Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Mart, 2026   |   13 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:38
Quyosh
06:56
Peshin
12:40
Asr
16:30
Shom
18:19
Xufton
19:30
Bismillah
02 Mart, 2026, 13 Ramazon, 1447

Mulohaza: Ko'cha e'lonlaridagi tushunarsiz so'zlar...

22.10.2020   2311   4 min.
Mulohaza: Ko'cha e'lonlaridagi tushunarsiz so'zlar...

 

Qadimda elchilar tili va gapirish ohangiga razm solib, o'sha xalq madaniyati, dini va urf-odatlarini ilg'ab olishgan. Hadisi sharifda: “She'rda sehr, bayonda hikmat bor”, deyiladi.

Yahyo ibn Maoz aytadi: “Qalblar ham qozon kabi ichidagi bor narsa bilan qaynaydi, tillar esa uning cho'michidir. Biron kishi gapirayotganida unga nazar solib tursang, uning tili qalbida bor narsani olib chiqayotganini ko'rasan. Ya'ni, u dilning ta'mini bayon qiladi”.

Qur'oni karim sahifalarini jamlashga kirishgan hazrat Usmon roziyallohu anhu eng sof va chiroyli Quraysh lahjasini tadbiq etishga jiddiy e'tibor bergan. Yusuf Hos Hojib: “Tilingni avayla, omondir boshing, so'zingni avayla, uzayar yoshing”, deya ta'kidlaydi.

Qariyb 31 yildan buyon 21 oktyabrni o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun sifatida nishonlaymiz. Biroq hamon ko'cha e'lonlari, do'kon va oshxonalar peshtoqiga aksar kishilar tushunarsiz, chet so'zlarni yozadi. Ayniqsa, lotin alifbosiga asoslangan yozuvimizda “x” va “h” harflarining farqiga borilmaydi.  

Aslida ona zaminga xizmat qilish shu kabi narsalardan boshlanmaydimi? Tilimizni davlat tili darajasiga ko'tarishga ko'p mashaqqatlar bilan erishilgan. Ajdodlarimiz bundan 40 yil oldin ham tilimizning davlat tili bo'lishini orzu qilib o'tib ketishgan...

Bugun ushbu ne'mat qadriga etmay, tilimizni buzish, xato talaffuz qilish kabi holatlarga befarqmiz. Qadimdan davlatchiligi shakllangan bir millatligimiz va unga bo'lgan hurmat va bu yurtni, millatni kelajak avlodlarga sof holda etkazish hissi hayolimizga ham kelmayotgandek... Faqat moddiyatni o'ylayapmizmi?

Azim Toshkentning maktablaridan birida ta'lim bergan og'aynimiz hikoya qiladi: “O'quvchilarning ona tili qoidalarini o'rganishga, ya'ni so'z qurilishi, birikmasi, imlo, tinish belgilari haqidagi bilimi etarli emas. Hatto ettinchi-sakkizinchi sinfda o'qiyotgan bolaning diktant, insho yozishda no'noqligi seziladi. Achinarlisi, ular hali etarli bilimga egamasligini tan olishmaydi. Shu maktabda atigi bir yuz yigirmata so'zdan etmish ikkita xato qilgan sakkizinchi sinf o'quvchisi oldida maktabning direktor o'rinbosari, tinish belgilarni xato hisoblamang, deganida afsusdan yoqamni ushladim. Maktab kutubxonalari esa, haligacha etarli adabiyotlar bilan boyitilmayapti...”.

Ko'chada yo'l harakatini buzgan haydovcha yoki yo'lovchi jarimaga tortiladi. Yoki jamoa joylarda hurmatsizlik qilgan qonunbuzar jazodan xoli qolmaydi...

Ko'cha afishalari, reklama taxta yozuvlari, do'konlar tepasidagi yozuvlardagi xatoliklar, ajnabiy yozuvlarning ko'payib ketganini ko'rib, achinib ketadi kishi.  

Yaqinda olti yoshli jiyanim “meni salon krasotaga oboring”, deb qoldi. G'alati eshitilgan bu so'zni tushunmaganday opamga qaradim: “Tog'asi, bu sartaroshxonani aytayapti”, deydi.  

Ha, ahamiyat bersangiz, ko'p joylarda har besh-olti erdan to'rttasi “salon krasotie” ekan. Yo do'kon peshtaxtasidagi: “2000 hildagi oboylar” degan yozuvga e'tibor bering. Birinchi so'zda “x” harfi o'rniga "h"ni, ikkinchisida ruscha “oboy” so'ziga o'zbekcha “lar” qo'shimchasini qo'llagan. Ushbu iborani chiroyli qilib, sof ona tilimizda “2000 xildagi gulqog’ozlar” deb yozish ham mumkin ediku!

Shunga o'xshash yo'lovchi tashish mashinalaridagi “Litsenziyasiz yo'lovchilarni tashish qonunga xilof” kabi iboralarga diqqat qiling. Bu yozuvni o'qigan kishi yo'lovchilarga ham litsenziya beriladimi, deb hayron bo'lmaydimi?

“Salon krasotie” atamasiga ancha ko'nikib qolgandirmiz balki. Ammo o'qishni endi o'rganayotgan bog'cha bolasi yo maktabga borayotgan uka-singillarimiz, o'g'il-qizlarimiz salon krasotie, deb gapirishi tabiiy hol bo'lib qoldi.  

Hulosa o'rnida, har kimning insoniyligi tiliga qay darajada e'tibor berishiga bog'liq. Zero, Haq taolo O'zining “mutakallim”, ya'ni so'zlaguvchi deb atalmish sifatidan bashariyatga ulush qilib bergan katta ne'matni qadrlab, undan xayrli maqsadda foydalanaylik.

Abduvohid O'ROZOV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Istig‘forning 72 ta xislati

26.02.2026   11602   4 min.
Istig‘forning 72 ta xislati

 ULUG‘  USTOZ  ULAMOLARIMIZ  bayon  qilib  berganlar:

Kalomulloh – Qur’oni karimning muborak oyati karimalaridan va

Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning muborak hadisi shariflaridan

       ISTIG‘FOR ning 72 ta XISLATI:

 

  1. Alloh taologa itoatgo‘y banda istig‘for aytadi.
  2. Istig‘for aytgan banda payg‘ambarlar, solihlar yo‘lidan yuradi.
  3. Istig‘for aytuvchi odam imon halovatiga erishadi.
  4. Istig‘for bandani gunohlardan poklaydi.
  5. Istig‘for aytuvchining gunohlari savobli ishlarga almashtiriladi.
  6. Istig‘for aytuvchiga ne’matlar ko‘paytirib beriladi.
  7. Istig‘for bandaning ikki dunyoda ham martabasini ko‘taradi.
  8. Istig‘for baxt-saodat olib keladi.
  9. Istig‘for tufayli istig‘for aytuvchi ham, atrofdagi odamlar ham buzuqliklardan poklanadi.
  10. Istig‘for yomg‘ir yog‘ishiga sabab bo‘ladi.
  11. Istig‘for mol-dunyoga baraka kiritadi.
  12. Istig‘for aytuvchi inson farzand ne’mati bilan siylanadi.
  13. Dehqonchilik, chorvachilikdagi unumdorlik ham istig‘for aytish bilan uzviy bog‘liq.
  14. Istig‘for aytuvchi jahannamdan najot topadi.
  15. Istig‘for bandaning jannatga kirishiga sabab bo‘ladi.
  16. Istig‘for Alloh taoloning rahmati tushishiga sabab bo‘ladi.
  17. Istig‘for tanani baquvvat qiladi.
  18. Istig‘for aytuvchi odamning hayoti farovon bo‘ladi.
  19. Istig‘for aytuvchiga yaxshiliklar ko‘paytirilib beriladi.
  20. Istig‘for inson ko‘nglini xotirjam qiladi.
  21. Istig‘for boshga tushgan balolarni daf etadi.
  22. Istig‘for bandani Alloh taologa yaqinlashtiradi.
  23. Istig‘for aytuvchi odam Alloh taoloning rahmat-marhamatiga sazovor bo‘ladi.
  24. Istig‘for banda holatini ijobiy tomonga o‘zgarishiga sabab bo‘ladi.
  25. Istig‘for g‘iybatga kafforat bo‘ladi.
  26. Istig‘for shayton vasvasasini qaytaradi.
  27. Alloh taolo istig‘for aytgan bandani yaxshi ko‘radi.
  28. Istig‘for aytish Alloh taoloni xursand qiladi.
  29. Istig‘for g‘am-tashvishlarni ketkazadi.
  30. Istig‘for aytuvchi muammolaridan qutuladi.
  31. Istig‘for aytuvchi odam gunohlardan forig‘ bo‘ladi.
  32. Istig‘for aytuvchi muvaffaqiyat qozonadi.
  33. Istig‘for tashvishlarni aritadi.
  34. Ko‘p istig‘for aytuvchi odam kasallikdan to‘liq tuzalib ketadi.
  35. Istig‘for aytuvchi odam qiyinchilikdan farovonlikka chiqadi.
  36. Alloh taolo istig‘for aytuvchining mushkullarini oson qiladi.
  37. Yetib bo‘lmas marralarni istig‘for ila zabt etadi.
  38. Istig‘for ila dildagi vasvasalar yo‘qoladi.
  39. Istig‘for bilan qo‘rquvlar ariydi.
  40. Istig‘for bilan dilga quvonch kiradi.
  41. Istig‘for qalbga taskin beradi.
  42. Istig‘for ko‘ngilni xotirjam qiladi.
  43. Istig‘for tinchlik-xotirjamlik olib keladi.
  44. Istig‘for insonni sog‘lom qiladi.
  45. Istig‘for kasalliklarni aritadi.
  46. Istig‘for aytuvchi odam yorug‘ kunlarga erishadi.
  47. Istig‘for bilan inson orzusiga yetadi.
  48. Istig‘for aytuvchining dili yayraydi, ko‘ngli yoziladi.
  49. Istig‘for xursandchilik olib keladi.
  50. Istig‘for qalbni charog‘on, ruhni tetik qiladi.
  51. Istig‘for aytuvchining xotirasi kuchayadi.
  52. Istig‘for yuzni nurli qiladi.
  53. Istig‘for rizq kelishini osonlashtiradi.
  54. Istig‘for aytuvchining duosi qabul bo‘ladi.
  55. Alloh taolo istig‘for aytuvchining og‘irini yengil qiladi.
  56. Ko‘p istig‘for aytgan odam Qiyomat kuni nomai a’molini ko‘rib xursand bo‘ladi.
  57. Olamdan o‘tib ketgan ota-onalar farzandlari aytgan istig‘forlari tufayli jannatda eng yuqori martabalarga ko‘tarilishadi.
  58. Istig‘for odamni tushkunlikdan xalos etadi.
  59. Istig‘for hasrat-nadomatni, pushaymonni ketkazadi.
  60. Istig‘for qalbni tiniqlashtiradi.
  61. Istig‘for aytib yuruvchi odamga Alloh taolo har qanday qiyin vaziyatdan chiqish yo‘lini ko‘rsatadi.
  62. Istig‘for aytib yuruvchi odamning Alloh taolo musibatlarini ko‘taradi.
  63. Istig‘for aytib yurgan bandaning Alloh taolo har qanday qiyinchiliklarini yengillashtiradi.
  64. Istig‘for aytib yuruvchi inson qashshoqlikka yo‘liqmaydi.
  65. Istig‘for aytuvchining ishlari yurishadi.
  66. Istig‘for er-xotin o‘rtasidagi kelishmovchilikni daf etadi.
  67. Istig‘for farzandlarni itoatli qiladi.
  68. Alloh taolo istig‘for aytib yurgan odamga kutmagan tarafidan ne’mat, rizq jo‘natadi.
  69. Istig‘for aytuvchi odamning rizqi ulug‘ bo‘ladi.
  70. Istig‘for aytuvchi odamning kasb-koriga Alloh taolo xayr-baraka beradi.
  71. Kim mo‘minlar haqqiga istig‘for aytsa, Alloh unga har bir mo‘min muqobilida bittadan hasanot yozib qo‘yadi.
  72. Istig‘for aytilgan xonadonga ilohiy fayzu xayr-baraka kiradi.

 

Mehribon Parvardigorimiz o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham O‘zi buyurgan, Janobi Payg‘ambarimiz alayhissalom tavsiya etgan, o‘tmishda o‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘ladigan, xalqimiz xursand bo‘ladigan, ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!

Ibrohimjon domla Inomov

 

Maqolalar