Anas roziyallohu anhu yosh bolalar oldidan o'tayotib ularga salom berdilar va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham yosh bolalarga salom berganlari haqidagi hadisni aytdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yoshlarga bo'lgan munosabatlari o'zgacha edilar. Ayniqsa yosh bolalarga nisbatan juda xam mexribon bo'lib, chiroyli muomala qilardilar. Hatto yosh bolalarning oldidan o'tsalar ularga birinchi bo'lib o'zlari salom berganlar. Payg'ambarimiz alayhisalomning bu darajadagi oliyjanobliklaridan butun insoniyat o'rnak olishi lozim.
Qarang, bu juda ham oson, ammo savobi ulkan, gunohlarni ketkazuvchi, jannatga etkazuvchi bo'lgan amaldir. Lekin dangasaligimiz, beparvoligimiz oqibatida bunga e'tibor bermaymiz, amal qilmaymiz. Ko'pchiligimiz hatto bilmaymiz ham. Avval bilmasak, endi bilib oldik. Endi bilganimizga amal qilaylik va boshqalarga ham etkazaylik.
Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini yoyilishiga xizmat qilish u zotga bo'lgan muhabbat va ehtiromning yuksak namunasi hisoblanadi. U zot sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini aniqlik bilan etkazganlarning haqqiga: “Mening gapimni eshitib, yodlab, singdirib, so'ngra etkazgan odamni Alloh ne'matlantirsin”, deb duo qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo barchamizga har bir ishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishimizga tavfiq ato etsin, omiyn!
Allohumma solli va sallim 'ala Muhammadin va 'ala oli Muhammad
Davron NURMUHAMMAD