Davlat tili faqat Til bayramida emas, balki doimiy ravishda davlatimiz va millatimiz ardog'ida bo'lishi shart.
Mustabid tuzum davrida, uzoq yillar davomida tilimizga e'tiborsizlik, zug'um va cheklashlarni ko'rdik, afsus va nadomatlarni boshdan o'tkazdik. Yig'inlarda Yevropa millatiga mansub biror inson qatnashsa, o'zga tilda ma'ruza qildik, so'zga chiqqan millatdoshlarimiz g'ayri tilni bilmasa-da, qog'ozga yozib berib o'qitdik.
Ming shukrki, mustaqillikka erishib, ona tilimiz davlat tili maqomiga ega bo'ldi. Lekin, ochig'ini aytsam, hali ham ko'pgina rasmiy hujjatlar rus tilida yuritilmoqda.
Oliy ta'lim tizimida davlat imtihonlarida birinchi bo'lib o'zbek tili emas, ingliz tili qo'yilganidan taajjubdaman. O'z ona tilini mukammal bilmagan inson o'zga tillarni ham puxta egallashi amri mahol. Nega chet tilini o'zbek tili qolib, rus tili orqali o'rganamiz?! Oqibatda tarjimon ruscha fikrlaydigan bo'ladi. Nega ona tilimiz bu sohada ham uchinchi darajada qolmoqda?
Mustaqilligimizga qariyb o'ttiz yil bo'layotganiga qaramay, mamlakatimiz shahar va tumanlari u yoqda tursin, hatto chekka qishloqlarimizga ham ajnabiy atamalar va reklamalar kirib bormoqda. O'zbek tilida har qadamda xato yozilgan lavhalarga ko'zimiz tushayotir.
Tilimiz qadri, Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek, umummillat himoyasida bo'lmog'i kerak-ku! Bu esa, ayniqsa, keksa avloddan katta mas'uliyat talab etadi, nazarimda. Chunki farzandlar va nabiralar dastlabki bilim va ko'nikmani siz bilan bizdan, oiladan olishadi.
Bundan tashqari, deyarli hamma telekanallar ko'rsatuvlarida boshlovchilarning o'zbekcha iboralarga rus va boshqa ajnabiy tillardagi so'zlarni aralashtirib gapirishlari, beo'xshov talaffuzlari g'ashga tegadi.
Ayrim hollarda esa tuppa-tuzuk tilshunos olimlar ham adabiy til bilan shevalarni qorishtirib ishlataverishadi. Ko'pgina kinolardagi qahramonlar shevada gapiradi, kinostsenariylar nahotki shunday yozilgan bo'lsa?
Ona tilimizning nufuzini muttasil oshirib borish har birimizning doimiy burchimizga aylanishi lozim.
Mansur ZOIROV,
Surxondaryo viloyati
#xabar #ramazo #vatandoshlar #iftorlik
Muborak Ramazon oyi munosabati bilan dunyoning turli davlatlarida yashab mehnat qilayotgan vatandoshlar ishtirokida yurtimizdan borgan ulamolar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, iftorlik dasturxonlari hamda taroveh namozlari davom etmoqda.
Rossiyaning Moskva shahrida “O‘zbekiston kuni” doirasida iftorlik dasturxoni yozilib, unga 500 nafarga yaqin vatandoshlar taklif etildi. Tadbirda Ramazon oyining fazilatlari, birodarlik, mehr-muruvvat va o‘zaro hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlar haqida ma’ruza qilindi.
AQSHning Orlando shahridagi Imom Buxoriy markazida ham navbatdagi suhbat o‘tkazilib, taroveh namozi ado etildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Inson qadri” nomli kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 250 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Ma’rifiy suhbat davomida tarbiyaning ahamiyati va boshqa mavzularda savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.
Finlandiyaning Helsinki shahridagi O‘zbek madaniyati markazida ham vatandoshlar uchun ana shunday tadbirlar tashkil etildi. Unda vatandoshlarni qiziqtirgan savollarga javoblar berilib, “Ayollar – Allohning omonati”, “Vatan sajdagoh kabi ulug‘dir” kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi. Tadbirda 160 nafarga yaqin vatandoshimiz qatnashdi.
Shuningdek, Janubiy Koreyaning Geongsan shahridagi “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” masjidida vatandoshlar ishtirokida taroveh namozi ado etildi. Unda asosan talabalardan iborat 150 nafarga yaqin namozxon ishtirok etdi. Namozdan so‘ng “Ramazon – saxovat oyi” mavzusida suhbat tashkil etildi.
Bunday xayrli tadbirlar xorijdagi yurtdoshlarda ona Vatanga muhabbatni yanada oshirish, ular o‘rtasida birdamlikni mustahkamlash, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati