Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu salomlar bo'lsin.
Aziz mo'min-musulmon yurtdoshlar! Kuni kecha ijtimoiy tarmoq sahifalarida dinimizning ilohiy manbasi va eng muqaddas kitobi – Qur'oni karimga nisbatan hurmatsizlik aks etgan videolavha tarqaldi hamda keskin bahs-munozara va noroziliklarga sabab bo'ldi.
Ma'lumki, Alloh taolo Qur'oni karimni insoniyatga hidoyat va ezgulik manbai o'laroq nozil qilgan. Shu nuqtai nazardan, qolaversa, qonunchilikka ko'ra, inson kim bo'lishidan qat'iy nazar muayyan din vakilining diniy tuyg'ulari, qadriyatlari hurmat qilinishi shart, ularning tahqirlanishiga yo'l qo'yilmaydi.
Ota-bobolarimiz qadim-qadimdan Qur'oni karimni ko'ksilaridan pastda tutmaganlar, joynamozlarini ham doimo baland joyga qo'yganlar. Masjid atrofidan ohistalik bilan o'tganlar. Azon aytilayotganda behuda so'z aytmaganlar. Ana shu jihatlardan kelib chiqqanda, tarqalgan videolavhadagi holat yurtimiz mo'min-musulmonlarining keskin noroziligiga sabab bo'ldi.
Shu o'rinda, O'zbekiston musulmonlari idorasi Qur'oni karimni oyoq osti qilish holatini qattiq qoralashini hamda bu noinsoniy harakat hech qaysi diniy ta'limotga ham, aqlga ham, umuman olganda, insoniylik tamoyiliga ham to'g'ri kelmasligini bildiradi.
Kezi kelganda, mo'min-musulmon yurtdoshlarimizga bunday manfur xatti-harakatlarga nisbatan tajovuzkorona emas, balki aqlni ishlatib munosabat bildirish lozim ekanini ta'kidlaymiz. Chunki, qonun hujjatlariga muvofiq milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab, aholi guruhlariga nisbatan adovat, murosasizlik yoki nifoq keltirib chiqarish maqsadida milliy sha'n-sharaf va qadr-qimmatni kamsitishga, fuqarolarning his-tuyg'ularini haqoratlashga qaratilgan qasddan qilingan harakatlar javobgarlikka asos bo'ladi. Shunday ekan, bu fuqaroning qilmishi ham, albatta, qonuniy asosda ko'rib chiqiladi.
O'z navbatida, Qur'oni karimni tahqirlagan mazkur fuqaroning shaxsini aniqlash bo'yicha huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar tomonidan amaliy sa'y-harakatlar olib borilayotgani hamda konstitutsiya va qonun hujjatlariga zid ravishda diniy adovat chiqarishga yo'naltirilgan xatti-harakatlariga nisbatan qonuniy chora ko'rilishini ta'kidlaymiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish takliflari ma’qullangan.
Bu haqda 2025 yil 21 apreldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonida bayon etilgan.
Farmonga muvofiq, Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazining asosiy vazifalari etib quyidagi vazifalar belgilangan:
a) buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish;
b) tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish;
v) naqshbandiylik ta’limotining ezgu g‘oyalarini tadqiq etish uchun ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bag‘ishlangan anjuman, konferensiya, ko‘rgazma, seminar-trening, tanlovlar hamda boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish;
g) tasavvuf ta’limotining ilmiy asoslangan g‘oyalarini targ‘ib qilish, soxta tariqatchilikning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.
Alloh taolo ushbu markazning xalqimiz ilmu ma’rifati va yoshlarimiz ta’lim-tarbiyasi yo‘lidagi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati