Tatariston "halol" mahsulotlar eksportini 2024 yilga borib kamida ikki barobarga oshirish niyatida. KazanFirst xabariga ko'ra, bu haqda Respublika iqtisodiyot vaziri muovini Oleg Pelevin ma'lum qilgan.
Uning so'zlariga ko'ra, dunyoda halol mahsulotlarni iste'mol qilishda barqaror tendentsiya kuzatilmoqda.
"Bu ishlab chiqaruvchilarimiz mahsulotlari eksportini rivojlantirish uchun ajoyib imkoniyat", - deydi Pelevin.
Ayni paytda Tataristonning 70 dan ortiq ishlab chiqaruvchisi umumiy miqdori 7 milliard rubldan ortiq halol mahsulot ishlab chiqarmoqda. Oleg Pelevinning ta'kidlashicha, respublikada ishlab chiqarilayotgan halol mahsulotlar nafaqat Rossiyaning boshqa mintaqalariga, balki xorijiy davlatlar – O'zbekiston, Ozarbayjon, Germaniya, Iroq, Isroil va Hitoyga ham muvaffaqiyatli sotilmoqda.
"Halol mahsulotlar ishlab chiqarish global trend", - deydi Pelevin.
Avvalroq Tatariston halol mahsulotlar eksportini 1,5 million dollarga oshirgani ma'lum qilingan edi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV