Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Fevral, 2026   |   5 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:50
Quyosh
07:09
Peshin
12:42
Asr
16:22
Shom
18:09
Xufton
19:21
Bismillah
22 Fevral, 2026, 5 Ramazon, 1447

Siyrat o'rganishning to'qqiz foydasi

26.10.2020   2238   8 min.
Siyrat o'rganishning to'qqiz foydasi

Siyrat kitoblarini o'qishga kirishgan har bir inson avvalo siyratning qadrini va ko'p foydalari bor ekanini bilmog'i lozim. Hozir biz sizlarning e'tiboringizga ulardan muhimlarini keltirib o'tamiz:

  1. Qur'oni karimni tushunishda yordam beradi.

Siyratni o'rganish foydalaridan biri: Qur'onni tushunishga yordam beradi. Qur'on bo'lak - bo'lak holatda, biror hodisa orqasidan yoki biror mushkil ishni bayon qilish uchun nozil bo'lgan.

Masalan: Qur'oni karimda Badr, Uhud, Ahzob, Tabuk g'azotlari haqida oyatlar nozil bo'lgan. Siyratni o'qib o'rganish ushbu oyatlarning tafsirini tushunishda yordam beradi.

  1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini tushunishda yordam beradi.

Siyrat voqealaridan bir hodisa hadis kitoblarida juda qisqa holatda keltirilgan bo'lishi, muhaddislar butun boshli g'azotdan bir yoki ikki o'rinni keltirish bilan kifoyalanishlari mumkin. Bunday holat o'quvchini siyrat kitoblarini o'qishga, bu voqeani qanday bo'lgani, uni qaysi vaqtda bo'lgani va qanday holatda bo'lganini bilishga undaydi.

  1. Islom aqidasini tushunishga yordam beradi.

Siyrat fanini o'rganish foydalaridan yana biri bu islom aqidasini tushunishga yordam berishi. Chunki siyratni o'rgangan inson Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni islom aqidasini qanday uslubda etkazganini ko'radi. Islom dinini etkazishda boshlaridan o'tkazgan imtihonlarni faqatgina siyratni o'rganish orqali bilish mumkin. Masalan: Makka davrida mushriklar keltirgan turli shubhali savollarga go'zal va chiroyli tarzda javob berganlar. Bu davrda nozil bo'lgan oyatlar o'limdan so'ng qayta tirilish qanday bo'lishini va jannat, do'zax, vahiy, payg'ambarlik kabi islom aqidasiga tegishli bo'lgan narsalarni tushinishga yordam beradi.

Siyrati Nabaviy Islom dinining aqidaviy darslarini o'rgatishda Qur'on karim va hadis sharifdan  keyingi manba desak xato bo'lmaydi.

  1. Siyrat Nabiy sollallohu alayhi vasallamga iqtido qilishni o'rgatadi.

Siyratni o'rganish foydalaridan biri: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga iqtido qilishni o'rgatadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o'z ahli ayollari va boshqa insonlar bilan bo'lgan axloqlarini, U zotning sahobalari va din dushmanlari bilan bo'lgan muomalalarini o'rgatadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga iqtido qilish U zotning siyratlarini o'rganish bilan yanada mukammallashadi.

  1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan muhabbat paydo bo'ladi.

Siyratni o'rganish bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo'lgan muhabbat yanada ziyoda bo'ladi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringizni iymoni toki men unga ota onasi, bolasi va barcha insonlardan sevikli bo'lmagunimcha iymoni komil bo'lmaydi” deganlar.

Agar siz U zotga muhabbat qo'ymoqchi bo'lsangiz, unda U zotning siyratlarini o'rganishingiz lozim. Agar siz U zotning qadrini bilmoqchi bo'lsangiz, unda U zotning siyratlarini o'rganishingiz lozim. Agar sizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'z nafsingizdan ham sevikli  bo'lishini xohlasangiz, unda tezlik bilan siyrat kitoblarini varaqlashga tushing. U zotga bo'lgan muhabbat U zotning tarixlarini o'qish, hamda undagi hikmatlarga  amal qilish bilan bo'ladi.

  1. Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning sahobalari va ahli oilalariga bo'lgan muhabbat paydo bo'ladi.

Siyratni o'qish bilan Abu Bakr roziyallohu anhuning qadrlarini, Umar roziyallohu anhu haqdan botilni ajratganlarini, Usmon roziyallohu anhuning dunyoni jannatga almashtirganlarini, Ali roziyallohu anhuning shijoatlarini, Muoviya roziyallohu anhuning halimliklarini, Habbob roziyallohu anhuning din yo'lidagi sabrlarini, Bilol roziyallohu anhuning sobit qadamligini, Muoz roziyallohu anhuning faqih ekanlarini, Abu Zarr roziyallohu anhuning to'g'ri so'z ekanligini, Abu Hurayra roziyallohu anhuning zehnlari o'ta kuchli bo'lganini, Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhuning Qur'onni qay darajada bilganlarini bilish mumkin. Onalarimizdan Hadicha roziyallohu anhoni Islomga birinchi kirganlarini, Oisha roziyallohu anhoning ilmlarini, Savdo roziyallohu anhoning fazllarini, Juvayriyya roziyallohu anhoning barakalarini bilish mumkin.       

       7. Siyrat shar'iy hukumlarga kiruvchi vositadir.

Siyratni o'rganishning foydalaridan biri: tolibi ilmlar  uchun boshqa ilmlarni o'rganishda narvon vazifasini bajaradi. Balki, siyrat shariat ilmlarining onasi hisoblanadi. Islom tarixini qanday boshlangani, Islomda birinchi hukmlar qanday tatbiq qilinganini o'rgatadi.  Islomiy adabiyot qanday rivojlanganini, Hasson ibn Sobitning she'rlarini o'rgatadi. Haj amali birinchi bor qanday qilinganini o'rgatadi. Fiqh fanini o'rganayotgan inson ham siyratga murojaat qiladi. Bir hukm “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkadagi davrlarida bo'lganmi?” yoki “Madina davrida bo'lganmi?” Mana shularni o'rganib  so'ngra hukm qiladi. Bu ishida bo'lsa, unga siyrat juda zarurdir.

  1. Siyrat musulmon, uning oilasi uyi va jamiyatining madaniyatini o'rgatadi.

Siyrat hayoti bir yo'ldir. Sizga Islom haqida keng tarzda ma'lumot beradi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam qanday qilib musulmonni, uning oilasini va jamiyatini shakllantirganliklarini o'rgatadi. Madinada yangi jamiyat qurilishi, Islomdagi birinchi masjidning barpo qilinishi, elchilik madaniyati qanday bo'lishini o'rgatadi. O'sha paytdagi dunyo podshohlari bilan qanday muomala qilinganini o'rgatadi. Musulmonlar nima sababdan Badr jangida g'alaba qozondilar, nima uchun Uhud jangida mag'lubiyatga uchradilar, Ahzob kuni qamaldan qanday qutilganlarini o'rgatadi.

  1. Siyrat bu ruhiy bir sayohatdir. Bundan nafslar uyg'onadi. Qalblar shijoatlanadi. Ko'zlar yosh to'kadi, jismlar, ruhlar, aqllar, a'zolar shijoatlanadi. Siyrat sizga islomiy tarbiyaning rasmini chizib beradi. Yer yuzida hali biror kishining siyrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam siyratlari kabi tarbiya ustunlarga zahira bo'lgan emas.

Siyrat o'rganishdagi amaliy uslub:

  1. Chin ixlos bilan o'rganish. Niyatni avvaldan yaxshi qilish lozim bo'ladi.
  2. Qalbda Nabiy sollallohu alayhi vasallamga nisbatan viqorni paydo qilib, siyratni xurmat bilan o'rganmoq.
  3. O'z oldiga siyrat kitoblarini o'qishda vazifa qilib olish.

Misol: Bugun falon mavzuni o'rganaman deb o'z oldiga vazifa qilib olish lozim.  

Toshkent viloyati Qibray tumani

“Sa'dulla ota” jome masjidi

imom- xatibi,

Toshkent islom instituti “Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi o'qituvchisi Mirhamidov Obidjon tayyorladi.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mehr ulashgan Ramazon: ehtiyojmandlarga amaliy g‘amxo‘rlik

22.02.2026   482   1 min.
Mehr ulashgan Ramazon: ehtiyojmandlarga amaliy g‘amxo‘rlik

Ramazon oyi insonlar qalbida mehr-oqibat, saxovat va bag‘rikenglik tuyg‘ularini yanada mustahkamlaydigan ayni palladir.


Bu muqaddas oyda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush farovonligini yaxshilash va jamiyatda o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Davlat tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.

Ramazon oyi munosabati bilan mamlakatimizda muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir martalik moddiy yordam ajratilmoqda. Tegishli tartibga muvofiq, ehtiyojmand fuqarolarga 1 million va 500 ming so‘m miqdorida moliyaviy ko‘mak taqdim etilmoqda.
 

Mazkur tashabbus nafaqat moddiy yordam, balki davlatning aholiga bo‘lgan e’tibori, g‘amxo‘rligi va ijtimoiy mas’uliyatining amaliy ifodasidir. Ayniqsa, muqaddas oyda bunday ko‘makning yetkazilishi hududlardagi ko‘plab oilalar uchun katta ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘lmoqda.


Jumladan, Namangan viloyatida ham 68 mingdan ortiq oilaga bir martalik moddiy yordam yetkazilishi rejalashtirilgan. 
 

Joylarda bu jarayon izchil va manzilli tarzda amalga oshirilib, yordam haqiqatan ehtiyojmand aholi qatlamini qamrab olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.


Bunday ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tadbirlari jamiyatda o‘zaro mehr-muruvvat muhitini mustahkamlab, inson qadri va farovonligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning amaliy natijasini namoyon etmoqda. Ramazon oyida ezgulik va saxovat har bir xonadonga kirib borayotgani esa bu ishlar samarasining yaqqol ifodasidir. 
 

Bunday savobli amallar respublikaning barcha tumanlarida davom ettiriladi. 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA

Mehr ulashgan Ramazon: ehtiyojmandlarga amaliy g‘amxo‘rlik
O'zbekiston yangiliklari