Qoraqalpog'iston Respublikasi Ellikqal'a tumani «Amirobod» ovul fuqarolari yig'inidagi «Safo» jome masjidi o'tgan asrning 1955-yillari qurilgan. 2000-yilgacha har hil tashkilotlar xizmat uyi sifatida foydalanib kelgan. Masjid 2000-yili «Safo» nomi bilan Adliya vazirligidan rasmiy ro'yxotdan o'tib faoliyat ko'rsata boshladi. Eski masjid imorati aholiga noqulay jaydan qurilgan, yonida avtotransport va piyodalar yo'li yo'q. Shu bois kuz va qish mavsumida masjidga boruvchilar, jumladan nuroniy otaxonlarga muammo tug'dirar edi.
2018-yili homiylar va mahalliy aholining ko'magi bilan mazkur masjidning yangi imoratining qurilishi boshlanib, 2020-yili qurilish va obodonlashtirish ishlari yakunlandi
29-oktyabr' kuni «Safo» masjidining yangi imoratini foydalanishga topshirish marosimi bo'ldi. Unda Ellikqal'a tumani hokimi S. Avezov, Qoraqalpog'iston musulmanlari qoziyoti qozisi Sh. Bauaddinov, tumandagi masjid imom-xatiblari, faxriy nuroniylar ishtirok qildilar. Tuman hokimi S. Avezov, Qoraqalpog'iston musulmanlari qoziyoti qozisi Sh. Bauaddinovlar so'zga chiqib, namozxonlarni bu qutlug' dargoh, go'zal koshona, e'tiqod maskani bilan qutladilar, so'nggi yillarda mamlakatda din erkinligi sohasida, namozxonlarning ibodat qilish sharoitlarini yaxshilash bo'yicha olib borilayotgan ishlar haqida alohida to'xtalib o'tdilar. Tuman aholisini masjid ochilishi bilan tabrikladilar.
Masjid qurilishida o'z kumaklarini ayamagan insonlarga tashakkurnoma va qimmatbaxo sovg'alar topshirildi.
Masjid kishini o'ziga ohangrobodek tortadi. Loyihaga asosan o'ta mustahkam ta'mal toshi ustiga pishiq g'ishtdan qurilgan. Masjid majmuasida 300-350 nafar namozxon uchun zarur bo'lgan barcha shart–sharoitlar yaratilgan. Mo'jazgina kutubxona tashkil etilgan. Masjid chorburchak shaklida bo'lib, uning qishki namozxonasi tepasida mahobatli gumbaz qad rostlagan.















Qoraqalpog'iston musulmonlari qoziyoti.
Muborak Ramazon oyida insonparvarlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat, kam ta’minlangan va ehtiyojmand shaxslar, yordamga muhtoj oilalarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish maqsadida bir qator amaliy chora-tadbirlar belgilab olingani e’tiborga molik.
Jumladan, respublikadagi 8 ming 992 ta mahallada “yettilik” tavsiyasi asosida hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda 100 ming nafar nogironligi bo‘lgan, yakka-yolg‘iz, boquvchisini yo‘qotgan va ijtimoiy reyestrga kiritilgan fuqarolarning manzilli ro‘yxati shakllantirildi.
Ro‘yxatga kiritilgan fuqarolar tarkibi asosan ehtiyojmand ayollar, boquvchisini yo‘qotganlar, yakka-yolg‘izlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ijtimoiy reyestrdagi fuqarolar, “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turganlardan iborat ekani e’tiborli.

Mazkur fuqarolarga davlat ko‘magi sifatida 100 ming dona Ramazon sovg‘alari tayyorlandi. Har bir sovg‘ada 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari jamlangan (un, o‘simlik yog‘i, guruch, shakar, makaron, grechka, xurmo, pechene, qora choy, ichimlik suvi).
Transport vazirligi bilan birgalikda oziq-ovqat mahsulotlari markazlashgan holda hududlarga yetkazilib, hududiy omborlarga joylashtirilmoqda.
Tuman (shahar) hokimlari boshchiligida, tegishli mutasaddilar ishtirokida ishchi guruhlar shakllantirilib, mahsulotlar mahallalarda “yettilik” a’zolari va faollar tomonidan ehtiyojmand oilalarga manzilli yetkazilishiga e’tibor qaratiladi.
Aytish kerakki, respublika bo‘yicha (oila soni, mahsulot turi va miqdori kesimida) yagona hisobot yuritiladi.
Ramazon oyida barcha mahallalarda ehtiyojmand oilalar xonadonlarida mahalla raislari tomonidan iftorlik dasturxonlari tashkil etiladi. Unga jami 629 ming nafardan ortiq obro‘-e’tiborga ega nuroniylar, ko‘cha (uy) boshilar, ijtimoiy daftar va “Ijtimoiy reyestr”dagi fuqarolar jalb etiladi.

Iftorliklarda diniy ulamolar tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, shukronalik hissini oshirish va ma’naviy qadriyatlar haqida ma’ruzalar qilinadi.
Har bir mahalladan 5 nafardan, jami 45 ming nafardan ortiq kambag‘al oilalarning uy-joylari hashar yo‘li bilan ta’mirlanadi. Har bir mahalladan 10 nafardan, jami 100 mingga yaqin kambag‘al oilalarning tomorqalariga sabzavot, poliz, kartoshka va boshqa turdagi ekinlar ekiladi.
20 ming nafar ehtiyojmand oila a’zolarining muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlarga sayohatlari tashkil etiladi. Barcha mahallalarda kayvoni va hoji onaxonlar ishtirokida sumalak sayllari o‘tkaziladi.
Mazkur xayriya va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni O‘zbekiston mahallalari uyushmasi mas’ulligida barcha mahallalarda yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish choralari ko‘riladi.
N.Usmonova, O‘zA