Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyul, 2025   |   20 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:22
Quyosh
05:03
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:32
Bismillah
15 Iyul, 2025, 20 Muharram, 1447

Vaboga qarshi kurashda qozilar ishtiroki

26.10.2020   1935   4 min.
Vaboga qarshi kurashda qozilar ishtiroki

Bugun butun ­dunyo koronavirus “COVID-19” infektsiyasiga qarshi kurash olib boryapti. Tarixda turli kasalliklar epidemiyasiga qarshi kurashishda har bir jamiyat vakili, ayniqsa, faollar ishtiroki, shubhasiz, muhim ahamiyat kasb etgan.

Jumladan, XIX asr oxiri – XX asr boshlarida O'rta Osiyo hudud (Toshkent – 1892 y., Samarqand – 1898 va 1916 yy., Buxoro amirligi – 1892 y.)larida vabo (xolera), o'lat (chuma) va bezgak (lixoradka) kabi kasal­liklar epidemiyasiga qarshi kurashda tibbiyot xodimlari bilan bir qatorda qozilar, oqsoqollar va boshqa mahalliy hokimiyat vakillari qatnashgan.

1892 yili Toshkentda va 1898 yili Samarqandda ommaviy o'limga sabab bo'lgan vabo kasalligining tarqalishi mahalliy aholini sarosimaga solib qo'ygan edi. Shu mudhish voqealarning oldini olish uchun Buxoro amirligi bilan Rossiya imperiyasi bu hududlarda karantin e'lon qilib, tegishli choralar ko'rishga alohida e'tibor qaratgani haqida arxiv hujjatlari saqlanib qolgan.

O'zbekiston Milliy arxivi hujjatlariga ko'ra, Buxoro amiri Abdulahadxon 1892 yil 5 iyulda rus fel'dsherlaridan biri Stanislav Stalevskiyni Buxoro shahrida tarqalgan vaboga qarshi kurashish uchun tak­lif qilgan. O'tgan davr mobaynida fel'd­sher o'z xizmat vazifalarini sidqidildan bajargan. Buxoro amiri fel'dsherning xizmatini yuksak baholab, 1893 yil 18 avgustda uni katta oltin medal' bilan taqdirlagan.

Ko'p o'tmay, 1898 yili Samarqand viloyatining Anzob qishlog'ida o'lat (chuma) kasalligi epidemiyaga aylangan. Bu xabar butun Rossiya imperiyasini vahimaga solgan. Rossiya imperiyasidan bu kasallikni o'rganish uchun shifokorlar jo'natiladi. Ular mahalliy aholi orasida kasallikka qarshi kurash bo'yicha tushuntirish ishlari olib borishadi. Jumladan, 1899 yili Peterburgdan tibbiyot fanlari doktori Yagodinskiy Samarqandga taklif qilinadi, u samarqandlik mudarris va talabalarga yuqumli kasalliklar, xususan, chuma haqida ma'ruza o'qib, unga qarshi zamonaviy usullarda kurashish yo'llari haqida ma'lumotlar beradi. Uning ma'ruzasi o'zbek tiliga tarjima qilib turiladi. Bu Samarqand madrasalarida o'qilgan birinchi ma'ruza edi.

Shundan so'ng tibbiyot doktori Yago­dinskiy Buxoro madrasalariga ma'ruza o'qishga keladi. Dastlab u qozikalonga bu ma'ruzasini o'qib beradi, shundan so'ng unga madrasada ma'ruza qilishga ruxsat beriladi.

1898 yili Samarqandning Anzob qishlog'ida tarqalgan o'lat kasalligining kelib chiqish o'chog'ini o'rgangan shifokor Yagodinskiy mahalliy ulamolar bilan uchrashuv o'tkazgan. U tarjimon orqali ula­molar bilan suhbatlashgan. Ba'zilar uning gap­lariga ishonmaganlari bois Yagodinskiy ularga yuqumli kasalliklarning tarqalishiga sababchi bo'lgan mikroblarning hujayralarini mikroskop yordamida ko'rsatgan.

Ko'p o'tmay, Samarqandning Sherdor madrasa­sida qozi va muftiylar bilan 300 nafar musulmon yig'ilib, yuqorida zikr etilgan masalani muhokama qilishgan. Ularga har xil yuqumli kasalliklar odamlarga pichoq kesganda, igna kirganda yoki turli-tuman taom iste'mol qilganda yoxud iflos suvlarni ichgandagina emas, balki ko'zga ko'­rinmaydigan nihoyatda kichkina mikrob­lar inson badaniga kirib qolishi sababli tana haroratini oshishi (isitma) kasali, o'lat va vabo kabi xastalanishlarga olib kelishi tushuntirib berilgan. Shundan so'ng mahalliy aholi shifokor Yagodinskiyning tavsiyalariga quloq sola boshlagan.

Ammo Buxoro amirligi aholisi ular uchun yot bo'lgan rus tibbiyotini ishonchsizlik va ehtiyotkorlik bilan qabul qilgan. Hususan, Milliy arxiv jamg'armalarida saqlanayotgan fondda qoziga kelib tushgan yuzga yaqin mahalliy aholi tomonidan imzolangan murojaatnoma saqlanadi. Unda murojaat etuvchilar rus shifokorlarining vabo kasalligiga qarshi kurashish talablarini ro'kach qilib, tub aholi uylariga kirib kelayotganidan noroziliklarini bildirganlar. Qozilar esa, yangi tibbiy va sanitariya talablarining foydasini aholiga tushuntirishga uringanlari yozilgan.

Hulosa qilib aytganda, shu kunlarda butun dunyoda kuzatilayotgan ommaviy kasallik “CO­VID-19” koronavirusining yurtimizdagi salbiy oqibatlarining oldini olish maqsadida O'zbekiston musulmonlari idorasi “Ulamolar Kengashining koronavirus infektsiyasi bo'yicha” fatvosi e'lon qilingani ayni muddao bo'ldi. Zero, yuqorida ta'kidlab o'tilganidek, insoniyat uchun zararli bo'lgan har qanday xavf-xatarning oldini olish Islom dinimizning asl maqsadlaridan biridir.

Nasriddin MIRZAYeV,

O'zHIA doktoranti,O'MI Fatvo bo'limi xodimi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston elchisi Bahrayn adliya va islom ishlari vaziri bilan o‘zaro hamkorlikni muhokama qildi

14.07.2025   1201   1 min.
O‘zbekiston elchisi Bahrayn adliya va islom ishlari vaziri bilan o‘zaro hamkorlikni muhokama qildi

O‘zbekiston elchisi Nodirjon Turg‘unov (qarorgohi Ar-Riyoz shahrida joylashgan) Bahrayn adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri. 

 

Vazir muloqot avvalida O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan olimlarning Islom tamadduniga hissa qo‘shgan hissasini, mamlakat tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan e’tibor, yosh kelajak avlod uchun yaratilayotgan imkoniyatlar tahsinga sazovor ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, al-Xorazmiy, Farobiy, Zamaxshariy kabi Islom olamida yuksak obro‘-e’tibor topgan olimlarning merosi dunyo musulmonlarining umumiy boyligidir.

 

– So‘nggi yillarda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun Islom ummatiga xizmat qilmoqda. Bahrayn Islom merosini o‘rganish bo‘yicha o‘zbek tomoni bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ilmiy izlanishlarni birgalikda amalga oshirishga tayyor", – dedi adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida.

 

Muloqot chog‘ida Toshkent shahrida barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimida Bahrayn delegatsiyani ishtirokini ta’minlash, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ikki mamlakat ilmiy markazlar o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

 

Tomonlar O‘zbekiston va Bahrayn o‘rtasida adliya, Islom ishlari va vaqf sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, birgalikda ilmiy-amaliy ishlarni tashkil etish maqsadida mas’ul xodim tayinlash taklifini qo‘llab-quvvatladilar. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

 

 

Dunyo yangiliklari