Andijon viloyati bosh imom-xatibiMirmaqsud ALIMOV bilan suhbat
– Assalomu alaykum, domla. Avvalo, yaqinda yanada mas'uliyatli lavozim – viloyat bosh imom-xatibligiga tayinlanganingiz bilan muborakbod etamiz. Ma'qul ko'rsangiz, eng xavfli illat bo'lib kelgan fitna mavzusida suhbatlashsak...
– Va alaykum assalom va rahmatulloh. Tashakkur. Alloh taolo hammamizning yuzimizni ikki dunyoda yorug' qilsin. Darhaqiqat, bu illatdan saodat asrida ham Rasuli muhtaram Muhammad sollallohu alayhi va sallam ogohlikka chaqirganlar. Hanafiy mazhabining ko'zga ko'ringan yirik olimlaridan Imom Zaynuddin Birgaviy rahimahulloh “Tariqat ul-Muhammadiya” asarida islomiy odob-axloq, xususan, qalb xastaliklari borasida so'z yuritar ekan, qirq sakkizinchi o'rinda “Fitna” haqida alohida to'xtalgan.
Imom Muhammad Hodimiy asarni sharhlar ekan, quyidagilarni aytadi: “Ma'naviy illatlardan yana biri fitnachilikdir. Fitna deb odamlarni iztirob, ixtilof, mashaqqat va baloga giriftor qilishga aytiladi. Masalan, xalqni davlatga qarshi chiqishga targ'ib qilish, va'z aytishda tinglovchilarning saviyasini hisobga olmasdan tushunmovchilik keltirib chiqaruvchi murakkab tilda gapirish kabi holatlar umumma'noda fitnaga misol bo'ladi. Shuningdek, kitob mutolaa qilishda ehtiyotsizlik qilib, tushunib-tushunmasdan ommaga noto'g'ri tushuncha berib qo'yish ham fitna deyiladi”.
– Har maqomning o'z maqoli, har maydonning o'z rijoli bor, deyiladi. Ulamolar: “Kimki o'z davri urf-odatlarini bilmasa, bas, u johildir!” deyishadi.
– Ha, amri ma'ruf, nahyi munkar qilish ham yuqoridagi qabildadir. Bu ikki amal, garchi qirq farzdan bo'lsa-da, o'z o'rnini topib qilinsa, maqsadga muvofiq bo'ladi. To'g'ri kelgan joyda amri ma'ruf, nahyi munkar qilib ketavermaslik kerak. Odamlarning holini, saviyasini hisobga olish shart. Aks holda munkar ishlar ko'payib ketishiga sababchi bo'lib, tinglovchini yana ko'proq taassubga berilishiga zamin yaratib beradi. Bundan tashqari o'z boshiga ham balolar orttirib olishi ham mumkin.
Abu Dardo roziyallohu anhu aytadi: “Kimki birodariga omma oldida oshkora nasihat qilsa, bas, uni ayblabdi. Agar yolg'iz o'ziga gapirsa, bas, uni tuzatibdi”. (“Al-bariqat ul-mahmudiya fi sharhi tariqat il-Muhammadiya”, 3-juz, 152-bet.)
Tinch, osuda hayot kechirib turgan odamlar orasidan halovat va tinchlik ko'tarilishiga sabab bo'ladigan har qanday fitna harakatlari aslida odamlarning qonini to'kishdan ham og'ir, yomon oqibatlarga olib keladigan gunohdir. Alloh taolo Baqara surasida ta'kidlagan: «Fitna qotillikdan ham yomondir» (191-oyat).
– Ho'sh, bugungi texnik taraqqiy etgan, yolg'iz kishiga ham qo'lidagi telefon orqali bir zumda yolg'on xabar etib kelishi mumkin bo'lgan zamonda fitnadan qanday saqlanish mumkin?
– Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Yaqin orada fitnalar bo'ladi. O'sha chog'da o'tirib olgan odam tik turgandan yaxshiroqdir. O'rnida jim tik turgan esa, yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Yayov yurgan esa, tez-tez yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Kim o'sha fitnalarga e'tibor bersa, uni fitna o'ziga tortib oladi. Kimki qutulishga joy topsa, o'sha joyda fitnadan himoyalansin” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Bu hadisga diqqat qilar ekanmiz, Rasul alayhissalom kinoya bilan ham fitnaga aralashib qolishdan qattiq qaytarmoqda. Tik turgan odam bilan o'tirgan odam deganda, fitnaga qiziqib turgan odam bilan unga e'tibor qilmagan odam nazarda tutilmoqda. Demak, fitnachilar haqida qiziqishdan ko'ra, ularga aslo e'tibor qilmaslik yaxshi ekan. O'rnida jim tik turgan odam bilan yurayotgan odamdan murod esa, fitnaga qiziqib turgan va fitnaga qo'shilish uchun harakatga tushganlardir. Demak, fitnaga qo'shilish uchun harakatga tushgandan, unga qo'shilmay, shunchaki qiziqqan durustroq sanalmoqda. Yayov yurgan odam bilan tez-tez yurayotgan odamdan murod esa, fitna sari tez harakat qilayotganlardan ko'ra, sust harakat qilayotganlar Allohning nazdida sal tuzukroq odam, demakdir. Bu illat qora tunda qora toshning ustidagi qora o'rgimchak misoli jamiyatga kirib kelar ekan, unga aralashgan odam darhol chiqib ketishi qiyin. Chunki fitna odatda jozibali bo'ladi, unga qiziqqanlarni darrov jalb qiladi. Mo'min kishi har qanday og'ir bo'lmasin, fitnadan qochishi kerak.
– Albatta. Turli baloyu ofatlar qatorida fitna illatidan ham panoh berishini so'rab qilinadigan duolar bordir...
– Qur'oni karimda bunday marhamat qilinadi: «Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi...» (G'ofir surasi, 60-oyat). Mana shu oyatning o'zi Rabbimizga alohida bir duo bilan emas, o'z tilimizda, istagan narsamizdan panoh tilab duo qilishimiz uchun asosdir. Qolaversa, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam fitnadan saqlashini so'rab, Allohga duo qilgani haqida sahih rivoyatlar bor. Masalan, mana bunday deb duo qilganlar: “Maxluqlari yomonligidan, osmondan tushib yana ko'tarilganlar yomonligidan, er yuzida ko'payib tarqalgan va er yuzidan chiqqan (barcha) narsaning yomonligidan, tun va kunduz yomonligidan, (eshigimizni) yaxshilik bilan qoqqan har kimning tashqarida qolgan yomonligidan Allohdan panoh tilayman, yo Rahmon, O'zing asra!” (Imom Ahmad, (3/419), sahih isnod bilan; Ibn Sunniy, 637-h. Abdulqodir Arnavut sahih ekanini aytgan. Qarang: Tahoviy, 133-h.; “Majmauz zavoid”, 10/127).
Sunnatga ko'ra, biz ham fitnadan saqlashini so'rab, Rabbimizga yolvoramiz. Alloh taolo har birimizni fitna balosidan asrasin.
A.HUDOYBYeRDIYeV
suhbatlashdi
Avvalambor, biz bu mavzuda gap boshlar ekanmiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash – yurt taraqqiyoti va xalq farovonligining garovi” mavzusidagi ma’ruzasida aytgan: “Mamlakatimizda yoshlarning ma’naviy qiyofasini mustaqillik mafkurasi, uning insoniy tamoyillari asosida shakllantirishga bosh vazifa sifatida qaralayotgani bejiz emas. Yoshlar jamiyatda sodir bo‘ladigan har qanday voqeliklarga o‘zgacha, ruhiy his kechinmalar doirasida munosabat bildiradilar. Qiyinchiliklar vujudga kelganda esa ehtiroslarga beriladilar. Shuning uchun bizning oldimizda turgan muhim masala — yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashdir” - deya ta’kidlagan ushbu nutqlariga e’tiborimizni qaratishimiz o‘rinlidir.
Demak, mafkuraviy tahdid tushunchasi nimaligi haqida bir mulohaza: mafkuraviy tahdid - ijtimoiy-siyosiy harakat, oqim yoki siyosiy kuch o‘z manfaatini ifodalovchi mafkurasini qo‘rqituv, zo‘rlik yo‘li bilan boshqalarga singdirishdir. Mafkuraviy tahdid jamiyat, davlat yoki xalq taqdiriga xavf soluvchi, oqibati fojeali oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan xatar hisoblanadi. Ha, bu kabi tahdidlarning ayrim ko‘rinishlari bugun mintaqamizdagi tinchlik va barqarorlik uchun katta xavf xatar sifatida namoyon bo‘lib turibdi.
Mafkuraviy tahdid o‘z mohiyatidan kelib chiqib, eng avvalo, inson ongiga, tafakkuri va xulq-atvoriga xavf-xatar solmoqda. Inson ongi va qalbini vayronkor va buzg‘unchi g‘oyalar bilan izdan chiqarishga harakat qilish mafkuraviy tahdidning eng asosiy belgilaridan hisoblanadi. Mafkuraviy tahdidning o‘ta xavfli jihati shundan iboratki, u, birinchi navbatda, jamiyatning ma’naviy sohasini barbod etishga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Chunki, aynan ma’naviy soha har qanday jamiyatning mavjudligini, uning yashovchanligini ta’minlaydigan asosiy o‘zagi hisoblanadi. Bugun mafkuraviy tahdidlarning turli xil usul va vositalari ishlab chiqilmoqda. Jumladan: ommaviy axborot vositalaridagi turli xildagi milliy mintalitetimizga to‘g‘ri kelmaydigan kino va multfilimlar, ko‘rsatuv va kliplar qo‘yish bilan xalqimizning ongini sekin astalik bilan buzishga qaratilgan harakatlar shular jumlasidandir.
Bugungi kunda bizlar mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurashishligimizda nimalarga alohida e’tibor qaratishligimiz kerak:
Shu va shunga o‘xshagan bir qancha usullar bilan ma’naviy-ma’rifiy ishlarni keng qamrovli, izchil tartibda olib borishimiz lozim. Bu kabi ma’naviyat va ma’rifat ishlarini hayotga tatbiq etish jarayonida nafaqat ta’lim-tarbiya soha vakillari, balki, barcha boshqaruv tizimida o‘tirgan mutasaddilar ham masalaga nihoyatda yuksak mas’uliyat bilan yondashishlari lozim.
Ha, men yuqorida tarbiya qismiga aloxila to‘xtalib o‘tdim. Chunki biz kelajak avlodlarimizni bugun go‘zal tarbiya bilan tarbiyalay olsak, ertangi kunimizdan xavotir olmasak ham bo‘ladi. Agarda loqayd, poraxo‘r, ertasi bilan qiziqmaydigan, faqatgina buguni bilan yashaydigan, mustaqil fikri bo‘lmagan, o‘zgalar nima desa, ularning fikriga ko‘ra ish qilib ketaveradigan manqurt kimsalar ko‘paysa, ertamizni o‘zgalar qo‘liga berib qo‘yamiz. Biz bunga butkul qarshimiz, aslo bunga rozi bo‘lolmaymiz. Shuning uchun ham biz barchamiz bu yo‘lda birlashishimiz kerak bo‘ladi.
Rahmonqul Aliqulov,
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi