y qilish, soch oldirish yoki qisqartirish.

Bajarish tartibi

Haj bo'limida bayon qilingan tarzda yuvinib, poklanib, ikki rakat namoz o'qigach, talbiya aytadi. So'ng: «Allohumma inniy uridul umrata fa yassirha liy va taqobbalha minniy» deb niyat qilish lozim. Ma'nosi: «Allohim, umra ibodatini ado etmoqchiman, meni bunga muvaffaq qilgin va bu ibodatni dargohingda qabul ayla».

Shunda umra uchun ehromga kirgan hisoblanadi. Ehromga kirgach, Baytullohni etti marta tavof qiladi Safo va Marva orasida sa'y qiladi. Shundan so'ng soch oldiradi yoki qisqartiradi. Shu bilan kishi umrani tamomlagan hisoblanadi.

Kichik haj hisoblangan umra faqat quyidagi xususlarda hajdan farq qiladi.

1) Haj farz amal bo'lsa, umra sunnati muakkadadir.

2) Umra uchun ma'lum vaqt belgilanmagan.

3) Umrada Arafotda vuquf qilinmaydi.

4) Umrada Muzdalifada turish yo'q.

5) Umrada shaytonga tosh otish yo'q.

6) Umrada ikki vaqt namozini jam' qilish yo'q.

7) Umrada qudum (tashrif) tavofi qilinmaydi.

8) Umrada vido tavofi ham yo'q.

Qiron haji

«Qiron» so'zi lug'atda ikki narsani birlashtirish degan ma'noni anglatadi. Shariat istilohida esa, haqiqatan yoki hukman bir ehrom bilan haj va umrani birgalikda ado qilish ma'nosini bildiradi.

Kishi ikki rakat ehrom uchun o'qigan (nafl) namozidan so'ng haj va umraga birdaniga niyat qilsa, uning haji qiron bo'ladi.

Hukmi

Qiron haji ifrod va tamatgu' hajlaridan ham fazilatliroqdir.

Qiron hajining shartlari

Qiron hajining ettita sharti bor:

  1. Umra tavofining barchasini yoki aksar qismini ado qilmasdan avval haj ehromiga kirish.
  2. Dastlab umra ehromiga kirgan (kishining) uni buzmasdan haj uchun ehromga kirishi.
  3. Haj uchun Arafotda vuquf qilmasdan avval umra tavofining barchasini yoki aksariyatini qilgan bo'lishi.
  4. Umra tavofining barchasini yoki aksariyatini haj mavsumida qilish.
  5. Umra va hajni buzishdan saqlanish.
  6. Qiron haji qiladigan kishining makkalik bo'lmasligi. Makkada istiqomat qilayotgan kishiga qiron haji qilmoqchi bo'lsa, haj mavsumidan avval boshqa joyga ketishi va o'sha erdan hajga kelishi lozim.
  7. Hajning vaqtini o'tkazib yubormaslik.

Ado qilish shakli

Qiron haj qiladigan kishi Makkaga kirgach, hajni avval umra tavofidan boshlaydi. Avvalsh uch tavof elkalarini qimirlatgan holda, tez-tez yurib etti davra tavof qiladi. So'ng ikki rakat tavof nomozi o'qiydi. So'ngra Safo bilan Marva orasida etti marta sa'y qiladi. Sochlarini oldirmaydi va qisqartirmaydi. Shu bilan umra nihoyasiga etadi. Bundan so'ng ayni ehrom bilan haj ibodatini boshlaydi va qudum tavofini ado etib, Safo bilan Marva orasida sa'y qiladi. Hajning qolgan amallarini bayon qilib o'tilgan tarzda bajaradi.

Allohga shukur

Qiron haj qilayotgan kishi hayitning birinchi kuni jamratul aqaba (shaytonga tosh otish joyi)da tosh otgach, bir safarda ikki ibodatni (haj va umra)ni ado etshiga muvaffaq qilgani uchun Alloh taologa shukrona niyatida bitta qo'y yoki katta hayvonni bir o'zi yoxud etta kishi birgalashib so'yadi va go'shtidan eydi, undan faqirlarga sadaqa qilishi mustahabdir. Agar bunga ojiz bo'lsa, uch kun kurbon hayitdan avval va haj amallari tugagach, etga kun ro'za tutib beradi. Hammasi bo'lib 10 kun ro'za tutadi. Ro'zani orada ba'zi kunlarni o'tkazib tutish ham joizdir.

Tamattu' haji

«Tamattu'» so'zi lug'atda foydalanish ma'nosidadir. Shariat istilohida haj oylarida umra uchun ehromga kirish va uni ado etgach, haj uchun yana qayta ehromga kirish ma'nosini beradi.

Hukmi va sahih bo'lish shartlari

Savobi bo'yicha umradan ustun, faqat Qiron hajidan keyingi o'rindadir.

  1. Umra tavofini to'liq (yoki ko'proq qismini) haj oylarida qilish.
  2. Umra ehromiga haj ehromidan oldin kirish.
  3. Umradan so'ng qilinadigan haj ibodatini buzmaslik.
  4. Umrani ado qilgach vataniga borib kelmaslik.
  5. Umra va hajni bir yilda ado qilish.
  6. Makkalik va u erda yashovchilardan bo'lmaslik.
  7. Agar haj oylaridan oldin umrani ado etib, Makkada qolgan bo'lsa, haj oylari kirgach, umrani qayta bajarishi lozim.

Tamattu' hajining qoidalari

Dastlab umra uchun miyqotda ehromga kiradi va ikki rakat namozdan keyin «Allohumma inni uridul 'umrata fayassirha liy va taqobbalha minni» (ma'nosi: Allohim men umra qilmoqchiman. Uni menga oson qil va qabul aylagin), deb niyat qiladi va talbiya aytadi.

Makkaga borganida umra uchun Ka'bani tavof qiladi, Safo va Marva o'rtasida sa'y qiladi, soch oldiradi yoki qisqartiradi. Shundan so'ng umra ehromidan chiqadi. Zulhijjaning sakkizinchi (tarviya) kuni Harami Sharifda haj uchun ehromga kiradi va haj amallarini aytib o'tilgan tartibda ado qiladi.

Allohga shukr

Hoji Kurbon hayiti kuni shaytongaa tosh otganidan so'ng, ikki ibodatni (haj va umra)ni bajarishga muvaffaq qilgani uchun Allohga shukr niyati bilan bitta qo'y yoki katta bir hayvon yoxud katta bir hayvonning ettidan bir qismini so'yadi. Undan o'zi eydi va faqirlarga tarqatadi.

Bunga qurbi etmasa, hayitdan oldin uch kun va haj amallaridan so'ng etti kun, jami o'n kun ro'za tutadi.

Makkaliklar, Makka va miyqot orasidagi hududda yashovchi kishilar Qiron, Tamattu' haj qilmaydilar.

 

KYeYINGI MAVZULAR:

Jinoyatlar

Qurbonlik so'yishni vojib qiladigan jinoyatlar

Fitr sadaqasi miqdoricha sadaqa berishni vojib qiladigan jinoyatlar

Zararning o'rnini qoplash qiymatini to'lashni lozim qiladigan jinoyatlar

Qurbonlik (hady)

Qurbonlikni so'yish vaqti

Qurbonlik so'yiladigan joy

Payg'ambarimizni, sollallohu alayhi va sallam, ziyorat qilish

Qurbonlik va nazr

Qurbonlikka oid hukmlar

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Dunyo tarixidagi eng yaxshi ummat

9.01.2025   1155   10 min.
Dunyo tarixidagi eng yaxshi ummat

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Hech shubha yo‘qki, xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning o‘limlariga sabab bo‘lgan hodisalardan tortib hazrati Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning o‘limlarigacha bo‘lgan davrda bo‘lib o‘tgan hodisalar Islom uchun, musulmon ummati uchun misli ko‘rilmagan musibat bo‘ldi.

Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati o‘rtasida bo‘linish yuz berdi. O‘sha paytgacha bir tanu bir jon bo‘lib, butun dunyoga Islom nurini taratib kelayotgan, butun insoniyatga xayru barakani ulashib kelgan dunyo tarixidagi eng yaxshi ummat ichida darz paydo bo‘ldi. Avvallari bu ummat vakillari ixtilof nimaligini bilmas edilar. Vaqti kelib, ular avval ikkiga, keyinroq uchga bo‘linib ixtilof qildilar. Xuddi o‘sha mash’um hodisalar tufayli boshlangan bu bo‘linishlar sekin-asta davom etib, musulmon ummatining sog‘lom tanasi ichidan turli-tuman toifalar chiqdi. Shiy’a, rofiza, xavorij va shunga o‘xshash boshqa har xil toifalarning kelib chiqishi aynan ana shu hodisalardan boshlangan edi.

Mazkur hodisalar tufayli musulmon ummati avval hokim shaxs haqidagi ba’zi mulohazalar bilan bahs boshlagan bo‘lsa, oxiri kelib iymon va kufr borasida bahs qiladigan, bir-birini kufr­ga ketganlikda ayblaydigan darajaga yetdi.

Ushbu hodisalar, avvalo, fitnachilarning hazrati Usmonga u kishi ishga qo‘ygan ba’zi voliylar haqida shikoyat qilishlari bilan boshlangan edi. Oxiri kelib xorijiylar o‘zlariga muxolif bo‘lganlarni, hatto hazrati Aliydek zotni kofirlikda ayblay boshlashdi. Tabiiyki, qarshi tomondan ham o‘ziga yarasha javob bo‘ldi.

Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati ichida bir-birining qonini o‘zi uchun halol bilish va bir-birini o‘ldirishni ravo ko‘rish boshlandi.

Birinchi marta fitnachilar hazrati Usmon roziyallohu anhuning qonlari va mollarini o‘zlariga halol hisoblab, u kishini o‘ldirib, mollarini talashdi. Ana shu nobakorlik oqibatida ishlar rivoj topib, «Tuya hodisasi»da, «Siffin»da bir necha o‘n minglab kishi halok bo‘ldi. Xorijiylar bilan bo‘lgan alohida hodisalarni qo‘shadigan bo‘lsak, bu hisob yana ham ortadi.

Bir tanu bir jon bo‘lib, dunyo xalqlarini birin-ketin bandalarning bandalarga sig‘inishidan Allohning ibodatiga, noto‘g‘ri dinlarning jabridan Islomning adolatiga, dunyo torligidan oxirat kengligiga, johiliyat zulmatlaridan Islom nuriga chiqarayotgan ummat bir-birini Robbiga ibodat qilishdan chiqarish, bir-biriga jabr qilish, Islomning kengligidan ixtilof torligiga, Islom nuridan jaholat zulmatiga o‘ta boshladi.

Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummatining guli, yetakchi kuchi bo‘lmish sahobai kiromlarning ko‘pchiligi nobud bo‘ldilar. Ularning ma’naviy kuchlariga futur yetdi.

Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati boshiga tushgan musibatlarni birma-bir sanab chiqish nihoyatda og‘ir ish. Shuning uchun bu borada gapni qisqa qilganimiz ma’qul.

Endi ijozatingiz bilan mazkur hodisalarga baho berish haqida bir necha og‘iz so‘z.

Bu hodisalar bo‘lib turgan vaqtlarning o‘zidayoq ularga baho berish boshlangan. Unda har bir tomon o‘zini haq, o‘zgani nohaq deb bilgan. Tarafkashlik bo‘lib turgan joyda bundan boshqa narsa bo‘lishi mumkin ham emas. Ammo mazkur hodisalarga baho berish ular bo‘lib o‘tganidan keyin nihoyatda avj olgani kutilmagan hol. Ushbu hodisalar bo‘lib o‘tgandan keyin turli sabablarga ko‘ra ularni baholash, «kim nima qilgan-u, kim nima qilmagan, aslida nima qilish kerak edi», kabi mavzularda munozaralar qizib ketgan. Bu borada har kim o‘sha to‘palonlar yuz bergan vaqtdagi har bir harakat va sakanot, har bir og‘iz gap va so‘zdan o‘z fikrini qo‘llashga, o‘zganing fikrini rad qilishga dalil izlagan. Tarafkashlik va nizo olovida qizib ketib, dalil topa olmay qolgan paytlarda o‘zidan qo‘shib yuborishlar bo‘lmaganiga esa hech kim kafolat bera olmaydi.

Tarafkashlik avj olgan joyda har kim o‘zining haq ekanini isbot qilishga urinib, o‘zida bo‘lmagan yaxshi sifatlarni bemalol da’vo qilganidek, o‘zida bo‘lgan salbiy sifatlarni taraddudsiz inkor etadi. Shu bilan bir vaqtda, qarshi tarafning barcha yaxshiliklarini inkor etgan holda, barcha yomonliklarni unga ag‘daradi. Mana shu jarayonda nima bo‘lsa bo‘ladi.

Islom ummati yolg‘on nima ekanini bilmas edi. Ammo fitnachilar o‘z qilmishlarini xaspo‘sh­lash, odamlarni ortlaridan ergashtirish maqsadida bu ummat ichiga «yolg‘on» degan illatni olib kirishdi. Jumladan, ular: «Bizga Aliydan xat keldi» «Bizga Oishadan xat keldi», «Bizga falonchidan xabar keldi» «U debdi», «Bu debdi» degan yolg‘onlarni ham tarqatishgan edi.

Fitnachilar mazkur mash’um hodisalar o‘tib ketganidan keyin ham o‘z tarafini olib, o‘zgani tanqid qilishda davom etaverishdi. Bu narsalar asta-sekin avj ola boshladi. Tarafkashlikda uchiga chiqqan tomonlar esa o‘z gaplarini tasdiqlash uchun oyat va hadislarni nohaq ta’vil qilganlari yetmagandek, yolg‘onlar to‘qib, hatto ularga hadis sifatini berishgacha yetib borishdi.

Ammo mas’ul kishilar, ulamolar bu nobakorlikni darhol bo‘g‘ib tashlash yo‘liga o‘tdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga oid barcha rivoyatlar yaxshilab himoya qilindi. Hadislarning darajalarini aniqlashning mustahkam qoidalari ishlab chiqildi. Bu borada fitnachilarning fitnasi o‘tmadi.

Ammo tarixchilar keltirgan rivoyatlarga bu qadar e’tibor qaratilmadi, chunki tarix haqidagi rivoyatlar din va e’tiqod masalalari bo‘yicha rivoyatlar ahamiyatiga ega emas, degan o‘y bor edi. O‘sha paytlarda bo‘lib o‘tgan hodisalar haqidagi rivoyatlar to‘plandi. Ammo ularni saralash va yaroqsizini tashlab yuborish ishlari qilinmadi. Bu narsa ayniqsa hukmdorlik uchun o‘zaro kurash olib borgan toifalarga qo‘l keldi. Ular turli asossiz rivoyatlardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish bilan birga, yetmay qolgan joylariga o‘zlaridan qo‘shib yuborishdi.

Asta-sekin sahobai kiromlarga til tekkizish boshlandi. Til tekkan sahobiyning tarafdorlari o‘ziga yarasha javob berishdi. Har kim o‘zi ergashgan shaxsni ulug‘lashga o‘tdi.

Ayniqsa, hazrati Aliy roziyallohu anhu haqlarida bunga o‘xshash gap-so‘zlar ko‘p uchraydi. Ba’zi g‘uluvga ketgan toifalar u zotni ilohlik darajasigacha ko‘targan bo‘lishsa, xorijiylarga o‘xshash kimsalar: «Kufrga ketdi», deyishgan.

Yana boshqa bir toifalar hazrati Aliy roziyallohu anhuning taraflarini olish maqsadida u zotni mazlum qilib ko‘rsatishga urinib, bosh­qa bir nechta katta sahobalarni esa kofirga chiqarib qo‘yishgan.

Bu masalalarga bag‘ishlangan majlislar, janjallar bo‘ldi, kitoblar yozildi, xutbalar o‘qildi. Nima bo‘lsa bo‘ldi, lekin ixtilof ko‘payib boraverdi.

Nihoyat, musulmonlar jumhuri – ahli sunna val ja­moa bu masalada ijmo’ ila eng adolatli va so‘nggi nuqtani qo‘ydi: orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda hazrati Aliy va u zotning ta­rafdorlari haq bo‘lganlar. Ular haqida boshqacha gap bo‘lishi mumkin emas. Bunga dalil va hujjatlar yetarli. Ularning eng ishonchli va kuchlisi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan sahih hadislardir. Xususan, Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu va Zul Sadyaynining hazrati Aliy roziyallohu anhuning fazilatlari haqidagi, kelajakda bo‘ladigan fitnalar haqidagi hadislari fikrimizga dalil bo‘la oladi.

Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarning aybdorlari Ibn Saba’ boshliq fitnachilar va xorijiylardir, barcha qilingan gunohlar ularning bo‘ynida. Ular haqida boshqa gap bo‘lishi mumkin emas.

Fitnachilar asosan Misr, Basra va Kufada tuxum qo‘yib, urchib ketishdi. Fitnaning bosh qarorgohi Misr edi. Uning Islom jamiyatining markazidan uzoqda joylashgani, u yerda haqiqiy ulamolarning, xususan, sahobalarning kam bo‘lgani va boshqa shunga o‘xshash omillar fitnachilarning o‘z fikr-mulohazalarini avom xalqqa yetkazishlariga katta imkon berar edi.

Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda fitnachilarga ham, hazrati Aliy roziyallohu anhuga ham qo‘shilmagan, balki u zotga talab qo‘yib, talabi bajarilgandagina bay’at qilishlarini ayt­gan toifa ham bor edi. Ularning gaplari va qilgan ishlari «Tuya» va «Siffin» hodisalaridan hammamizga ma’lum. Ushbu toifaning mashhur shaxslari sifatida Talha ibn Ubaydulloh, Zubayr ibn Avvom, Muoviya ibn Abu Sufyon va Amr ibn Os roziyallohu anhumni eslash mumkin. Ahli sunna val jamoa musulmonlari ularni: «Xato ta’vil va ijtihod qilganlar», deb baholaydi. Ular haqoratlanmaydilar, yomonlanmaydilar. Balki sahobiy bo‘l­ganlar boshqa sahobai kiromlar bilan bir qatorda ko‘riladi.

Ulamolarimiz va musulmonlar jumhuri bu ishda g‘oyatda talabchan bo‘lgani sababli bu haqda har bir musulmon shaxs e’tiqod qilishi lozim bo‘lgan narsani aqiyda kitoblarimizga bitib ham qo‘yganlar.

Jumladan, ahli sunna val jamoaning eng mash­hur aqiyda kitoblaridan biri bo‘lmish «Aqiydai Tahoviyya»da quyidagilar aytiladi:

«Biz ularning hammalari haqida yaxshilik bilan: «Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga nisbatan qalbimizda g‘ashlik qilmagin. Robbimiz, albatta, Sen o‘ta shafqatlisan, o‘ta rahmlisan», deymiz (Hashr surasi, 10-oyat).

Alloh taolo bizning qo‘llarimizni o‘z vaqtida bo‘lib o‘tgan fitnadan asragan. Biz Allohdan tillarimizni ham mazkur fitnadan saqlashini so‘raymiz».

«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi

Maqolalar