Kun tarixi
Vatanimiz tarixidagi 29 oktyabr' sanasi bilan bog'liq ayrim voqealar bayoni.
1197 yil (bundan 823 yil oldin) – buyuk faqih, imom Burhoniddin Marg'inoniy ikkinchi marta haj safariga otlanganda Samarqandni tark etishga ulgurmay og'ir xastalikdan vafot etdi. Tarixchi Abu Tohirxoja Samarqandiyning “Samariya” asarida yozilishicha, bu hodisa hijriy 593 yil zulhijja oyining o'n to'rtinchi kuni seshanbada (milodiy 1197 yil 29 oktyabrda) sodir bo'ldi. Uni musulmon olamining eng tabarruk qabristonlaridan biri – Chokardiza qabristoniga dafn etganlar.
Mavlono Burhoniddinning qabri to'g'risida Abu Tohirxoja Samarqandiy jumladan shunday deydi: “Mavlono Burhoniddin al-Marg'inoniyning mozori... Chokardiza qabristonida, katta ko'chaning kunbotarida, hovuzga o'xshagan chuqurning yonidadirkim, shu katta yo'l o'sha hovuz orqali sharqiy-shimolga qarab o'tadi. Mavlono Burhoniddinning qabri o'sha katta yo'lning janub tarafida, pishiq g'ishtdan qilingan baland sufadadir”.
Ma'lumot o'rnida qayd etish joizki, Burhoniddin Marg'inoniyning “Kitob al-Hidoya” (qisqacha nomi “Hidoya” – “To'g'ri yo'l”) asari nafaqat Movarounnahrda, balki butun islom sharqida bir necha tillarga tarjima etilib ma'lum va mashhur bo'lib ketgan. Bu kitob fiqh ilmi bo'yicha eng aniq, izchil, mukammal asardir. Undan asrlar davomida islom huquqshunosligi bo'yicha nufuzli huquqiy manba – asosiy qo'llanma sifatida foydalanilgan.
O'zbekiston Milliy entsiklopediyasida yozilishicha, alloma nafaqat ulamolar, balki oddiy xalq orasida ham “hidoyat yo'lining sarboni” deya katta hurmat-e'tibor topgan. Burhoniddin valmilla (islom dinining dalili, isboti) degan sharafli nomga sazovor bo'lgan. Hozir ham jahondagi ko'p oliy o'quv yurtlarida musulmon huquqshunosligi fanlari Burhoniddin Marg'inoniyning fiqh ta'limoti asosida o'rganiladi.
O'zbekistonda 1997 yilda milodiy sana bo'yicha ulug' alloma vafotining 800 yilligi, 2000 yilda hijriy sana bo'yicha tavalludining 910 yilligi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Marg'ilon shahri markazida Burhoniddin Marg'inoniy yodgorlik majmui bunyod etilib, shu erda uning ramziy maqbarasi o'rnatildi.
1842 yil (bundan 178 yil oldin) – Buxoroga safar qilgan Hiva xoni Olloqulixon Hivaga qaytib keldi. Bu vaqtda 19 oktyabrdan beri Danilevskiy boshchiligidagi rus diplomatik missiyasi Hivada xonning qaytishini kutayotgan edi. Ertasi kuni biroz betob bo'lishiga qaramasdan xon rus elchilarini qabul qildi. Keyingi muzokaralar esa faqat 10 noyabrda bo'lib o'tdi. Oradan 2 hafta o'tgach, Olloqulixon dunyodan o'tdi.
1942 yil (bundan 78 yil oldin) – Ikkinchi jahon urushi davrida Shimoli-g'arbiy front, keyinchalik uchinchi Boltiqbo'yi frontida harbiylar uchun o'zbek tilida “Vatan uchun” nomli gazeta chiqa boshladi. Unda hukumatning rasmiy xabarlari, frontdagi janglar, O'zbekistondagi voqealar, xorijda sodir bo'layotgan turli yangiliklar, xullas, o'z o'quvchilarini xilma-xil axborotlar bilan tanishtirish orqali harbiylarda jangovarlik, vatanparvarlik, qahramonlik his-tuyg'ularini yuksaltirishga harakat qilingan.
1997 yil (bundan 23 yil oldin) – Toshkentda Niderlandiya Qirolligi konsulxonasining ochilish marosimi bo'lib o'tdi. G'arbiy Yevropada, Shimoliy dengiz sohilida joylashgan mazkur davlat O'zbekiston Respublikasi suverenitetini 1991 yil 31 dekabrda tan olgan, ikki davlat o'rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yil 10 iyulda o'rnatilgan.
2000 yil (bundan 20 yil oldin) – O'zbekiston Respublikasining boksni rivojlantirish va qo'llab-quvvatlash jamg'armasi tuzildi. Ma'lumot o'rnida qayd etish joizki, O'zbekistonda zamonaviy boks XX asrning 20-yillaridan ommalashdi. Tariximizdagi ilk boks musobaqasi 1922 yil Toshkentdagi “Fortuna” sport jamiyatida o'tkazilgan. O'zbekiston Respublikasi Boks federatsiyasi 1993 yildan Halqaro bokschilar assotsiatsiyasi – AIBA a'zosi.
2019 yil (bundan 1 yil oldin) – O'zbekiston Respublikasining “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to'g'risida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonunning maqsadi ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Alisher EGAMBYeRDIYeV
tayyorladi
O'zA
Toshkentning mashhur Hazrati Imom majmuasi hududidagi 10 gektar maydonda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi binosi uch qavatdan iborat bo‘lib, uzunligi 161 metr, eni 118 metrni tashkil etadi.


Gumbazining balandligi 65 metr, umumiy foydalanish hududi esa 42 ming kvadrat metrdan ziyod.
Markaz binosi Prezident Shavkat Mirziyoyevning me’moriy g‘oya va takliflari asosida loyihalashtirilgan.


Prezident Shavkat Mirziyoyev jamoatchilik vakillari bilan birgalikda ulug‘ ayyomlar – muborak Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami oldidan rasman o‘z eshiklarini ochgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov xalqimiz uchun muborak tuhfa bo‘lgan majmuaning ahamiyatiga to‘xtaldi.


– Islom sivilizatsiyasi markazi ham ilmiy, ham e’tiqodiy nuqtayi nazardan o‘tmish va bugunni bog‘lovchi ko‘prik vazifasini o‘taydi. Uning faoliyatini butun dunyo, ayniqsa, ilm ahllari, olimlar diqqat bilan ko‘tayotgan edi. Kelib ziyorat qilishni niyat qilishar edi.
Bugun ezgu niyatlarimizga erishdik. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat yurtimiz ahli, balki butun dunyo uchun tuhfa bo‘ldi.